Asosiy mavzular
17 oktyabr 2019

To‘g‘ri so‘zni yozgan togri.uz sayti yopildi

O‘zbekiston siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayoti yangiliklarini yoritib kelayotgan togri.uz sayti faoliyati 14 oktyabrda to‘xtatildi. Sayt muharriri Xurshid Yo‘ldoshevning ma'lum qilishicha, sayt yopilganini shu kuni ertalab bilgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi esa Togri.uz axborot saytining yopilishi ta'sischilarning o‘z qarori ekani va bunda hech qanday tashqaridan bosim bo‘lmagani haqida bayonot berdi.

Togri.uz jurnalisti Xurshid Yo‘ldoshev feysbuk sahifasidagi chiqishida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bayonotidagi bu iddaolarni inkor etdi.

Jumladan, Xurshid Yo‘ldoshev «sayt yopilishidan atigi ikki kun avval juda katta rejalar tuzilgani, maqsadlar katta bo‘lgani, yopilish haqida gap ham bo‘lishi mumkinmasligi, sayt barqaror o‘sishda bo‘lgani» haqida yozdi.

Siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov saytning yopilishi yuzasidan «Eltuz»ga quyidagi izohini bildirdi:

«Mirziyoev boshqaruvi garchi avtoritar bo‘lib qolayotgan esa-da, ayrim unsurlari bilan baribir Karimov boshqaruvidan farq qiladi. Mirziyoev davrida mahalliy matbuot ozroq erkinlikdan nafas oldi, voqea va muammolarni yoritishda sal jasoratliroq bo‘ldi, hatto tanqidiy materiallar paydo bo‘ldi. Ilgari to‘siq qo‘yilgan ayrim chet el OAVlari mamlakatdan akkreditatsiya oldi, garchi ularning hammasi emas.

Biroq bunaqasi ketmasdi. Karimovchi eski gvardiya va erkinlikni bo‘g‘uvchilar Mirziyoev davrida ham pozitsiyalarini yo‘qotishmadi, endi esa ular tag‘in asliga qaytishmoqda.

Avvaliga mamlakatning matbuot masalalari bo‘yicha bosh xo‘jayini Allamjonov jamiyatdagi axborotlarni berishda hozircha yetakchi bo‘lib kelayotgan «Ozodlik»ka xuruj qildi. Keyin esa u ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy izohlarga g‘azabini sochdi. Endi esa keskin muammolarni ko‘tarib chiqqan togri.uz vebsayti hukumat bosimi ostida yopilmoqda. Albatta, to‘g‘ri so‘zni yozgani uchun.

Ayni paytda barcha mahalliy OAVga mujda berildi: O‘z o‘rinlaringni biling. Rasmiy xronikani yoriting, biroq ijtimoiy-siyosiy muammolarga aralashmang. Bu sizning ishingiz emas. Bu muammo bilan xos idoralar shug‘ullanadi.

Shu munosabat bilan savol ko‘ndalang bo‘ladi: Nima uchun O‘zbekistonda hanuzgacha OAV yaratishga ruxsat olish mexanizmi saqlanib qolmoqda?

Nima uchun Internetda xabar tarqatish uchun hukumatdan litsenziya olinishi kerak? Bunaqasi dunyoning biror bir demokratik davlatida yo‘q.

Efirga chiqish har qanday shaxsning haqqi. Faqat o‘quvchilar auditoriyasi bu OAVga ishonish-ishonmaslik masalasini hal qilishi mumkin. Agar u qonunni buzgan bo‘lsa, masalan, kimgadir tuhmat qilgan bo‘lsa, buning uchun sud bor. Demakki, so‘z erkinligini bo‘g‘ish uchun bomba yuqorida qayd etilgan ruxsat berish mexanizmining o‘ziga joylashtirilgan.

Bu holatni odatda shifokor qo‘yadigan «bemor tirik» yoki «allaqachon o‘lgan» kabi tashxisga qiyoslash mumkin. Togri.uz yopilguniga qadar «bemor haliyam tirik», deyish mumkin edi, garchi ancha cheklangan bo‘lsa-da, baribir so‘z erkinligi bor edi. Endi esa «bemor o‘ldi», deya tasdiqlash mumkin».

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 yanvar 2016
Prezidentlikni xohlamasangiz, birinchi xonimlikka nima deysiz? Sputnik internet nashri O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Lola Karimova Instagram dagi rasmiy sahifasida ...
18 aprel 2017
18 aprel kuni Qirg‘iziston prezidenti Almaz Atambaevning 20 yashar kenja qizi Aliya Shagievaga tegishli «Feysbuk» va «Instagram» ijtimoiy tarmoqlaridagi ...
9 aprel 2024
Eltuzning ishonchli manbasi xabar berishicha, Andijon shahar elektroset yuristi mansabini suiiste'mol qilib, 10 mln. so‘m pora olayotganida ushlandi. Manbaning ...
3 aprel 2017
Oy oxirlayotgan kunlarda prezident videoselektor majlis o‘tkazdi. «Kun.o‘z» sayti o‘z manbalariga asoclanib, davlat rahbari bu majlisda «O‘zbekiston» va «Yoshlar» ...
Bloglar
8 fevral 2025
Shu paytgacha «Anora» degan ikki film olindi. Bittasi yetim qizning ashlachi bo‘gani haqida¸ yana bittasi ...
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...