Catira
25 fevral 2022

Nega o‘zbeklar orasida jinoyat va urush tarafdorlari ko‘p?

O‘zbek internetini kuzatsam, ekstremal g‘oyalarni, jinoyat va urushni qo‘llab-quvvatlovchilar juda ko‘pligiga e'tibor beraman. Faqat putinparastlarni nazarda tutmayapman, turli qarash vakillari bor. Biror terakt, urush, yomon voqea bo‘lsa, «Battar bo‘lishsin», «Qirilib bitishsin» deb zaharxanda qilib o‘tiradigan odamlarni ko‘rib, dahshatga tushaman. Ular bizning oramizda yashayotgan, ishga, o‘qishga borib kelayotgan, oilasi bor, bola-chaqasi bor oddiy odamlar. Lekin internetga kirib, ochiqchasiga agressiyani va vahshiylikni olqishlab o‘tirishadi.

Rossiya boshida turgan bugungi kuchlarni qo‘llab-quvvatlovchi odamlar O‘zbekistonda juda ko‘pligini, balki yuz minglab vatandoshlarimiz rus propagandasining qurboni bo‘layotganini hech kim inkor etmasa kerak. Internetda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini olqishlayotgan, Ukraina va umuman progressiv insoniyatni qo‘llab-quvvatlayotganlarni masxara qilib, «Qanday bo‘ldi endi buyog‘i?» deyotganlar tiqilib ketgan. Qanaqasiga, qachon oramizda yashayotgan shuncha inson insoniy qiyofasini yo‘qotishga ulgurdi? Ular g‘ayriinsoniy kuchlarni, qotillik va jinoyatni qo‘llab-quvvatlayotganini nega tushunmayapti?

Buning sababi ikkita deb o‘ylayman.
Birinchidan, eshitish va tan olish qiyin bo‘lmasin, bu jamiyatimizning umumiy saviyasi pastligidandir. Ozodlik muxbiri Allamjonov bilan intervyuda bu haqda gapirganida, kimlardir norozi bo‘lib, o‘zbek xalqini haqorat qildi deb yurganmidi? Men ham o‘sha gapni takrorlab, o‘zbek jamiyatining umumiy saviyasi pastligini e'tirof etaman. Buni haqorat yoki masxara uchun aytmayapman, balki shu jamiyatning bir bo‘lagi sifatida buni muammo sifatida ko‘ryapman, o‘z xavotirimni bildiryapman.

Odamlarimiz XXI asrda yashab turib, uning imkoniyatlaridan yetarli foydalanmayapti (o‘z xohishiga ko‘ra) yoki foydalana olmayapti (sharoit shunga majbur qilyapti). Maktablarda ta'lim izdan chiqqan, universitetlarning katta qismida hech narsa o‘rgatishmaydi, OAV va blogosferaning saviyasi achinarli ahvolda, rasmiy siyosat, rasmiy ilm-fan, madaniyat va san'at qo‘rqinchli darajada kulgili va saviyasiz propaganda va olg‘avatanchilikdan nariga o‘ta olmaydi, allaqachon tesha tekkan, jamiyatga hech qanday progress va yangilik, mushohada uchun ozuqa taqdim eta olmaydigan fikr va qarashlarni yoyadi. Bunaqa muhitda tanqidiy fikrlay oladigan, dunyoqarashi keng bo‘lib yetishishning o‘zi bir qahramonlikday gap. Shuning uchun bu saviyasizlikni kimningdir shaxsiy aybi deyishdan tiyilgan bo‘lardim. Lekin, shunga qaramay, fakt faktligicha qoladi: oxirgi o‘n yilliklarning siyosati, ko‘plab siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ob'ektiv va sub'ektiv omillar tufayli o‘zbek jamiyati progressiv jarayonlardan uzilib, o‘ziga yarashmaydigan darajada yuzakilashib qolgan. Demokratiya, umuminsoniy qadriyatlar, insoniylik, xalqaro huquq, o‘zaro hurmat, inson huquqlari, tanqidiy mushohada va formal mantiq nimaligi tushuntirilmagan odamlar ichidan Putin tugul Gitlerni qo‘llab-quvvatlaydigan odamlar ko‘plab chiqishi hayron qolarli holat emas.

«Dunyoning istalgan burchagida bundaylar topiladi» desangiz, haq bo‘lasiz. Farq shundaki, rivojlangan jamiyatlarda, harqalay, balans bor.

Ikkinchidan esa, internet rostdan ham hayotimizni ikkiga bo‘lib qo‘ygan ko‘rinadi. Oddiy hayotda biror kishining gapi yoqmasa ham, e'tiroz bildirishga andisha qilasiz, «mayli, talashib o‘tirmay» deb, indamay ketasiz, kimdir Rossiyani yomonladi yoki AQShni maqtadi deb musht ko‘tarmaysiz. «Mayli, o‘zing bilasan» deb ketasiz. Ammo ko‘rinmaydigan, uzoqdagi odamning fikridan qizishib ketish juda oson. Chunki siz odamni emas, internet algoritmlarini ko‘ryapsiz. Bunaqa muloqot turi odamni degumanizatsiya qilishi oson. Shunga internet nafratga va qizg‘in bahslarga to‘lib ketadi.

Bunaqa vaziyatda Rossiya Ukrainaga qarshi uyushtirgan urushni ham, umuman har qanday terakt, harbiy harakatni kompyuter o‘yinidan farqlay olmay qolish hech gapmas. Ongosti buni reallik sifatida qabul qilmay qo‘ysa, ruhiyat ancha tinchlanadi.

Odamlarimizga jinoyatni, xalqaro harbiy jinoyatni qo‘llab-quvvatlash ham jinoyat ekanini tushuntirib qo‘yish kerak. Bunga javobgar instantsiyalardan yoki progressiv ziyolilardan reaktsiya kutyapman.

Eldor Asanov

Blogerning telegramm sahifasidan

Tag‘in o‘qing
27 noyabr 2020
AQSh va O‘zbekiston 2021 yilda “strategik hamkorlik muloqoti”ga o‘tishni maqsad qilgan. O‘tgan hafta Vashington prezident Donald Trampning 4 noyabrdagi saylovda ...
17 yanvar 2022
Andijon viloyatining Baliqchi tumanida 11 yanvar kuni paxta pullarini ololmayotgan fermerlar norozilik bildirib, “Tetrateks” klasteri binosi oldiga to‘planishdi. Fermerlarning ...
13 yanvar 2020
11 yanvar kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hibsda saqlanayotgan Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi uyidan topilgan san'at ashyolari haqida bayonot berdi. Prokuraturaning ...
8 yanvar 2021
Men senga eng achchiq so‘zlarimni titrab Bugun aytaman. Men seni bugun ayamayin sira, Sen-chi, g‘azablan. Men aytib titrayin, sen ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...