Catira
15 fevral 2022

Yurak urishdan to‘xtadi

Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan. Bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan. Qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan. Azal-azaldan biologiya va fizologiya qonunlariga bo‘ysunib yashab kelayotgan bir organizm bor ekan. Organizmni Bosh miya boshqarar ekan. Unga har kuni har xil fikrlar yog‘ilib kelaverar ekan. Kunlardan bir kuni u organizmni boshqarishning yangi usulini o‘ylab topibdi va barcha ichki a'zolarga quyidagi xabarni yuboribdi: Hey ichki a'zolar! Biz “Yangi organizm” quramiz. Bir joyda o‘tirishni bas qilinglar! Endi hammang organizm bo‘ylab yurasanlar! Yetar bir joyda turishlaring! Qaysi a'zo qanday ishlayotganini o‘z ko‘zing bilan ko‘rishinglar kerak” debdi.

Bosh miyadan ichki a'zolarga kelgan ushbu mudhish xabarni eshitib yurak darg‘azab bo‘libdi va darhol Bosh miyaga xabar yuboribdi: “Bunday qilish aslo mumkin emas! Anatomiya qonunlarini hech qachon buzib bo‘lmaydi! Aks holda organizm halok bo‘ladi! Har kim o‘z ishini o‘zi bajarishi kerak! Axir har kimning o‘z vazifasi bor! Jigar ishini yurak, yurak ishini buyrak hech qachon bajara olmaydi, axir!” Biroq yurakdan otilib chiqqan bu nido Bosh miyaga kor ham qilmabdi. Bosh miya bilganidan qolmabdi. Unga quloq solmagan yurakni keyin jazolayman, deb o‘ylabdi u.

Bosh miya boshqa ichki a'zolarga o‘z hukmini o‘tkaza boshlabdi. Uning vajohatidan qo‘rqqan barcha ichki a'zolar o‘zlari bilmaydigan va hech qachon qilib ko‘rmagan ishlari bilan shug‘ullanishga bel bog‘lashibdi. Axir har narsani bilguvchi Olloh emas, Bosh miya-ku, deb o‘ylabdi ular. Shunday qilib ichki a'zolar “a'zobay-a'zobay” yura boshlashibdi: jigar buyraklar turgan joyga siljib tushib ularning vazifasini, buyraklar esa tepaga siljib chiqib jigar vazifasini bajarishga kirishibdi, ya'ni ular o‘t qopiga siydik ajratib chiqara boshlabdi, halqum esa organizmning eng pastiga tushib to‘g‘ri ichak qiladigan ishni, to‘g‘ri ichak esa eng yuqoriga chiqib halqum vazifasini bajarishga kirishibdi… Eng pastdagi teshikka tepaga chiqib og‘iz vazifasini bajarasan deyishibdi, pastdagi yana bitta a'zoga “tepaga chiqib til vazifasini bajargin” degan topshiriq kelibdi. Shunda til tilga kirib “Men nima qilay” desa, sen pastga tushib “o‘sha a'zo” vazifasini bajarasan deyilibdi. Qolgan a'zolar bilan ro‘y bergan patologik holatlar haqida gapirishga til ojiz…

Organizmda ro‘y berayotgan sharmandali va falokatli bu holat oqibatida barcha to‘qimalarda moddalar almashinuvi izdan chiqib anor suvidek halol qon oqayotgan tomirlarda xarom qon oqa boshlabdi. Ushbu patologik jarayondan tahlikaga tushgan yurak so‘nggi marotaba Bosh miyaga iltijo qilib: “Bu eksperimentni darhol to‘xtating! Aks holda butun boshli organizm, shu jumladan, Siz ham halok bo‘lishingiz muqarrar!” debdi. Bosh miya qalbga, ya'ni yurakka quloq solmay bilganidan qolmabdi. Alal oqibat yurak urishdan to‘xtabdi…

Neyropsixolog, professor
Zarifboy Ibodullaev
14 fevral 2021 yil

Tag‘in o‘qing
31 avgust 2016
1995 yilning 26 iyunidan beri O‘zbekiston MXX raisi lavozimini egallab kelayotgan 72 yashar Rustam Inoyatov Karimov o‘rtadan ketishi bilan ...
16 may 2020
Aziz asrimizning aziz onlari aziz odamlardan so‘raydi qadrin. Fursat g‘animatdir shox satrlarla bezamoq paytidir umr daftarin. Mana, hafta aylanib, ...
18 sentyabr 2023
Qozog‘iston asta-sekin, lekin muttasil Rossiyadan uzoqlashmoqda. U yerda ruslarga qarshi kayfiyat har soatda aniqroq va yaqqolroq kuchaymoqda, deya yozdi ...
8 yanvar 2021
Navoiyda fan olimpiadasiga borishda avtohalokatga uchragan o‘quvchi va o‘qituvchi 7 yanvar kunida ham jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Ular 5 yanvar kuni ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...