Asosiy mavzular
20 sentyabr 2019

Josuslikda ayblangan surxondaryolik oila adolat izlamoqda

2013 yilning 2 mayida Termizdagi qurilish firmasi rahbari bo‘lgan 60 yashar Abdug‘ani Erdonov o‘z mashinasida quruvchilariga ovqat olib ketmoqda edi. Yo‘lda uni DAN xodimi to‘xtatadi va undan sal narida turgan «Neksiya»ga o‘tirishini so‘raydi. U begona mashinaga o‘tirgach, boshiga zarba berishadi. Abdug‘ani hushidan ketadi. Shu kundan boshlab Abdug‘ani Erdonov hamma narsasini – erkinligini, oilasini, sog‘lig‘ini va qonunga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi.

«Otamni va oilamizning 12 a'zosini 2013 yili Tojikiston foydasiga josuslik va diversiyada ayblab sud qilishdi. Otamni kaltaklashdi, natijada u ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi. Qamoqning dastlabki kunlari uni allaqanday xususiy uyda saqlashdi. Bu IVS yoki SIZO emas edi. U yerga MXX xodimlari kelib, to jinoyatlarni o‘z bo‘yniga olmaguncha otamni qiynashar edi. Bu jinoyatlarni u yoki bizning oilamizdan biror kishi sodir etmagan. Bu avval boshidan uydirma ish edi. Buni Surxondaryo viloyati MXX rahbari bo‘lgan Nodir To‘raqulovning o‘zi o‘ylab topgan bo‘lsa kerak», deydi Rahmonali Erdonov «Eltuz» nashriga bergan intervyusida.

Erdonovlar oilasining 12 nafar a'zosi ustidan ochilgan jinoyat ishiga MXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘i Nodir To‘raqulov rahbarlik qilgan edi.

To‘raqulov bu oilani butkul yakson etish uchun hamma ishni qildi va u qilgan shafqatsizliklar odamni hayratga soladi.

Abdug‘ani Erdonov qamalgach, uning xotini va qizi majburan Tojikistonga surgun qilinadi. Nabiralari esa onasidan mahrum qilinib, O‘zbekistonda qoladi.

Oradan besh yil o‘tib, Zumrad voyaga yetmagan uch farzandi bilan qo‘shilishga muvaffaq bo‘lganini aytmoqda.

«2014 yili ichki ishlardagi Asom degan bola keldi. Majburladi. Chiqasan dedi, so‘kdi, har xil gaplar gapirdi. Yosh bolalarim bor, qaerga chiqaman, dedim. Mana shunday hujjat tayyorlab, majbur qildi qo‘l qo‘yishga. Kichik o‘g‘lim bir yoshga to‘lgan kuni chiqib ketdim», deydi Zumrad Erdonova.

Erdonovlar O‘zbekistondagi harbiy qismlarning manzillarini to‘plaganlikda ayblanishgan.

Jumladan, 2014 yilning aprelida internetda Erdonovlar ishi haqidagi “Tojikiston: och bo‘lsak-da, 30 kumush tangaga xoinlar yollaymiz” sarlavhali rus tilidagi maqola paydo bo‘ladi.

Maqolada O‘zbekiston hududida terrorchilik harakatlari tayyorlagan tojik diversantlarining keng tarmog‘i fosh etilgani iddao qilingan edi.

Tergov mashinasi Tojikiston foydasiga harakat qilgan josuslar rolini o‘ynashga mahkum oila a'zolarining taqdirini vayron qilishda davom etadi.

«Oilamizning 12 nafari, jumladan, akalarim va jiyanlarim Abdug‘ani, Ravshan, Erkin, Begali, Mo‘min Tojikiston foydasiga josuslikda ayblanib, uzoq yilga qamoq jazosiga xukm qilindi. 2013 yili 11 yilga qamalgan qarindoshimiz Xadicha Xo‘jamurodova ayni paytda ayollar koloniyasida jazo muddatini o‘tamoqda. U hibsga olingandan so‘ng uch farzandi Tojikistonga deport qilingan edi. Dilfuza Qurbonova va Gulchehra Qurbonova esa ayollar qamoqxonasida bir yil o‘tib olamdan o‘tishgan», deydi Rahmonali Erdonov.

Joriy yilning iyulida Erdonov Jasliq qamoqxonasidan Sheraboddagi manzil koloniyasiga ko‘chirildi.

Besh yil Jasliqda bo‘lgan Erdonov sog‘lig‘ini yo‘qotdi. Jinoyat ishidagi yovuzlarcha qilingan qonunsizliklarga qaramay, yopiq harbiy sud hukmi bilan u yana 10 yil manzil koloniyasida qoladigan bo‘ldi.

Bir vaqtlar Surxondaryoning qudratli shaxslaridan bo‘lgan MXX polkovnigi Nodir To‘raqulovning o‘zi hozir hibsda saqlanmoqda. Biroq u uydirgan jinoyat ishi hamon o‘z kuchida qolmoqda va u panjara ortiga tashlagan odamlar esa qamoqda muddat o‘tashmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 sentyabr 2016
O‘zbekistonda Islom Karimov o‘limidan so‘ng hokimiyatning Bosh vazir tomonidan qo‘pol tarzda uzurpatsiya qilinishi kuzatilmoqda. O‘z mushtumzo‘rligi bilan tanilgan Bosh ...
8 noyabr 2017
8 noyabr kuni Andijon shahri rastalarida bir kilo mol go‘shti narxi 36 ming so‘mga ko‘tarildi. Andijondagi «Eski shahar» va ...
15 may 2023
«O‘zbekiston ovozi» gazetasining 1992 yil 15 may sonidan lavha «Islom Karimov ‘Ozodlik’ radiosi va ‘Amerika ovozi’ vakillari bilan uchrashdi» ...
19 sentyabr 2017
18 sentyabr kuni Toshkent markazidagi Navoiy nomidagi Milliy bog‘ni buzish va qurilishga hozirlash ishlari boshlandi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...