Mashshoq och qolmasligi uchun qashshoq to‘y qilsin
Hukumatning to‘ylarni cheklamasligi haqidagi xabarlari ortidan 2018 yilning 2 iyulida Toshkentda 13 ta karnaychi ishtirokida o‘tkazilgan to‘y tasvirlari tarmoqda tarqalgan edi.
29 iyun kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida to‘y an'analarini me'yoriy hujjatlar bilan cheklamaslik qarori haqida bildirilgandi.
To‘ylarni ixchamlashtirish taklifini ilgari surib kelgan prezident Mirziyoev shu kuni Olmazor tumanida chiqishida tag‘in shu haqda gapirdi.
«Olmazor tumanidan boshlanglar shunday 50 kishilik namunali to‘y qilishni. Xavf-xatar bo‘lmaydi u yerda. 505 ta mahallada bittadan namunaviy to‘y bo‘ladi”, – dedi prezident.
Prezident bu taklifini shu yilning boshida ilgari surgan, qaror 15 iyun kuni chiqishi kerak edi, biroq qaror oy oxiriga qadar surilib keldi.
So‘nggi 27 yil davomida undan oldin o‘tgan prezident Karimov davrida ham dabdabali to‘ylarni cheklash haqida hujjatlar qabul qilingan edi.
O‘zbekiston prezidentining 1998 yil 28 oktyabrda imzolagan farmoni bunga misol.
“Lavozimini suiiste'mol qilayotgan rahbarlar, oyog‘i yerdan uzilgan, manmanlikka berilib ketgan havoyi mansabdorlarning nomaqbul harakatlari mahallalarda, istiqomat joylarida sog‘lom muhit buzilishiga sabab bo‘lmoqda, oddiy odamlarning nafsoniyatlariga tegmoqda, ularning adolatga, umuman, davlat hokimiyatiga ishonchiga ziyon yetkazmoqda. Mazkur intilishlarning nosog‘lom musobaqaga aylanib ketish hollari dabdabali to‘y-hashamlarni o‘tkazishga qurbi yetmagan or-nomusli kishilarni og‘ir ahvolga tushirmoqda”, deyilgan edi Karimovning ushbu farmonida.
Keyinchalik 2015 yilning 15 iyunida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi to‘y kortejidagi mashinalar miqdorini va ortiqcha dabdabalarni cheklash haqida qaror chiqargan. Hukumat bu qaror yuzasidan yana bir qator tavsiyalar ham ishlab chiqqan edi.
Bugungi kunda o‘zbek hukumatining ham, jamiyatining ham barcha muammolar qolib, hamon to‘ylarni qanday o‘tkazish haqidagi bosh qotirayotgani Behbudiyning bundan yuz yil burungi gaplarini eslatdi.
«To‘y va ta'ziyag‘a sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur», deya yozgan edi u «Oyna» jurnalida (1915 yil, 13-son, 338—342-betlar) bosilgan maqolasida.
Rassom Kirpi
Eltuz.com