Bobomurod Abdullaev oldiga advokat kiritish harakati samarasiz qolmoqda
2 noyabr kuni Bobomurod Abdullaevning oldiga qo‘yilmayotgan advokat Munojot Parpieva shikoyatini Bosh prokuror o‘rinbosari Alisher Mirasilov 10-15 kun ichida ko‘rib chiqishini bildirdi. Bobomurod Abdullaev tergovida qatnashishga izn ololmagach, u MXX tergovchilarining noqonuniy harakatlari ustidan arz qilishga majbur bo‘lgandi.
Orada jamoatchilik faollari jurnalistga boshqa himoyachi izlashdi. 1 noyabr kuni advokat To‘lqin Orifjonov MXX tergovchisi Aleksandr Veselovga hibsda qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaev himoyasiga order topshirdi.
“Parpieva hali ancha yosh, bunisi ancha yoshi katta va tajribali”, deya ta'rifladi huquq faoli Sur'at Ikromov jurnalistning yangi advokatini. Guruh tergovchisi Veselev advokat Orifjonovni 3-4 kun ichida tergovga chaqirishni va'da qilgan.
Ilgari Parpieva ham MXX boshqarmasi podpolkovnigi Nodir To‘raqulovga, keyin esa guruh tergovchisi Aleksandr Veselovga bir necha bor murojaat qilgan, u tergov qilinayotgan jurnalist oldiga M.Parpievani 31 oktyabr kuni kiritishni va'da qilgan, biroq advokat tergovga kiritilmagandi.
Bu orada “davlat to‘ntarishi”da ayblanayotgan jurnalistning onasi Gavharjon Madaminova davlat himoyachisi Sh.Sharipovga pul ham to‘ladi.
Bobomurod Abdullaev tergovi bir yilga cho‘zilishi mumkin
“3 oy ko‘rilishi kerak ekan, bir oyi o‘tdi. Lekin guruh tergovchilari agar ish cho‘ziladigan bo‘lsa, tergov ishlari qonun bo‘yicha bir yilgacha davom etilishi mumkinligini aytishdi “, dedi S.Ikromov “Eltuz” muxbiriga. Bundan tashqari, u ishdagi figurantlar soni ko‘payayotgani, ish kengaytirilayotganidan xavotir bildirdi.
Jumladan, u “Erk” partiyasining Turkiyada yashayotgan faoli Islom Xolboy, shuningdek, uning o‘g‘li va singlisiga qarshi jinoyat ishi ochilganini ma'lum qildi.
Huquq faolining fikricha, bu harakatlar muxolifat lideri Muhammad Solihni aybdor qilish uchun bo‘lyapti.
“Bu ishlar Muhammad Solih oqlanishining oldini olish uchun qilingan bo‘lishi mumkin. 1999 yilgi portlashlar stsenariysi ham shunday tayyorlangan edi. Endi bular yangi prezident oldida o‘zlarini ko‘rsatishmoqchi”, dedi S.Ikromov.
Jurnalist Bobomurod Abdullaev ishi yuzasidan MXXning bir xodimi ham hibsga olingan, unga nisbatan “davlat sirini oshkor qilish” aybi qo‘yilmoqda.
Bir yil oldin hibsga olingan 27 yoshli Akrom Malikov ham Bobomurod Abdullaevga nisbatan ochilgan tergov ishi figurantiga aylangan. U internetda Abdulloh Nusrat taxallusi bilan maqolalar yozib kelgan edi.
Oldinroq jurnalist Bobomurod Abdullaevga ma'lumot yetkazganlikda ayblanib bir bog‘bon va restoran bosh menejerining ham tergov qilinayotgani bildirilgan edi.
«Eltuz» jurnalist Bobomurod Abdullaevga qarshi ishning borishini kuzatishda davom etadi.
Eltuz.com