27 noyabr – Turkiston muxtoriyati tuzilgan kun
Rossiyaning mustamlakachilik siyosati ta'siri ostidagi O‘zbekistonning bugungi hukumati Turkiston muxtoriyati tuzilgan sanani atay unutishga intilib keladi va bu sana mamlakatda nishonlanmaydi.
1917 yilning 27 noyabrida Umumturkiston musulmonlarining IV qurultoyida Turkiston muxtoriyati tashkil topdi. 200 delegat ishtirokida o‘tgan qurultoyda yangi hukumatning 12 vakildan iborat qonunchilik va ijro hokimiyati tuzildi.
Jumladan, Muhammadjon Tinishboev muxtoriyat raisi, Sulton Shoahmedov rais o‘rinbosari, Mustafo Cho‘qay tashqi ishlar vaziri etib saylandi.
Turkiston muxtoriyati sekulyar, ya'ni dunyoviy davlat printsiplari asosida tuzilgan edi.
Muxtoriyatning uch oylik faoliyati davomida qadimchilarning jadidlarga qarshi oyoqlangani bolsheviklarga qo‘l keldi. Jumladan, eski tuzum tarafdori bo‘lgan Sho‘roi ulamo vakillari muxtoriyat tarkibiga kirishdan bosh tortishdi.
1917 yilning dekabrida Tinishboev iste'foga chiqdi va raislikka Mustafo Cho‘qay saylandi.
Mustafo Cho‘qay Turkistonning «yakson qiluvchi sovetlar ta'siri» ostida qolishini istamadi. 1918 yilning yanvariga kelib covetlar hokimiyatini tan olishdan bosh tortdi.
Shundan keyin Turkiston muxtoriyatini yo‘q qilish uchun Moskvadan Konstantin Osipov boshchiligida 11 eshelondan iborat harbiylar va zambaraklar jo‘natildi.
Jazo otryadiga dashnoqlar armiyasi qo‘shildi. Rus agressiyasi natijasida muxtoriyat tor-mor qilindi. Mustaqillik uchun kurashgan o‘n minglab odamlar halok bo‘ladi.
Urushda, ayniqsa, dashnoqlarning alohida vahshiyliklar sodir etgani tilga olinadi.
Shundan so‘ng Mustafo Cho‘qay Oqto‘ba orqali Ural cho‘llariga qochadi. Alash o‘rda tashkilotiga qo‘shilib, siyosiy kurashni davom ettiradi.
Turkiston muxtoriyati fevral inqilobidan so‘ng demokratik taraqqiyot yo‘lida bugungi Turkiston, jumladan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston hududlarini birlashtirgan ilk demokratik hokimiyat tuzilmasi bo‘lgani aytiladi.
Ayrim manbalarda Turkiston muxtoriyati Qo‘qon muxtoriyati deb ham yuritiladi.
Video: https://youtu.be/4_3Ox1TxjBE
Eltuz.com