«Bir millionni bering endi, Alisher aka!»
Ijtimoiy tarmoqda Alisher Usmonovdan bir million rubl mukofot so‘ragan o‘zbekning videosi ovoza bo‘ldi.
Videoda o‘zining oddiy bir ishchi ekanini bildirgan, o‘rta yoshlardagi o‘zbekistonlik rossiyalik milliarder Usmonovdan va'da qilingan mukofot pulini so‘raydi.
«Haligi va'da qilingan, bir million rublni bering endi bizga. Bizam olib uni kerakli joylarga ishlataylik. Agar iloji bo‘lsa bir millionniyam bering, bitta kottej ham obering» deydi u.
Usmonovdan o‘zbek yuzeri astoydil so‘ragan bir million, aslida milliarder tomonidan shu yilning iyun oyi oxirida e'lon qilingan eng yaxshi startaplar tanloviga taalluqli.
«Hozirdanoq men tarmoqdagi iste'dodlarni qo‘llab quvvatlashda davom etishni istardim, shu bois men startaplar tanlovini e'lon qilaman. Barcha xohlovchilar o‘z loyihalarini ko‘rib chiqish va ochiq muhokamaga yo‘llashlari mumkin. Oy yakuniga ko‘ra, eng zo‘rlariga beminnat bir million rubl beriladi» deya bildirdi Usmonov 28 iyundagi chiqishida.
O‘zbek Panikovskiysi hammasini chalkashtirdimi?
«To‘g‘ri endi pulni qaerdan yutish kerak bilmadigu, lekin ishqilib pachag‘ini chiqardik shekilli u Navalniyni. Endi bering aka pulni», deya qayta-qayta so‘raydi tarmoq yuzeri Usmonovdan.
Milliarder Alisher Usmonov may oyida rossiyalik muxolifatchi Navalniyga qarshi eng zo‘r memlar uchun Ayfon 7 telefoni va'da qilgandi.
Videodagi erkakning qaysi tanlovda qatnashgani noma'lum, biroq u qo‘ygan video firibgarlik sahnalari bilan mashhur «Zolotoy telenok» filmi qahramoni Panikovskiy bilan bog‘liq epizodni eslatadi.
Eltuz.com