Video
31 may 2017

Davlat tadbirida qatnashmagan xonandaning litsenziyasi bekor qilindi (video)

Jizzax shahrida o‘tgan “Barkamol avlod” sport musobaqasi gala kontsertida qatnasha olmagan xonanda Shahnoza Otaboeva litsenziyasidan mahrum qilindi.

Xonanda bu haqda instagram sahifasida qisqa xabar va “O‘zbekkontsert” birlashmasining yangi raxbari Azamat Haydarov nomiga yozgan o‘z tushuntirish xati nusxasini joyladi. (Biroz muddatdan so‘ng Shahnoza rasmni u yerdan olib tashlagan.)

Men, Shahnoza Otaboeva, 25 may kuni Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan “Barkamol avlod” sport musobaqasining ochilishiga tayyorgarlik kunlarida ham qatnashdim. 1 oy avval Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi aholi 25 may kuniga niyat qilib to‘yga aytishgandi. Zakladlarini ham olib qo‘ygandim. Tadbirdan ketolmayman deb aytsam, iltimos, to‘yga 5 ming kishi aytilgan, bizni sharmanda qilmang, deb Jizzaxdagi mehmonxonaga kelib o‘tirib olishdi. Bizga raxbarlik qilgan Odil akaga aytdim, bir yo‘lini qilish kerak dedim. Yordam bermadilar. To‘y egalari o‘zimni osaman, portalga yozaman deb aytishdi. Shunga xalq ko‘tarilib ketmasligi uchun, to‘yga ketishga majbur bo‘ldim. Boshqa qaytarilmaydi. Majburligimdan, obro‘yimga putur yetmasin deb, 2 o‘t orasida qoldim. 30 may, Shaxnoza Otaboeva

O‘zbekistondagi barcha qo‘shiqchilar davlatdan tegishli ruxsatnoma – Lintsenziyasiz faoliyat yurita olishmaydi. “O‘zbekkontsert” birlashmasi tomonidan har xil muddatlarga beriladigan ushbu hujjat, o‘zbek san'atkorlarini davlat mafkurasi xizmatida bo‘lishga majbur qiladi.

“Litsenziya, bu boshimizdagi tegirmon toshi”, deydi Eltuz bilan suxbatda, ma'lum sabablar tufayli ismini sir tutgan taniqli o‘zbek xonandasi.

Yoshlar orasida qator qo‘shiqlari xitga aylangan bu xonandaning aytishicha, “Litsenziya, qo‘shiqchilarni davlat “ramkasida” ushlab turish bilan bir qatorda, kattayu kichik davlat amaldorlarining to‘y hashamlarida bepul xizmat qilishga majburlovchi vositaga” aylangan.

“Telefon qilishadi, “Ukam, palon kuni palon soatga, palon restoranga mana shu vaqtga yetib bor!” Tamom! Borishimiz kerak. O‘sha kunga mani ishim bor, boshqa joyga aytilganman, deb ko‘ringchi?! Keyingi oydan muammolar ichida qolib ketasiz! Radio va TV efiridan mahrum qilinsak, do‘ppini osmonga otamiz! Lintsenziyamizni bekor qilishlari xam mumkin. Mana shunisi chatoq”, deydi bir necha yil avval bunday muammolarni boshidan o‘tkazgan xonanda.

Xonandaga ko‘ra, bir juft qo‘shig‘i xit bo‘lgan xonanda, bir yil mobaynida poytaxt to‘ylaridagi eng haridorgir ko‘shiqchi bo‘lishi mumkin. Lekin, to‘yga takliflari ko‘p bo‘lgani bilan, lintsenziyasi bo‘lmasa, u xech qanday marosimda xizmat qilib pul ishlay olmaydi. Shuning uchun, lintsenziyadan mahrum bo‘lish, o‘zbek qo‘shiqchisi uchun juda katta yo‘qotish.

“Bugun Toshkentdagi to‘ylarga “birrov” uchun (ya'ni, bir juft qo‘shiq aytib berib ketishi uchun), qo‘shiqchilar, o‘z reytingiga qarab 100 dollardan 600 dollargacha pul olishadi. To‘ylar mavsumida biz qo‘shiqchilar xuddi karuseldagi kabi to‘yma to‘y yugurib yuramiz. To‘ylar boqadi bizni. Bir to‘y sezonida har bir lintsenziyali ko‘shiqchi yoki guruh 45 ming dollardan 100 ming dollargacha pul ishlay oladi. Shunga lintsenziyani yo‘qotmaslik uchun kattalarning aytganini qilib, yaxshi bola bo‘lib yuramizda” deya kuladi xonanda.

San'at olami ichida nomi chiqqan yana bir san'atkorning aytishicha, “To‘yimdan qolmay” deya lintsenziyasidan ayrilgan xonanda Shahnoza Otaboeva bugun o‘zidagi bor imkoniyatni ishga solib, tez kunlarda bu hujjatni yana qo‘lga kiritmoqchi. Bu unga oson bo‘lmaydi chog‘i, Instagramdagi sahifasida “San'atning qiyinchiliklariga bardosh ber, Olloxim!” deb yozuv qoldiribdi.

Ulug‘bek Ashur
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 avgust 2021
“The Diplomat” nashri 2 avgust kuni Rossiya va O‘zbekiston qo‘shinlari Afg‘oniston chegarasiga yaqin hududda qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini boshlagani haqida ...
30 noyabr 2016
Bir guruh o‘zbek faollari Telekommunikatsiya sektoridagi korruptsion sxemalar yordamida to‘plangan aktivlarning musodara qilinishi va korruptsiya jabrdiydalariga qaytarilishi lozimligi haqida ...
21 noyabr 2021
Siyosatchi bo‘lish¸ siyosatga kirish bugungi O‘zbekistonda boshni kundaga qo‘yish bilan barobar. Bu haqda Jahongirga yozuvdim sal oldin. «Senga gul ...
14 fevral 2024
Tergov jarayonidan xabardor insayderlarning aytishicha, diniy bloger Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) tergov oldi surishtiruvida tergovchilar bilan faol hamkorlik ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...