Asosiy mavzular
27 aprel 2023

27 aprel – Xivada Xorazm Respublikasi tuzildi

Xivada 1920 yilning 27 aprelida Xorazm Respublikasini tuzish bo‘yicha ta'sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoyda ko‘p yillardan buyon «Xiva» shaklida ishlatilib kelingan davlat nomi Xorazm tarzida bu qurultoyda qayta tiklandi.

Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR) tuzildi va uning Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Bundan tashqari, qurultoy XXSRning Nozirlar sho‘rosi sayladi. Cakkizta nozirlik tashkil qilinib, 5 nafar kommunist, bir yosh xivalik va 2 nafar partiyasiz kiritildi.

1920 yil 28 aprelda esa XXSR e'lon qilindi.

rasm1236
Mirkomil Masharipov

Inqilob nomi bilan

1920 yil 30 aprelda Xorazm millatidan va dinidan qat'i nazar, barcha mehnatkashlarning respublikasidir, deb e'lon qilindi.

Bundan oldin 1920 yil 1 fevralda Xivaning oxirgi xoni taxtdan tushirilib, hujjatga imzo chekkandan keyin, 2 fevral kuni inqilob g‘alabasi e'lon qilingan va inqilobiy qo‘mita tuzilgan edi.

Xorazm davlatining dastlabki hujjatlaridan biri dinni davlatdan ajratish to‘g‘risida bo‘ldi.

1920 yil 2 aprelda esa turkman urug‘lari boshliqlari Qo‘shmuhammad, G‘ulomalixon, Baxshi va boshqalar ishtiroqida Gelbart kotibligida, Olloqulov tarjimonligida majlis o‘tkazilib, birinchi navbatda o‘zaro nizolarga chek qo‘yish masalasi muhokama qilishgan edi.

Majlisda Xorazm mehnatkashlari bilan Turkiston respublikalari mehnatkashlari o‘rtasidagi do‘stlikni yuqori darajaga ko‘tarishga qaror qilindi.

G.I.Broyda tashabbusi bilan boshlangan mazkur kengashda ishtirok qilgan o‘zbek va turkman urug‘ boshliqlari, oqsoqollari bunga tamoman rozi bo‘ldilar.

rasm1232
Turkman sardorlari Xorazm Respublikasini qo‘llab chiqishdi

Turkmanlar qo‘llovi

Butun Xorazm vakillarining birinchi qurultoyiga saylanadigan 200 nafar vakilning 80 nafari turkman bo‘lishi belgilandi.

1920 yil 9 aprelda Vaqtli hukumatning majlisi chaqirilib, Nozirlar sho‘rosi tuzildi. Bu sho‘roda Polvonniyoz hoji Yusupov – davlat nazorati noziri, Bekjon Rahmonberganov – xalq madaniyati va maorifi noziri, Bobooxun Salimov – adliya noziri, Jumaniyoz Sultonmurodov – vaqtli hokimiyat raisi, Odamoxun Ortiqov uning muovini edi.

Xorazmda endigina shakllanayotgan hokimiyatning shu majlisida davlat tuzilishi, nozirliklar tashkil qilish, maktab, kasalxona ochish, yangi lavozimlar saylov nizomi haqidagi masalalar muhokama qilindi.

Xorazmda 20-yillardagi o‘zgarishlarning eng muhim natijalari – o‘zbeklar bilan turkmanlar hamkorligi vujudga kelib, mehnat armiyasi tashkil qilindi.

Saylov qonuni, sudxo‘rlikka qarshi dekret, vaqf yerlari haqida nizom, oliy sud haqida, xon yerlari va mulklarini musodara qilish haqida qonunlar e'lon qilindi.

rasm1243
Qurbon Beregin

Qo‘shni xalqlar yordami

Endigina siyosiy xaritada paydo bo‘lgan mustaqil Xorazm Respublikasiga qo‘shni xalqlar yordam qo‘lini cho‘zdilar. Qo‘shni jumhuriyatlar 700 ming kishi hayot kechirayotgan Xorazm vohasini mahsulotlar va texnika uskunalari bilan ta'minlashni o‘z zimmasiga oldi va qaytib olmaslik sharti bilan 20 million so‘m ajratdi.

Turkiston komissiyasining qarori bilan 1920 yil aprel – may oylarida yana 150 million so‘m yordam berildi. Joylarda yangi tashkilotlar tashkil qilishga kirishdilar.

Tezda yangi zamon maktablari, bolalar bog‘chasi, qariyalar uyi, internat-maktablar vujudga keltirildi.

Turkkomissiya esa Xorazmga tezlik bilan birinchi navbatda 3 do‘xtir, 8 feldsher, bir tish do‘xtiri, bir akusherka, uchta kasalxonani ta'minlashga yetadigan dori-darmonlar, 10 nafar o‘qituvchi, o‘qish qurollari, 50 ming pud kerosin, 50 ming pud neft, idish-asboblar yubordi.

Xuddi yangi yer o‘zlashtirganlari singari qo‘shni xalqlarning vakillari xalq xo‘jaligining hamma sohalariga kirib keldilar.

Rus ustalari tashabbusi bilan yangi Urganch va Xiva shaharlari oralig‘ida to‘rtta temir ko‘prik qurildi.

Bulardan tashqari, RSFSR va TASSR Xorazm Respublikasini xo‘jalik asboblari, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi qurollari, urug‘lik bilan ta'minlashni o‘z zimmasiga oldilar.

Xorazmga yuzlab mutaxassis ko‘chib kela boshladilar. Shu davrda «Xorazmga doimiy ishga kelgan har bir yevropalik bor imkoniyatlar bilan yordam berishi bizning asosiy maqsadimiz», degan shior ostida ish ko‘rdilar.

rasm1241
Eksklyuziv

Madaniy yurish

1920-1921 yillar jahonning turli hududlaridan Xorazmga «madaniy yurish» e'lon qilindi.

Turkiya vatandoshlari Abdulla Mamedov, Husayn Ismoilov, Bahri Kamol madaniyat va maorif ishlarida jonbozlik ko‘rsata boshladilar.

Hamza Hakimzoda Niyoziy sahna san'ati sohasida katta tashkilotchilik qildi.

Boshqird Afzal Tagirov, Kashshof Poti Xorazmda o‘rta maxsus bilim yurtlarini vujudga keltirishda katta xizmat qildilar. Buzilgan zavodlarni tiklash, qadimiy hunarmandchilikni keng yo‘lga chiqarib qo‘yish ishlari kuchaytirildi.

1920 yil 7 martdan nashr qilinayotgan «Inqilob quyoshi» ro‘znomasi, 3 apreldan ish boshlagan «Maorif saroyi», aprel oyi oxirlarida birinchi tomoshabinlarni qabul qilgan Xiva tarixiy muzeyi, birinchi bo‘lib Xivada ish boshlagan o‘zbek, tatar, rus teatr truppalari yangi hayot ustunliklarini tashviqot qila boshladilar.

Xorazm vohasida yangi hayot qurilishida mashhur tashkilotchilar, madaniyat xodimlari Matyoqub Otajonov, Polvonniyoz Hoji Yusupov, Mulla Bekjon Rahmonov, Bobooxun Salimov, Odamoxun Ortiqov, Jumaniyoz Sultonmurodov, O‘rozgaldi Hojimamedov, Afzol Tagirov, Husayn Qo‘shoev, Otajon Abdolov, Safo Olloberganov, Matyoqub Ahangarov, Ro‘zmat Yusupov, Yusuf Ahmadov, I.Xonsuvorov, Zokir Bikchurin, Hakimboy Muhammadiev, Mullanavro‘z Ro‘ziboev, G.I.Broydo, Sergey Malishev alohida katta xizmat qildilar.

Bu ilg‘or tashkilotchilarning tarixda iz qoldirgan eng muhim xizmati shuki, ular xalq ommasi orasidan haqiqiy qobiliyat egalarini tanlab olabildilar va tarbiyalay oldilar.

Ularning haqiqiy tarbiyasini olgan qobiliyat egalari Davlat Rizaev, Karim Boltaev, Qurbon Olloberganov (Beregin), Soib Nazariy, Onabibi Safoeva, Ahmadjon Ibrohimov, Xayrulbanot Saydoshova, Qosim Zaripov, Masharip Polvonov, Eshmurot (Shuhrat) Divanov, Umar Qurboniy, Bolta Sharipov kabi yoshlar davlat ishlariga ishtirok qilib, ta'lim-tarbiya sohasida faol ko‘zga ko‘rina boshladilar.

Xalqaro munosabatlar

rasm1242Bu davrda xalqaro munosabatlarda ham katta o‘zgarishlar yuz bera boshladi.

1920 yil iyun oyida Xorazm Respublikasining ilg‘or davlat vakillari Toshkent, Moskva shaharlariga kelib, qator uchrashuvlar o‘tkazdilar va bitimlar tuzdilar.

1920 yil 1 sentyabrda Xorazm delegatsiyasi Boku shahrida chaqirilgan Sharq xalqlari s'ezdida ishtirok qilib, shu s'ezd qarorlarini qabul qilishda faol ishtirok etdi.

13 sentyabr kuni XXSR va RSFSR o‘rtasida davlat shartnomalari imzolandi, 13 noyabrda esa XXSR bilan Buxoro Xalq Sovet Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma imzolandi.

XXSR bilan RSFSR o‘rtasida imzolangan shartnomaga binoan, Sovet Rusiyasi Chor Rusiyasi Xiva xonligiga nisbatan ilgari qo‘llanib kelgan barcha huquqlardan «voz kechdi».

Chor Rusiyasi davrida Xorazmda vujudga keltirilgan barcha boyliklar mahalliy mehnatkashlarning ixtiyoriga berildi va Xorazm Respublikasiga 500 mln. so‘m yordam uyushtirildi.

1920 yil 20 sentyabrda RSFSR bilan XXSR o‘rtasida iqtisodiy shartnoma imzolanib, o‘zaro savdoga keng imkoniyatlar ochildi.

Sovet Rusiyasidan Xorazmga keltirilayotgan va Xorazmdan Rusiyaga chiqarilayotgan mahsulotlar, tovarlar har qanday soliq va bojlardan ozod qilindilar va Xorazmga 100 dona duradgorlik stanogi, 20 dona tokarlik stanogi yuborish rejalashtirildi.

rasm1239
Bobo Oxund Muhammad Salimov

Demokratiya va Xorazm Respublikasining tugatilishi

1921 yil 13 oktyabrda va 1922 yil 29 iyunda RSFSR va XXSR o‘rtasida imzolangan shartnomalar ham 1920 yil sentyabrda imzolangan shartnomaning ijrosi edi.

RSFSR bilan iqtisodiy aloqani keng yo‘lga qo‘ygan Xorazm Respublikasi Turkiston ASSR va Buxoro Respublikalari bilan ham o‘zaro munosabatlarni yaxshilay bordi.

1921 yil 1 iyulda Turkiston ASSRda Xorazm Respublikasining vakolatxonasi tashkil qilindi. Shu yili 4 dekabrda vakolatxona Bosh konsullikka aylantirildi.

1922 yil fevraldan Xorazm «Mehnat nishoni» ta'sis qilindi.

XXSR 1923 yilning 30 oktyabrida Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasiga (XSSR) aylantirilgan edi.

Oradan bir yil o‘tib XSSR ham tugatildi va uning hududi ko‘p o‘tmay tuzilgan O‘zbekiston SSR, Turkmaniston SSR va Qoraqalpog‘iston muxtor viloyatlari tarkibiga kiritildi.

Botir Rajabov
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 may 2021
Rassom Kirpi
28 aprel 2016
Bugun O‘zbekistonning markaziy shaharlarida kambag‘allarning munkaygan kulbasi yonida qad ko‘targan muhtasham qasrlarni ko‘rish mumkin. Albatta, aksariyat amaldorlar kambag‘al mahallada ...
5 yanvar 2017
Zilziladan keyin vayron bo‘lgan Toshkent o‘z ijodiy imkoniyatini realizatsiya qilish uchun yer qidirgan sovet me'morlari uchun yangi imkoniyatlar ochdi. ...
29 fevral 2016
O‘zbek gazetalarini o‘qirkan, tag‘in tashviqot pardasi ortidagi jamiyat muammolar, vaqtida berilmayotgan ish haqi, matbuotda urchiyotan yolg‘onlar, sinayotgan korxonalar va ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...