Bobomurod ishi bo‘yicha jarayon sudlanuvchilar foydasiga o‘zgardi
Davlat to‘ntarishida ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaevga 2 may kuni prokuror 5 yil qamoq jazosini, qolgan uch ayblanuvchiga esa sud zalidan ozod qilishni so‘radi.
“Qiziq joyi, sudlanuvchilar 20 yil berilishini kutishayotgandi. Ularning hayajonini kuzatish qiziq bo‘ldi. Kameraga tushirish kerak edi buni. Prokuror bu uchalasini oqlash va ozod etish haqida gapirayotganida o‘zlarini tutishlarini”, dedi jarayonni yaqindan kuzatayotgan toshkentlik jurnalist Aleksey Volosevich “Eltuz” muxbiriga.
Sudlanuvchilarning taqdiri 4 may kuni hal bo‘lishi kutilmoqda. Biroq, Volosevich so‘zlariga ko‘ra, uzoq va suronli kechgan jarayon so‘nggida sudya va prokurorlarning pozitsiyasi 180 darajaga o‘zgargan va Bobomurod Abdullaev ham tez orada ozod etilishi mumkin.
U, shuningdek, ushbu siyosiy sud jarayoni O‘zbekistonning yaqin tarixida ilk bor to‘la ochiq holatda o‘tayotganini bildirdi.
“Aftidan butun siyosiy jarayonni prezident Mirziyoevning xalqaro miqyosdagi obro‘sini oshirish uchun o‘rnak sifatida ochiq tarzda o‘tkazishmoqda”, dedi Volosevich.
Eslatib o‘tamiz, jurnalist Bobomurod Abdullaev Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tgan yilning 27 sentyabrida o‘g‘irlab ketilgan. Oradan uch kun o‘tib, uning MXX (DXX) tomonidan «hokimiyatni ag‘darishga urinishda ayblanayotgani» ma'lum bo‘lgan edi.
Eltuz.com