Catira
3 may 2023

3 may — Xalqaro matbuot erkinligi kuni

1997 yil 3 maydan buyon har yili matbuot erkinligiga munosib hissa qo‘shgan insonlar YuNYeSKO tarafidan mukofotlar bilan taqdirlanadi.

Biroq bu sana matbuot tizgini yakka hokimiyat qo‘lida bo‘lgan O‘zbekiston kabi mamlakatlar uchun muhimroq ekanini ta'kidlashni istar edim.

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, bu yil matbuot erkinligi bo‘yicha O‘zbekistonda o‘zgarishlar sezilgan bo‘lsa-da, mamlakat hamon tashkilot e'lon qilgan 180 davlat ro‘yxatidagi eng yomon o‘ntalik ichida qolmoqda.

BMT rezolyutsiyasiga erkin Afrika matbuoti rivojiga bag‘ishlangan Vindhuk deklaratsiyasi asos qilib olingan.

rasm1290
Qudrat Bobojon, 2004 yil, 3 may, Toshkent.

O‘zbekistonda «Erkin so‘z»

1988 yili «Erkin so‘z» gazetasini, to‘g‘rirog‘i, norasmiy O‘zbekiston erkin yoshlari uyushmasi xabarnomasini chiqarishga muvaffaq bo‘lganimni eslayman. Bungacha biz faollar bilan O‘zbekiston mustaqilligi va demokratiya targ‘ib qilingan turli varaqa va chaqiriqlar ko‘paytirib tarqatardik.

Jurfak talabasi bo‘laroq, nima uchun varaqa va broshyuralar chiqarish mumkin bo‘lgan uskunada gazeta qilish mumkin emas, degan xayol menga tinchlik bermasdi.

Rassom do‘stim Quronboy Matmurodov bilan kechasi (kunduzi o‘qish) ishga kirishdik. Biz mo‘ljaldagidan ikki hissa (masshtabini 50 foiz kichraytirish imkonini hisobga olib) katta vatman qog‘ozga bo‘lajak gazeta matni, sarlavhalari va rasmlarni joylab yopishtirishimiz kerak edi.

Quronboy qo‘lbola tayyorlangan maxsus tush va skalpelni olib ishga kirishdi, men esa yozuv mashinkasida kolonka matnlarini tera boshladim.

Maqsad to‘rt sahifaga dolzarb va qisqa maqolalarni ixcham shaklda joylash edi. Adolat nuqtai nazaridan aytishim kerak, o‘sha yili gazetamiz bilan parallel «Birlik» harakatining Faxriddin Xudoyqulov bosh-qosh bo‘lgan xabarnomasi ham chiqa boshladi.

«Erkin so‘z»ni sotishdan tushgan pulga to‘rtta megafon sotib oldik. Tarqatiladigan materiallar, uyushma nizomi va yana ancha varaqalar, jumladan, alohida nashr tarzida «Ku-Ku-88» (Ya'ni Qudrat va Quronboy) imzosi bilan satirik karikaturalar ko‘paytirildi.

Hatto ayrim xizmatchilarimizga ozroq qalam haqi berib, qolganiga ikkita xona va bitta majlislar zalini doimiy ijaraga olish quvvatiga ega bo‘ldik.

Tugatilayozgan tsenzura

Norasmiy nashr faoliyati uzoqqa bormadi. Uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalasi boshni qotirdi.

1989 yili men “Erkin so‘z” gazetasini qayddan o‘tkazish uchun Davlat matbuot qo‘mitasi raisi Rustam Shog‘ulomovning qabuliga kirdim.

U kishining asosiy e'tirozi avvaliga gazetaning nomiga bo‘ldi. «Nima degani «Erkin so‘z», nima erkin emas so‘z ham bor ekanmi?» deya meni kalaka qila boshladi.

Lekin u paytlar har holda oshkoralik, men ham tap tortmay, gazetani uning ruxsatisiz ham chiqarib kelganimiz va shunday davom ettirishdan boshqa choramiz yo‘qligini aytdim.

Hukumatning bosh tsenzori o‘sha paytda tutaqib, menga tag‘in g‘azabini sochishdan nariga o‘tmadi. Bu paytda tsenzura idorasi tutatilish arafasida edi.

rasm1291
«Munosabat» gazetasining nishona soni

«Munosabat» gazetasi

1990 yilning noyabrida Faxriddin Xudoyqulov rahbarligida «Munosabat» gazetasining nishona soni bosildi. Gazeta qayta qurish yillarida qo‘lga kiritilgan yutuq, xususiy mulk yaratilishi natijasida barpo qilingan «O‘sarfilm» qoshida ta'sis etildi.

Biroq biz yana ham dolg‘aliroq yangi o‘zgarishlarni kutardik.

1991 yilning 13 aprel kuni Sovet Ittifoqida tsenzura tugatilib, matbuot to‘g‘risida qonun qabul qilindi.

“Matbuot va boshqa ommaviy axborot vositalari erkindir, tsenzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”, degan ikki jumla bizni erkinlikning yangi ufqlari sari qanotlantirdi. O‘shanda men ham Faxriddin akaga hamroh bo‘lib Moskvaga bordim.

rasm1295
Faxriddin Xudoyqulov

Moskva shamoli

Moskvada qariyb bir hafta qolib ketdik. Safarimiz ancha sermahsul bo‘ldi, Faxriddin aka o‘zbek tillarida 200 ming, rus tilida 200 ming nusxada chiqadigan butunittifoq gazetasini ro‘yxatdan o‘tkazishga erishdi, 007 raqamli cho‘g‘day qip-qizil guvohnomani olganimizda xursandchiligimiz cheksiz edi.

Oradan uch oy o‘tib, noyabr oyida bu gazetaning nishona soni chiqdi. Yozuvchilar uyushmasi binosidagi ofisimizga o‘rnatilgan uchta kompyuterda kechalari bilan uyga bormasdan gazetani maket qilar edik.

Biroq tag‘in baxtiyorligimiz uzoqqa bormadi. Gazetaning bor-yo‘g‘i uchta soni chiqdi.

Referendum arafasida gazeta tayyorlab o‘tirgan paytimiz ofisimizni bir guruh «ment»lar kelib bosdi. Hammayoq vahima.

Qiziq hol hech esimdan chiqmaydi. Militsiya qurshovida o‘tirgan kishanband Faxriddin akaga yaqinlashmoqchi bo‘ldim. U kishi kulimsirab, «E, bu bola bizda ishlamaydi», deganday sha'ma qildi, men nima qilishim kerakligini taxminan tushundim. «Mushtum»da ishlagan Faxriddin akada yumor hissi ancha kuchli edi.

Ertasi kuni Faxriddin akani qo‘yib yuborishdi. Chimkentda «Munosabat»ning yangi soni chiqishi kerak edi. Bosmaxonaga men boradigan bo‘ldim.

Gazetani yuklashga ajratilgan «Kamaz»da menga toshkentlik olifta yigitlar hamroh bo‘ldi. Ular ikki yuz ming tiraj gazetani ko‘rib kapalaklari uchib ketdi.

«Bundan ko‘ra yeryong‘oq yuklaganimiz yaxshi edi», deya tixirlik qila boshlashdi, lekin o‘rtaga qo‘yilgan yarimta aroq ishni hal qildi. «Kamaz» tezgina gazeta taxlami bilan liq to‘ldi.

Biz bosmaxonani tark etdik. Chimkent-Toshkent shossesi bo‘ylab borarkan, gazeta ortilgan «Kamaz» yukxonasidan bir taxlam gazeta ajralib, yo‘lga sochilganini eslayman.

Mashina yo‘l chekkasida to‘xtaganida besh yuztacha gazeta sahifalari shamolda ucharkan, ularni yig‘ishtirib olishdan mantiq ham yo‘q edi…

Gazetalarni keltirib Yozuvchilar uyushmasidan ijara olingan omborga joyladik. Biroq gazetani tarqatishga ulgurmay, tiraj saqlangan omborga o‘t qo‘yildi. Tahririyatga qarshi ish ochildi.

Shu bilan gazeta faoliyati to‘xtadi. Biroq gazeta atrofidagi muammolar yana ancha davom etdi. Buning ko‘p tafsilotlari Faxriddin akaning xotiralarida bor.

So‘ng men jurnalistikaning bosma turi bilan xayrlashgunimga qadar ancha vaqt Muhammad Bekjon va hur fikrli boshqa ko‘p hamkasblarim bilan «Erk» gazetasida bir muddat hamkorlik qildim.

Keyin allaqachon Kremldan mustaqil hukumat tsenzurasi bu gazeta faoliyatini ham to‘xtatdi.

So‘z erkinligi uzra dam oq, dam qora bulutlar almashayotgan suronli davrlar edi bu.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com muharriri

Tag‘in o‘qing
2 oktyabr 2019
Bugun ustozim, aka-do‘stim, ajoyib inson, o‘z uslubi va so‘ziga ega bo‘lgan shoir va jurnalist Mahmud Rajabning tug‘ilgan kuni! Afsus, ...
10 dekabr 2019
Har yili 10 dekabr Inson huquqlari kuni sifatida nishonlanadi. 1948 yil ayni shu kuni tarixiy hujjat – Jahon inson ...
31 oktyabr 2020
Joriy haftada “Uzbekistan GTL” zavodi xodimlari kasaba uyushmasi raisligiga Qarshi shahri hokimi lavozimida ishlagan Shuhrat Tursunov tayinlandi.  Mazkur zavod ishchilari oylik yo‘qligi ...
17 fevral 2016
Kuni kecha bir qator OAV tomonidan, Aramais Avakyan ishi bo‘yicha yashirincha xukm chiqarilgani, va ushbu jinoiy ish ayblanuvchilari 14 ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...