Asosiy mavzular
17 aprel 2018

Migratsiya agentligi o‘zbeklarni Rossiyaga sotdimi?

O‘zbekiston Bandlik va mehnat vazirligining Tashqi migratsiya agentligi tomonidan Rossiyaga rasman ishga jo‘natilgan yigitlar odam savdosi qurboni bo‘lganini aytmoqda.

Shulardan biri Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanilik Orifjon Jo‘raevdir. O‘zi singari o‘nlab yigitlarning migratsiya agentligi xodimlari tomonidan odam savdosi qurboniga aylantirilganini iddao qilayotgan O.Jo‘raev mamlakatga qaytganidan buyon aybdorlar javobgarlikka tortilishiga erisha olmayotganini ta'kidlamoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, respublikaning turli viloyatlaridan bo‘lgan yigitlarni ishlashga jo‘natgan migratsiya agentligi ish beruvchi bo‘lmish Rossiya kompaniyasi bilan shartnoma tuzmagan. Ish beruvchi ham mehnat migrantlari bilan shartnoma qilmagan.

“Men 2017 yilda migratsiya agentligi tomonidan Rossiyaga jo‘natilganman. Lekin pulimizni ololmadik. Bir yillik shartnoma bilan ketib, 2,5 oyda sog‘lig‘imizni yo‘qotib qaytdik. Boshqalar esa 4 oyda qaytib keldi”, deydi O.Jo‘raev.

Uning aytishicha, Rossiyada ishlaydigan yigitlarga 40 mingdan 80 ming rublgacha oylik va'da qilingan. Ular 30-45 daraja sovuqda qurilishda monolit quygan.

“Bizni jo‘natganlar migratsiya agentligidan Xo‘jabahriddin Asomov va agentlik xodimlari. Avval 36 kishi jo‘naganmiz. Keyin yana 12 kishi keldi. Hammasini noqonuniy qilib, sotib yuborishgan”.

Ishlayotgan yigitlarning oziq-ovqat ta'minoti haminqadar bo‘lgan. Mehnat muhojirlarining o‘zlari tomonidan olingan videotasvirda yigitlar oddiy suvga no‘xat va guruch qaynatib yeyayotganini ko‘rish mumkin.

Ayrimlari esa piyozni yoqqa qovurib, non bilan yeyishga hozirlanayotgani ko‘rinadi.

“Necha kun bo‘ldi oziq-ovqat olib kelinmagani? To‘rt kundan beri oziq-ovqat kelgani yo‘q. Mana, non ham tugayapti. Bundan keyin ro‘za tutiladi”, deydi kadr ortidagi ovoz.

Davlat rasmiy tashkilotiga ishonib odam savdosi qurboniga aylangan bu yigitlarning dodini hech kim tinglamayapti.

2018 yil 6 aprel kuni bosh prokuror Otabek Murodov jadval bo‘yicha fuqarolarni qabul qilishi kerak edi. Lekin qabul bo‘lmadi.

“Bosh prokuror qabuliga to‘rt marotaba kelib ham kirolmadim, u bilan uchrashishning iloji yo‘q. Chunki qabul yo‘q. U yoqqa ketgan, bu yoqqa ketgan deyishadi”, deydi Jo‘raev.

U shu yil 17 fevral kuni Bosh prokuraturaga ariza bilan murojaat qilgan. Keyin esa bosh prokurorning shaxsan o‘ziga ham pochta orqali alohida murojaat yo‘llaganman. Lekin hamon natija yo‘q.

Qo‘lida odam savdosi qurboniga aylanganiga oid barcha hujjat-dalillar borligini aytayotgan Orifjon boshqa idoralarga murojaatlari ham natija bermayotganini bildirdi.

So‘zlariga ko‘ra, u Rossiyadan qaytib kelgach, adolat izlab dastlab mamlakat bosh vaziriga murojaat qilgan. Bosh vazir uni qabul qilmagan. Uning yordamchilari bilan gaplashgan bo‘lsa-da, bundan samara bo‘lmagan.

O.Jo‘raev Rossiyaga Toshkentdan jo‘natilgani uchun Qashqadaryo viloyati sudlari va ichki ishlar idoralari ham bu masalada yordam bera olmasliklarini ma'lum qilgan. Oliy suddagilar esa quyi instantsiyalarga ariza bilan murojaat qilishni maslahat berish bilan kifoyalangan.

Xullas, hukumat idorasi xodimlari tomonidan o‘zining odam savdosi qurboniga aylantirilayotgani da'vo qilayotgan yigitning adolat izlab yelib-yugurishlari hech qanday samara berayotgani yo‘q.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari turli xorijiy davlatlarda odam savdosi qurbonlariga aylanayotgani muammosi uzoq yillardan buyon dolzarb bo‘lib kelmoqda.

Mamlakatning Shavkat Mirziyoev boshchiligidagi yangi rahbariyati bu muammoga yechim topish harakatlarini boshlab yuborgan. Tashqi migratsiya agentligi mehnat muhojirlarining xorijda qonuniy faoliyat ko‘rsatishini tashkil etishga asosiy mas'ul idora hisoblanadi.

Yuqorida tilga olingan mavzu tafsilotlari ko‘rsatib turibdiki, bu idora xodimlari nafaqat vazifasini ko‘ngildagidek uddalay olmayapti, balki odam savdosiga hissa ham qo‘shyapti.

Malohat Eshonqulova
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 mart 2016
30 mart kuni Chilonzor, 23-mavze uchastka noziri, sud ijrochilari va 10 ga yaqin, o‘zini tanishtirmagan fuqaro kiyimidagilar jurnalist 47 ...
18 avgust 2018
Shveytsariya federal jinoyat sudi O‘zbekistonning birinchi prezidenti marhum Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova advokatlarining unga tegishli, mazkur mamlakat banklarida ...
23 iyul 2018
“Arsenal” klubi yarim himoyachisi, 29 yoshli Mesut O‘zilning turk ekanligi Germaniyaning jahon chempionatidagi omadsizligi bois, uning yuziga solindi. «Agar ...
15 mart 2018
O‘zbekistonda MXX (Milliy xavfsizlik xizmati) DXX (Davlat xavfsizlik xizmati)ga aylandi. Ayni paytda idoraning asosiy vazifalari printsipal tarzda o‘zgargani yo‘q. ...
Bloglar
14 sentyabr 2020
Bir tanishim bor edi. Hozir o‘tib ketgan. Ikki-uch yilda chorraha yoki metro vagonida to‘qnash kelib ...
11 sentyabr 2020
“Biz tomonlargayam koronavirus infektsiya yetib keldi. Qishlaxta o‘n beshta odamda o‘sha kasallik bor ekan”,- dedi ...
7 sentyabr 2020
Bizda bugundan sovuqroq kuzak shamoli boshlandi. Men kabi sovuqqa yupqa odamlar yengi uzun ko‘ylak kiyib ...