Catira
6 mart 2017

Alisher Usmonov Rossiya bosh vaziriga qasr «sovg‘a»qildi

Aleksey Navalniyning ma'lumotlariga ko‘ra, Dmitriy Medvedevga aloqador jamg‘armalar hisobiga “kamida 70 milliard rus rubli hajmidagi mablag‘ va mulk o‘tkazilgan». Navalniynimg fosh qilishicha, so‘nggi uch oy ichida  Medvedev 73 ta  futbolka 20 juft  krossovoka va bir talay ishton buyurtma bergan.

Ayni paytda Medvedevga sovg‘a qilingan  muhtasham qasr hikoyasi Navalniy hisoboti markazidan o‘rin oldi.

Ma'lum bo‘lishicha, Rossiya bosh vaziriga yaqinligi aytilayotgan jamg‘armaga qo‘rg‘onni kelib chiqishi o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov sovg‘a qilgan.

Endi bir boshdan hikoya qilsak.

Rossiyalik  taniqli muxolifatchi Aleksey Navalniyning Korruptsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi (KQKJ) go‘yoki mamlakat bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan bog‘liq mol-mulk va ko‘p sonli ob'ektlar haqidagi tekshiruvini e'lon qildi.

Bu haqdagi fosh etuvchi materialda ta'kidlanishicha, bosh vazir o‘z kursdoshlari tomondan boshqariladigan notijorat jamg‘armalar tarmog‘i orqali mana shu aktivlarga egalik qiladi.

Bunday aktivlar orasida ofshor kompaniyalar nomiga rasmiylashtirilgan yaxtalar va Italiyaning Toskanasidagi uzumzorlar bor.

A.Navalniy jamg‘armasi e'lon qilgan materialga aytilishicha, go‘yoki «hukmron «Yagona Rossiya» partiyasi rahbari butun mamlakat bo‘ylab ko‘chmas mulklarga, eng nufuzli tumanlarda katta yerlarga, yaxtalarga, hashamatli kvartiralarga, Rossiya hamda chet elda agrokomplekslar va vino plantatsiyalariga egalik qiladi».

Kursdoshlarning qo‘rg‘oni

A.Navalniy jamg‘armasi aniqlagan ma'lumotlarga ko‘ra, D.Medvedovning kursdoshlari Ilya Yeliseev va Aleksey Chetvertkov Ijtimoiy muhim davlat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi – «Sotsgosproekt» rahbarlari hisoblanadi.

«Vazifasi va balandparvoz nomining mahobatiga qaramay, bu jamg‘arma haqida eshitmagan bo‘lishingiz mumkin. U ham Medvedov tomonidan tashkil etilgan va uning odamlari tomonidan boshqariladi. Xuddi «Dar» va «Gradislava» jamg‘armalari kabi u ham bosh vazir manfaatlariga xizmat qiladi», deyiladi fosh etuvchi materialda.

Ma'lum bo‘lishicha, «Sotsgosproekt»ning muassisi Vitaliy Golovachyov hisoblanadi. U «Dar» jamg‘armasining nufuzli xodimlaridan biri bo‘lib, uning boshqaruvchi kompaniyasiga rahbarlik qiladi.

«Vitaliy Golovachyov A.Medvedovning ko‘p sonli aktivlarining nomigagina sohibidir», deyiladi materialda.

A.Navalniyning tekshiruvlarida o‘zbekistonliklarni ham qiziqtirishi mumkin bo‘lgan bir ma'lumot keltirilgan.

KQKJ «Sotsgosproekt» va uning shu'ba firmasi bo‘lmish «Grin Yard»ning juda qiziq ob'ektini aniqlaganini bildirgan. Bu 3000 kv.m. uy, 750 kv.m. mehmon uyi, hammom va boshqa inshootlari mavjud juda hashamatli qo‘rg‘ondir.

4,3 gektar yer va umumiy maydoni qariyb 4000 kv.m. bo‘lgan uyga ega bu qo‘rg‘on Moskva viloyatining Rublyov-Uspenskiy shossesidagi Znamensk posyolkasida joylashgani uning naqadar qimmat turishidan darak beradi.

KQKJ shu yaqin atrofdagi boshqa ob'ektlarning narxlari bilan solishtirib, bu qo‘rg‘on kamida 5 millard rubl turishini chamalagan.

«Ko‘pchilikka notanish bo‘lgan «Sotsgosproekt» notijorat jamg‘armasida buncha pul qaerdan keldi», deya istehzoli savolni o‘rtaga qo‘yadi A.Navalniy.

O‘zbekistonliklarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan ma'lumot mana o‘rinda o‘rtaga chiqadi.

Ma'lum bo‘lishicha, Rossiya bosh vaziriga yaqinligi aytilayotgan jamg‘armaga qo‘rg‘onni kelib chiqishi o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov sovg‘a qilgan.

«Biz bunday sovg‘a nima ekanini yaxshi bilamiz. Bu poradir. Nega oligarx kimgadir qiymati 5 milliard rubllik qo‘rg‘onni sovg‘a qilishi xususida boshqa hech qanday tushuntirish bo‘lishi mumkin emas. Usmonov va Medvedev ham buni yaxshi tushunadi», deyiladi tekshiruv xulosasida.

Tekshiruv xulosalarida ta'kidlanilishicha, hujjatlarga ko‘ra, qo‘rg‘on «Sotsgosproekt»ga hali D.Medvedev prezident ekanligida – 2010 yilda sovg‘a qilingan.

Rossiya bosh vazirining matbuot kotibi Natalya Timakova A.Navalniy jamg‘armasi tekshiruvlariga oid bayonotida unda keltirilgan iddaolarni qat'iy rad etdi.

“Muxolifatchi va sud hukmi bilan jazoga tortilgan, qandaydir saylovoldi kampaniyasi olib borayotganini ma'lum qilgan shaxsning tashviqot targ‘ibot-tashviqot xurujini sharhlashdan ma'no yo‘q», dedi N.Timakova.

O‘tgan yili A.Navalniy 2018 yilda o‘tadigan prezident saylovida ishtirok etishini bildirgan. Fevral oyi boshida sud «Kirovles» atalmish jinoyat ishi bo‘yicha uni shartli jazo va jarimaga hukm qilgan. Agar bu hukm kuchga kirsa, u saylovda qatnasha olmaydi.

“Aktivlarning haqiqiy egasini aniqlashning deyarli imkoni yo‘q. Chunki xayriya jamg‘armalari nomidagi bu mulklar mohiyatan hech kimga tegishli emas. D.Medvedovning mulklarini uning do‘stlari, kursdoshlari va ishonchli kishilari boshqaradi», deyiladi A.Navalniy tekshiruvlarida.

Prokurorning 30 ming chelagi

Medvedov shuncha futbolkayu krossovkalarni qachon kiyib ulguradi¸ nega bitta joniga shuncha libos oladi¸ degan savol Rossiya jamoatchiligini qiziqtirmoqda.

Shu o‘rinda sobiq sovetlar o‘lkasidagi mulozimlarning narsaga o‘ch ekaniga yana bir misol keltirsak.

2006 yili Turkmaniston Bosh prokurori  Gurbanbibi Atajanovaning keng qamrovli o‘g‘irliklari “fosh qilingan”edi.

Mamlakatda temir xotin nomini olgan prokuror o‘nlab villalar¸yuzga yaqin qimmatbaho avtomobil va mingdan ziyod qoramol o‘g‘irlagani o‘rtaga chiqdi.

Atajanova qamalishidan oldin parlamentda izza qilinar ekan. Turkmanistonning marxum prezidenti Saparmurad Niyazovning sobiq prokurorga tanbeh bergani Oltin asr telekanalida uch kun ko‘rsatildi.

«Ertaga seni qamashadi, chunki ochko‘zsan. Bir boshingga shuncha villa, shuncha mashina olibsan. Mayli bu matoxlar senga kerakdir. Lekin menga ayt, senga 30 ming chelak nega kerak bo‘ldi?»

Eslatib qo‘yamiz,  Turkmaniston sobiq Bosh prokurori xovlisida 30 ming chelak borligi aniqlangan edi.

Tatar maqolida aytilgani kabi “Ochko‘zlik mulozimning bolalikdan meros bo‘lgan  va yillar davomida ulg‘ayadigan yagona sifatidir”

Usmonovning Medvedevga Qasr va katta miqdorda pul hadya etgani bilan bog‘liq vaziyatni rassom Kirpi hajv ostiga oladi.

Rassom Kirpi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 oktyabr 2021
Kamida 10 kishidan iborat uyushgan jinoiy guruh Toshkentda 64 kishini mulkidan mahrum qildi. Ishning beshta epizodi hozir poytaxtning Chilonzor ...
6 aprel 2017
Turkiya nashrlari o‘tgan hafta reyd paytida qo‘lga olingan o‘zbek fohishalari haqida bir nechta habar chop qildi. Bu habarlarning birida ...
3 may 2019
Ko‘rib turganingiz uy oddiy o‘zbek mulozimining uyi. Uy egasi davlatdan aniq summadagi maosh olgan va tijorat bilan  shug‘ullanishi qonunan ...
29 iyun 2021
O‘z joniga qasd qilganlikda gumonlanayotgan 26 yoshli Maftuna Azimova 30 may kuni Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani shifoxonasida vafot etdi. ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...