chorshanba,
18 dekabr 2024
1 fevral 2019
To‘ytepada yiqilgan qush
Kichkinagina moviy qushcha gaz yo‘q, chiroq yo‘q O‘zbekistondan issiq o‘lkalarga uchib ketmoqchi bo‘ldi.
U inidan chiqib osmonga parvoz qildi. Ammo sovqotib, To‘ytepadagi katta dala o‘rtasiga pot etib yiqilib tushdi.
O‘sha yerda yurgan sigir qushning ustiga tezaklab ketdi.
Sigirning bug‘i chiqib turgan, issiqqina tezagi ichida yotib, qushchaning joni yayradi.
Sigir tezagi uni hayotga qaytargan edi.
Tezak ichida issiqqina yashashdan baxtiyor bo‘lgan qushcha sayrab yubordi. U sayrab-sayrab o‘z quvonchini izhor qildi.
O‘sha yerda yurgan mushuk qush ovozini eshitib tezakni titdi. Qushni panjalari bilan tezakning ichidan chiqarib olib yeb yutdi.
Bu qissadan to‘rtta saboq chiqadi.
- Mamlakatdan surishdan oldin imkoniyatni chamalang. Balki ketmay chidab turish sizga foydadir.
- Sizning ustingizga tezaklaganlarning hammasi ham dushman emas.
- Axlat ichidan sizni qutqarganlarning hammasi ham sizga do‘st emas.
- Issiq va rohat joyda o‘tirganingizda og‘zingizni yumsangiz, tilga ortiqcha erk bermasangiz, sizga yaxshi bo‘ladi.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz
Eltuz.com