Catira
1 iyun 2021

O‘zbekning himoyasiz bolalari…

Bugun – 1 iyun sanasida Bolalarni himoya qilish xalqaro kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi barcha OAVda materiallar e'lon qilinadi.

Ularda baxtli bolalik ramzi hisoblangan tinch va mussaffo osmon ostida o‘ynab-kulib yashayotgan bolajonlar surati aks etadi. Istirohat bog‘larida quvnayotgan bolajonlar shodliklari ko‘rsatiladi.

Real hayotda esa «o‘zbeklar bolajon xalq» degan ko‘p takrorlanuvchi gap tobora mantiqsiz, haqiqatdan ancha yiroq ahamiyat kasb etmoqda. Ayni muammoga ko‘z yugurtiramiz.

Bugungi kunda tug‘ish sonini kamaytirish uchun ayollar strelizatsiyasini amalga oshirayotgan o‘zbek hukumati uchun bolalar bog‘chalarida ipak qurti boqish foydaliroq.

O‘z bolasini kaltaklagani uchun Turkiyada qamalgan o‘zbek ayoli, O‘zbekistonda bolasini urib o‘ldirgan yoki sotishga olib chiqqan ota-onalar, bolalarining dalalarda ishlatilishiga parvo ham qilmayotgan o‘zbeklar haqidagi xabarlar tashqaridan har kimni shokka solishi mumkin.

O‘zbeklar bolajon xalq emas

rasm568
Umida Niyozova 2008 yildan buyon o‘zbek paxtachiligida bolalar ekspluatatsiya qilinishiga qarshi kurashib keladi

O‘zbekistonlik ota-onalarning o‘z farzandlariga nisbatan qilayotgan shafqatsiz zulmlari isitmasi bugungi kunda horijiy matbuot orqali ko‘proq oshkor bo‘lmoqda. Bunga Eltuz.com ilgari xabar bergani kabi Turkiyada o‘z bolasini urgani uchun qamalgan ayol, Rossiyada o‘z qizchasini bo‘g‘ib o‘ldirgan ona, uni qabristonga indamay ko‘mib kelgan ota voqeasini misol keltirish mumkin. Bular faqat bilganlarimiz.

Xalqaro huquq himoyachilari har yili o‘zbek bolalarining paxta dalalarida qurbon bo‘lganiga oid faktlarni e'lon qilishgan.

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi rahbari Umida Niyozova 2008 yildan buyon o‘zbek paxtachiligida bolalar ekspluatatsiyasiga qarshi kurashib keladi.

«O‘zbeklar o‘zlarini bolajon xalqmiz deyishni yig‘ishtirishlari kerak», deya hisoblaydi u.

«Masalan, Shvetsiyadagi kambag‘al odam O‘zbekistondagi kambag‘aldan farq qiladi. Bolalarga bo‘lgan munosabatda ham shunday. O‘zbek ota-onalar uchun bolalarining jazirama quyosh ostida terga botib paxta dalasida hukumat uchun ishlashlari unchalik dahshatli hol emasday tuyuladi. Biroq bu manzara haqida Norvegiyada gapiradigan bo‘lsak, bu bilan norveglarni madaniy shokka tushirish mumkin», deydi Umida Niyozova.

Feysbuk foydalanuvchisi Behzod Mamadiev o‘zbek bolalarini ba'zan ularning ota-onalaridan himoya qilish kerak, degan fikrda:

«Bizda ota-onalar bolalarini xohlaganicha uradi, quldek ishlatadi, Bu narsa farzandlarini ham ruhan, ham jismonan mayib qilib ulg‘aytiradi».

Unga javoban Abdulloh Abdurahmon o‘g‘li Abdurahmonov “Ota-onadan himoya – bu tentaklik-ku”, deya fikr qoldirgan.

Umida Niyozova esa bu fikrni rivojlantirib, o‘zbek ota-onalari o‘z bolalarini buvisi yoki xolasiga qoldirib, oylab, yillab ularni ko‘rmasdan tirikchilik qilish uchun ketishlari mumkinligi haqida yozadi. «Ota-onalarining uzoq vaqt yo‘qligidan farzandlari ruhiy zarba olishlari mumkinligi haqida o‘ylashmaydi», deydi u.

Bolalar orasida o‘zini o‘ldirish holatlari

Yana bir og‘riqli muammo bolalar va voyaga yetmagan yoshlar orasida suiqasd holatlaridir. Eltuz.com bu masalada rasmiy statistik ma'lumotlarni qo‘lga kirita oladi.

Biroq qo‘lga kiritgan ma'lumotlarimizga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida 2016 yildan shu kungacha bolalar orasida o‘zini o‘ldirish bilan bog‘liq bir qancha holatlar sodir etilgan.

Rishton tumanida 3-sinf o‘quvchisi o‘zini o‘zi o‘limga mahkum qilgan bo‘lsa, Bag‘dod tumanida 8 va 6-sinf o‘quvchilari bo‘lgan qizaloqlar yoshgina nobud bo‘ldi.

Beshariq tumanida ham 7-sinf o‘quvchisi o‘zini osgan. Tuman prokraturasi bu ish bilan shug‘ullanmoqda.

«Nega shunday qilishdi, hayronmiz, – deydi mas'ullardan biri. – Masalan, Bag‘dod tumanidagi 4-maktabning 8-sinf o‘quvchisi uyida kir yuvgan va o‘zi yuvgan ro‘molga o‘zini osgan».

Bir kun avval dugonalari bilan gaplashib, ertaga uchrashguncha, degan so‘zlarni aytgan.

51-maktabning o‘zini osgan 6-sinf o‘quvchisi ham undan ilgari onasiga somsa tugishgan, maktabda o‘rtoqlari bilan voleybol o‘ynagan. Uning onasi hamshira, otasi esa benzin quyish shoxobchasida ishlaydi.

«O‘ziga to‘q xonadon bo‘lgan. Uyidagi muhit yaxshi bo‘lgan, kamchiliklari bo‘lmagan. Nega shunday qilgan, hamma hayron», deydi oilaga yaqin shaxslardan biri.

Prokuratura ham shu ishni o‘rganib, asl sababni topa olgani yo‘q.

Beshariq tumanidagi 47-maktabning o‘zini osgan 7-sinf o‘quvchisining o‘limi ham “sababsiz” qolmoqda.

O‘sha kuni ayasi qaergadir ketgan ekan. Uyda dadasi va akasi bo‘lgan. Kechga yaqin “Aka, ayamni olib keling”, degan. Akasi onasi bilan kelgunicha u o‘zini og‘ildagi ustunlardan biriga osib qo‘ygan.

rasm718
Bolalarini sotishga uringan ota-onalar haqida Eltuz.com ilgari ham bir necha bor yozgan edi.

O‘zbek bolalari – odam savdosi qurbonlari

Farg‘ona viloyatida bolasini 2200 dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol,  O‘zbekistonda yo‘qolib qolayotgan bolalar muammosi haqida Eltuz.com nashri ilgari ham yozgan edi.

Shu o‘rinda O‘zbekistonda o‘z bolalarini sotayotgan ota-onalar haqida mutlaqo jiddiy munozara olib borish mumkin.

Ya'ni jamiyatda bolalarni sotish jinoyat va axloqsizlik, degan aniq tushuncha yo‘q.

Huquq himoyachisi Umida Niyozovaning fikricha, bugungi o‘zbek jamiyatida hatto bola qashshoqlikda ulg‘ayganidan ko‘ra, uni boyroq oilaga sotgan ma'qul, degan chirkin bir mantiq bor.

«Agar ona o‘z farzandining yaxshiroq yashashini istasa, nima uchun bolani aynan SOTIShI kerak, degan savol ularning kallasiga kelmaydi», deydi u.

rasm466
Bolalarining dalalarda qullarcha ishlatilishiga aksariyat o‘zbek ota-onalari qarshilik ko‘rsatmaydi

Bolalarni kimdan himoya qilish kerak?

Umida Niyozovaning fikricha, boshqa rivojlangan mamlakatlardan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda bolalarga shaxs sifatida munosabatda bo‘linmaydi.

«Jim bo‘l!», «Kattalar bilan bahslashma!», «Sen fikr bildirishga hali yoshlik qilasan!» degan gaplar bola erkinliklarining doimiy cheklab kelinishiga ishora qiladi.

«An'anaviy tarzda bola jiddiy shaxs o‘rnida qaralmaydi. «Yoshlarni siyosatga aralashtirmang», deydi ayrim «aqllilar», deydi o‘zbek huquq himoyachisi.

«O‘zbekiston aholisining 60 foizini tashkil etgan yoshlar siyosiy jarayonlarga aralashishi va o‘z mamlakati uchun mas'uliyatni qo‘lga olishlari kerak», deya hisoblaydi u.

Feysbukdagi munozaralarda Sattorov Kamolxon ismli foydalanuvchi: “Bolalar zaifdir. Ularni yoshi kattalarning jismoniy xurujlaridan, huquqlari poymol etilishidan himoya qilish kerak, deb o‘ylayman”, deya yozgan.

Javoblar orasida bolalarni kasalliklardan, qiynoqlardan, turli balo-qazolardan, huquqlari buzilishidan, befarqlik, ochlik va hokazolardan ham himoya qilish kerakligi aytilgan.

Bolalar taqdiriga befarqlik

Munozarada o‘rtaga tashlangan yuqoridagi barcha muammolarning sababi befarqlikda degan fikr odamni ancha o‘ylantiradi va sergaklantiradi.

Masalan, uzoq yillar o‘zbek jamiyatining, ota-onalarning, kattayu kichik amaldorlarning, huquq himoyachilarining befarqligi tufayli O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanib kelindi.

Ota-ona yoki o‘qituvchi “bu hali go‘dak, uning tanasi zaif, hali o‘zini-o‘zi eplay olmaydi-yu, paxta teradimi?” deya bong urmadi.

rasm1432“Ko‘pga kelgan to‘y” qabilida ish ko‘rildi. Faqatgina xalqaro huquq himoyachilari, xalqaro kuzatuvchilar aralashuvi bilangina bolalarni paxta kampaniyasiga jalb qilish, ularni ta'lim olish huquqidan mahrum etishga chek qo‘yildi.

Biroq zehniyatda o‘zgarish bo‘lgani yo‘q, O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanish davom etmoqda.

Ularning kuchi bilan metallolom, makalatura to‘planmoqda. Yana jamoatchilik, ota-ona, o‘qituvchi “lom-lim” degani yo‘q.

Umida Niyozova buning hammasini an'anaga va zehniyatga yo‘yaverish kerak emas, deb hisoblaydi. Uning fikricha, bolalar erkin fikrlashga va mulohaza qilishga o‘rganmas ekan, ulardan faqat Rossiya ko‘chalarini supurishgagina yaraydigan mehnat muhojirlari yetishib chiqadi.

«Men o‘zbeklar o‘zlarini bolajon xalqmiz deyishni yig‘ishtirishlari kerak, deb hisoblayman. Bugungi kunda ular bunday emas», deya xulosa yasaydi o‘z fikrlariga huquq himoyachisi.

Nasima Davron qizi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 iyun 2017
Eltuz nashri «Prezidentga maktublar» turkumi ostida Respublika prezidenti virtual qabulxonasiga murojaat etayotgan shaxslarning xatlarini e'lon qiladi. Yil yakunida bu ...
3 iyun 2019
28 may kuni Toshkentda o‘tgan konferentsiyada prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva mahalliy ommaviy axborot vositalarining «oqsayotgani»ni aytib tanqid qildi. ...
23 noyabr 2016
2016 yil 19 noyabr O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Jamshid Karimov 2012 yil yanvaridan beri shu kungacha Samarqanddagi psixiatriya kasalxonasida majburan ...
27 may 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 52-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) Musulmonlarning joriy fojiasi islomga qattiq ...
Bloglar
3 noyabr 2022
1906 yilning 3 noyabrida Germaniyaning Berlin shahrida o‘tgan Xalqaro radiotelegrafiya anjumanida SOS signali halokatni bildiruvchi ...
1 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 11-qismi Turk birligi g‘oyasi va ...
25 oktyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 10-qismida muxbir undan o‘z ota-bobolari ...