Asosiy mavzular
7 avgust 2019

Kenja kuyov Otabekning mashinasi uch odamni urib yuborgani iddao qilindi

Toshkent markazidagi Pushkin ko‘chasida 6 avgust kuni yuz bergan avariyada kamida uch shaxs, jumladan, IIVning ikki xodimi shikastlandi.

Voqea uchta avtomobil – Nissan GT-R35, Spark va Matiz rusumli mashinalar ishtirokida yuz bergan.

Avariyaga sabab bo‘lganlardan biri esa O‘zbekiston prezidentining “poygachi kuyovi”, prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ining 1-o‘rinbosari Otabek Umarov ekani aytilmoqda.

Bu iddaoni «Eltuz» bilan gaplashgan toshkentlik jurnalist IIVdagi manbalariga tayangan holda aytib berdi.

Prezident kuyovi Umarov bundan oldin ayni rusumdagi avtomobil yonida suratga tushgan edi. «Toshkent haydovchilari» guruhi faoliga ko‘ra, shahardagi yagona oq rangli Nissan GT-R35 avtomobili Umarovga tegishli.

Bundan tashqari, voqeaga guvoh bo‘lgan mahalliy haydovchilar ham “aynan prezident kuyovi avariya aybdori” ekanligini, mashinani Otabek Umarovga quyib qo‘yganday o‘xshash shaxs boshqarganini «Eltuz» muxbiriga aytishdi.

Ba'zi manbalar haydovchini Otabekning qiyofadoshi deyishmoqda. Haqiqiy Otabekni trenajyor zalida ko‘rishgan.

Voqea tafsilotlari haqida «Gazeta.uz» yozdi. Biroq xabarda prezident kuyovining avariya sababchisi bo‘lgani aytilmagan.

Xabar tafsilotiga ko‘ra, 6 avgust kuni taxminan 21:30 ro‘y bergan hodisada xorijiy avtomobil haydovchisi Sh. J. boshqaruvni yo‘qotib, ikkita yengil avtomobil bilan to‘qnashgani, uchastkada bir qancha vaqt davomida harakat cheklangani, tez shoshilinch tibbiy yordam markaziga uch nafar jabrlanuvchi keltirilgani, Matiz haydovchisining ahvoli og‘ir ekani va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani bildirilgan.

Ijtimoiy media orqali tarqalgan videoda Nissan GT-R35 avtomobilining old qismi pachoqlangani, Spark to‘siqdan oshib, qarama-qarshi tomonga o‘tib ketgani, Matiz esa to‘siqqa urilganini ko‘rish mumkin. Voqea ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida ham qizg‘in bahs uyg‘otdi.

Voqea ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida ham qizg‘in baxs uyg‘otdi.

Voqea guvohlarinig tarmoqdagi yozuvlariga ko‘ra, “avariya sababchisi” bo‘lgan kenja kuyovni “Milliy gvardiya kelib voqea joyidan olib ketgan”.

Tarmoq yuzeri Vadim Roumen:

“U hatto mashinadan tushgani ham yo‘q. Uni olib ketishlarini kutib bamaylixotir o‘tiraverdi. Atrofda esa mashina ostida qolib majaqlanganlar sochilib yotar va og‘riqdan oh chekishar edi. Boshqa haydovchilar to‘xtab, ularga yordam berishdi. U bo‘lsa bez bo‘lib o‘tiraverdi. Keyin, albatta, ota qo‘ng‘irog‘iga asosan trassani butkul yopib qo‘yishdi. Keyin Milliy gvardiya yetib keldi (prezidentning shaxsiy gvardiyasi. Ular barcha yo‘l-transport hodisasiga kelavermaydi-ku) Ikki kilometr masofada hech kimni avariya bo‘lgan joyga yaqinlashtirishmadi. Uni mashinadan sug‘urib olishdi va avtomobilni chexol bilan yopib qo‘yishdi”.

Vadim Roumen guvohligini tarmoqning boshqa yuzerlari ham tasdiqladi.

Tarmoq yuzeri Botir.Sh «U hayotga ko‘ndalang qo‘yib qo‘ygan. O‘zining va o‘zgalarning hayotiga», deb yozadi.

Bunga javoban GM Ikram “Ko‘ndalang qo‘ygani bois boshqalar azoblandi. Ammo bu holatga ham ko‘ndalang qo‘ydi».

Bunga javoban Zefer Bekmuhammad “Papochkasi yangisini oberadi endi», deya kinoya qiladi.

Biroq iddaolarning rasmiy tasdig‘i «Eltuz»da yo‘q. Avariya faktini tasdiqlagan o‘zbek rasmiylari mashinaning Otabek Umarovga oidligi yoki avariya sababchisi aynan Umarov ekanligiga aniqlama bermagan. Bu esa har xil g‘iybat urchishiga sabab bo‘lmoqda.

Prezident Mirziyoevning kenja kuyovi, prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ining 1-o‘rinbosari Otabek Umarov o‘tgan oy o‘zi boshqargan «Tesla» elektromobilida soatiga 200 km tezlikda yurgani ortidan tanqidga sabab bo‘lgan edi. Bu tanqidlar ortidan “poygachi kuyov” jarimaga ham tortilgandi.

Joriy yilning 8 iyul tunida Otabek Umarovning o‘zi poygada soatiga 201 km yurgani Instagram sahifasida jonli namoyish qilingan, ammo bir necha soatdan so‘ng olib tashlangan edi.

8 iyulga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan tungi soat 2 lar atrofida bo‘lgan tungi poygasini jonli ko‘rsatgan Otabek Umarov Toshkent markaziy ko‘chalarida “Tesla” mashinasini soatiga 201 km tezlikda, mahallalar ichidan esa 148 km tezlikda haydayotganini namoyish qildi.

O‘zbekistondagi yo‘l harakati xavfsizligiga oid qonunchilikka muvofiq, shaharning katta trassalaridagi maksimum tezlik soatiga 70, mahallalar ichida esa 30 km qilib belgilangan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 aprel 2017
«Yalla» guruhining sobiq solisti bo‘lgan Nargiz Bayxonova 24 aprel kuni Toshkentning Chig‘atoy qabristoniga dafn etildi. 70-80 yillar o‘zbek estradasi ...
10 aprel 2020
Kemaga chiqqanda yuzlarcha sayyoh,Bo‘lishar bitta jon, yagona tilak.To‘fonga duch kelib to‘zg‘isa nogoh,Ajal yaqinlashsa, jonlari bo‘lak. To‘lqinlar chiqargan sandiqda marjonQolib ...
17 yanvar 2017
O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni bayrami xalq orasida tantana qilinmagan bo‘lsa-da, rasmiy doiralar tomonidan ancha dabdabali kutib olindi. Mamlakat nashrlarda ...
29 dekabr 2016
Kechayotgan 2016 yil O‘zbekiston tarixiga 27 yil umr surgan mustabid Karimovdan qutulish yili bo‘lib kirdi. Lekin voqealar zanjiriga qarasak, ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...