Catira
29 yanvar 2020

Qalbaki diplomni tasdiqlagan komissiya tanqid ostiga olindi

O‘zbekistonlik olima Gulsara Shermatova ijtimoiy tarmoqda qoldirgan 28 yanvar kungi postida «chet ellardagi yuqori malakali PhD unvoniga ega kadrlarning» mamlakatga qaytishiga to‘sqinlik qilayotgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tanqid qildi.

«Mamlakatga kelib, chet elda olgan diplomini nostrifikatsiya qilaman, degan PhD unvonli mutaxassis, birinchidan, bizning fan nomzodi bo‘lib qoladi, chunki bizda fan nomzodi chet elning eng yuqori ilmiy darajasi bo‘lmish PhD ga tenglab qo‘yilgan. Ya'ni chet elda yoqlangan diplomning mavqei O‘zbekistonda past baholanmoqda va undan keyin yana doktorlik dissertatsiyasi yoqlash kerak bo‘ladi. Aslida rivojlangan davlatlarining nufuzli jurnallarida 10-15 ta maqolasi chop etilgan, taniqli ilmiy markazlarda ixtirolari tan olingan PhD nomzodlarining saviyasi bizning chetda zo‘rg‘a 2-3 maqola chiqargan fan doktorlari va hatto akademik unvonlariga ega ba'zi olimlarning saviyasidan yuqoridir. Odatda ular xorijiy tillarni yaxshi bilishadi, dunyo fan yutuqlaridan doimo xabardor va O‘zbekistonda ilmiy guruh va markazlar tashkil qilishga, yoshlarga ustozlik qilib, malakali kadrlar tayyorlashga qodir olimlardir», deya yozdi Shermatova feysbuk sahifasida.

Olimaning fikricha, chet elda olingan PhD diplomi fan nomzodi emas, balki fan doktoriga tenglashtirilishi kerak. Ikkinchi muammo esa nostrifikatsiya jarayonining o‘ta byurokratlashtirilganidir.

«Kerakli ro‘yxatlar 8 ta punktdan iborat. Agar biron hujjat yetishmasa, nostrifikatsiya qiyinlashadi. Masalan, ko‘pgina iqtidorli yoshlar o‘z kuchi bilan oliygohni tamomlab, grantlar yutib olib, mustaqil, ixtiyoriy ravishda chet ellarda aspiranturani bitkazib PhD unvoni olishgan», deya yozadi Shermatova.

Chet elda o‘qib kelgan mutaxassisdan talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxatiga, Shermatovaga ko‘ra, ilmiy muassasaning chet elga o‘qishga yo‘llanmasi yoki buyruq, talabgorning ish joyidan tasdiqlangan shaxsiy varaqasi, mehnat daftarchasi kabi  hujjatlar kiritilgan.

Lekin chet eldan malakali kadrlarning kirishiga qo‘yilayotgan ayni byurokratik to‘siqlar O‘zbekistonda ayrim shaxslarning qalbaki  PhD diplomini rasmiylashtirib ishga kirishiga monelik qilayotgani yo‘q.

Masalan, shu yilning 7 yanvar kuni qalbaki PhD diplomi fosh bo‘lgan Samarqand «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori bo‘lgan 43 yashar Azamat Akbarov ishdan olindi.

«Ozodlik» radiosining yozishicha, Akbarovning ilmiy darajasi to‘g‘risidagi qalbaki xorijiy diplomni Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tan olgan. Hujjatlarda sobiq prorektorning PhD ilmiy daraja diplomi Saraevo shahrida (Bosniya va Gertsegovina davlati) joylashgan BURCH xalqaro universiteti tomonidan berilganligi ko‘rsatilgan.

Ayni universitetda ikkita odamda shunday diplomning borligi va ularning ikki xil ekanligi shubha uyg‘otgan. Diplomlar 2019 yilning dekabrida Tashqi ishlar vazirligi orqali so‘rov jo‘natilib, ilmiy ekspertizaga yuborilgan. Buning natijasida diplomlarning biri, ya'ni OAK rayosatining 2019 yil 28 fevraldagi 262/1-qarori bilan nostrifikatsiya qilingan (tan olingan) xorijiy falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja diplomi qalbaki ekanligi aniqlangan.  

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 mart 2018
Farg‘onaning Qo‘shtepa tumanidagi lo‘lilar yashaydigan mahallada eshak so‘yib sotish sanoat miqyosida amalga oshirilgan. Shu yilning mart oyi o‘rtalarida «Eltuz»ga ...
3 yanvar 2018
3 yanvar kuni ham davom etgan Erondagi namoyishlar ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida turlicha talqin etilmoqda. Kimdir bunda Amerikaning qo‘li ...
27 aprel 2023
Xivada 1920 yilning 27 aprelida Xorazm Respublikasini tuzish bo‘yicha ta'sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda ko‘p yillardan buyon «Xiva» shaklida ishlatilib ...
1 fevral 2016
Davlatning bir yarim milliard so‘m puliga olingan «Baron» filmi qora bozorga chiqib ketdi. Oldingi «Sotqin» filmi bilan ham huddi ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...