Bloger Shabnam jurnalist Bobojonovlarga qarshi chaquv yozishga majburlangan
18 yanvar kuni O‘zbekistonni tark qilgan 32 yashar bloger Nafosat Olloshukurova “Eltuz” muxbiri bilan suhbatda unga qarshi qiynoqlar Muhammad Solih, Do‘stnazar Xudoynazarov va jurnalist Bobojonovlarga qarshi chaquv yozdirib olish uchun bo‘lganini bildirdi.
Shuningdek, u “Eltuz” muxbiriga Sog‘liqni saqlash vazirligi psixiatri Levon Ambartsumov boshchiligida uni qayta ruhiy shifoxonaga yotqizishga urinish bo‘lgani, o‘zbek rasmiylarining ayni harakatlari uni mamlakatni tark etishga majbur etganini iddao qildi.
O‘zbekistonda o‘tgan saylov arafasida Xorazmdagi ruhiy shifoxonaga majburan tashlangan va uch oy ushlab turilgan bloger Nafosat Olloshukurova 28 dekabr kuni u yerdan chiqarilgan, “maxsus komissiya Olloshukurovaning boshqa davolanishga ehtiyoji yo‘q”, deb topgan edi. Biroq Nafosat Olloshukurovaga ko‘ra, uni qaytadan ruhiy dispanserga yotqizishga urinish davom etgan.
Olloshukurova 23 sentyabr kuni adolat izlab Xorazmdan Toshkentga, ichki ishlar vaziri bilan uchrashish uchun piyoda yo‘lga chiqqan shoir va jurnalist Mahmud Rajabning harakatlarini yoritgani ortidan 10 kunga qamalgandi. Qamoq jazosini o‘tagach, ozod qilinmay, ruhiy shifoxonaga yotqizilgan bloger mamlakatda eng ko‘p qiziqish bildirilgan figuraga aylangandi. Nafosat ayni faoliyatini davom ettirish niyatida ekanini aytmoqda.
Bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish tashkiloti, Amnesty international, Cotton Campaign kabi xalqaro tashkilotlar Nafosat Olloshukurovani ozod etishni O‘zbekiston hukumatidan talab qilib chiqishgan edi.
Eltuz.com