Catira
29 aprel 2016

Tuya ko‘rdingmi? yoki tramvay….

O‘zbek hukumati tepasidagilarga tramvayning aslo keragi yo‘q, o‘zbek mulozimining tramvay yoki velosiped minishi – uni ko‘chaga chiqazib sazoyi qilish bilan baravar.

Tramvayni temir tersakka topshirib ozroq foyda qilish mumkin. Zotan arzimagan yo‘lkirasi ham, depo xizmatchilariga oylik yozish ham, qog‘oz to‘ldirish, uning ishchilariga dekret puli to‘lash, hukumat uchun bir dardisar. Arava sinsa o‘tin deganlaridek, bu masalaning yechimi, chinorlarni yo‘q qilish bilan dong chiqargan Toshkent hokimi Rahmonbek Usmonovga hamirdan qil sug‘urgan kabi juda ham oson.

Qolaversa, prezident korteji uchun yo‘l ochiladi, hurmati bor kottakonlarning bolalari poytaxt ko‘chalari bo‘ylab moshinalarida drift qilishganida, tramvay yo‘llari halaqit bermaydi. Buning ustiga, temir yo‘llar ta'miriga ajratilgan pullar ham cho‘ntakka uriladi.

Tugatilgan tramvay deposi mol mulklarichi? Tramvay bekatlariyu, idora binolari, u yerdagi jihozlarni kimoshdiga qo‘yib sotishdan, to‘g‘rirog‘i ularning kelishilgan egasidan zakalatini olib pullab, foydasini arra qilish, yo‘qsullarning ulovi – tramvayni saqlashdan ming bora afzal.

Nima foyda bo‘lardi, eski temir tersakdan, nari borsa, tramvayning do‘ngalagiyu, yo‘llarining shpali bilan relsi o‘rtamiyona mulozimning molxonasiga bostirma bo‘lar, deb o‘ylarsiz…

Eh, bu bostirmaning tagida gap ko‘p…  Masalan 2012 yili o‘z narxidan 4 baravar yuqori narxga harid qilingan tramvaylar bilan bog‘liq birgina afyoraning o‘zini aytmaysizmi…

O‘shanda 20 tramvayning har biri bir milliondan olingandi. Albatta, bosh vazir Mirziyov amri, shahar hokimi Usmonov buyrug‘i bilan.

O‘sha 20 millionni hokim to‘ra o‘z cho‘ntagidan bergan deb o‘ylaysizmi. Soliqdan ortgan puli ishga tramvayda borishga zo‘rg‘a yetadigan soliq to‘lovchilar cho‘ntagidan albatta. Kerak bo‘lsa, endi bugun ularga tramvay ham yo‘q. Soliq to‘lovchi fuqaro endi, sifatsiz benzin sassig‘idan burqsigan, sersoya darahtlari qirqib tashlangan ko‘chada, jazirama issiqda rezina avtobusni kutishga majbur.

Darvoqe, hokimning ham, bosh vazirning ham, mamlakat prezidentining ham oyligi o‘sha bechoraning oyligidan undirilgan soliqlardan tarkib topgan.

Lekin bunday oylikka yashab bo‘ladimi?

Zar qadrini zargar bilar, chilangar qaydan bilar deganday, hech qachon tramvayda yurmaydigan hokimning ham, vazirning ham, prezidentning ham cho‘ntaklari ikkitadan.

Biri o‘sha bechora soliq to‘lovchi fuqarolardan undiriladigan pul uchun bo‘lsa, ikkinchisi taxminan 20 ta tramvayni arra qilib, o‘zini ham izini ham yo‘q qilish kabi qing‘irliklardan tushadigan tushum uchun.

Cho‘ntak kattalashgan sari uning egalari, Panama kabi ofshor yurtlariga olib borib yashirib tashlab kelishadi. Boshqalarning cho‘ntagini quruqlash uchun, shaxsiy cho‘ntak doim quruq bo‘lishi kerakligini tramvay chilangari qaydan bilsin?

Bilganda ham qo‘lidan nima kelardi uning, bu cho‘ntakka sha'ma qilganlar allaqachon ekstremist tamg‘asini olib, olis Jasliqda o‘tirganini hech kim bilmaydi deb o‘ylaysizmi?

Hullas, tramvay ko‘rdingmi? Yo‘-o‘-o‘-q!…

Rassom Elsevar
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 mart 2017
Bugun, 2017-yil 16-martda O‘zbekistonda «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi. Mazkur Qonun muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 2016 ...
8 iyun 2021
Rassom Elsevar
23 yanvar 2019
O‘zbek matbuoti Buxoro viloyatining Olot tumani hokimi Sherali Salomov yig‘ilishda fermer Orif Durmatovni kaltaklagani va shu yilning 9 yanvarida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...