Asosiy mavzular
15 dekabr 2016

850$ million xalqqa qaytarilsin!

O‘zbek faollari bu pullarni korruptsiya jabrdiydalari bo‘lgan O‘zbekiston xalqiga qaytarilishini istashmoqda. Elektron petitsiyani shu yerda imzolashingiz mumkin.

O‘zbekiston telekommunikatsiya sektoridagi korruptsiya va Yevropadagi hisob raqamlarida muzlatilgan 850 million dollarga oid ish bo‘yicha

SAVOL VA JAVOBLAR

1. Bu 850 million dollar qaerdan paydo bo‘ldi?

Bu O‘zbekistonda biznes yuritish maqsadida litsenziya va radiochastotalar olishda ko‘maklashganlik uchun uchta xalqaro mobil operatori tomonidan Gulnora Karimovaga to‘langan poraning umumiy miqdoridir. Bu pullar mazkur kompaniyalar tomonidan Gibraltar va Gonkongda Gulnora Karimovaning atrofidagi kishilar nomiga rasmiylashtirilgan ofshor firmalar hisob raqamiga o‘tkazib berilgan. Korruptsion tizim qanday ishlagan? Mazkur mobil operatorlari Karimova nazorat qilgan firmalarga arzimagan mablag‘ga o‘z tarmoq kompaniyalarining aktsiyalarini ajratib bergan. O‘z navbatida, bu tarmoq kompaniyalar O‘zbekistonda biznes yuritish huquqini qo‘lga kiritib, mazkur ofshor firmalardan juda katta pulga o‘sha aktsiyalarni qaytarib sotib olgan.

2. Litsenziya va radiochastotalar boshqa davlatlarda va O‘zbekistonda qanday taqsimlanadi?

Korruptsiyaning oldini olish mexanizmi mavjud mamlakatlarda litsenziya va radiochastotalar ochiq va shaffof tender natijasida ajratiladi, bu esa yopiq eshiklar ortida kelishuvlar bo‘lishiga imkon bermaydi. O‘zbekistonda esa chastota va litsenziyalarni hatto raqobatli tender asosida ajratish to‘g‘risidagi qonun ham qabul qilinmagan. Shuning uchun xalqaro investorlar tanish-bilishlar orqali nufuzli vositachilar bilan kelishishdan boshqa yaxshiroq hech narsani topa olishmadi.

3. O‘zbekiston telekommunikatsiya sektoridagi korruptsiya faktlari uchun Gulnora Karimova va mamlakat hukumatining javobgarligi nimadan iborat?

Korruptsion bitimlar tuzish tashabbusi Karimovaning o‘ziga tegishli edi. Biroq ofshor kompaniyalarga keyinchalik rasman xalqaro mobil operatorlariga sotish uchun chastota va litsenziyalarni ajratish o‘sha vaqtda Abdulla Aripov rahbarlik qilayotgan O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi buyrug‘i bilan rasmiylashtirilishi, shuningdek, bunga qator vazirlik va idoralar, jumladan, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, MXX va hatto Bosh vazirning o‘zi tomonidan ijozat berilishi kerak edi. Kelishuvga Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan ijozat olinishi zarurati radiochastotalar ajratilishi ustidan nazorat mamlakat xavfsizligiga bog‘liq ekanidadir.

Hatto shtati va biznes yuritish bo‘yicha hech qanday tajribasi bo‘lmagan ofshor kompaniyalarga keyinchalik xalqaro mobil operatorlariga qayta sotish uchun chastota va litsenziyalarni ajratishga ijozat berish orqali davlat idoralari qonunchilikni buzishdan tashqari korruptsion tizimning ishtirokchilaariga ham aylandi. Ular nega qonunni buzdi? Chunki Gulnora Karimova o‘z otasi – prezident Karimov nomidan ish yuritdi, hujjatlarni imzolagan mansabdor shaxslar esa qonundan kelib chiqib emas, shaxsiy sadoqat nuqtai nazaridan harakat qildi. Bu o‘rinda shaxsiy javobgarlik aloqa va axborotlashtirish agentligi o‘sha paytdagi rahbari, telekommunikatsiya sektoridagi korruptsion mojarolar sababli 2012 yilda bosh vazir o‘rinbosari mansabidan quvilgan, joriy yilda hukumat safiga tiklanib, 2016 yil 13 dekabrda bosh vazir lavozimiga tayinlangan Abdulla Aripov zimmasiga tushadi.

O‘zbekistonda bu kabi qonunni suiiste'mol qilish nega mumkin bo‘ldi? Chunki O‘zbekistonda hokimiyat bo‘linishi, o‘zaro nazorat tizimi yo‘q, erkin matbuot yo‘q, rahbarlarning qonun va jamiyat oldida hisobdorligi tizimi yo‘q, korruptsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmi mavjud emas. Hokimiyat vertikali bo‘yicha shaxsiy sadoqat hissi qonunga rioya qilishdan ustun turadi. Bularning hammasi nepotizm uchun, xizmat vazifasini suiiste'mol qilish va korruptsiya uchun qulay muhit yaratadi.

4. Hozir telekommunikatsiya sektoridagi 850 million dollar miqdoridagi qator korruptsion kelishuvlar uchun kim javobgarlikka tortildi?

Bugungi kundacha hech kim javobgarlikka tortilmadi. Har holda ochiq manbalarda kimdir telekommunikatsiya sektoridagi korruptsiya amallari uchun qonun bo‘yicha, sud tartibida jazoga tortilgani haqida ishonchli ma'lumotlar yo‘q.

2014 yil mayda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan Gulnora Karimovaning atrofidagi Rustam Madumarov, Gayana Avakyan, Yelena Klyueva kabi boshqa qator shaxslar (jami 13 kishi) turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgandi. Biroq 2014 yil davomida Bosh prokuratura saytida e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, bu shaxslar boshqa jinoiy ishlar, jumladan, «O‘zbekiston havo yo‘llari», «Koka-kola ichimligi – O‘zbekiston LTD», «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» UK aktivlarini noqonuniy o‘zlashtirish bo‘yicha jazoga tortilgan. U yerda xalqaro mobil operatorlaridan olingan va ofshor kompaniyalar orqali «yuvilgan» poralar haqida hech qanday gap yo‘q. Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islomning guvohlik berishicha (uning Bi-Bi-Siga bergan videointervyusini qarang), ular o‘z himoyachisini tanlash huquqidan mahrum qilingan va sud majlislarida shaxsan ishtirok etmagan. Sud faqat qoralov tomonini tinglagan va ayblanuvchilar ishtirokisiz qaror chiqargan. Bu esa protsessual normalarning qo‘pol ravishda buzilganidan darak beradi.

Garchi Gulnora Karimovaning o‘zi, Bosh prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, tergov davomida gumonlanuvchi sifatida ko‘rilgan bo‘lsa-da, unga rasman birorta ayb qo‘yilgani yo‘q. U birorta sud majlisida ishtirok etmagan, tergov va sud davomida uning manfaatlarini himoya qiladigan, o‘zi tanlagan advokati ham bo‘lmagan. Buning o‘rniga u sudning hech qanday qarorisiz, muddati to‘g‘risida birorta ma'lumot taqdim etilmagan holda uy qamog‘iga joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri M.Ikromovning 2015 yil dekabrda Nyu-York okrug sudiga yo‘llagan maktubida go‘yoki Toshkent viloyati sudi R.Madumarov, G.Avakyan va boshqa shaxslarning xalqaro mobil operatorlaridan pora olganiga oid ishni 2015 yil 20 iyulda ko‘rib chiqqani va tegishli hukm chiqargani to‘g‘risida birinchi marta xabar berilgan.

Biroq 2014 yildagidan farqli o‘laroq, butun 2015 yil davomida Bosh prokuratura o‘z sayti orqali bu yangi ish haqida biror xabar e'lon qilgani va bu mavzuda birorta press-reliz chiqargani yo‘q. Ko‘rinishidan Gulnora Karimova bu ish bo‘yicha ayblanuvchi sifatida o‘tmagan va sud majlislarida ishtirok etmagan. Bu esa bizni Adliya vazirligining 2015 yil iyuldagi sud to‘g‘risidagi xabari haqiqatligiga shubha bilan qarashga undaydi.

Shuningdek, Gulnora Karimovaning atrofidagi shaxslardan tashqari birorta mansabdorning jinoiy javobgarlikka tortilgani to‘g‘risida ham hech qanday ma'lumot yo‘q. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi sobiq boshlig‘i, mahalliy mobil aloqa operatorlarini, shuningdek, tegishli litsenziya va chastota spektrlarini xarid qilish bo‘yicha korruptsion kelishuvlar amalga oshirilgan 2005 yildan 2009 yilgacha bo‘lgan davrda tarmoqqa rahbarlik qilgan Abdulla Aripov nafaqat jinoiy javobgarlikka tortilmadi, balki 2016 yil 14 dekabrda mamlakat bosh vaziri etib tayinlandi. Chastotalar ajratilishi to‘g‘risidagi qarorlarni tasdiqlagan boshqa idoralarning mansabdor shaxslari ham jazolanmadi.

O‘zbekistonda sud jarayoni omma uchun butkul yopiqdir. Qonunchilikda muayyan ish bo‘yicha qoralovchi va sudlanuvchilarning manfaatlarini himoya qiluvchi advokat sifatida kim ishtirok etayotgani to‘g‘risidagi ma'lumotlarni, ayblov xulosalari va sud qarorlarini ochiq e'lon qilish ko‘zda tutilmagan. Ammo bu ish ulkan ijtimoiy qiziqish uyg‘otayotganiga qaramay, Karimova va uning atrofidagi shaxslarga oid ish atrofida alohida maxfiylik muhiti hukmron.

5. Nega pullarni hukumatga qaytarish mumkin emas?

Chastota va litsenziyalarni ofshor kompaniyalarga ajratish hamda ularni xalqaro mobil operatorlariga qayta sotish haqidagi qarorlarni hali ham o‘z lavozimlarida o‘tirgan hukumat a'zolari qabul qilgan. O‘zbekiston hukumati korruptsiya botqog‘iga botgan bo‘lib, bugungi kungacha unga barham berish yuzasidan birorta amaliy qadam qo‘yilgani yo‘q. Yangi prezident islohotlar o‘tkazishni va'da qilayotgan bo‘lsa-da, ular qachon amalga oshirilishi va bu islohotlar natijasida mamlakatda korruptsiya bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanishi masalasi mavhumligicha qolmoqda. Bir tomondan, yangi saylangan prezident korruptsiyaga qarshi kurashishga chaqirsa, boshqa tomondan, mas'uliyatli lavozimlarga ilgari korruptsion tizimlarga aralashgan shaxslarni tayinlamoqda.

Ilgari, Islom Karimov davrida ham yaxshi qonunlar qabul qilingan, inson huquqlari bo‘yicha, korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konventsiyalar imzolangan va ratifikatsiya qilingan. Ammo bu qonunlar qog‘ozda qolib ketib, amalda hammasi avvalgidek davom etdi. Mamlakatda qonun ustivorligi va barchaning qonun oldida tengligi baribir ta'minlanmadi. Agar hatto yangi prezident korruptsiyaga qarshi kurashish, sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha progressiv qonunlar qabul qilsa ham ularning amalda ijro etilishi va Karimov davrida qabul qilingan qonunlar taqdirini takrorlamasligiga hali ishonch yo‘q.

6. Yuqorida aytilgan 850 million dollar hozir qaerda?

Ular bir qator Yevropa mamlakatlari, jumladan, Shveytsariya, Shvetsiya, Belgiya, Irlandiya va Lyuksemburgdagi banklar hisob raqamlarida muzlatilgan.

AQSh Adliya departamenti umumiy miqdori 850 million dollar bo‘lgan bu pullar korruptsiya natijasida qo‘lga kiritilganiga shubha qilib, 2015 yil iyunda va 2016 yil fevralda Nyu-York federal sudiga ularni musodara qilish bo‘yicha fuqarolik da'volari kiritdi. Nega aynan AQSh departamenti da'volar kiritdi? Chunki yuqorida tilga olingan, korruptsion tizimga aralashib qolgan mobil operatorlaridan ikkitasining aktsiyalari Nyu-York fond birjasida muomaladadir. Shuningdek, bu kompaniyalarning hammasi o‘z operatsiyalarini AQSh dollarida amalga oshirgan. Shu asosda ular AQShning aksilkorruptsiya qonunchiligi ta'sir doirasiga tushadi.

Ushbu korruptsion tizim bo‘yicha jinoyat ishlari AQShdan tashqari Shveytsariya, Shvetsiya va Niderlandiyaga ham ochilgan. Shveytsariyada ochilganiga sabab shuki, bu pullarni «yuvish» Shveytsariya banklari orqali amalga oshirilgan. Shvetsiyada ochilganiga sabab esa mobil operatorlaridan biri Shvetsiya-Finlyandiya qo‘shma korxonasi ekanidir. Boshqa bir mobil operatori Niderlandiyada ro‘yxatga olingan.

7. Pullar musodara qilinsa, kimga berilishi kerak?

Bu masalada ayrim huquqiy mujmalliklar mavjud. Chunki korruptsiyaga aloqador mablag‘larni qaytarishga oid qonunchilik bu mamlakatlarning barchasida turlicha. Lekin ko‘p narsa ushbu mamlakatlar hukumatlarining siyosiy irodasiga bog‘liq.

8. Tilga olingan aktivlarning taqdiri bo‘yicha tashabbus guruhi a'zolarining pozitsiyasi qanday?

Guruhning pozitsiyasi shuki, bu pullar jabrlanuvchi tomonga va korruptsiyadan aziyat chekkanlarga qaytarilishi kerak. Bu o‘rinda jabrlanuvchi O‘zbekistonning butun aholisidir. Nega? Chunki biznes yuritishning xalqaro e'tirof etilgan me'yorlari saqlangan taqdirda litsenziya va chastotalar uchun to‘lovlar davlat byudjetiga kelib tushishi, u orqali esa ijtimoiy dasturlarni ta'minlashga yo‘naltirishi kerak. 850 million dollar O‘zbekiston davlat byudjetining 7 foizi yoki sog‘liqni saqlash sohasiga sarflanadigan mablag‘ning 50 foizi demakdir. Shu nuqtai nazardan, bu korruptsion amallar oqibatida, avvalo, davlatning ijtimoiy dasturlaridan ko‘mak oladigan fuqarolarning nisbatan eng muhtoj qatlami jabr ko‘rgan.

9. Korruptsiya qanday oqibatlarga olib keldi va undan jabrlanuvchilar kimlar?

Korruptsiyadan jabrlanganlar O‘zbekistonning butun aholisi, ayniqsa, uning muhtoj qatlami hisoblandi. Avvalo, jabrlanuvchilar mobil aloqasidan foydalanuvchilardir. Telekommunikatsiya sektoridagi korruptsiya va eng yetakchi mobil operatorlaridan biri MTSning mamlakatdan quvilishi oqibatida uning abonentlari hech qanday tovon puli olmadi va boshqa operatorlar xizmatidan foydalanishga majbur bo‘ldi. Buning natijasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxi keskin oshdi, aloqa sifati esa yomonlashdi. O‘zbekistonda internet, jumladan, mobil internet tezligi postsovet hududidagi eng pastlardan biri sanaladi. Mamlakatda abonentlar Skype va shu turdagi boshqa tarmoqlarning ovozli va videoli aloqa funktsiyalaridan foydalana olmaydi. Bu tufayli yuz minglab mehnat muhojirlarining o‘z oilalari bilan aloqasi qiyinlashdi va qimmatladi. Xalqaro mobil operatorlari tomonidan Gulnora Karimovaning kompaniyalariga pora sifatida to‘langan pullar davlat byudjetiga tushishi, u orqali esa ijtimoiy dasturlarga sarflanishi mumkin edi, ammo bunday bo‘lmadi. Bu esa 850 million dollar davlat byudjetiga kelib tushmagani sababli yosh avlod hozirgidan ko‘ra sifatliroq ta'lim olish, bolalar, qariyalar va bemorlar tegishli parvarish va davolanish, sifatli ijtimoiy xizmatlardan bahramand bo‘lish imkoniyatidan mahrum bo‘lganini anglatadi.

10. Agar siz bu pullarni O‘zbekiston hukumatiga qaytarishni istamasangiz, ularni aholiga qanday qaytarib berish mumkin?

Bu masalani hal etish (mahalliy hukumatni chetlab o‘tgan holda pullarni korruptsiyadan jabr chekkanlarga qaytarish) pretsedenti mavjud va bunda AQSh Adliya departamenti ham ishtirok etgan. 2003 yilda Nursulton Nazarboevning Shveytsariya bankidagi hisob raqamlarida saqlanayotgan 84 million dollariga band solindi. Bu pullar ilgari Amerika kompaniyasi tomonidan Qozog‘iston prezidentiga to‘langandi. Mazkur korruptsion mojaro «Kazaxgeyt» nomini oldi. 2007 yilda AQSh, Shveytsariya va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida qashshoq oilalarning bolalariga yordam ko‘rsatish maqsadini ko‘zlaydigan Bot jamg‘armasini tuzish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Ya'ni Qozog‘iston hukumati bu pullarni o‘z nazorati ostiga qaytarishni talab qilmadi. Jamg‘arma uch muassis mamlakat oldida hisobdor bo‘lgan kengash tomonidan boshqarildi. Kengash raisi mashhur huquq himoyachisi Yevgeniy Jovtis edi. Ikki tashkilot – Save the Children va IREX jamg‘armani birgalikda boshqarish bo‘yicha ochiq tanlovda g‘olib chiqdi. Har yili Jahon banki jamg‘arma faoliyatini audit qilib turdi. Bu esa mablag‘larni sarflashda suiiste'molliklarga yo‘l qo‘yilishiga to‘siq bo‘ldi. Qashshoq oilalarga yordam ko‘rsatadigan mahalliy nohukumat tashkilotlarga yuzlab grantlar ajratish orqali o‘z mablag‘larini sarflab bo‘lgan jamg‘arma 2014 yilda faoliyatini to‘xtatdi.

11. O‘zbekistonda shunday jamg‘arma faoliyati uchun shart-sharoitlar bormi?

Tashabbus guruhi O‘zbekiston hukumatini mamlakatdagi korruptsion tizim mablag‘laridan tashkil topgan ana shunday jamg‘arma faoliyati uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishga chaqiradi. Bu esa pullarni O‘zbekiston hukumatini chetlab o‘tgan holda korruptsiyadan jabrlanganlar ehtiyoji uchun yo‘naltirish imkonini beradi.

Ammo mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, hozircha O‘zbekiston hukumati mamlakatda ana shunday jamg‘arma tashkil etishga rozi bo‘lmayapti. Hukumat tilga olingan aktivlarni faqat o‘zining nazoratiga qaytarish va ulardan o‘z xohishicha foydalanish huquqi berilishini talab qilyapti.

Agar hukumat yuqorida tilga olingani kabi xayriya jamg‘armasi tashkil etish va uning mamlakatda joylashtirilishiga rozi bo‘lganida hech bo‘lmasa Bot jamg‘armasi tashkil etilgan vaqtda Qozog‘istonda mavjud bo‘lgani kabi zaruriy shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lishi kerak edi. Qanday shart-sharoitlar haqida so‘z bormoqda?

Birinchidan, mustaqil nohukumat tashkilotlar faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar mavjudligi. Bu tashkilotlar orqali aholiga xayriya yordami ko‘rsatilgan bo‘lardi. O‘zbekistonda mustaqil NNTlarning aksariyati 2004-2007 yillar oralig‘ida yo‘q qilindi. Hokimiyat vakillari mustaqil NNTlar tashkil etilishi, ro‘yxatga olinishi va faoliyat ko‘rsatishi uchun deyarli o‘tib bo‘lmas ma'muriy va siyosiy to‘siqlar yaratdi.

Ikkinchidan, suiiste'molliklarga yo‘q qo‘ymaslik uchun jamg‘arma faoliyati va uning mablag‘lari sarflanishi ustidan mustaqil monitoring olib borish lozim bo‘ladi. Bunday monitoring, jumladan, faollar, nohukumat tashkilotlar va erkin matbuot kuchi bilan amalga oshirilishi kerak. Hozirgi vaqtda mamlakatda bunday mustaqil monitoring o‘tkazish uchun shart-sharoitlar yo‘q. Masalan, majburiy mehnat bo‘yicha mustaqil monitoring o‘tkazishga urinayotgan faollar hokimiyat tomonidan qatag‘onlarga duchor qilinmoqda.

Uchinchidan, valyuta kurslari o‘rtasidagi juda katta farq bois, hukumat jamg‘armani o‘z mablag‘larini past rasmiy kursda so‘mga konvertatsiya qilishga albatta majburlaydi. Buning oqibatida bozor va rasmiy kurslar o‘rtasidagi farq tufayli jamg‘arma o‘z haqiqiy qiymatining 400 million dollargacha bo‘lgan qismini boy beradi.

12. Bunday jamg‘arma ishga tushishi uchun O‘zbekiston hukumati nima qilishi kerak?

 

Avvalo, jamg‘arma ishini nazorat qilish va mablag‘larni taqsimlashga aralashish fikridan qaytishi lozim. Hukumat jamg‘arma kengashining hamma muassislari, ya'ni pullar muzlatilgan mamlakatlar, shuningdek, AQSh va Niderlandiya vakillaridan iborat a'zolari bilan teng ravishda uning ishida ishtirok etishi mumkin. Mustaqil fuqarolik jamiyati vakillari ham mazkur kengashdan joy olishi kerak.

Bundan tashqari, hukumat yuqoridagi savolga javobda tilga olingan shart-sharoitlarni yaratishi: uyushmalar va mutbuot erkinligini ta'minlashi, fuqarolik jamiyati vakillariga nisbatan qatag‘onlarni to‘xtatishi, shuningdek, valyutalarning erkin konvertatsiyasini yo‘lga qo‘yishi zarur.

13. Nega pullarni ishochli boshqaruv ostida muzlatish haqida gap bormoqda?

Xayriya jamg‘armasini tashkil etish dolzarb masala bo‘lib turibdi va kun tartibidan tushgani yo‘q. Ammo uning faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgunga qadar bu mablag‘lar tilga olingan ishtirokchi mamlakatlar (Shveytsariya, Shvetsiya, Belgiya, Irlandiya, Lyuksemburg, AQSh va Niderlandiya) nazorati ostida xalqaro tashkilotlardan birining sha'feligida ishonchli boshqaruvda muzlatilishi kerak. O‘zbekiston hukumati xayriya jamg‘armasi faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratgandan keyin bu mablag‘lardan foydalanish mumkin bo‘ladi. 

14. O‘zbekistonning telekommunikatsiya sektoridagi korruptsiya ishi bo‘yicha haqiqat qaror topishi uchun fuqarolik jamiyati faollari, yaxshilik tomon o‘zgarishlarni xohlovchi barcha insonlar nima qila olishi mumkin?

Birinchi navbatda, jim turmaslik kerak. Ovozingizni O‘zbekiston hukumati ham, qariyb bir milliard AQSh dollari miqdoridagi aktivlar taqdirini belgilab beradigan mamlakatlar hukumatlari ham eshitishi uchun harakat qilish zarur.

Biz Shveytsariya, Shvetsiya, Belgiya, Irlandiya, Lyuksemburg, AQSh va Niderlandiya hukumatlarini qayd etilgan mablag‘ni O‘zbekiston hukumatiga qaytarmay, uni xayriya dasturlari orqali korruptsiyadan jabr chekkanlar ehtiyojlari, shuningdek, korruptsiyaning oldini olish mexanizmlarini yaratish uchun ajratishga da'vat etadigan petitsiyaga qo‘shilishga chaqiramiz.

Video: https://youtu.be/mAWx40N3OTQ
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 dekabr 2019
Ichki ishlar vaziri general Po‘lat Bobojonov uyida gaz va elektr toki yo‘qligidan sovuqda o‘tirgan oilaga elektr isitgich sovg‘a qildi ...
22 noyabr 2016
O‘zbekiston rasmiy matbuoti Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning mamlakatga tashrifini yoritishda faqat O‘zA tomonidan berilgan rasmiy xabarlarga tayandi. Avvalo, ...
13 dekabr 2017
O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilariga darsxonalarni isitish uchun o‘tin solig‘i solinmoqda. Jumladan, «Eltuz»ning Andijondan olgan xabariga ko‘ra, shahardagi 29-maktab o‘quvchilariga ko‘mir ...
26 avgust 2019
Toshkent shahrida 23-24 avgust kunlari Shayxontohur tumani 4-ichki ishlar bo‘limiga «Malika» savdo majmuasidagi tayanch nuqtasiga soqolli erkaklar tutib keltirilib, ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...