Asosiy mavzular
11 fevral 2020

Josuslikda ayblanib vayron qilingan Erdonov oilasi adolat kutmoqda

Surxondaryolik Abdug‘ani Erdonov 62 yoshda. U shundan 7 yilini qamoqda o‘tkazmoqda. Tadbirkor va besh farzandning otasi Erdonov Tojikiston foydasiga josuslik qilishda ayblandi. U qattiq qiynoqqa solishlari, buning oqibatida o‘ziga qarshi ko‘rsatmalar berishi haqida hech qachon o‘ylab ham ko‘rmagandi.

Erdonov ishining qayta ko‘rib chiqilishini so‘rab iltimosnomalar yozmoqda. Ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar o‘zbek sudiga o‘zining nohaq qamalganini bildirishga urinmoqda. Lekin uning yana qancha vaqt tutqunlikda o‘tirishini hech kim bilmaydi. 

Erdonov oilasiga qarshi josuslikka oid ishni to‘qib chiqargan Milliy xavfsizlik xizmati polkovnigi, MXXning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tergov bo‘limi sobiq boshlig‘i Nodir To‘raqulovning o‘zi 2018 yilda 16 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U Jinoyat kodeksining 11 ta moddasi, jumladan, ta'magirlik, o‘zlashtirish, poraxo‘rlik, hujjatlarni qalbakilashtirish, aybsizlarni javobgarlikka tortish, qiynoqlar qo‘lash, hokimiyat vakolatlarini suiste'mol qilish kabi jinoyatlarda aybdor deb topildi. 

Ammo To‘raqulov hibsga olgan, qiynagan, turli uydirma ayblovlarni bo‘yniga qo‘ygan kishilar hali ham turmalarda qolmoqda. O‘zbekiston sudi bu “aybdor”larni ozod qilishga shoshilmayapti. O‘zbekistondagi oddiy odamlarning hayoti va taqdiri arzirli qiymatga ega bo‘lmay qolganiga ancha bo‘lgan. 

O‘g‘li bilan birga Sherobod tumanidagi manzil koloniyada o‘tirgan Abdug‘ani Erdonov joriy yilning fevral oyida Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari sudida bo‘lib o‘tadigan jarayonni kutmoqda. Abdug‘ani Erdonov o‘zining jinoyat ishini diqqat bilan o‘qib chiqib, uning boshdan-oyoq uydirmaligiga, Nodir To‘raqulov boshchiligidagi to‘da mazkur josuslik ishi bo‘yicha hibsga olingan uchta ayol iqrorlik ko‘rsatmasi olish uchun qo‘llanilgan qiynoqlarga chiday olmay, hibsxonada vafot etganiga e'tibor qaratadigan sudya topilishiga umid qilmoqda.

Abdug‘ani Erdanov «Eltuz»ga o‘zining hibsga olinishiga oid qayg‘uli yozuvni yubordi. Unda o‘zining shafqatsizlikka qorishgan hibsga olinish tarixini batafsil bayon etgan. 

Qadrli tinglovchilar, «Eltuz» ushbu voqea tarixini sizga havola etadi: https://youtu.be/XM7U4maNb4c

Abdug‘ani Erdonov hikoyasi

2013 yilning 2 may kuni ertalab soat 6 larda men «Neksiya» avtomobilida ishga otlandim. Ish joyim Angor tumanida joylashgan «Husniddin Chori» xususiy firmasida edi. Namunali uylar qurardik.

Mashinamda yo‘l-yo‘lakay shirkat raisi Choriev Ro‘ziboyni olib, Angor ulgurji bozoriga bordik. Qurilishga kerakli narsalarni oldik.

Qurilishimizda o‘sha paytda oltmishtacha odam ishlardi. Men ular uchun novvoyxonadan non, oziq-ovqat oldim. Ish joyiga bordik. Keyin raisimizni hokimiyatga yig‘ilishga chaqirishgan ekan, tashlab qo‘yib, boshqa ob'ektim – Angor tumani «Qizil Yulduz» mahallasidagi maktabga qarab yo‘l oldim.

Maktabni kapremont qilayotgan edik.  U erdagi ishchilarga oziq-ovqat va qurilish materiallari olib borishim kerak edi. Angor markazidagi bu maktab 10 km chamasidagi masofada joylashgan edi.

Yo‘lda meni,  keyinchalik bilishimcha, MXX xodimlari poylab turishgan ekan. DAN xodimi kiyimini kiygan MXX xodimlaridan biri meni yo‘l chekkasida to‘xtatdi. Men mashinamdan tushib, hujjatlarimni uning qo‘liga berdim. 

U menga orqada turgan «Neksiya» avtomashinasini ko‘rsatdi. Men «Neksiya»dagi haydovchi oldiga borib nima gapligini so‘radim. «Neksiya»ning orqa o‘rindig‘ida yana uch kishi o‘tirardi. Haydovchi kabinaga kirib o‘tirishimni imladi. Oldingi o‘rindiqqa o‘tirishim bilan orqada o‘tirganlardan biri boshimga qattiq narsa bilan urdi va men hushimni yo‘qotdim.

Birozdan keyin o‘zimga kelganimda qo‘llarim kishanlangan, boshim og‘rib, ko‘zoldim qorong‘ilashgan edi. Ular menga «sen bizga kerak eding», deyishdi. Mobil telefonim va yonimdagi bir milliondan oshiq pulimni olib qo‘yishdi.

«Meni ushlashga orderlaring bormi?» deb so‘radim, uydagilarga telefon qilishim kerakligini aytdim. Ular ko‘nishmadi. Ustamasiga qattiq do‘pposlab tepib tashlashdi. Keyin mashinani Termiz shahri yaqiniga haydashdi.

Ozroq yurib, haydovchi qaergadir telefon qildi va Angor-Termiz trassasidan, Ayritom tarafdagi Afg‘on yo‘liga burilishdi. Mening shaxsiy mashinam ular meni ushlagan joyda qoldi. Hanuzgacha men mashinamni ko‘rganim yo‘q.

Bizga qarama-qarshi yo‘nalishda MXXning katta UAZ mashinasi kelayotgan edi. Boshimga qop kiygazib, tag‘in urib-haqoratlab, meni o‘sha kelgan mashinaga o‘tkazishdi va Termiz shahri tarafga haydashdi.

Bu voqea kunduzi 10-11 lar chamasi sodir bo‘ldi. Mashinada haydovchidan tashqari to‘rt kishi bor edi. Ular meni manzilga etkuncha urib borishdi. Mashinada chamasi kimningdir shaxsiy uyiga va dachasiga kirib bordik. Bunday o‘ylashimga sabab, bu hovli hech qanaqa davlat qamoqxonasi yoki EVSga o‘xshamas edi. U yerda meni ikkinchi qavatga olib chiqishdi. 

Meni olib kelganlar u yerdagi grajdan formasidagi kishilarga topshirishdi. Xonada bitta karavot, bitta yozuv stoli va stul bor edi. Qo‘limni bo‘shatishmadi va kiygizilgan xaltani boshimdan olishmadi. Harorat haddan tashqari issiq edi. Men ulardan boshimdagi xaltani olishlari va ichishga suv berishlarini so‘radim. Berishmadi.  Biz seni faqat qo‘riqlaymiz, kerakli odamlar kelib boshingdagi xaltangni olib, qo‘lingdagi kishanni yechishadi, deyishdi.

Kunduzi soat 3 lar atrofida yana ikki grajdan formasidagi kishi kelib, boshimdagi xaltani yechib, so‘roqqa tutishdi. Men ularga kimligim, Angor tumanidagi xususiy korxona ish boshqaruvchisi va ta'minotchisi bo‘lib ishlashimni aytdim.

Ular menga «Sen xoinsan, josussan» deb, qo‘lidagi dubinka bilan to‘g‘ri kelgan joyimga ura boshlashdi. Boshimning uch joyidan qon otilar edi. O‘shanda ikkita barmog‘im, oyog‘im sindi. Ikkita qovurg‘am qattiq lat yedi.

Ko‘zim xiralashib, hushimdan ketib yiqildim. Bir soatlarda o‘zimga keldim. Keyin meni ikki qo‘limdan shiftga osib qo‘yishdi.

Dubinka bilan to‘xtovsiz urishdi. «Biz nima desak shuni yozib berasan. Bo‘lmasa seni o‘ldiramiz», deyishdi. «Ko‘z o‘ngingda xotining, qizing, keliningning nomusiga tegamiz. Uyda qolgan o‘g‘lingni olib kelib qamaymiz. Menga mana shularni yozib berasan» deb, qog‘ozga yozib berishdi.

1-savol. «Tojikiston Respublikasi «KGB»si senga va aka ukalaring va singillaringga beradigan axborotlaring uchun qancha ming dollar va'da qilishdi?» Ularning aytishicha, bizga Tojikiston «KGB»si yuz ming dollar va'da qilgan ekan.

2-savol. Angor tumanidagi harbiy qismning harakatlanish sxemasini qaysi ofitserdan olganim, qancha miqdorda dollar berganligim haqida edi. Ofitserning familiyasi, unvonini aytib berishim kerak edi.              

3-savol Termiz tumanidagi harbiy qismlarning qaerda joylashgani, qancha askar va ofitserlar xizmat qilishi, qancha harbiy texnika mavjudligi, shu harbiy qism boshlig‘ining unvoni, ismi-sharifi, qancha maosh olishi haqida edi.

4-savol men «Mahmud» degan tojikistonlik komandir haqida nimalarni bilishim, uning qaerda va qancha askari borligi, mening u bilan aloqam, Tojikistonda u haqda qanday gaplar borligi haqida edi.

5-savol. Bizlar – jiyanim Erkin Erdonov, Begali Erdonov, Tojikistondan ko‘chib kelgan ikkita ayol – Xadicha va Gulchehra, singillarim Barno va Mavluda bir uyushgan guruh ekanimiz. Qarindoshlarim biznikiga qidirib kelishganida xuddi bizlar bir joyga to‘planib, O‘zbekistonda Termiz shahrining markazida joylashgan bitta maktab, «Yubileyniy» bozori, oblhokimiyat, istirohat bog‘i, UVD binosi, ov stadioni, gazozapravkada qo‘poruvchilik amaliyotini sodir etish va bunga yana  O‘zbekistondan odam yollash, Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan mardikor bozoridagi, Oqtepa mahalasidagi kambag‘al ishchilarni ham jalb qilganim, yana Tojikistondan laqay xalqiga mansub bir ayolning bu yerga kelib «xudkushlik» qilishi haqida bo‘ldi.

6-savol qo‘poruvchilik amaliyotida qanday vositalarni ishlatishimiz, qaerdan olganligimiz va qanday tayyorlaganimiz, qaerdan kiritganimiz haqida edi.

7-savol esa «xudkush» ayolning qaysi yo‘l bilan Tojikistondan O‘zbekistonga o‘tgani, va qachon qo‘poruvchilik qilishimiz, kimlar qatnashishi va ularga qanchadan dollar berishimizga oid edi.    

8-savol 2008-2009 yillarda singillarim Xadicha va Gulchehrani Toshkent shahridagi sanatoriyga jo‘natganimga oid bo‘lib, ularga men yana kimlarnidir topib kelishlarini tayinlaganim va men bularga boshliq bo‘lib o‘z hisobimdan jo‘natganim haqida edi.

9-savol raisimiz Choriev Ro‘ziboyga qancha pul foizga berganim, uning boshchiligida qancha tsement, armatura sotganim, hisobga tushgan pulni naqd qilib olish uchun qaysi firmalarga o‘tkazganim, qancha foizga naqd pul qilishim, tenderda g‘olib bo‘lish uchun tender komissiyasiga qancha pul berganim,  tuman hokimiga, prokurorga qancha pora berganlim, Toshkent shahrida uyim va ikkinchi xotinim borligi, viloyatdagi Gasem boshlig‘iga, uy-joy qurilish bankining xodimlariga qancha pul berganim, namunaviy uylardan qanchasini o‘zimga olganim, qurilishi tugagan uylarni qabul qilgan davlat komissiyasi a'zolariga qancha berganim va boshqa hokazolar haqida edi.

10-savol portlovchi moddalarni qaerda saqlayotganligimiz, olib borib ularni ko‘rsatish, qaerga ko‘mib qo‘yganimiz, kim bilan tayyorlaganimizni yozib berishim kerakligi haqida bo‘ldi.

11-savol o‘zimga, jiyanim Erkinga, ukam Begaliga, Xadichaga, Gulchehraga, singlim Barnoga, Mavludaga, akamga qanday yashirin nomlar qo‘yganim, qanday parollar berganim haqida.

12-savold jiyanim Erkinning menga «Mahmud» degan komandirning Termiz shahrida yashashi to‘g‘risida bergan ma'lumoti va afg‘on ko‘prigi suratini olib kelib bergani haqida yozib berishim so‘ralgan.

13-savolda Xadicha menga Jarqo‘rg‘on tumanidagi Kakaydi posyolkasida joylashgan harbiy qism va o‘sha yerda joylashgan aerodromda turgan ikkita «Mig 29» harbiy samolyoti suratini olib kelib bergan, deb yozishim talab etilgan.

14-savol. Tojikiston «KGB» boshlig‘ining ismi-familiyasi, unvoni. Jinniko‘l tumani KGB boshlig‘ining, familiyasi, ismi, unvoni, meni ushlab ketgan KGB xodimining ismi-familiyasi, unvoni haqida yozib berish.

15 savol. Jarqo‘rg‘on tuman «Qaqaydi» poselkasida yashovchi fuqaro Zoir shashlikchini tanishimni yozib berishim.

16-savol akam, 2011 yilning 31 dekabrida halok bo‘lgan Erdonov Ergash haqida bo‘ldi. Akam avtohalokat paytida bir piyodani urib halok qilgani va o‘zi ham o‘lgani. Iddao o‘sha notanish o‘lgan odamning mening buyrug‘im bilan o‘ldirilgani haqida edi.

Ularning aytishicha, o‘lgan notanish fuqaro bilan bir-ikki yil oldin kelishib, yaqinda biz qo‘poruvchilik sodir etamiz, sen bizga yordam berasan deb, evaziga 5000 dollar va'da beribman.

Bir yildan keyin u oldimga kelib, sen menga pul taklif qilgan eding, hozir shuni bermasang, hamma gaplaringni organ xodimlariga aytib beraman, deganmish. Keyin men akamga aytib, avtomashinada urib o‘ldirishni buyurgan ekanman.

Xullas, yuqoridagi savolar va ularning iddao qilgan javoblari boshdan-oyoq to‘qib chiqarilgan edi. Shu tariqa 12 maygacha ana shu xonada turdim. Meni kechayu kunduz o‘sha ikkita soqchi qo‘riqlab chiqdi.

Xonada tualet yo‘q. Yengil hojat qilish uchun xonaning o‘zida 1,5 litrlik baklashkada, og‘ir hojat uchun esa kechasi tungi 1-2 larda olib chiqishardi. Har ikkalasining qo‘lida to‘pponcha, mening qo‘lim kishanlangan, boshimda qora qop kiygizilgan holatda hojat chiqarardim.

Yon-atrofdagi qo‘shnilar tualetdan foydalanishmasdi. Tualetga kirganimda qo‘limni bo‘shatib, boshimga pistolet tirab turishardi. Ovqat bir kunda bir marta, yaqin oshxonadan olib kelinardi. Yengil hojat qilganimda baklashkada qip-qizil qon ko‘rinardi. Chunki buyragimga qattiq urishgan, tepishgan edi. Yuvingani suv yo‘q, ichgani ham suv berishmasdi.

Shu zayl o‘n kun davomida kechayu-kunduz faqat urishdi. Vahshiylarcha qiynashdi. Ustimdagi kuylak va shimim badanimga yopishib qoldi.

12 may kuni meni MXX mashinasida Termiz shahriga olib kelishdi. Ana shu ikki soqchi ikki yonimda qo‘riqlab borishdi. O‘n kun yuvinmagandim, sasib ketgan edim. Meni Termiz shahar garnizoni hammomiga olib kirishdi. Shu yerda bir ofitser bilan bir soldat soqolimni olib, cho‘miltirib qo‘yishdi. 

Badanimga qarab bo‘lmas, hamma yog‘im jarohatlangan edi. Kiyimlarimni ham o‘sha yerda chayqab oldim. Keyin ular meni viloyat MXX idorasiga olib borishdi. Yo‘l-yo‘lakay MXX xodimlari menga qarata kaltak yeganimni aytmasligim, menga qo‘yilgan ayblovlar to‘g‘riligini tasdiqlashimni, jarohatlangan joylarimni ko‘rsatmasligimni buyurishdi.

Kechqurun soat chamasi beshlarda meni eshigiga katta tergovchi polkovnik Arziev Baxtiyor deb yozib qo‘yilgan xonaga kirgizishdi. Uning xonasida chamasi 6 kishi bor edi. Ular ichida Nodirni tanidim.

Chunki u bir kuni meni qamalib yotgan joyimga borib, o‘zini men Nodir bo‘laman deb tanishtirgan edi. Hamma jim, faqat Nodir gapirardi. U menga savol bera boshladi. Nega sen Tojikistondan O‘zbekistonga ko‘chib kelding? Maqsading nima edi? Tojikiston KGBsidan kim sizlarni boshqaradi? O‘sha odamning ismi, familiyasi, unvoni…

Termizdagi Afg‘on ko‘prigini ko‘rganmanmi, yo‘qmi… Ko‘prikning maketini chizib berishimni so‘rab, qo‘limga qog‘oz va qalam berdi.

Harbiy qismlarning maxfiy harakatlanish sxemasini chizib berishimni talab qildi. Men bunday ishlar qilmaganimni, men hech qanaqangi guruhda yoki tashkilotda yo‘qligimni, O‘zbekistonga – ona vatanimga ko‘chib kelib, bir umr yashashni orzu qilganligim va biror yomon yo‘lga yurmay, halol mehnat orqali yashayotganligimni aytdim.

Shimimni yechib, hamma jarohatlarimni ko‘rsatdim. Shundan keyin ular o‘zaro rus tilida suhbat qila boshlashdi. Men rus tilini bilardim. Quloq solib turdim.

Nodir menga qo‘yilgan ayblovlar bir pulga qimmatligi, buni harbiy sudda isbot qilib bo‘lmasligini, biz ayblovlarni oilaviy rad qilishimiz, ayblarni bo‘ynimizga qo‘yish sudda qiyin bo‘lishini aytdi.

Bu ishda faqat fleshka ishlatish qo‘l kelishi, qo‘poruvchi qurollar faqat qo‘lbola bo‘lishi kerakligini ularga tavsiya qildi.

Jarayonni harbiy sud emas, fuqarolik sudi ko‘rib chiqmasa, bu dalillar o‘tmasligini tushuntirdi.

«Eltuz»ga qamoqdan yetib kelgan matn parchasi shu yerda tugadi. Kelgusi ko‘rsatuvlarimizda qanday qilib oddiy tadbirkordan josus yasalganiga oid voqeaning davomi haqida tinglashingiz mumkin.  

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 mart 2023
Toshkent markazidagi muzeyda Rauf Parfi haykali tantanali ochilgani va Karimov davrida xor zor bo‘lgan Cho‘lpon portreti namoyish qilingani haqidagi ...
3 iyun 2023
Frants Kafka o‘limidan keyingina ko‘plab asarlari chop etilgan va dunyoga tanilgan 20-asrning buyuk yozuvchilaridan biridir. Tirikligida u bir nechta ...
28 iyul 2018
Qadrli vebsahifamiz o‘quvchilari. «Eltuz» nashri jamoasi ta'tilga chiqadi. Bu vaqt ichida o‘tgan davr mobaynida bosilgan e'tiborga loyiq ayrim maqolalar, ...
7 may 2018
Yevropaning eng rivojlangan davlatlari, jumladan, Germaniya, Osiyoda esa Yaponiya atom elektr stantsiyalari o‘rniga qayta tiklanadigan muqobil energetikaga o‘tish qat'iyatini ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...