Asosiy mavzular
13 mart 2019

Oliy sud jurnalistlardan qasd oldimi?

G‘ayrat Bobojonov 50 yoshda. Shundan 25 yilini jurnalistikaga bag‘ishladi. Jurnalistik faoliyatini O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil telekanalda 1994 yili boshlagan jurnalist-tasvirchi G‘ayrat Bobojonov, mana 25 yildirki, hukumat tazyiqlarini ko‘p ko‘rdi.

“Xavfli jurnalistika” degan kitobda G‘ayrat Bobojonovga qarshi mahalliy mulozimlar qilgan tazyiqlar silsilasi batafsil aks etgan. BBSning «Nyus nayt» dasturi uchun Xorazmda majburiy mehnat haqida lavha suratga olgan. “Ochiq Osiyo”, «Frans 4» kanali, «Nemis to‘lqini»¸ «Ozodlik» kabi OAVLar bilan hamkorlik qilgan G‘ayrat Bobojonov so‘z erkinligi dushmani bo‘lgan mahalliy mulozimlar tazyig‘iga uchradi. Uning uyini tortib olishdi.

O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi J.Tirkashev xorazmlik jurnalistlar Bobojonovlar shikoyati bo‘yicha 1 fevral kungi sud ajrimi bilan ularning uylarini musodara qilish haqidagi sud hujjatini qayta ko‘rish uchun asoslar mavjud emas, deb topdi.

J.Tirkashev jurnalistlarga qarashli uylarning davlat ro‘yxatiga olinmagani bois sudning bu mulklarni davlat foydasiga musodara qilish qarorini qonuniy deb topgan.

Biroq jurnalistlarni himoya qilayotgan Toshkentdagi «Simay» advokatlik byurosi vakili 13 fevral kuni «Eltuz»ga Oliy sud ajrimi noqonuniy ekanini, mulkning davlat ro‘yxatiga olinmagani uni tortib olish uchun asos bo‘la olmasligini bildirdi.

«Bu, albatta, noto‘g‘ri ajrim. Biz bu yuzadan Oliy sud raisiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilamiz», dedi «Simay» advokatlik byurosi vakili «Eltuz»ga.

Urganch tumani sudi jurnalistlar Shuhrat, Qudrat va G‘ayrat Bobojonovlarning Urganch tumanidagi uylarini musodara qilish qarorini o‘z kuchida qoldirishi ortidan 2018 yilning 5 dekabr kuni jurnalistlarning advokati sud hujjatlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Oliy sudiga murojaat qilgan edi. Hozir Stokgolmda istiqomat qiladigan Qudrat Bobojon buni o‘zi bosh muharrir bo‘lgan «Eltuz» nashrida MXX va DXX qilmishlari aks etgan turkum maqolalar ortidan qilingan siyosiy o‘ch olish deb hisoblaydi.

2018 yilning 27 dekabrida Urganch tumanlararo fuqarolik sudi sudyasi O‘tkir Masharipov jurnalist aka-uka Bobojonovlarning uyini musodara qilish borasidagi o‘zi chiqargan qarorni kuchida qoldirgan edi.

Sudya O‘tkir Masharipov o‘z qaroriga asos qilib sudga murojaat etishning barcha muddatlari o‘tkazib yuborilganini ro‘kach qilgan.

«Simay» advokatlik idorasi vakili shu bois birinchi instantsiya va kassatsiya tartibidagi sudlarni chetlab o‘tib, Oliy sudga nazorat tartibida murojaat qilgan edi.

Jurnalist Qudrat Bobojonning so‘zlariga ko‘ra, Oliy sudning bunday ajrimiga uning «Eltuz» nashrida bosilgan MXX va DXX rahbarlari kirdikorlariga oid turkum maqolalari va surishtiruv filmlari sabab bo‘lgan, ayni maqolalar sabab uning tarmoqdagi akkauntlari ochiq tahdid nishoniga aylandi.

«Ularning so‘nggisi «DXX inqirozi. Yangi rahbariyat eski nazoratini davom ettirmoqda» sarlavhasi ostida 2019 yilning 14 yanvarida bosilgan, oradan 15 kun o‘tib – 1 fevral kuni Oliy sudning ajrimi chiqarildi», deydi «Eltuz» muharriri Qudrat Bobojon.

Uning qo‘shimcha qilishicha, maqoladagi faktlar 8 fevralga kelib to‘liq tasdiqlandi. DXX raisi Ixtiyor Abdullaev ishdan olinib, unga jinoyat ishi ochildi. O‘nlab DXX zobitlari qamaldi.

11 fevral kuniga kelib, Ixtiyor Abdullaevning o‘zi ham, «Eltuz» manbasiga ko‘ra, davlat to‘ntarishi qilishga urinishda gumonlanib qamoqqa olindi.

2018 yilning 22 noyabr kuni «Ozod Yevropa – Ozodlik radiosi» (RFERL) ning Vashingtondagi qarorgohi ma'muriyati bu amalning jurnalistlardan o‘ch olinishi ekani haqida bayonot bergandi. Hozir Pragada istiqomat qilayotgan jurnalist Shuhrat Bobojonov uyi nohaq musodara qilinganini o‘z jurnalistik faoliyati bois O‘zbekiston rasmiylarining qasd olishi, deb baholadi.

Lavhamiz qahramoni – 50 yashar xorazmlik jurnalist mahalliy mulozimlarning so‘z erkinligi bilan kurashi Karimov davridan qolgan anaxronizm ekani va bunday mulozimlar yangilanayotgan O‘zbekiston imijini dunyo jamoatchiligi ko‘z o‘ngida pastga urayotganiga e'tibor qaratadi. G‘ayrat Bobojonov Oliy sud ajrimi ustidan Oliy sud raisiga shikoyat qilishini bildirdi.

Ulug‘bek Ashur
Video: https://youtu.be/f_QjhWGMXCc
eltuz.com
Tag‘in o‘qing
29 sentyabr 2020
Ismi va ish joyi “Eltuz”ga ma'lum ekspert yo‘llagan maktubda O‘zbekiston madaniyatiga va tarixiga oid obidalarning saqlanishi yuzasidan aynan shunday ...
12 sentyabr 2019
O‘zining “Amerika kasalligi” bilan og‘riganini tan olgan amaldor xalqni ko‘p go‘sht yeb qo‘yayotganlikda, buning natijasida go‘sht narxi ko‘tarilib ketayotganlikda ...
31 oktyabr 2015
O‘tgan yili shu paytlarda ukrainalik qochqinlar ko‘p edi. Hujjat ishlarim sabab tegishli tashkilotlarga borib turaman. Ko‘p yillardan buyon qatnayvergach ...
21 yanvar 2021
Andijonlik 31 yoshli tadbirkor Alisher Ne'matullaev tortib olingan mulkini himoya qilib, sudga 1089 marta murojaat qildi. 252 ta sud ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...