Asosiy mavzular
23 dekabr 2019

O‘zbekistonda xonadonlarni tortib olish. “Foydalanish zarurati yo‘q…”

2015-2017 yillarda O‘zbekiston fuqarolarining “buzuqlar maskani” deb e'lon qilingan kvartiralari va uylarini ommaviy ravishda musodara qilish holatlarini o‘rganish muhim jihatni aniqlashga yordam berdi. Hokimiyatning fohishaxonalarni “aniqlash”ga oid buyurtmasini bajarayotgan tezkor xodimlar ko‘chmas mulkni tortib olishni ommaviy amaliyotga aylantirdi. To‘g‘ri, tortib olingan kvartiralarning bir qismi keyinchalik fuqarolarga qaytarildi, chunki bu ularning yagona yashash joyi bo‘lib chiqdi. Prokurorlarning musodaraga oid buyruqlarida: “U yana bir kvartiraga ega ekanini inobatga olgan holda jinoyat sodir etilgan kvartiradan foydalanishiga zarurat yo‘q deb topilib, mazkur mulki davlat foydasiga musodara qilinsin”, deb ochiqdan-ochiq aytiladi. 

Boshqacha aytganda, barcha prokuror va sudyalar mamlakatda fuqarolarni bezbetlarcha va oshkora talash bo‘yicha misli ko‘rilmagan kampaniya yuz berayotganini hamda tortib olingan kvartiralarni militsiya va rejimning boshqa malaylariga berishga butun sud-huquq va ma'muriy tizim ishtirok etayotganini, bu qandaydir alohida bir holat degan gap-so‘zlarga o‘rin yo‘qligini juda yaxshi bilardi. 

Dorixonachi aka-ukalar

1979 yilda tug‘ilgan, eri bilan Chilonzor tumanida yashovchi toshkentlik Roza To‘rabekova 2011 yilda aeroportdan uncha uzoq bo‘lmagan joydan, Bobur ko‘chasidan ikki xonali kvartira sotib olib, uni o‘z nomiga rasmiylashtirdi va daromad topish maqsadida darhol ijaraga bera boshladi. Buning uchun hech kimdan shikoyat bo‘lgani yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijarachilar bilan rasmiy shartnoma tuzmagan, chunki hech kim buni talab qilmagan. 

Yilda Torg.uz (hozirgi OLX) saytidagi e'lon bo‘yicha unga 25 yoshli Bahrom Abrolov murojaat qilgan. U o‘zini xolasiman, deb tanishtirgan ayol bilan kelgan. Ayol Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanilik uch aka-uka kvartirani ijaraga olmoqchi ekanini, ular poytaxtda o‘qib, ishlashini tushuntirgan. Hammasi tinch bo‘lishini va'da qilgan.

Roza Bahromdan zarur ma'lumotlarga ega bo‘lgan pasportining nusxasini (manzil: Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumani, raqami yo‘q uy, pasport seriyasi CB 2613060, sudlanmagan) olib, har doimgidek rasmiy shartnoma tuzmasdan, kvartiraga kiritdi.

Yigit u yerda qariyb yarim yil yashadi. Roza uning akalarini ham ko‘rdi, ular dorixonada ishlashlarini aytishdi, Roza ularning hujjatlarini tekshirmadi. Bu vaqt ichida birorta favqulodda hodisa yuz bermadi, na qo‘shnilardan, na uchastka profilaktika inspektoridan shikoyat bo‘lgani yo‘q.

Bir kuni Bahrom unga qo‘ng‘iroq qilib, kvartiradan ketayotganini, kalitni do‘sti orqali berib yuborishini aytdi. Kalitni haqiqatan ham unga olib kelib berishdi, kvartirada hamma narsa joyida edi, ammo kommunal to‘lovlardan ozgina qarz qolgandi. Roza bunga qo‘l siltab, yangi ijarachilarni – talaba qizlarni topdi va ular bilan 2016 yilda rasman ijara shartnomasi tuzdi. Shu shartnoma bilan aprel oyida BTIga bordi. Bu yerda uning kvartirasiga band qo‘yilganini eshitdi. Hali 2015 yildayoq sud bo‘lib o‘tgan, unda Abrolov uning kvartirasida “fohishaxona ochgani” uchun sudlangan, keyin shahar sudi birinchi instantsiyaning kvartirani jinoyat quroli sifatida musodara qilish haqida chiqargan qarorini o‘z kuchida qoldirgan ekan. 

Aslida nima bo‘lgani haqida Roza sud arxividan olishga muvaffaq bo‘lgani jinoyat ishlari bo‘yicha materiallardan tasavvurga ega bo‘lishi mumkin, xolos. “Fohishaxona” aniqlangani haqida menga hech kim aytgani yo‘q, – achchiqlanadi u. – Meni na birinchi, na ikkinchi instrantsiya sudiga chaqirishmagan. Men bu ishda hech qanday – na jabrlanuvchi, na ayblanuvchi maqomida emasman. Kvartiraning bozor qiymati taxminan 30 ming dollar. Uni menga davlat sovg‘a qilmagan, lotereyada ham yutmaganman. Men ko‘p yil ishlab, keksalikning g‘amini yeyish maqsadida uni o‘z pulimga sotib olganman. Bu bor-yo‘g‘i oddiy velosiped emaski, shunday kelishsa-yu, tortib olishsa”.

Jinoyatni soxtalashtirish

U qo‘lga kiritgan hujjatlardan ma'lum bo‘lishicha, ushlanganlar Toshkent shahri Yakkasaroy tumani ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi tergovchilari leytenant S.Choriev va mayor Aleksandr Yugay tomonidan so‘roq qilingan. Choriev ish qo‘zg‘atib, ayblov xulosasini tayyorlagan. Kuzatuvlar tajribasidan kelib chiqish aytish mumkinki, ish materiallarini kim tayyorlasa, uni o‘sha soxtalashtiradi.

E'tiborlisi shuki, qo‘lga olinganlarning ko‘rsatmasida va sud qarorida “fohishaxona”ni bosgan tezkor xodimlarning familiyalari eslatilmagan. Ularda faqat “Toshkent shahri Yakkasaroy tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xodimlari tomonidan “Oriyat” tadbirini o‘tkazish chog‘ida fohishaxona aniqlangani” qisqagina aytib ketilgan. Ehtimol, ulardan biri leytenant Chorievning o‘zi bo‘lgan. 

Roza To‘rabekovadan ijaraga olingan kvartirada nima yuz bergan? 

Bahrom Abrolovning 2015 yil 13 avgustdagi so‘roq bayonnomasidan:

«2015 yil 7 avgust kuni soat 19:00 larda … o‘zini O‘lmasxon deb tanishtirgan noma'lum qiz telefon raqamimga qo‘ng‘iroq qilib, yigiti bilan dam olish (intim munosabat) uchun kvartira kerakligini aytdi. Men unga ijara kvartiramning manzilini aytdim va shu yerga chaqirdim.  O‘lmasxon… yigiti bilan keldi… U jinsiy yaqinlik qilish uchun ikki soatga joy so‘radi. Men ularga ijara kvartiramni berdim, … evaziga O‘lmasxondan 50.000 so‘m ($ 11) sotib oldim va kvartiradan chiqib ketdim. Uy pod'ezdidan chiqayotganimda… meni militsiya xodimlari to‘xtatishib, o‘zlarini tanishtirishib, shaxsimni tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatishimni so‘rashdi. Men IIB xodimlariga hujjatlarim uyda ekanini aytib, birgalikda kvartiraga chiqdik. … Eshikni ochganimda … IIB xodimlari kvartirada O‘lmasxon va uning do‘stini ko‘rdi. Keyin xodimlar … O‘lmasxon va uning do‘stidan bu yerda nima qilayotganliklarini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bor-yo‘qligini so‘rashdi. Yigit o‘zini Petryakov Vladimir Eduardovich, qiz esa Ibragimova O‘lmasxon Latifxon qizi deb tanishtirdi. Keyin O‘lmasxon IIB xodimlariga yigiti bilan jinsiy aloqa qilish uchun kvartirani mendan 2 soatga 50 ming so‘mga ijaraga olishganini gapirdi. Shundan so‘ng men chindan ham kvartirani yigiti bilan jinsiy aloqa qilishi uchun O‘lmasxonga 2 soatga 50 ming so‘m evaziga berganimni aytdim. GUVOHLAR IShTIROKIDA men 50 ming so‘mni ixtiyoriy ravishda IIB xodimlariga berdim (…).

Tergovchi Chorievning savoli: Kvartiraning Roza ismli egasiga … siz Petryakov Vladimir va Ibragimova O‘lmasxonga … jinsiy aloqa uchun 50 ming so‘m evaziga sharoit yaratib berganingiz ma'lummi? Agar unga ma'lum bo‘lsa, Roza bu pullardan manfaatdormi? 

Javob: Men kvartirani ijaraga olgan Roza ismli ayol Petryakov va Ibragimovaga jinsiy aloqa qilish uchun 50 ming so‘m evaziga sharoit yaratib berganimni bilmaydi va u bu pullardan manfaatdor emas.

Savol: O‘lmasxon sizning telefon raqamingizni qaerdan olgan va siz u bilan tanishmisiz?

Javob: U telefon raqamimni kimdan olganini men bilmayman va u bilan tanish emasman.

Qo‘lga olingan shaxs – doimiy ravishda Namanganda (5-mittituman, 31-kvartira, vaqtincha ishsiz, pasport seriyasi SN 2110981, sudlanmagan) yashovchi 23 yoshli O‘lmasxon Ibragimova ham deyarli shu gaplarni gapirgan.

So‘roq bayonnomasidan: 

“…Men yigitim Vladimir bilan qariyb ikki yildan buyon uchrashib yuraman. Bugun uchrashganimizda ham Vladimir har doimgidek jinsiy yaqinlik qilishni taklif etdi… Keyin men Bahrom ismli kishining (…) raqami saqlanib qolgan eski telefon apparatimdan qo‘ng‘iroq qildim va yigitim bilan jinsiy yaqinlik qilish uchun joy kerakligini aytdim… So‘ng men yigitim Vladimir bilan shu manzilga keldim va Bahrom bilan uchrashib, unga kelishilgan 50 ming so‘mni berdim… Keyin men bu kvartirada yigitim bilan bir marta jinsiy aloqa qildim… Shundan so‘ng kvartiraga ichki ishlar xodimlari, Bahrom va noma'lum shaxslar kirib keldi. IIB xodimlari kimligimizni so‘radi… biz bu kvartirada jinsiy aloqa qilganimizni, buning uchun Bahrom bizga kvartirani 2 soatga 50 ming so‘m evaziga berganini aytdik”.

Tergovchi Chorievning savoli: Siz Bahromning telefon raqamini kimdan olgansiz va ilgari ham bu kvartiraga jinsiy aloqa qilish uchun kelganmisiz? 

Javob: Men Bahromning raqamini noma'lum taksi haydovchisidan olganman, Bahrom kvartiraga odam qo‘yishini bilardim, ilgari kvartirada bo‘lmaganman va BAHROM BILA TANISh BO‘LMAGANMAN.

Bahrom Abrolov ham, O‘lmasxon ham ko‘rsatmalarini o‘zbek tilida bergan. Ibragimovaning “yigiti”, 26 yoshli Vladimir Petryakov esa rus tilida. Ish materiallarida u haqda ma'lumotlar bor: Toshkent shahrida (Uchtepa tumani, 11-kvartal, 7-uy, 4-kvartira) yashaydi, O‘zR JKning 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha sudlangan. Biroq u aynan qachon sudlangani, qanday jazoga hukm qilinganiga aniqlik kiritilmagan.

Uni leytenant Choriev emas, balki Toshkent shahri Yakkasaroy tumani IIB tergov bo‘limining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi Aleksandr Yugay so‘roq qilgan.  (Bu o‘sha – Rembrantning grafikaga oid ishlarini noqonuniy tortib olish ishida o‘g‘ri, sobiq deputat Yo‘ldoshevga JKning “O‘zganing mulkini o‘g‘irlash bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoyatlar” bo‘yicha 170-moddasini qo‘llagan, keyin esa unga nisbatan ishni hech qanday sabablarsiz bekor qilgani bilan “ko‘zga ko‘rinib qolgan” tergovchi). 

So‘roq bayonnomasidan:

“Men, Vladimir Petryakov … qiz do‘stim Ibragimova O‘lmasxon Latifxon qizi bilan uchrashdim. … u bir necha soatga kvartirasini berib turadigan TANIShI borligini aytdi. O‘lmasxon TANIShIGA qo‘ng‘iroq qildi. Keyin bilsam, uning ismi Bahrom ekan… O‘lmasxon Bahromga pul berdi… Birmuncha vaqt o‘tgach, kimdir taqillata boshladi, avvaliga men eshikni ochmoqchi edim, lekin u tashqaridan qulflangan edi, keyin yana yotoqxonaga qaytdim. Bir necha daqiqadan so‘ng kvartiraga Bahrom qandaydir notanish odamlar va militsiya xodimlari bilan birga kirib keldi. O‘lmasxon va men yotoqxonada edik, yalang‘och edik. … Biz kvartirani jinsiy yaqinlik qilish uchun Bahromdan 50 ming so‘mga ijaraga olganimizni tan oldik…”.

IIB xodimlari bilan kvartiraga kirib kelgan guvohlar Hamroz Nazarov va Davron Nizomiddinovning ko‘rsatmalari ham e'tiborga loyiq. Ularning ikkalasi ham bu voqeaning boshqa ishtirokchilari kabi “vaqtincha ishsiz”. Kasbi bo‘yicha yollanma ishchilar. Ularning ikkovi ham bitta joydan: Samarqand viloyati, Ishtixon tumani, Ravot qishloq fuqarolar yig‘ini, Shirin qishlog‘i, raqamsiz uy. O‘sha kuni ular voqea sodir bo‘lgan uy oldidan mutlaqo tasodifan o‘tib ketayotgan bo‘lgan, keyin esa quyidagilar yuz bergan (ikkalasining ham aytganlari bir xil):

“Soat 19:00 atrofida tanishim bilan Yakkasaroy tumanidagi Bobur ko‘chasidan o‘tib ketayotgan edik. … fuqaro kiyimdagi kishilar oldimizga kelib, o‘zlarini ichki ishlar xodimlari deb tanishtirishdi va bizdan bitta ishda guvoh sifatida ishtirok etishimizni so‘rashdi, biz rozi bo‘ldik. Keyin biz militsiya xodimlari bilan kvartira tomon yurdik… Ushbu uyning POD'YeZDIGA KIRGANIMIZDA (e'tibor bering, pod'ezd oldida emas, aynan militsiya xodimlari bilan pod'ezdga kirganlarida) bir kishini uchratdik. IIB xodimlari pasport tartibi tekshirilayotganini aytishdi va undan o‘zini tanishtirishni so‘rashdi…”. Qolgan barchasi standart sxema bo‘yicha.

Bir-biriga zid va ishonch uyg‘otmaydigan bu ko‘rsatmalar asosida tergovchi Choriev jinoyat ishiga Bahrom Abrolovni ayblanuvchi sifatida jalb etish bo‘yicha qaror chiqardi. O‘zining qasddan sodir etilgan harakatlari natijasida, g‘arazli yoki boshqa past maqsadlarda fohishaxona tashkil etib, O‘zR JKning 131-moddasi (qo‘shmachilik yoki fohishaxona saqlash) 1-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni  sodir etdi. 

Choriev, shuningdek, qarorning nusxasi tuman prokuroriga yuborilganligini bildiradi.

Quyida yana ikkita tasdiqlovchi rezolyutsiya. “Roziman” – Toshkent shahri Yakkasaroy tumani IIB TB bo‘linma boshlig‘i D.Sotimboev. “Roziman” – Toshkent shahri Yakkasaroy tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari D.Isaev.

“Fohishaxona”ni musodara qilish

2015 yil 27 avgustda Toshkent shahri Yakkasaroy tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudya Sh.Baqoev raisligida o‘sha tuman prokurori yordamchisi U.Xolboev ishtirokida Bahrom Abrolovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqib, tergovchilar Choriev va Yugay taqdim etgan voqea versiyasiga to‘liq rozi bo‘ldi va sudlanuvchini bir yilga axloq tuzatish ishlariga jalb etish haqida hukm chiqardi. Ushlanganlarning guvohligi sudya Baqoevda hech qanday shubha uyg‘otmadi. Sud qarorida kvartiraning taqdiri haqida aytilmagan.

Keyingi tadbirlar kvartiralarni noqonuniy tortib olish amaliyotlarining deyarli yarmida qo‘llaniladigan odatiy stsenariy bo‘yicha kechdi. To‘rt oy o‘tgach, 15 dekabr kuni Toshkent shahri prokurori Mirzohid Obidov Toshkent shahri jinoyat ishlari sudi kassatsiya instantsiyasiga “jinoyat quroli masalasini muhokama qilmagan” Yakkasaroy tumani sudi xatoga yo‘l qo‘yganini ta'kidlab, uning qaroriga protest keltirdi. 

“Yaqqol ko‘rinib turibdiki, ayblanuvchi B.B.Abrolov V.Petryakov va O‘.Ibragimovaning jinsiy aloqa qilishi uchun sharoit yaratib berib, yuqorida ko‘rsatilgan kvartiradan fohishaxona sifatida foydalanishdan muntazam ravishda noqonuniy daromad olishni RYeJALAShTIRGAN… Kvartiradan muntazam foydalanish ham ushbu jinoyat ishi materiallari bilan tasdiqlanadi. (…) Shuning uchun ushbu kvartirani jinoyat quroli sifatida tan olish va uni davlat mulkiga o‘tkazish masalasini qo‘shish orqali sud qaroriga o‘zgartirish kiritish talab etiladi”, deb yozadi poytaxt prokurori.

“Toshkent shahri Yer resurslari va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasidan 2015 yil 12 sentyabrda olingan ma'lumotnomaga ko‘ra, jinoyat sodir etilgan kvartira egasi Roza Abdugalievna To‘rabakova nomida boshqa yashash joylari: Sergeli tumani, Sputnik-2 massivi, 59-uy, 3-kvartira va Sergeli tumani, Sputnik-2 massivi, 2-uy, 2-kvartira ham bor. Bu holat unda jinoyat sodir etilgan (… manzilida joylashgan) kvartiradan foydalanish zarurati yo‘qligini, sudlanuvchiga ushbu xonadondan noqonuniy daromad olishi uchun sharoit yaratib berganini anglatadi. Va Toshkent prokurori Roza To‘rabekovaning kvartirasini ashyoviy dalil deb tan olish, keyin esa jinoyat quroli sifatida davlat mulkiga o‘tkazishni so‘radi. 

Aslida bu ikki kvartira Rozaning katta oilasi yashagan Do‘stlik massividagi 3 xonali kvartirani bo‘lib olish natijasidir. Bo‘lib olish paytida bu uyda to‘rtta bola bo‘lgan. Ular ulg‘aygandan so‘ng oila qurishi kerak bo‘lgan. Rozaning so‘zlariga ko‘ra, kvartiralar Rozaning nomiga rasmiylashtirilgan, biroq ulardan biri uning singlisiga (hozir u yerda onasi yashaydi), ikkinchisi esa akasiga mo‘ljallangan edi.  O‘tgan yilning kuzida ulardan biri sotilgandi. 

Prokuror protest keltirganidan olti kun o‘tgach, 2015 yil 21 dekabr kuni Toshkent shahri jinoyat ishlari sudining kassatsiya instantsiyasi majlisida raislik qiluvchi A.Asrorov, komissiya sudyalari T.Tursunov va S.Karimov hamda prokuror K.G‘aniboev ishtirokida Bobur ko‘chasidagi kvartirani musodara qilishning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Sud prokuror Obidovning da'volarini inobatga olib, kvartirani davlat mulkiga o‘tkazib, uni poytaxtning Yakkasaroy tumani hokimligi balansiga qo‘yishga qaror qildi. 

Faktlar fosh etadi

Fuqarolarning ko‘chmas mulkini musodara qilish bilan bog‘liq aksariyat holatlarda bo‘lgani kabi barcha ayblov faqat ushlangan uch kishining iqrorligiga asoslanadi.

Hakamlarni Bahrom Abrolovning hatto “qo‘shmachilik va fohishaxona saqlash” moddasi bo‘yicha jazo tayinlanish tahdid ostida ham darhol hammasiga iqror bo‘lgani va mehmonlarni pul evaziga kvartirasiga kiritganini aytgani, boshqalar ham birdaniga o‘z aybini tan olgani holati ham ajablanishga majbur qila olmadi. Dildora Yusupovaning kvartirasi tortib olinishi ham xuddi shunday tarzda yuz bergan, hatto pul miqdori ham bir xil –  50 000 so‘m.

Bunday “aniqlashlar” masalasida ham boshqa holatlarda bo‘lgani kabi yuqoridagi savollarni berish, xuddi shu kabi ziddiyatlarni ko‘rsatish mumkin.

Tergovchilar qandaydir manzilda fohishaxona ishlayotganini qanday aniqladi? Ayblov xulosasi asosida chiqarilgan sud qarorida aytilishicha, “u taxminan soat 19:00 da … Toshkent shahri Yakkasaroy tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xodimlari tomonidan” aniqlangan. Bundan ikki daqiqa oldin ular tasodifan o‘tib ketayotgan, vaqti yetarlicha bo‘lganlarni to‘xtatgan, ular bilan Bahrom Abrolov uchratib qolingan pod'ezdga kirishib, undan hujjat so‘rashgan. Ammo nega aynan undan? Axir qandaydir noqonuniy ish tashkil etgani uning peshonasiga yozilmagan-ku? Holbuki, hech kimdan shunchaki hujjat so‘ralmaydi, yana avvaldan taklif etilgan guvohlar oldida.

Aytgancha, kvartira egasining so‘zlariga ko‘ra, uy shunday joylashganki, pod'ezd ko‘cha tomonga qaramaydi, u yerda faqat bolalar bog‘chasi joylashgan va begona odamlar u yerdan o‘tib qaytavermaydi. Xullas, tasodifan o‘tib qaytuvchilar bo‘lishi mumkin emas.

Bundan tashqari, Abrolov “19:00 larda” unga bir qiz qo‘ng‘iroq qilganini yozadi. Keyin ular kelishdi, so‘ng u pulni oldi, kvartiradan chiqdi va pastda militsiya tomonidan qarshi olindi (u pastga tushib qaytib chiqqungacha bo‘lgan vaqt ichida “juftlik” go‘yoki yuvinib, jinsiy aloqa qilishga ulguryapti). Ya'ni vaqt o‘rtasidagi tafovut yaqqol ko‘rinib turibdi – bularning barchasi voqea ishtirokchilari aytayotgani kabi yuz berishi mumkin emas. 

Endi ichkariga kirganlar “juftlik”ni yarim yalang‘och holda uchratgani holati haqida. Eslatib o‘tamiz, Petryakov kimdir eshikni taqillatgan paytda eshikni ochishga uringani va ocholmagach, yotoqxonaga yo‘l olgani, BIR NYeChA MINUTdan keyin esa kvartiraga militsiya xodimlari guvohlar bilan kirib kelgani haqida yozadi. Ammo agar kimdir ular vaqtincha bo‘lib turgan kvartiraga kirishga astoydil urinsa, kiyinish uchun bir necha minut yetib ortadi ham. Ammo Petryakov va Ibragimova printsipial ravishda kiyinmaydi.

Roza To‘rabekova ularning turli tillarda guvohlik berishlariga e'tibor qaratmoqda. “Ular orasida til to‘sig‘i bo‘lgan. Chunki qiz viloyatlik. Yigit esa qamoqdan kelyapti, sudlangan.  Ehtimol, u bilan qandaydir kelishuv bordir: qamoq muddatini qisqartirishlari uchun u organlar bilan til biriktirgandir. 

Qonunchilikda fohishaxona tushunchasi bu yerga aynan fohishalar va ularning mijozlari kelishini anglatishi qayd etilgan (O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist M.Rustambekov tahriri ostida chiqqan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga sharhlar”da fohishaxona mijozlarni qabul qiluvchi MAXSUS JOY sifatida ta'riflangan, uning majburiy alomati esa bu yerga mijozlarning muayyan haq evaziga DOIMIY RAVIShDA kelib turishi hisoblanishi bildirilgan – tahr).

Roza To‘rabekovaning manfaatlarini himoya qiluvchi advokat B.Nabijonova nazorat tartibida berilgan protestida kelib tushayotgan shikoyat va jarayon ishtirokchilarining ular manfaatlariga taalluqli (Obidovning protesti nazarda tutilmoqda) noroziliklari haqida manfaatdor shaxslarni (jumladan, jabrlanuvchilarni – Roza To‘rabekova jabrlanuvchi bo‘lishga to‘la haqli, chunki u kvartirasini boy berdi) xabardor qilishga oid qonunchilikda belgilangan qator me'yorlarga e'tibor qaratdi. To‘rabekova xabardor qilinmagan va uning sud majlisiga ishtiroki ta'minlanmagan, ya'ni bu ish uning ishtirokisiz bir tomonlama ko‘rilgan. O‘zR JPKning 484-moddasiga (Hukmni bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun asoslar) muvofiq esa sud tergovi va ishni yuritishning to‘liq emasligi va bir tomonlama ekani sud hukmini o‘zgartirish uchun asos hisoblanadi.

Qo‘shimchasiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012 yil 13 dekabrdagi “Jinoyat ishlari bo‘yicha ashyoviy dalillarga taalluqli ayrim masalalarda qonunchilikni qo‘llash to‘g‘risida”gi 17-qarori 2-bandiga muvofiq, ushbu hujjatning 2015 yil avgustdagi holatiga ko‘ra, ashyoviy dalil tushunchasiga “JINOIY YO‘L BILAN ORTTIRILGAN mablag‘larga JINOIY HARAKATLAR SODIR ETILGANDAN KYeYIN sotib olingan mulk, pul va boshqa qimmatliklar” kiritiladi. Ayblov tomoni esa kvartira jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pulga xarid qilinganini isbotlash haqida o‘ylab ham ko‘rmagan.

Advokatning ta'kidlashicha, sudning kassatsiya instantsiyasi kvartira fohishaxonaga moslab jihozlanmagani (bir necha yotoqxona, krovatlar, xalatlar – tahr.) va uning egasi jinoyatga umuman aloqador emasligiga e'tibor ham qaratmagan.

Qo‘shimcha qilish kerakki, fohishaxonaning majburiy alomati unga mijozlarning muntazam kelib turishi hisoblanadi, bu haqda esa gap ham bo‘lmagan, jinoyat ishi materiallarida ham hech narsa deyilmagan. To‘g‘ri, Abrolov kvartirani go‘yoki shu maqsadda bergani haqida O‘lmasxon Ibragimova gap orasida aytib o‘tadi. 

“Jinoyat ishida B.Abrolov va O‘.Ibragimovani (…) o‘zaro yuzlashtirish protokoli mavjud”, – deb yozadi bu haqda advokat Nabijonova. – Va protokol oxirida B.Abrolov qo‘lda yozilgan yozuvda u qizning ko‘rsatmalarini tasdiqlamasligini va uning so‘zlari tuhmat ekanligini aytgan (bu uning “Men Bahromning kvartirani ijaraga berishini bilardim”, degan so‘zlariga taalluqli bo‘lishi mumkin, chunki boshqa o‘rinlarda ularning guvohliklari mos keladi – tahr.). Dastlabki tergov bu holatni muhokama qilmadi … va haqiqatni aniqlamadi”. 

Sherik sudyalar 

Kvartirasi musodara qilingan sud qarori haqida Roza To‘rabekova juda kech bildi (axir unga bu haqda xabar qilinmagan)  va apellyatsiya berishning 10 kunlik muddatini o‘tkazib yubordi. Keyin esa tushunmovchilik yuz bergani, kvartira jinoyat quroli bo‘lishi mumkin emasligi, chunki u ko‘chmas mulk ekanini tushuntirib, turli instantsiyalarga murojaat eta boshladi. Ammo sudyalarning barcha xuddi bir kishidek Yakkasaroy TIIB xodimlari tomonidan soxtalashtirilgan aybov xulosasiga asoslangan ikki dastlabki instantsiyaning qarorlari to‘g‘riligini tan olishdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari B.Dehqonovning 2019 yil 18 fevraldagi javobidan:

«Sud … kvartira … B.Abrolov tomonidan jinoyatni sodir etishda jinoyat quroli sifatida foydalanilganligini hisobga olib, kvartirani davlat tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risida asoslangan xulosaga kelgan…”.

Toshkent shahri jinoyat ishlari sudi raisi M.Abdujabborovning 2016 yil 23 avgustdagi javobidan:

“Sizning sud qarorlaridan norozi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (Ombudsmanga) yozgan shikoyatlaringiz ko‘rib chiqildi … 

Sizning shikoyat xatlaringizda keltirilgan aynan shu mazmundagi da'volaringiz ilgari ham jinoyat ishi materiallari asosida to‘liq o‘rganilgani, shikoyatlarni qondirish uchun asos yo‘qligi haqida batafsil javob yo‘llanganligi… sababli shikoyatingiz qanoatlantirilmasdan rad etildi”.

Toshkent shahri jinoyat ishlari sudi raisi o‘rinbosari Sh.Inog‘omovning 2016 yil 10 noyabrdagi javobidan:

“Sizning sud qarorlaridan…. norozi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga yozgan shikoyat arizangiz nazorat tartibida ko‘rib chiqildi. Xuddi shu mazmundagi da'volaringiz ilgari ham jinoyat ishi materiallari asosida to‘liq o‘rganilgani, shikoyatlarni qondirish uchun asos yo‘qligi haqida batafsil javob yo‘llanganligi… sababli shikoyatingiz qanoatlantirilmasdan rad etildi”.

Oliy sud sudyasi S.Mambetqodirovning 2019 yil 26 avgustdagi javobidan:

“Shikoyat arizangizda Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha kassatsiya sudining 2015 yil 21 dekabrdagi sizga tegishli kvartira asossiz ravishda jinoyat quroli sifatida tan olinganiga oid qarorini bekor qilishni so‘ragansiz… Sizning shikoyatingiz qanoatlantirilmasdan qoldirildi”.

Oliy sud sudyasi .E.Ergashevning 2019 yil 25 oktyabrdagi javobidan:

“Shikoyat arizangizda Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha kassatsiya sudining 2015 yil 21 dekabrdagi qarorini bekor qilishni so‘ragansiz… Sizning shikoyatingiz qanoatlantirilmasdan qoldirildi”.

“Ikki yildan so‘ng, shok holatida barcha instantsiyalar bo‘ylab yugurib yurgan paytimda Bahrom Abrolovni ko‘chada uchratib qoldim, – deb eslaydi Roza. – Men uning oldiga borib, bo‘lib o‘tgan voqealarni tushuntirib berishini talab qildim. U bularning barchasini bajarishga majbur bo‘lganini aytdi. “Meni ko‘p gapirishga majbur qilishdi”, dedi. “Ko‘p gapirish” “yolg‘on gapirish” degani bo‘lsa kerak, men shunday tushundim”.

Hozir uning tortib olingan kvartirasida shahar militsiya bo‘limi (GOM) boshlig‘ining Mirjalol (familiyasini bilmaydi) degan katta leytenant o‘rinbosari yashaydi. U o‘sha tumanning sobiq uchastka profilaktika inspektoridir. 

Maxfiy reja

Tortib olingan kvartiralarning katta qismi 2018-2019 yillar davomida o‘z egalariga qaytarildi. Ular deyarli umidini uzgan bo‘lsa-da, ishlari qayta ko‘rishga jo‘natilgandi. Ammo kvartiralar faqat bu xonadon yagona yashash joyi bo‘lganlarga qaytarildi. Bir necha kvartiralari bo‘lganlarga esa qaytarish rad etildi, holbuki, qonun uning bir xilda qo‘llanishini ko‘zda tutadi. Qolaversa, jinoyat umuman sodir etilmagandi, bu militsiyaning sahnalashtirilgan jinoyatlari edi-da. 

Kvartiralarni tortib olish kampaniyasining ko‘pgina ishtirokchilari yaqinda qamaldi. Masalan, sobiq bosh prokuror, keyin esa DXX rahbari bo‘lgan Ixtiyor Abdullaev, Oliy sud raisi o‘rinbosari Bahodir Dehqonov. Ammo adolat tantanasi haqida gapirishga hali erta: ular buning uchun jazolanmagan, ammo aniq nima uchun qamalganini faqat taxmin qilish mumkin.

Biroq “maxsus operatsiya”da bevosita ishtirok etgan ko‘plab tezkor xodimlar, tergovchi, prokuror va sudyalar hech qanday jazo olmadi. Masalan, kvartiralarni “jinoyatchilik quroli”  deb tan olmagan birinchi instantsiya sudlari qarorlarini yoppasiga qayta ko‘rishga jo‘natgan Toshkent shahri prokurori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist Mirzohid Obidov 2016 yil mart oyida Toshkent shahri hokimining ma'muriy ishlar, huquq-tartibot idoralari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosatini muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, 2017 yil boshida esa O‘zbekiston Prezidentining Toshkent shahri bo‘yicha “xalq qabulxonasi” rahbarligiga tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, “fohishaxonalarni aniqlash” bahonasida musodara qilishlar 2015 yilda boshlangandi va 2017 yildan hokimiyatdagilar bu maxsus operatsiyasidan ko‘zlangan aniq maqsadni yashirishni ham deyarli yig‘ishtirishgandi. 

2017 yil 10 sentyabrda Toshkentda uchastka profilaktika inspektorlariga 150 ta kvartira kalitlari tantanali ravishda topshirilgandi. Bu prezident Shavkat Mirziyoevning o‘sha yil 20 apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uylari bilan ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirildi. Mazkur qarorga muvofiq, ularni 2017-2018 yillarda o‘zlari xizmat o‘tayotgan joylarda joylashgan ko‘p qavatli uylardan xizmat kvartiralari bilan ta'minlashga oid dastur qabul qilindi.

Qarorga 2017-2018 yillarda Toshkent shahrida uchastka inspektorlarini kvartiralar bilan ta'minlashning asosiy parametrlari ilova qilindi. Unga asosan, ularga Toshkent shahridan 537 ta kvartira berilishi kerak edi. Davlat hokimiyati organlariga ularni o‘z tasarrufida bo‘lgan yoki ikkilamchi bozordan xarid qilingan, yoki DAVLAT TASARRUFIGA O‘TKAZILGAN kvartiralar bilan ta'minlash uchun uy-joy fondi shakllantirish vazifasi yuklangandi. 

Toshkent shahri IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jaevning 2017 yil 20 iyuldagi brifing chog‘ida aytishicha,  faqat o‘sha yilning dastlabki oylari davomida Toshkent shahrida “fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik”ka oid qariyb 400 ta holat qayd etilgan. Boshqacha aytganda, prezident rejasi qisqa vaqtda ijro etilgan. 

Aleksey Volosevich

Ruschadan “Eltuz” tarjimasi, maqola Asiaterra.info nashrida bosilgan

Tag‘in o‘qing
25 oktyabr 2021
22 oktyabr kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani fuqarolik ishlari sudida shoir Yo‘lchi Ro‘zievning da'vo arizasiga binoan bo‘lib o‘tgan ...
25 avgust 2020
Diktator uchun transformer taxt. Rassom Tuz
5 iyul 2019
Yusuf Juma 1958 yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tavallud topgan. Buxoro pedagogika institutini tamomlagan. Birinchi she'riy to‘plami «Haqiqatning oltin ...
16 noyabr 2020
O‘zbekiston maktablarida darsdan oldin madhiya kuylanib, tanaffusda maxsus radiokarnaylardan vatan mavzusidagi she'r va qo‘shiqlar eshittirila boshlandi. Joriy qilingan bu ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...