Catira
7 oktyabr 2019

To‘g‘ri gap aytgan bloger “jinnixonada”

Agar Shabnam (Nafosat) Olloshukurova ruhiy xasta bo‘lsa, bizning bugungi jamiyatimizda shunday “xasta” jurnalistlarga zarurat bor. Aks holda milliy jurnalistika aslo rivojlanmaydi. 

O‘zini o‘zi himoya qilmaydigan, erkin fikrlamaydigan, adolatdan ko‘z yumadigan har qanday jurnalistikaning taqdiri shudir.

So‘nggi chorak asrdan ortiq tariximiz guvohki, hukmron doiralarimiz aynan haqiqatgo‘ylar, erkin fikrlovchilar, xalq manfaati va elita manfaati o‘rtasidagi farqni anglovchilardan qo‘rqadi. Ularning bir qismini esa ruhiy xastaga chiqarib, jinnixonalarga tiqadi. 

Afsuski, O‘zbekistonning ichida bunday “jinnilar” hukumatni cho‘chitadigan darajada ko‘p emasga o‘xshaydi. Ko‘p bo‘lganida bugun jinnixonalar ular bilan emas, balki amaldorlar bilan to‘la bo‘lgan bo‘lardi. 

Zero, ular Shabnam kabi “ruhiy xastalar”ning erkin fikri, adolat uchun kurashlari sabab xalqning ustidan mutlaq hukmronligini yo‘qotgani uchun aqlini yeb bitirardi. Tiyiqsiz ravishda xalq boyliklarini o‘marish imkoniyatini yo‘qotgani uchun jinni bo‘lardi. 

“Oltin devor”dagi mulla Mo‘min kambag‘al edi. U oltin topib olgani uchun jinni bo‘lgandi. 

Ammo bizning elita shabnamsimon “jinnilar” kurashi ortidan ko‘plab oltinni yo‘qotgani sababli jinnixonadan joy olgan bo‘lardi. 

Huquq faoli Yelena Urlaeva ko‘rmagan jinnixona qolmadi. Ammo u kabi “jinni”larning sa'y-harakatlari bilan bugun O‘zbekistonda bolalar mehnatining payi qirqildi. 

Agar bu “ruhiy xastalar” bo‘lmaganida hozir O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashish harakati ham bo‘lmas, hattoki odamlar majburiy mehnat nimaligini bilmay yuravergan bo‘lardi balki. 

“Aqlli” hukmron doiralar o‘ziga qarshi chiqqan barchani xasta o‘laroq ko‘radi. Shu sabab haqiqatni aytadigan “jinnilar” safi kengaymas ekan, hali O‘zbekistondagi ko‘plab muammolar hal etilmaydi. 

Har qanday avtoritar yoki totalitar rejimda haq so‘zni aytgani, adolat istagani uchun jinnixonaga tiqilganlar bo‘lgan. 

Shabnam Olloshukurovaning boshdan kechirayotganlari buning bir misoli, xolos. Tarixni titkilang, bunday misollar tiqilib yotibdi…

Bloger Shabnam yaqindagina prezidentning atrofida selfi qilgan blogerlardan juda-juda farqli. Ular amaldagi hokimiyat bilan jisman, ruhan, ma'nan birlashib ketgan. Shabnam esa ular aytgan gaplarning teskarisini aytishga urindi. 

Natijada selfichi blogerlar olqish oldi, Shabnamning qo‘nim topgan joyi esa ruhiy kasalliklar shifoxonasi bo‘ldi.

Shundan anglanmoqdaki, selfichi blogerlarning butun kuch-qudrati amaldagi prezidentga, hokimiyatga sadoqati ekan.

Aytmoqchi bo‘lganimiz, agar adolat istaganlar, adolat istovchilarga ko‘makchilar, haqiqatgo‘ylar “ruhiy xasta” bo‘lsa, bugungi jamiyatimizda bunday “xasta”larga o‘ta kuchli ehtiyoj mavjud.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 may 2016
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xodimlari hamda Toshkent shahrida joylashgan oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchi-domlalari o‘rtasidagi uchrashuvda prokuratura xodimlari o‘qituvchilarning pora olib ...
29 noyabr 2016
O‘zbekistonning chegara hududlarida aholining ko‘zi qo‘shni mamlakatlar xududiga o‘tgan magistral gaz quvurlariga tushadi. O‘zbekiston gazining aksariyati qo‘shni davlatlardan tashqari, ...
23 fevral 2016
Rassom Elsevar o‘zbekistonlik qariyalarning pensiyalarini plastikka o‘tkazish bilan bog‘liq ijtimoiy muammolarini hajv mo‘yqalamiga tortishda davom etadi. Do‘konlarda, yozilmagan qoidalarga ...
15 iyun 2017
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning dipmissiya xodimlari va raxbarlari bilan birgalikda rejalagan xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti kutilmoqda. Vazirlik saytida ...
Bloglar
2 iyul 2020
6-sinfda o‘qirdim, Kampuchiyada davlat to‘ntarishi bo‘lib hukumatga Pol Pot rahbarligidagi “Qizil kxmerlar” kelganini, ular butun ...
25 iyun 2020
​​Xalqaro press-klubda matbuot anjumani bo‘lib o‘tibdi, unda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov ...
21 iyun 2020
(bo‘lgan voqea) Tarjimon sifatida Rossiyaning militsiya bo‘limlaridan biriga chaqirishgan edi. Bo‘limda jinoyatchi sifatida gumon qilingan ...