Motori kuygan artezian, tabiiy gaz va asfalt – EP196
Yangi O‘zbekistonning eski muommolari. Kuygan artezian motori, muammoga aylangan tabiiy gaz va asfalt. Oqdaryo, Kasbi, Sariosiyo va Qumqo‘rg‘ondagi infratizilma muammolari. Qiziltepada esa daraxtlar kesib tashlangan.
Salom qadrli muxlislar. Navbat yana Eltuz portaliga kelayotgan shikoyatlarga. Murojaatlar O‘zbekistonning Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlaridan kelgan. Shikoyatlar Rossiya va Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berayotgan, sanoatlashgan mamlakat aholisining gazga muhtojligini ko‘rsatmoqda. Muammolar yechimi esa Eltuz portalida. Bizga yozing, videolarimizni tarqating, kanalimizga obuna bo‘ling. Eslatib o‘tamiz bugunga kelib yutubdagi obunachilarimiz soni 705 mingdan oshdi. Ular hatto sponsorlik tugmalarini bosishmoqda.
Demak, xatlarni o‘qishda davom etamiz, dastlabki maktub Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidan. Navoiy mahallasida gaz yo‘q..
“Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Alisher Navoiy MFY hududida qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashash uchun shart-sharoit yo‘q. Ko‘p qavatli uyda gaz yo‘q. Chiroq bo‘lsa, ishlab topgan pulimiz limit bilan faqat kommunal to‘lovga ketadi. Holbuki, Samarqand shahrida gaz bosimi keragidan ortiq. Nahotki, bizda ham tabiiy gaz bosimini ko‘tarib berish qiyin bo‘lsa? Ko‘p qavatli uyda o‘tin yoqish imkoni bo‘lganida o‘tin yoqardik. Bu borada mutasaddi tashkilotlarga murojaatlar qilindi, afsuski, natija yo‘q. Pulini avvaldan to‘laymiz-ku, gaz va elektr energiya masalasini hal qilib berishsin” deya yozmoqda oqdaryoliklar.
Keyingi murojaat Surxondaryodan. Qumqo‘rg‘onning kindiktepa mahallasi turg‘uni yo‘l asfalt qilinmaganidan shikoyat qilmoqda. Shuningdek uning e'tiroficha aholi birlashmagani, tashabbuskor yetakchi bo‘lmagani bois «Open byudjet»da g‘olib chiqa olishmagan.
«Assalomu alaykum, hurmatli “Eltuz”!
Ushbu murojaatni Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumani, «Hunarmandlar» (avvalgi Kindiktepa) mahallasi aholisi nomidan yo‘llayapman.
Mahallamizdagi 1,5 km uzunlikdagi serqatnov yo‘l deyarli mustaqillikka erishganimizdan beri asfalt ko‘rmagan. Bu yo‘lning holati ayniqsa yosh bolalarga katta qiyinchilik tug‘diradi.
Aholi birlashmaganligi, tashabbuskor va jipslashtiradigan yetakchi bo‘lmaganligi sababli «Open byudjet» platformasidan ham g‘olib chiqa olmayapmiz. Natijada bu muammo uzoq yillardan beri yechilmay kelmoqda.
Sizdan iltimos, mazkur yo‘lning ahvolini yoritib, tegishli tashkilotlar diqqatiga yetkazishda yordam ko‘rsatishingizni so‘raymiz.» deya yozmoqda Kindiktepa turg‘uni.
Keyingi murojaat Qashqadaryoning Kasbi tumanidan. Mahallalardagi infratuzilma muammolari borgan sari ortmoqda
«Assalomu alaykum.
Ushbu murojaatni Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumani Fazli MFY, Paxtakor MFY va Jarko‘cha MFY aholisi nomidan yo‘llayapmiz.
2021-yilda ushbu mahallalar “Obod mahalla” davlat dasturiga kiritilgan edi. Dastur doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilishi kerak edi:
– Mahallalardagi elektr ta'minotini yaxshilash uchun eski ustunlar (stalba) va transformatorlarni almashtirish.
– Ichki yo‘llarni asfaltlash.
– Ichimlik suvini mahallalarga tortib kelish kerak.
Ammo ushbu ishlarning ko‘pchiligi bajarilmagan yoki sifatsiz bajarilgan.
- Yo‘l muammosi
Mahalla ichidagi yo‘llar hanuz asfaltlanmagan. Qish oylarida yo‘llar loydan yurib bo‘lmaydigan ahvolga keladi, bahor va yoz fasllarida esa chang-to‘zon butun atrofni egallaydi. Havoning ifloslanish darajasi yuqori bo‘lib, bu sog‘liqqa zarar yetkazmoqda. Asfalt faqat ko‘rgazma uchun katta yo‘ldan 100 metr ichkarigacha yotqizilgan. Shuningdek, bu yo‘llar uchun ajratilgan mablag‘lar kerakli maqsadda ishlatilmagan degan taxmin bor.
2. Ichimlik suvi ta'minoti
Dastur doirasida mahallalarga ichimlik suvi tortilgan bo‘lsa-da, oxirgi uch oyda suv ta'minoti umuman ishlamayapti. Aholi suv yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda.
Ushbu muammolarni hal qilishda yordam berishingizni so‘raymiz. Dasturga ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishini nazorat qilish va xalq uchun zarur bo‘lgan infratuzilma masalalarini yechishni talab qilamiz».
Deya bildiriladi, Kasbi tumani aholisi yo‘llagan murojaatda.
Keyingi murojaat Sariosiyoning, Nixolzor mahallasidagi suv va gaz muammolari yuzasidan.
«Assalomu alaykum.
Ushbu murojaatni Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanining Nixolzor mahallasidan yo‘llayapmiz. Mahallamizdagi muammolarni hal qilishda yordam so‘rab murojaat qilmoqdamiz:
- Suv ta'minoti muammosi
Mahallamizdagi 32-sonli umumta'lim maktabida joylashgan bitta artezian qudug‘i mavjud bo‘lib, undan 130 ga yaqin xo‘jalik suv bilan ta'minlanardi. Biroq, quduqning motor-mexanizmi kuyib qolganiga bir oyga yaqin vaqt o‘tdi, lekin hech kim bu muammoni o‘rganish uchun kelgani yo‘q. Ayni paytda mahalla aholisi og‘ir sharoitda, qordan suv eritib yoki oqova suvdan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bu suv iflos va xavfli: unda axlat, hayvon o‘ligi bo‘lishi mumkin, ammo boshqa ilojimiz yo‘q. Mahalla raisi “tez orada hal qilamiz” deb yolg‘on va'dalar bermoqda.
2. Gaz ta'minoti muammosi
Mahallamizda gaz ballonlarini yig‘ish va gaz bilan ta'minlash tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan edi. Ammo so‘nggi bir oydan beri gaz ballonlarini yig‘ishga ham, gaz yetkazib berishga ham ruxsat yo‘q. Propanning narxi 7200 so‘m bo‘lib turgan bir paytda, gaz yetishmovchiligi aholiga jiddiy muammo tug‘dirmoqda. Mahalla raisi bu muammoni hal qilishi kerak bo‘lsa-da, uning imkoniyati yetmayapti.
Hurmatli mutasaddilar, mazkur muammolarni yechish uchun amaliy chora ko‘rishingizni va bizni ushbu qiyin ahvoldan qutqarishingizni so‘raymiz» deya yozadi Nixolzor mahallasi turg‘unlari. Qiziltepadagi maktab hududida esa 8 tup daraxt kesib tashlandi.
«Assalomu alaykum, Eltuz og‘a!
Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani, 33-umumiy o‘rta ta'lim maktabi hududidan 8 ta ko‘p yillik terak daraxti kesilgan. Ushbu ishda 33-maktab xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Laylo Raupova va boshqalar ishtirok etib, “Yashil makon” loyihasining ijrosini daraxtlarni kesish orqali ta'minlashmoqda.
Axir, bu Prezident qaroriga zid harakat emasmi? Shu holat yuzasidan tegishli chora ko‘rilishini so‘rayman.» deya murojaat qilmoqda qizilitepa turg‘uni.
Va bu sizga etkazganimiz bugungi so‘nggi murojaat edi. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Eslatib o‘tamiz, ayni soniyalarda yutubdagi kanalimiz obunachilari soni 705 mingdan oshdi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz sponsorlik tugmalarini, Superchat, super stiker va super raxmat tugmachasini bosing. Sog‘ bo‘ling.