Karimov davrida «urilgan» mulozim ashulachilarga boshliq bo‘ldi (video)
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri qarori bilan 24 may kuni Azamat Haydarov «O‘zbekkontsert» davlat muassasasi direktori lavozimiga vaqtinchalik yangi rahbar qilib tayinlandi.
Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Haydarov 2008 yili “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga direktorlikka tayinlangan, 2014 yili esa ko‘plab tanqidlar ortidan lavozimidan bo‘shatilgandi.
Aynan Haydarov davrida, paxtaga bormagan va davlat tadbirlarini ignor qilgan ashulachilarni litsenziyadan mahrum qilib jazolash amaliyoti joriy qilingan edi.
Haydarov tashabbusi bilan O‘zbekistondagi taniqli san'atkorlar Farruh Zokirov, Sherali Jo‘raev, Yulduz Usmonova, Obid Asomov, Sevara Nazarxon, Shahzoda Matchonova, Shohruh rep, Feruza Jumaniyozova, Otabek Madrahimov, Ozoda Nursaidova,Farruh Soipovlarga taqiq qo‘yilgani aytiladi.
Eltuz tasarrufida Haydarov 2013 yili imzolagan va fe'lan ashulachilarni jazolash ma'rakasiga start bergan hujjat bor.
MR-11/1-sonli buyruqda hukumat qarorini to‘liq anglab yetmay, bayram tantanalari uchun yangi qo‘shiq tayyorlash borasida jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘ygan bir qator estrada xonandalari”ning jazolanishi aytilgan.
Mazkur buyruqqa ko‘ra, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilfuza Rahimova, «Nihol” mukofoti sovrindori Otabek Mutalxo‘jaev, xonanda Dilshod Rahmonov, «Ummon” va «Mango” guruhlari xonandalari litsenziyadan mahrum qilingan edi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Izzatilla Ibragimov, Sobirjon Mo‘minov, Alisher Turdiev, Ravshan Komilov, Toir Qo‘ziev, «Nihol” mukofoti sovrindori Hulkar Abdullaeva va xonanda Farhod Saidovlar esa qattiq ogohlantirildi.
2016 yil sentyabr oyidan keyin O‘zbekistonda rahbar almashinuvi ortidan bu ashulachilar “reabilitatsiya” qilinib katta sahnaga qaytarildi.
Ayni paytda qo‘shiqchilarni tikanli qo‘lqopda tutib, jazolashi bilan nomi chiqqani ortidan “urilgan” mulozimning yana ayni sohaga qaytishi tushunarsiz qolmoqda.
Yangi prezident davridagi “madaniy siyosat”
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining joriy yil 19 maydagi 236-son “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan qo‘shiqchilar va kontsert faoliyatini nazorat qiladigan yangi idora tashkil qilindi.
Xalq orasida “qo‘shiqchilar vazirligi” deb atalgan “O‘zbeknavo-estrada birlashmasi” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning 15 fevral kuni imzolagan “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bo‘yicha tugatilgan edi.
«O‘zbeknavo» tugatilgan fevral oyi bilan «O‘zbekkontsert» ochilgan 19 may orasidagi vaqtda artistlar nazoratsiz qolib, har kim o‘z bilgicha faoliyat ko‘rsatdi.
Shu oraliqda, masalan, bungacha zapretda bo‘lgan Yulduz Usmonova, 23 apreldan ikki haftalik kontsert marafonini o‘tkazdi.
9 may kuni esa boshqa bir qancha o‘zbek artistlar bilan rus armiyasini ulug‘lovchi «O‘lmas polk» tadbirida qatnashdi.
Haydarov tugatilgan ayni «O‘zbeknavo» negizida tashkil etilgan «O‘zbekkontsert» idorasiga qayta raxbar bo‘ldi.
Eltuz.com