Catira
20 mart 2018

Hokim: O‘qituvchi o‘limida, men emas «Kamaz» aybdor!!!

Mahalliy hokimlik Kattaqo‘rg‘on tumanida darsdan olib chiqilib, ko‘cha supurishga majburlangani oqibatida «Kamaz» tagida qolib o‘lgan 42-maktab o‘qituvchisi Diana Yenekeeva haqida maqola yozgan jurnalist va blogerlarga qarshi bosim o‘tkaza boshladi.

Eltuz muxbirining aniqlashicha, viloyat amaldorlari o‘zlarining Toshkentdagi akaxonlaridan “tiliga erk bergan jurnalistlar ovozini o‘chirib berishni so‘rashgan”. Muxbirimizga ko‘ra, “pashshadan fil yasagan” asosiy aybdor sifatida jurnalist Karimberdi To‘xtamurod nishonga olingan.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoq va matbuotdagi shov-shuvdan qo‘rqib ketgan samarqandlik mulozimlar “voqeada yo‘l xavfsizligiga rioya qilmagan o‘qituvchining o‘zi va «Kamaz» haydovchisi aybdor”, degan iddaoni tiqishtirishga urinmoqda. Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raevning OAV xodimlariga yo‘llagan, mazkur voqea «jonlantirilgan» maktubi Eltuzga kelib tushdi.

Fojiaga Mirziyoev tashrifining daxli yo‘qmi?

Viloyat hokimi o‘z maktubida “baxtsiz hodisaning Mirziyoev tashrifi bois” ko‘chalarga majburan farroshlikka chiqarilgan o‘qituvchilarga aloqasi yo‘qligini ta'kidlaydi:

“Ommaviy axborot vositalarida turli xabarlar va munosabatlar bildirilayotgani noxolis talqin hisoblanadi va haqiqatga mos kelmaydi”, deya ta'kidlaydi hokim buva maktub davomida.

U, shuningdek, o‘qituvchilarning “obodonlashtirish ishlariga jalb qilinmasligiga viloyat rahbari sifatida so‘z beraman”, deya va'daning kattasini beradi. (Eslatib o‘tamiz, keyingi bir yil mobaynida bunday va'dalarni boshqa hokimlar ham bergan va sal o‘tmay o‘qituvchilarni majburiy mehnatga haydagan edi).

«O‘qituvchilar prezident uchun o‘limga ham rozi!»

OAVga ta'sir o‘tkazish maqsadida samarqandlik “maorif xodimi” 40 yoshli Obid Omonov tarafidan “maktub” uyushtirilgani ham o‘rtaga chiqdi.

Maktub boshqalar qatori Eltuz ga ham keldi. Viloyat hokimligida “yaratilgan” bu maktub avvalida ko‘cha supurishga majburlash tadbirini oqlashga urinish bor:

«Xo‘sh, D.Yenikeevaning taqdiri haqida o‘ylovchilar shu savolimga javob beringlar-chi? Sizlarning uylaringizga mehmon kelsa tozalik qilmaysizlarmi, shunday xonadonlaringiz ifloslangan holda kutib olasizlarmi? Kelgan mehmon sizlarning xonadonlaringizga baho bermaydimi? Tozali uy farishtali, uy deyishgan ota-bobolarimiz”.

Muallif o‘z nomasini “O‘qituvchilar prezident uchun o‘limga ham rozi”, degan mujda bilan davomlaydi:

“Sizlar balki Toshkentda turib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shaxsan o‘zlarini ko‘rib tursangizlar, ko‘zlaringiz o‘rganib qolgandir. Lekin, bilasizlarmi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev agar Samarqand viloyatimizga kelsa, viloyatimiz ahli uchun bundan katta baxt yo‘qdir. Mayli, shaxsan men o‘zim o‘lgunimga qadar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevni ko‘rmasdirman, ammo Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevni ko‘rgan tanish-bilishlarim, ota-onam bilan juda ham faxrlanaman.”

Ana shundan keyin bu “zakovat sohibi” o‘z maktubida “samarqandlik o‘qituvchi o‘limini yoritgan jurnalist va bu o‘limni qoralagan mulozim “ogorodiga tosh otadi”.

“Hurmatli ijtimoiy tarmoq ma'murlari, xalq ta'limi vazirining o‘rinbosari Alisher Zafarovich hamda Karimberdi To‘ramurod aka!

Sizlar ijtimoiy soha vakillarini majburiy mehnatdan ozod qilish haqida fikr yuritayapsizlar, lekin unda o‘zlaringizga savol berib ko‘rdingizlarmi? Obodonlashtirish ishlarini shu hudud atrofida yashovchi uyushmagan aholi yoki uyushmagan yoshlar amalga oshirmasa, unda kim bajaradi? Nima, dunyodagi qoloq davlat aholisini bir burda non uchun jalb etib ishlatamizmi? Ular bizlarni ifloslangan hududlarimizni tozalab berishadimi?

To‘g‘ri, bu savollarga javob bera olmaysizlar. Lekin ushbu savollarga javob berish uchun, eng yaxshisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga, “Mahalla”, “Nuroniy” XJF ma'muriyatiga berib ko‘ring. Qanchadan-qancha uyushmagan yoshlar yoki uyushmagan aholimiz bekorchi bo‘lib yuribdi. Obodonlashtirish ishlarini o‘shalarni jalb qilishni iloji yo‘qmi? Virtual qabulxonalarga yoki mahalliy davlat hokimiyati organlariga 2 yoshgacha, 14 yoshgacha moddiy yordam so‘rab kelayotgan xotin-qizlarimizga ushbu moddiy yordamni olishga loyiqmisan yoki yo‘qmi, degan savollarni bermaysizlar. Bera olmaysizlar ham. Meni kechirasizlar-u, Sizlarni bu savollarni berishga yuraklaringiz yo‘q. Sizlar uchun aybdor bo‘lib qolgan faqat maktab direktori, XTB mudiri, hokim yoki prokuror!”

Hokimning ochiq tahdidi

Bu gaplardan keyin maktub muallifi “muddaoga o‘tadi”. Muddao esa aniq: “Hokim aybdor emas!”

“Qachon qarama, hokim o‘qituvchilarni Mustaqillik bayramiga chiqmaganligi uchun kaltaklagan, avtobusda yonishi natijasida halok bo‘lgan yo‘lovchilar yashagan tuman vakillarini haqorat qilgan, paxta yig‘im-terimiga chiqmagan o‘qituvchilarni haqorat qilgan hokim aybdor”.

Keyingi jumlani Eltuz gaplashgan huquqshunoslar “ochiq tahdid” deb malakalashdi:

“Qo‘pol bo‘lsa ham meni kechiringlar-u, ha deb amaldagi davlat tuzumiga osilavermanglar, yiqilib qolsanglar, biror bir joylaringiz juda qattiq og‘riydi».

Maktubga Obid Omonov deya imzo qo‘yilgan. Eltuz muxbirining aniqlashicha, Samarqand viloyat maktablarida bunday ismli o‘qituvchi ishlamaydi.

Muxbirimizga ko‘ra, Samarqand hokimi kursidan ayrilib qolishdan qo‘rqmoqda va “Kamaz aybdor”, degan hulosaga barchani ishontirishga urinmoqda.

Rassom Kirpi

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 sentyabr 2016
21-22 sentyabr kunlari Buvayda tumanidagi shifoxonaga birin ketin tumanning ikkita kollej bufetidagi pishiriqlarda zaxarlangani iddao qilingan o‘quvchilar keltirilgan. Tuman  tibbiyot ...
16 iyun 2020
1947 yilda chop etilgan ilk “O‘zbekiston xalqlari tarixi” II jildining mundarijasidan bir parcha. Bundan nima xulosa qilishimiz mumkin? – ...
18 yanvar 2023
Rassom Tuz @eltuz
30 mart 2016
Prezident Karimov hokimiyatdan hali ketish niyati yo‘qligini aytgan, hokimiyatga yaqin shaxslar esa allaqachon hokimiyat boshqa bir kattakonning, uning kuyovi ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...