Catira
12 fevral 2018

Uchinchi xotinini kaltaklab ko‘chaga haydagan imom noibi Abror Muxtor Ali ishdan bo‘shatildi

Toshkentdagi «Minor» masjidi imomi noibi 42 yoshli Abror Muxtor Aliga 10 fevral kuni ishdan bo‘shash uchun ariza yozdirildi. «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda Abror Muxtor Alining uchinchi xotini 21 yoshli Saodatxon A'zamxo‘jaeva kaltaklanib 8 oylik homila bilan ko‘chaga haydalganidan keyin «Minor» masjidi imom xatibi Anvar qori Tursunovga shikoyat qilgani ortidan eri ishdan bo‘shatilganini aytadi.

Abror Muxtor Ali ariza yozgan, biroq hali noiblikdan bo‘shash haqida buyruq chiqmagan. Lekin «Minor» masjidi o‘z saytidagi noiblar ro‘yxatidan uning nomini o‘chirgan.
A'zamxo‘jaevaning advokati nomidan militsiyaga ariza

A'zamxo‘jaeva «Minor» masjidi imom xatibi Anvar Tursunov va eri Abror Muxtor Ali ishtirokidagi suhbati audiosini ham feysbuk sahifasiga joylashtirdi. Audioda A'zamxo‘jaeva erining kaltaklagani, «zino qilding, pul o‘g‘irlading», deb tuhmat qilganidan arz qiladi. Audioda Anvar qori Tursunovning “noiblikdan bo‘shash uchun ariza yoz!” degan gapi eshitiladi.

Bundan sal avval Abror Muxtor Ali xotini bilan suhbatda «undan ma'lumot olish uchun uning xiyonati haqida yolg‘on gapirgani»ga iqror bo‘ladi.

Saodatxon A'zamxo‘jaeva «Eltuz» bilan suhbatda o‘tgan yili Abror Muxtor Ali bilan dinni o‘rganish maqsadida ijtimoiy tarmoqda tanishganini aytadi. A'zamxo‘jaevaga ko‘ra, Abror Muxtor Ali “uni o‘rab, uylanishni taklif qilgan”. Bugungi kunda ayol 8 oylik homilasi bilan ko‘chada qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ota-onasi avvaliga bu nikohga qarshi bo‘lishgan, gapiga kirmaganidan keyin uni «oq qilishgan».

«Kaptiva»da o‘qilgan nikoh

2017 yilning 30 yanvar kuni «Kaptiva» mashinasida Saodatxon A'zamxo‘jaevaga 42 yashar Abror Muxtor Alining uchinchi xotini sifatida shar'iy nikoh o‘qildi. A'zamxo‘jaevaning «Eltuz» muxbiriga aytishicha, nikohda taniqli sport sharhlovchisi va diniy voiz, O‘zbekiston MTRK qoshidagi «Madaniyat va ma'rifat» telekanali bosh muharriri Xayrulla Hamidov guvoh sifatida mashinada o‘tirgan.

Abror Muxtor Alining bir muddat Mirzo Ulug‘bek tumani IIBB terrorga qarshi kurash bo‘limi tomonidan hibsga olingani, ozroq muddat o‘tirib chiqqanidan keyin ozod etilgani ma'lum.

O‘zbekistondagi rasmiy din vakillarini yaqindan biluvchi o‘zbek faoli Kamoliddin Yo‘ldoshga ko‘ra, Abror Muxtor Ali tergovlardan keyin shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xizmatiga «tayinlangan».

«O‘zbekistonning ichkarisidagilar uchun Naqshbandiya mazhabidamiz, tashqaridagilar uchun esa Hanafiy mazhabidamiz, degan imij yaratib olgan rasmiy mullalardan biri.

Aslida rasmiy mullalarning deyarli hammasi tariqatchi, sababi MXX boshqalarga minbar bermaydi«, deya izohlaydi o‘zbekistonlik imomning ijtimoiy tarmoqdagi faolligini Kamoliddin Yo‘ldosh.

Saodat A'zamxo‘jaevaning feysbukka qo‘ygan rasmi

Kaltak va mushtlashdan iborat “islomiy terapiya”

Nikoh o‘qilgandan keyin Abror Muxtor Ali kelinni o‘z muxlislaridan biri bo‘lgan qo‘shiqchining bo‘sh uyiga joylashtirib qo‘yadi. A'zamxo‘jaevaning «Eltuz»ga aytishicha, eri Abror Muxtor Ali uni “johiliyatdan qutqarish uchun” kaltaklab boshlaydi. Saodatxon A'zamxjo‘xaeva bu kaltaklarga chidolmasdan Mirobod tumani IIBBga shikoyat bilan murojaat qiladi. Keyinchalik “oilani saqlab qolish andishasida” arizani qaytarib oladi.

Tarmoqdagi faryod

Saodatxon A'zamxo‘jaeva kaltaklanib, qornida sakkiz oylik homilasi bilan ko‘chaga haydalgani ortidan dardini ijtimoiy tarmoqlarda doston qildi. Uning videomurojaati (hozir video o‘chirib tashlangan) yuz minglab tarmoq yuzerlarini ikki lagerga bo‘ldi. Sharhlovchilar orasida Saodatxonni qoralaganlar va Abror Muxtor Alini oqlaganlar ham bo‘ldi. Tarmoq faoli Dilobar Erkinzoda «Eltuz» bilan suhbatda bu muhoraba ko‘lamidan gapirdi:

Dilobar Erkinzoda
Shvetsiyadagi o‘zbek faoli

«Bu ayol shuncha xo‘rlikdan keyin ham muammoni tinchlik bilan hal etishga harakat qilgan ekan. Barchasi besamar bo‘lgan, A.M. (Abror Muxtor Ali) o‘z maqomidan foydalanib, bu ayolning haq-huquqlarini buzib kelgan. Shundan keyin Saodatxon A'zamxo‘jaeva sahifasida ommaga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Ayolni go‘yoki xiyonatda ayblab, jonli muloqot o‘tkazgan A.M. bir necha soatdan so‘ng videosini shaxsan o‘chirib tashladi. Chunki u sodir etgan jinoyatlarini o‘z og‘zi bilan tasdiqlab turgandi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksida ko‘pxotinlilik uchun jazo belgilangan, – bu bir!

Ikkinchidan, zo‘rovonlik ishlatish, ya'ni kaltaklash uchun ham jinoiy javobgarlik bor!

Bundan tashqari, tuhmat va haqorat moddalari ham bor. A.M.ning Saodatxonga nisbatan qilgan harakatlarida jinoyat alomatlari bor deb hisoblayman! Qonun hamma uchun barobar! Dinni niqob qilib, ayollarni xo‘rlash na diniy va na dunyoviy qonun-qoidaga to‘g‘ri keladi.

Abror Muxtor Ali o‘z harakatlarini oqlab, jonli efirda: «U (Saodat) menga o‘zi kelib yordam so‘radi, ruhiy holati og‘ir ahvolda ekanligini, o‘zini o‘ldirish bilan qo‘rqitdi», deya bayonot berdi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Ruhiy holati nosog‘lom ayolni ko‘rganda qaerga murojaat qilishni maslahat berish kerak? Yoki olib borish kerak? Tabiiyki, psixolog yoki psixiatrga!

Duch kelgan ayol o‘zini o‘ldiraman deganda, uylanib olaverishsa «jinnixona»ning nima keragi bor unda?»

Rassom Kirpi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 noyabr 2021
Bu 1991 yil 30 noyabrdagi “Pravda vostoka“ gazetasi. Gazetada so‘nggi 27 yil ichida o‘zbek millatiga berilgan yagona siyosiy tanlov ...
4 avgust 2019
Prezident Mirziyoev 2 avgust kuni o‘tkazgan yig‘ilishda uylarni buzish ishlari bilan norozilik keltirib chiqargan hokimlarni uning siyosatiga xiyonat qilishda ...
16 aprel 2019
«Eltuz» nashri Muhammad Bekjonning «Qo‘rquvning nariyog‘ida» (Alvido, Jasliq!) ikkinchi kitobining, 2-qismi audioversiyasini taqdim etadi. Kitobning bu qismida muallif Koson ...
22 yanvar 2024
AQSh poytaxti Vashingtonda barcha davrlarning eng buyuk olimi, xorazmlik Abu Rayxon Beruniyga haykal o‘rnatildi. Haykalni xorazmlik haykaltarosh Jasvand Annazarov ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...