KGB-MXX vs Rembo: Kurash davom etadi. 2-qism
«Eltuz» nashri o‘z surishtiruv guruhi tomonidan yig‘ilgan ma'lumotlar asosida tayyorlangan filmning ikkinchi qismini e'tiboringizga taqdim qiladi.
Filmning dastlabki qismida eslatganimizdek, maxfiy xizmat amaldorlari jinoyatini muttasil fosh qilgani uchun xalq orasida “Rembo” nomini qozongan mayor Qahramon Xo‘jaqulovga qarshi mahalliy KGB maxsus operatsiya ishlab chiqadi.
KGBning amalga oshmay qolgan tuhmati
Xo‘jaqulovni tuzoqqa tushirish uchun KGB Termiz harbiy garnizoni mayori Dyominni ishga soladi. Dyomin Xo‘jaqulovni izlab, Termizdan Denovga keladi.
Qahramon Xo‘jaqulov: “Denov ichki ishlar bo‘limidagi xonamga Dyomin degan harbiy mayor kirib keldi. U Termiz tumanining Uchqizil degan joyida o‘qotar qurollar ko‘milganini aytib qoldi. U menda shubha uyg‘otdi. Chunki Dyomin haqiqatdan ham shu qurollarni davlatga tposhirish niyati bo‘lganidan Termiz KGBsi yoki ichki ishlar bo‘limiga xabar berishi mumkin edi. U esa deyarli 150 kilometr yo‘l bosib, menga kelgan edi…”.
Taxminan 20 kunlardan keyin Termiz garnizoni mayori Dyomin Denovga, Qahramon Xo‘jaqulovning qabuliga yana keladi. Bu safar u bir o‘zi emas, KGBdagi yo‘riqchilari bilan keladi. Denovga kelgan chekistlar orasida ovoz yozib oluvchi texnik xodimlar va qo‘lga olish guruhi ham bo‘ladi. “Chekistlar” Denov tumani ichki ishlar bo‘limi hududiga maxsus jihozlangan RAF avtomobilida kirib kelishadi.
Qahramon Xo‘jaqulov: “Ikkinchi marta kelganida Dyomin ancha shoshib qolgan edi. Dyominning xavotirli nigohlaridan uning yoqasiga mikrofon o‘rnatilganligini sezib qoldim….”.
15-20 daqiqalardan keyin Xo‘jaqulovning xizmat xonasiga Denov shahri KGB bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik To‘lqin Zulfiqorov kirib keladi. U Qahramon Xo‘jaqulovni bu voqea haqida hech kimga aytmaslikka chaqiradi. Zulfiqorov: “Xodimlarimning guvohnomalarini va jihozlarini qaytarib bering!” – deya militsiya mayoriga yalina boshlaydi.
Qahramon Xo‘jaqulov: “KGB podpolkovnigi To‘lqin Zulfiqorov o‘z xodimlarining xizmat guvohnomalarini va ovoz yozib olish jihozlarini qaytarib berishimni, bu voqea haqida hech kimga hech nima aytmasligimni iltimos qila boshladi… ”.
KGBning tuhmat operatsiyasi barbod bo‘lgach, “chekist”lar idorasi bir muddat surxondaryolik militsiya mayoridan qo‘lini tortadi.
Bu orada SSSR parchalanib, O‘zbekiston mustaqillikka chiqadi. O‘zbekiston SSRning KGB boshqarmasi negizida Milliy xavfsizlik xizmati tashkil qilinadi.
Mustaqillikdan o‘zbekistonliklarning umidlari katta bo‘lganidek, MXXdan ham ko‘pchilikning umidlari bor edi. Odamlar bu idora sobiq Ittifoq paytidagi terror va narkobiznes faoliyatini to‘xtatadi, deb o‘ylagan edi. Shundaylardan biri bugungi filmimiz qahramoni Qahramon Xo‘jaqulov edi.
Biroq “chekistlar” idorasining nomi o‘zgargani bilan maqsad va vazifalari, ishlash mohiyati va usullari o‘zgarmagan edi. Surxondaryolik militsiya mayori bunga keyin ishonch hosil qiladi.
Mustaqil O‘zbekistonning MXXsi sobiq Sovet KGBsidan ming chandon kriminal bir idoraga aylanganini Qahramon Xo‘jaqulov o‘z taqdirida ko‘radi. Demak…
MXXning narkobiznesiga qarshi kurash
Mustaqillikning ilk yillarida Qahramon Xo‘jaqulov Jarqo‘rg‘on, Denov va Sho‘rchi tumanlaridagi samarali ishlaydi. Shuning uchun u Surxondaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi.
Termizga ishga o‘tgach, Xo‘jaqulov yana MXX himoyasidagi narkobaronlarga duch kela boshlaydi. 1992 yil boshida Qahramon Xo‘jaqulov o‘zining maxfiy manbalaridan yana ma'lumot oladi. Unda Termiz daryo portida shkiper bo‘lib ishlaydigan Vladimir Papin degan shaxs muttasil ravishda Afg‘onistondan Termizga narkotik keltirishi aytilgan edi.
Xo‘jaqulov Papinni doimiy kuzatuvga oladi. Kuzatuvlar jarayonida Vladimir Papin rostdan ham alyumin flyagalarda Afg‘onistondan O‘zbekistonga 50-60 kilogrammlab qoradori o‘tkazayotgani tasdiqlanadi.
Xo‘jaqulov Papinni ashyoviy dalil bilan qo‘lga olish operatsiyasini ishlab chiqadi. Lekin Papinni endi qo‘lga olay deganda narkotashuvchining MXXdagi akalari paydo bo‘lishadi va Qahramon Xo‘jaqulovga tahdid qila boshlashadi.
Qahramon Xo‘jaqulov: “Vladimir Papinni endi qo‘lga olay deganimda Surxondaryo viloyati MXX boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi meni ko‘chaga chaqirdi. U yerda mendan Papinning ishiga aralashmasligimni talab qildi. U menga: “Chegara ishlariga burningizni tiqmang! Ortiqcha harakatlar o‘zingizning ziyoningizga bo‘ladi!” – deb tahdid qildi…”.
MXX xodimining bu gaplari bir Papinning emas, balki MXX himoyasidagi barcha narkobaronlarning xavfsizligi uchun aytilgan edi.
Surxondaryolik militsonerlar “chekist”larning narkobiznesiga xavf tug‘diravergach, MXXning viloyat boshqarmasi militsiyaning bu harakatlariga korporativ ravishda chek qo‘yishni qasd qiladi.
Papin voqeasidan sal vaqt o‘tgach, Surxondaryo viloyati MXX boshqarmasi mahalliy militsiya, bojxona va prokuratura idoralari xodimlari ishtirokida maxsus yig‘ilish uyushtiradi. Majlisda mxxchilar chegaradagi barcha operatsiyalar ularning vakolati ekanligini aytishadi. Prokuratura va ichki ishlar idoralari xodimlarini chegara ishlariga aralashmaslikka chaqirishadi.
Yig‘ilishda ishtirok qilgan Qahramon Xo‘jaqulov mxxchilarning bu talabiga qarshi so‘zga chiqadi. O‘z so‘zida u mazkur talab MXX, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi va Bosh prokuratura o‘rtasida tuzilgan idoralararo kelishuvga zidligini aytadi.
Qahramon Xo‘jaqulov: “Men ularning bu talablari idoralararo tuzilgan kelishuvlarga zidligini aytdim. “Bu kelishuvda narkotik savdosi, uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi barcha operatsiyalar uch idora tomonidan birgalikda o‘tkazilishi belgilangan-ku”, – dedim. Shunda MXXning respublika apparatidan kelgan bir “chekist” meni haqoratlab ketdi… U chegara hududidagi barcha amaliyotlar faqat MXXning vakolati ekanligini aytdi. Meni majlisdan chiqarib yubordi”.
MXXchilar chegara nazoratini boshqa idoralardan nega qizg‘anishi tobora oydinlashayotgan edi. O‘zlarini chegaraning eng yaxshi qo‘riqchilari deb ko‘rsatayotgan o‘zbek “chekistlari” aslida katta bir narkomafiya ekanligi organ xodimlariga ayon edi. “Kontora” o‘zining narkobiznesi haqida qayg‘urayotganini surxondaryolik militsioneru bojxonachilar, prokuroru hokimlar O‘zbekistonda birinchi bo‘lib anglashgan.
Mxxchilarning dardi davlat chegarasini emas, o‘z narkosavdosini qo‘riqlash ekanligiga Qahramon Xo‘jaqulov ham yana bir necha bor amin bo‘ladi.
Bir gal u va polkovnik Alisher Sharipov 27 nafar qurollangan jangarini qo‘lga olishadi. Bungacha jinoyatchilar O‘zbekiston hududiga Tojikistondan bemalol kirib kelishgan. Bir nechta militsionerga jarohat yetkazib, ularning avtomatlarini olib ketishgan.
O‘zini chegara uchun yakka mas'ul hisoblaydigan MXX jangarilarning kirib kelganini bilmagan ham. Mxxchilar jinoyatchilarni qo‘lga olishga bormagan ham.
Qahramon Xo‘jaqulov: “Tojikistondan kelgan 27 nafar qurollangan kontrabandistni biz viloyatning Jarqo‘rg‘on tumanidagi yaylovlardan birida qo‘lga tushirdik… ”.
Surxondaryolik ikki militsionerning bu jasorati tahsinga loyiq edi. Lekin mazkur operatsiya mxxchilarning obro‘siga katta putur yetkazgan edi.
Chunki MXXning loqaydligi tufayli kirib kelgan jinoyatchilarni mxxchilar emas, militsionerlar topib, qo‘lga tushirishgan edi. Qo‘pol qilib aytganda, militsionerlar mxxchilarning ketini tozalab yurishgani kundek ravshan bo‘lgan edi.
Chegara uchun mas'ul MXX qaerda bo‘lgan? “Kontora” o‘zining korporativ biznesi – narkotiklar savdosi bilan band bo‘lgan.
MXX Xo‘jaqulovning bu muvaffaqiyatini ham tishini tishga qo‘yib, ichiga yutadi. Lekin uning keyingi, 1993 yilda o‘tkazgan shov-shuvli operatsiyasini “chekist”lar umuman hazm qila olishmaydi.
Filmni «Eltuz»ning yutub kanalida tomosha qiling:
https://youtu.be/3gCfFL4oufE
(Davomi bor).