Asosiy mavzular
10 fevral 2020

Rasmiylar “mushtlashuv” deb atagan voqea qozoq-dungan mojarosimi?

Qozog‘istonning Jambul viloyatida 7 fevral kuni yuz bergan ​etnik mojaroda 10 kishi o‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma'lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarning qozoq segmentida 7 fevral kuni kechki paytda Qozog‘istonning Jambul viloyati Qo‘rdoy tumaniga qarashli Masanshi ovulida mahalliy aholi o‘rtasida yuzaga kelgan katta janjal hamon muhokama qilinmoqda.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qaev hozirgacha ushbu mojaro yuzasidan ikki marta o‘z munosabatini bildirdi.

Markaziy kommunikatsiya xizmatida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ichki ishlar vaziri Yerlan Turg‘umboev mazkur janjalga bog‘liq hodisalar haqida xabar bergan. 

Vazirning aytishicha, janjal paytida sakkiz kishi halok bo‘lgan, qirqdan oshiq kishiga esa turli darajada tan jarohatlari yetkazilgan.

Ayni chog‘da ushbu voqeaga yuzasidan «bezorilik» va «odam ӯldirish» moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Mavjud ma'lumotlarga qaraganda, qozoq-dungan mojarosida 30 dan ziyod uy-joy, 15 ta savdo do‘koni, 23 ta avtotransport yondirilgan.

Tezkor guruh ishlari natijasida 47 nafar shubhali shaxs hibsga olingan, ulardan ikki nafaridan qurol-yarog‘lar musodara etilgan. 

Tartibni nazorat qilish maqsadida mazkur tumanga politsiya xodimlari va Milliy gvardiya safarbar etilgan.

– Isyonchilar va guvohlar qo‘zg‘alonni videoga tushirib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan. Shu bilan birga, fuqarolarni qonunlarga zid harakatlar sodir etishga da'vat qilgan. Shundan keyin janjal bo‘layotgan joyga qo‘shni qishloqlardan 300 ga yaqin odam kelgan. Bezorilar bir-biriga tosh otgan, metall ashyolardan foydalangan, shuningdek, qurol-yarog‘lar ishlatgan, – deydi Yerlan Turg‘umboev.

Oq o‘rdaning rasmiy saytida davlat rahbarining qozoq-dungan mojarosiga oid bayonoti e'lon qilindi. Unda bunday deyiladi: 

«Bu vaziyatdan janjalkashlar o‘z maqsadida foydalanishdi. Afsuski, bu voqea paytida inson o‘limi kuzatildi. Men vafot etgan fuqarolarning oila a'zolariga ta'ziya bildiraman. Jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishiga tilakdoshman. 

…Jambul viloyati hokimi bilan birgalikda halok bo‘lganlarni dafn qilish, jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatish chora-tadbirlari tashkillashtiriladi. Shuningdek, vaziyatni barqarorlashtirish ishlari bilan shug‘ullaniladi. Jamoat tartibini buzganlar aniqlanib, jiddiy javobgarlikka tortiladi. Davlatimiz manfaatlariga zarar, millatlararo ahil-inoqligimizga darz etkazgan va soxta xabarlar tarqatgan fuqarolar qonun oldida javob beradi», deyilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda qozoq-dungan mojarosi ham xuddi bundan oldin ro‘y bergan janjallar kabi boshqa diaspora vakillarining qonunlarga bo‘ysunmay tartibsizliklar sodir etishlari tufayli yuzaga keldi, degan fikrlar yangramoqda. 

Shuningdek, bu janjalda “ulug‘ rus og‘alar”imizning qo‘li borligiga doir fikrlar ham ilgari surilmoqda.

OAVda yoritilgan xabarlarga tayanilsa, bu safar ham Qo‘rdoy tumanida allaqanday fuqarolar politsiyaga bo‘ysunmasdan, ularga kuch ishlatgan.

Bu fuqarolarning mazkur tumanda yashovchi etnik dunganlar ekanligi aytilmoqda. Bundan nafratlangan mahalliy aholi dunganlarga qarshi ommaviy janjalga otlanishgan. Buni mahalliy politsiya xodimlari ham tasdiqlagan.

Keyingi paytlarda Qozog‘istonda millatlar o‘rtasida janjallar tez-tez ro‘y bermoqda. Bunga Pavlodar viloyati Kereku shahridagi qozoq-rus, Olmaota viloyati Chelak tumanidagi qozoq-uyg‘ur, Turkiston viloyati Sayram tumani Qorabuloq qishlog‘idagi qozoq-o‘zbek, Olmaota viloyati Enbekshiqozoq tumani Malovodnoe va Qozatkom ovullaridagi qozoq-chechen mojarolari misol bo‘la oladi.

Dunganlar kim? 

Dunganlar islomni qabul qilgan xitoyliklardir. Dungan so‘zi turkchada o‘zgargan¸ evrilgan yoki teskari aylangan degan ma'no beradi. Dunganlar Qirg‘izistonda, Qozog‘istonda va O‘zbekistonda yashaydi. Qozog‘istonning Jambul viloyatida 50 mingga yaqin dungan bor.

Eltuz

Tag‘in o‘qing
15 dekabr 2015
Bunda pivo istisno qilingan. Yangi narxlar Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 2015 yilning 3 dekabrdagi qo‘shma qarorida tasdiqlangan. ...
8 sentyabr 2017
8 sentyabr kuni, ertalabdan avtobuslar kolonnasi Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l shahri maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta'lim muassasalari va tibbiyot xodimlarini ommaviy tarzda ...
10 fevral 2020
Qozog‘istonning Jambul viloyatida 7 fevral kuni yuz bergan ​etnik mojaroda 10 kishi o‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ...
1 iyun 2021
Toshkentlik faol Aleksey Garshin Shovvozsoyda Mirziyoev tegishli ekani aytiladigan dam olish maskani yaqinigacha yetib bordi. Bu Toshkent viloyatining Ugom-Chotqol ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...