Asosiy mavzular
7 iyun 2019

RTdan va'z: Mirziyoev osh qiladi – «Eltuz» fosh qiladi!

Jumadan jumagacha o‘tgan davrda e'tiborga tushgan voqealarni sanasam.

Xorazmdagi kelin qaynotasini so‘yib tashladi. Qaynota go‘rda, kelin qamoqda.

Bir qadam olg‘a – ikki qadam orqaga. Kunduzi fara yoqib yurish ikki yilga kechikdi.

O‘ldirsa ham prokuror o‘ldirsin. O‘z mashinasida talaba yigitni majaqlab bosib o‘ldirgan sobiq prokuror 20 million so‘m jarima to‘lab, qamalmay qoldi.

Bolajon xalqning tug‘ib sotish biznesi avj nuqtasida. Qashqadaryolik ayol yangi tug‘ilgan o‘g‘il chaqaloqni 5 million so‘mga sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi.

Bolani semirtirib sotsa, qimmat bo‘larkan. Bundan oldin Navoiyda 6 yoshli farzandini 15 million so‘mga sotayotgan ayol qamaluvdi.

Ayiqpolvonga achindik. Chiroqchida ayiqni o‘ldirib, murdasini tahqirlab, rasmga tushishdi.

Bir ayolga uy berib, keyin ketiga tepish, degan fokusi chiqmay qolgan Andijon viloyati hokimi xorij matbuotini dushman, deb atadi.

Xorij matbuotini hamma bir tanu bir jon bo‘lib qarg‘ash fonida «Ozodlik» muxbiri O‘zbekistonga kiritilmadi.

Ammo Suriyada kallakesarlik va terrorchilik bilan shug‘ullanganlar O‘zbekistonda karnay-surnay bilan kutib olindi.

«Xo‘sh, innaykeyin-chi?»  Aytayotganlarim shum bolaning boy otaga aytgan gaplarini eslatmaydimi…

Pichog‘ ham sindi. Ot ham o‘ldi. Uyingiz ham yondi. Ammo shum boladan farqli tarzda biz bo‘lgan voqeani aytamiz.

Shuncha shum xabarni yonida bitta xushxabar ham aytish kerak. O‘zbekiston prezidentining qozon-o‘choqda osh qilayotgan rasmi chiqishi bilan tarmoqning o‘zbek segmenti xursandligidan siyvordi.

Xuddi kichkina bola ilk bor til chiqarib nanna deganida ota-onasi hayratga tushgani kabi minglab o‘zbeklar kapkir ushlagan prezident suratini ko‘rib “vachach” devordi.

O‘zi Mirziyov ulkan qadamlar bilan Turkmaniston prezidentiga o‘xshab ketmoqda kundan kunga.

Mirziyoev o‘tsin, deb bitta fermer dalasiga oq kafeldan yo‘l qildiribdi. Muborak oyoqlari charchamasin deb. Osh qilgan rasmini ko‘rib  “Poshshoyimizga kapkir yarashibdi”, degan son mingta.

Yana birovlar prezident oyog‘idagi kavush narxining 500 dollar ekanini aytib g‘ururlanishdi. 

Podsholar saroyidagi bichilgan qullar haram teshigidan qarab sultonning olati bilan faxrlanganini «Ming bir kecha» ertaklarida o‘qigandik. Mana, endi hayotda ham ko‘rdik. Shukur yetkazganiga.

Xo‘sh, nima bo‘libdi? Bitta temir bo‘chkadan yasalgan o‘choq ustidagi qozonni kapkir bilan kavlash shunchalik hayratlanarli manzarami?
Masalan, Singapur prezidenti Li Kuan Yu o‘z mamlakatini eng boy va farovon qilish formulasini e'lon qilganida xalq haqiqatdan ham hayratlangan edi.

Ëki Mixail Saakashivili milisa xodimlarini yoppasiga ishdan bo‘shatib, korruptsiyani yo‘qotgani ham hayratga sazovor.

Mixail Gorbachev televozorga chiqib “zulm saltanati” SSSRning tugaganligini e'lon qilgani;

Germaniya kantsleri Helmut Kolning Berlin devorini buzishga amr bergani;

Rossiya prezidentining tank ustiga chiqib nutq so‘zlagani haqiqatdan ham sharaf va shonga loyiq daqiqalardir. 

Endi yana bir gap. Poshshoyimiz osh qildi, deb o‘zini otayotganlar diqqatiga. O‘zbekistonda poshsho yo‘q. Saylab qo‘yilgan prezident bor.

Prezident xalq to‘lagan soliqdan oylik oladigan xizmatchi. O‘sha temir qozon ham, ichidagi go‘sht, guruch ham, prezident oyog‘iga ilvolgan 500 dollarlik shippak ham xalq to‘lagan soliq hisobiga.

Prezident va, umuman, davlat hizmatchilari biznes qilib daromad olishi butun dunyoda va O‘zbekistonda ham taqiqlangan.

Manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lmasligi uchun. Mirziyoev osh qilaversin. Bunga e'tiroz yo‘q.

Ammo normal jamiyatda oshchi osh qiladi, sutchi sut sotadi, etikchi kavush yamaydi, chilangar yorilgan quvurlarni ta'mirlaydi.

Darvoqe, yaxshi osh qilgan odam yaxshi quruvchi, degani emas. Toshkentdagi xalqaro aeroportni qurdirgan prorab oshni o‘rmalatib yuboradi. Ammo qurgan aeroporti bitta yomg‘irga chidamay chakka o‘tib yotibdi.

Kimdir osh qiladi, «Eltuz» esa fosh qiladi. Jurnalistning vazifasi shu. Jurnalist jamiyat yuziga oyna tutadi. Qorong‘u zimistonni chiroq yoqib yoritadi. Nozim Hikmat  aytganidek: “Sen yonmasang, men yonmasam, qorong‘ilikni  qanday yoritamiz?”

Ikki juma oralig‘ida «Eltuz» tahririyati Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning biznes saltanati haqidagi fosh qiluvchi maqolani e'lon qildi.

Maqolada  Toshkent hokimi va  xotin-bola-chaqasining  O‘zbekistonda eksklyuziv imtiyoz bilan ishlayotgan 67 ta shirkatga aloqadorligi haqida jiddiy malumotlar bor. Masalan, hokimning xotini Nigora Ortiqxo‘jaeva O‘zbekistondagi eng yirik xususiy klinika – Akfa Medline shirkatining 61,64% aktsiyasi egasidir.

Bu shirkatga hukumat O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sektorida deyarli boshqa biror kompaniyaga berilmagan eksklyuziv imtiyozlarni bergan.

Joriy yil hukumat mamlakatdagi birinchi va hozircha yagona xususiy tibbiyot universiteti ochish huquqini ham aynan Akfa Medline ga berdi.

O‘zbekistondagi boshqa biror shirkatga bu imkon hatto taklif ham etilmadi – ochiq tender o‘tkazilmay turib, xususiy universitet haqqini Akfa Medline likobchasiga solib berishdi.

Bu universitetni tashkil etish jarayonining kattagina qismi Toshkent shahri hokimi vakolatidadir. Xotini ochayotgan universitet ish boshlashini hokim Ortiqxo‘jaev ta'minlab berishida ochiqdan-ochiq davlat va shaxsiy manfaatlar to‘qnashmoqda.

Uy qurilsa, betonini Ortiqxo‘jaev egalik qiladigan shirkatdan olasan.

Eshik, rom, pol, potolok. Ishkopda turgan shikalat. Oshxona jihozlari, televizor, boringki, eshik qo‘ng‘irog‘igacha Ortiqxo‘jaev shirkatida ishlab chiqilgan.

Ertakda aytiladi-ku. Bu suruv suruv qo‘ylar kimniki? Laylakvoyniki. Ammo laylakvoydan farqli, Toshkent hokimi o‘z biznes saltanatini korruptsiya, reyderlik va davlat imtiyozi ustiga qurdi. Bunday odamlar haqida gapirgan tergovchi Jeglov “o‘g‘ri kabinetda emas, qamoqda o‘tirishi kerak», deydi.

Aytaman desam, gap ko‘p. O‘zidagi “mullani yoqib olgan” ashulachi Abdulla Qurbonov Makkai mukarramada so‘kingani uchun litsenziyadan ayrildi.

Ay-yay-yay, Abdulla. (Qo‘shiq ketadi).

O‘zi hamma yoq ay-yay-yay bo‘p ketdi. Bularni gapiradigan shoir yo‘qmu, dedi prezident. Bir narsa qidirib, tuman kutubxonasiga borganimda shoir Habib Sa'dulla kitobini varaqladim.

Shoir o‘tgan asrning yetmishinchi yillaridayoq hozir moda bo‘lgan “akaxonlik”, ya'ni «krыshevanie» haqida yozadi.

Menga dorilfunun muqaddas dargoh,
Menga har muallim tabarruk bir zot.
So‘nggi sinovdan so‘ng ishondim mutloq,
Lekin bu hayot….

Qabul qilmadilar mandat kunida,
Nazarga ilmadi ”a'lo” baholar.
Tortishuv so‘nggida, suhbat so‘nggida,
Mandan g‘olib chiqdi turli bahona.

Chiqsam mag‘rur turar qabulxonada
Kecha imtihondan “yiqilgan” yigit.
O‘pib qutlashadi ota-onalar,
“Yasha dono o‘g‘il”,
“Bor bo‘l, student”

Menga turqi tanish qorindor ota,
Har gal imtixonda kelib ketardi.
Uchrab qolganda ham yo‘lda bir xatar,
“Yiqilgan” o‘g‘lini adl ko‘tardi.

Balki puldor edi, balki amaldor,
Balki niqob kiygan bitta muttaham.
Shunday asolarga suyansa alhol,
Tiklanib ketarkan hatto latta ham.

Bugun o‘sha “yiqilgan”, ammo qorindor otasi ko‘magida “o‘qib» tiklangan lattalar davlatni boshqarayotgani hisobga olinsa, tanazzul mohiyati tushuniladi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Video: https://youtu.be/5ynXrZ2px2I

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 dekabr 2016
«Milliy tiklanish» gazetasi (30.11) shu nomdagi partiyadan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Sarvar Otamurodovning saylovoldi uchrashuvlari yakuniga bag‘ishlangan kattagina ...
13 dekabr 2017
O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilariga darsxonalarni isitish uchun o‘tin solig‘i solinmoqda. Jumladan, «Eltuz»ning Andijondan olgan xabariga ko‘ra, shahardagi 29-maktab o‘quvchilariga ko‘mir ...
27 iyun 2023
Turkistonda birinchi jadid matbuot organi – “Taraqqiy” gazetasi Toshkent shahrida Ismoil Obidov muharrirligida 1906 yil 27 iyundan e'tiboran chop ...
13 avgust 2023
Xorazm viloyatining Xiva shahrida 12-13 avgust kunlari qovun sayli bo‘lib o‘tdi. Xorazm viloyati qovun va tarvuz eksporti bo‘yicha 1-o‘rinda bormoqda. 2021 yilning dastlabki ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...