RTdan va'z: Miltiq tepkisini kim bosadi?
“Straus House” muassisi tuyaqush olib beraman deb odamlardan aldab olgan pulini timsoh sotib olish uchun sarflabdi. Ammo na timsohdan va na tuyaqushdan darak bor. Tuyaqush ko‘rdingmi, yo‘q.
Ahmadboy esa qamoqdan chiqarsangiz ishlab odamlardan o‘margan pulimni qaytaraman, dedi. 12 million dollar pulni mol boqib so‘yib sotib topaman, dedi piramidachi boy ota. Biz ishondik, ammo sudya ishonmadi.
O‘zbekiston hukumatining o‘zi ham o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini, xorijga chiqayotgan sozandaning cholg‘usini olib qo‘yadigan muttahamga aylandi.
3 mart kuni Toshkent aeroportida o‘zbekistonlik sozanda Dilshod Nazarovning violenchelini bojxonachilar olib yo‘ydi. Dilshod Nazarov qator xalqaro mukofotlar laureati, Parij oliy konservatoriyasini bitkazgan ilk o‘zbekistonlikdir.
Mavzuni shu kabi mahalliy va chet el xabarlaridan so‘ng davom ettiramiz.
Mahalliy xabarlar
Yig‘ilish qatnashchilarini uyat gaplar bilan so‘kkan Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov 4 mart kuni ishdan bo‘shatildi. Uni fermerlarni suvga bo‘ktirgani bilan tanilgan Qashqadaryo hokimi Zoyir Mirzaev bo‘shatdi.
3 mart kuni Buxoro viloyati Olot tumaniga Nargiza Ne'matova hokim etib tayinlandi. Lekin Olotning fermerni kaltaklagani bilan tanilgan sobiq hokimi Sherali Salomov uzoqqa ketgani yo‘q. U Buxoroning Qorako‘l tumaniga hokim qilib tayinlandi.
4 mart kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligining «Vatanparvar» gazetasi muxbiri Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib 12 yilga qamaldi.
Chet el xabarlari
Asli kasbi tish doktori bo‘lgan Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov o‘zining Olmos laqabli otini koronavirusdan davoladi. Bu haqda Turkmaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Orqadog‘ga sharaflar aytilayotgan shu paytga kelib dunyoda koronavirusdan o‘lganlar soni, rasmiy ma'lumotga ko‘ra, 3 254 nafarga yetdi.
Galileyning tazarrusi
Toshkentdagi Imom at-Termiziy masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatov peshin namozi payti namozxonlardan birini barchaning oldida «vahhobiylarning namoyandasi», deya izza qildi.
Vahhobiy, hizb va hanafiy musulmonlarning internetdagi o‘zbek segmenti esa ikki mingta xudo bor degan komediant blogerni virtual sazoyi qildi.
Komediant ham bir yumalab kalimai shahodat keltirishi bilan unga la'nat o‘qib, tosh bilan boshini yorib o‘ldirmoqchi bo‘lgan olomon qalbi mehr bilan limmo-lim to‘ldi.
Musht bo‘lib tugilgan qo‘l duoga ochildi. G‘azabli ko‘zlardan sevinch ko‘z yoshlari to‘kildi.
Bu olomon mosholloh deya o‘z fikridan qaytib tavba qilgan komediantnigg qo‘lini o‘pib tavarik qilishdi.
O‘zbek komediantining tazarrusi bundan 500 yil oldin yashagan italiyan astronom olimi Galileo Galiley tazarrusini eslatdi.
15 asrda Italiyadagi radikal dindorlar yer o‘z o‘qi atrofida aylanmaydi, deya fatvo chiqarishgan edi.
Yer o‘z o‘qi atrofida aylanadi, degan fikrni ilgari surgan olim Galileo Galiley radikal dindorlar sazoyisidan qo‘rqib, o‘z fikridan namoyishkorona qaytgan edi.
Aytishlaricha, tavba qilib bo‘lgan Galiley sekingina “Yer baribir aylanyapti”, degan.
Jahonga sig‘maganlar
1600 yilning 17 fevralida Rim shahri markazida fizik olim Jordano Bruno katolik dindorlar fatvosiga ko‘ra tiriklay yoqib yuborilgan edi.
Jordano Bruno yerning o‘z o‘qi atrofida va quyosh atrofida aylanishini aytgani uchun radikal dindorlar g‘azabiga nishon bo‘lgandi.
Oradan yillar o‘tib katolik cherkovi Brunoniing yoqilishi xato bo‘lganini tan oldi.
Chunki katolik cherkovi istaydimi yo yo‘qmi, yer o‘z o‘qi atrofida aylanmoqda.
Bruno yoqilganidan 100 yil so‘ngra Balx shahrida ulug‘ shoir Boborahim Mashrab osib o‘ldirildi.
Ajab majnun erurman, dasht ila sahrog‘a sig‘mamdur,
Dilim daryoyi nurdur, mavj urub dunyog‘a sig‘mamdur.
Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mendadur mavjud,
Chu sultoni azaldurmanki, arshi a'log‘a sig‘mamdur.
Gah o‘rus, gohi cherkas, gohi mo‘min, gohi tarsoman,
Ne kavnayni miyoni lou illollog‘a sig‘mamdur.
Mudom miskin erurman chun g‘uloming – Mashrabingdurman,
Meni bechora bu dunyo bilan uqbog‘a sig‘mamdur.
Boborahim Mashrab diniy ulamolar nazarida noto‘g‘ri aqida sohibi edi. Shu bois o‘ldirildi.
1417 yilda esa yana bir ulug‘ shoir Nasimiy hozirgi Suriyaning Halab shahrida terisi shilinib o‘ldirilgan va jasadi taxtaga qoqilib, bozor maydonida tomosha uchun qo‘yilgan edi.
Yana o‘sha ayb -noto‘g‘ri ibodat qildi, degan fatvo. Aytishlaricha, u terisi shilinayotgan paytda mana bu she'rni o‘qigan ekan.
Menman lomakon ganji — makona sig‘masman,
Yuksak bu ruhim — jism ila jona sig‘masman.
Insondagi bor vahmu xayol menda esa
Bosmas vahima, aqli ayona sig‘masman.
Menga sig‘ar ikki jahon, men jahona sig‘masman.
Uzoq va yangi tarixda kimki ma'rifat mashalasini yoqib, ulus shuurini yoritmoqchi bo‘lsa, u aksar holda bu jahonga sig‘magan.
Dunyoni ostin-ustun qilgan yovuzlik
O‘zbekistonda ilk teatrni sahnalashtirgan jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy 1919 yilda Amir Olimxon tomonidan diniy ulamolar fatvosi asosida kofir deya qatl etilgani yangi tarixning qora kunlaridan biri edi.
Nega Bruno gulxanda yoqildi, Nasimiyning terisi shilindi, Mashrab osildi? Hozirgi tilda aytadigan bo‘lsak, ular toqatsizlik qurboni bo‘lishdi.
Toqatsizlik bugun ham bardavom.
Masalan, Toshkentdagi Imom at-Termiziy masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatov ham oyoqlarini kerib namoz o‘qiyotgan birodarning ibodat tarziga toqatsiz bo‘ldi.
Agar Begmatovga qo‘yib berilsa, bu “vahhobiy”ning terisini shilib olishga ham hozir.
Dunyo tarixi aslida toqatsizlik tarixidir. Shialar shia bo‘lgani, hindilar maymun va sigirga sig‘ingani, yahudiylar tavrot o‘qigani uchun o‘ldirildi, mol-mulki toroj bo‘ldi.
Qo‘shiqchi Jahongir Otajonov fa-fa-fa deb chellenj qilgani uchun yuz minglab vatandosh uni burdalab tashlash niyatida oyoqqa qalqdi.
Ayni paytda bu olomon oldingi prezident qizlarining milliardlab davlat pulini o‘margani va hozirgi prezident kuyovlarining mamlakatni talon-toroj qilayotganiga toqatli.
Nima o‘zi toqatsizlik?
Ingliz tilidagi Intolerance kalimasi bizning tushunchamiz va dunyoqarashimizga to‘g‘ri kelmaydigan barcha narsani rad qilish demakdir.
Hollivud kinochisi Devid Uork Griffit 1915 yilda suratga olgan Intolerance filmi bir-birining dunyoqarashidan nafratlangan to‘dalar to‘qnashuvi haqida hikoya qiladi.
Aynan shu filmda toqatsizlik dunyoni ostin-ustun qiladigan yovuzlik ekani ayon bo‘ladi.
Chiyi baxmal kiygan olomon
Ëshligimizda deyarli barchamiz qora chiyi baxmaldan sharvar shim, bo‘mazi ko‘ylak va paxtalik guppi kiyardik. Oyog‘imizda esa shina zavodida chiqarilgan yelim kalish.
Qo‘shnimiz Sora opaning erka o‘g‘li Ravshan esa zangori rangli klyosh shim, uchi bigizday qora lok tufli va temir tugmali xinorang fikon kuylak kiyardi.
Bizning sochlarimiz mashinkada taqir qilib olingan edi. Ravshanning taralgan sochlari yelkasini qoplagan edi.
Biz bit bosgan yag‘ir paxtalik guppimizdan faxrlanib, Ravshandan ochiqchasiga nafratlanardik.
Uning bit bosgan paxtalik guppi kiymagani bizning nazarimizda ulug‘ gunoh edi. Ko‘plashib Ravshanni tutib urdik. Fikon kuylagini yirdik. Kimdir qaychi olib kelib uning uzun sochlarini kesib tashladi.
Biz o‘zimizga o‘xshash juldirvoqi bo‘lmagani uchun Ravshanni jazoladik. Siydik isi o‘tirib qolgan chiyi baxmal ishtonimizni ko‘tarib, g‘alaba nashidasini surgandik o‘shanda. Yanglishmasam, 1974 yil edi.
Hozirgi tushuncha bilan aytsak, biz Ravshanning tashqi ko‘rinishiga toqatasiz bo‘ldik. Bu toqatsizlik nafratga aylangan va pirovardida qo‘shnining o‘g‘li sazoyi qilingan edi.
Jordano Brunoni gulxanda yoqqan katolik dindorlari kabi toqatsiz edik. Yillar o‘tib katolik cherkovi ham o‘z aybini tan oldi. Men ham Ravshanni kaltaklashda ishtirok etganimni xato deb hisoblayman.
Holbuki, men ham ichimda Ravshan kabi klyosh shim va fikon ko‘ylak kiyishni chandon istardim. Titilib ketgan kalish va bit bosgan paxtalik nimchamdan nafratlanar edim.
Ammo to‘da instinktiga sodiq bo‘lish uchun ichimdagi istaklarni bostirishga majbur bo‘lgandim. To‘daga yaxshi ko‘rinish uchun birinchi bo‘lib Ravshanning boshiga tosh bilan urgandim. Yillar o‘tib Sora opaning o‘g‘lidan kechirim so‘rayman.
Ravshanbek, kechir meni, og‘ayni. Sen haq, men esa nohaq edim. Ammo o‘sha paytdagi jamoat fikri ham toqatsizlikni parvarishlar edi.
«Mushtum» va «Krokodil» jurnallarida Ravshanga o‘xshash stilyagalar davlat dushmani sifatida tavqi la'nat qilinar edi.
Institutning birinchi kursiga kirganimda rektor janoblari men kiygan amerika jinsi shimini ko‘rib, “Bugun jinsi shim kiyasan, ertaga esa vatanni sotasan! Yech buni, satin shim kiy”, deya malomat qilgan edi.
Begona monastirga o‘z tuzuging bilan kirma
To‘g‘ri, dress kod degan cheklovning ham yashashga haqqi bor. Masalan, simfonik orkestr kontsertiga shortik ishtonda borsangiz, kiritmaslikka haqqi bor.
Shu ma'noda Toshkentdagi Imom at-Termiziy masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatov ham asosan hanafiylar ibodat qiladigan masjidga vahhobiylarni kiritmaslikka haqqi bor.
O‘rislarda “V chujoy monastыr so svoim ustavom ne suysya”, degan gap bor. “Begona monastirga o‘z tuzuging bilan burun suqma”, deb tarjima qilsak bo‘ladi.
Bundan 100 yil oldin Rossiyadagi o‘nlab monastirlarning har birida o‘z qonun-qoidasi, rohiblarning ibodat qilish tuzugi bo‘lgan.
Bitta monastir qavmi ikki barmoq bilan cho‘qinsa, yana biri uch barmoq bilan topingan. Monastir yetakchisining qaysi supurgi bilan muqaddas suvni qaysi aziz avliyo nomidan sepishi ham turlicha bo‘lgan.
Mabodo, kimdir qo‘shni monastirdan kelib, o‘z tutumini qilmoqchi bo‘lsa, bunga yo‘l qo‘yilmagan.
Qachon xalq bo‘lasan ey, sen – olomon?!
Toqatsizlik haqida gaplashayotgandik. Hatto imom-xatib Ishoqjon Begmatovga biroz haq ham berdik.
Ammo O‘zbekiston diniy davlat emas. Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekistonda yagona yaxlit mafkura yo‘q.
Mamlakat turli institutlar uyg‘unligida yashaydi. Vijdon erkinligi esa har bir odamning istagan diniga topinishi va ayni paytda hech bir dinga ishonmaslikni ham kafolatlashi lozim.
«Falonchi vahhobiycha namoz o‘qiydi», deb malomat qilish qanchalik noto‘g‘ri bo‘lsa, pistiyonchi 2000 ta xudo bor desa yoki umuman borligini inkor qilsa, uni sazoyi qilish ham noto‘g‘ri.
Yaqinda bir odam bilan gaplashsam, O‘zbekistonda hamma yo‘ldan ozgan, hamma riyokor, bittasini qoldirmay otib tashlash kerak, deydi.
Hammani otish kerak bo‘lsa, tepkini kim bosadi? Umuman, nafrat, kin, tafriqu dashnomdan qutulib, bir-birovning dunyoqarashiga toqatli yashasak bo‘lmaydimi?
OLOMONGA
Mashrab osilganda qayoqda eding?
Lorka otilganda qayoqda eding?
Surishtirganmiding Qodiriyni yo,
Qalqon bo‘lganmiding kelganda balo?
Hukmlar o‘qilur sening nomingdan,
Tarixlar to‘qilur sening nomingdan.
Nimasan? Qandayin sehrli kuchsan?
Nechun tomoshaga bunchalar o‘chsan?
Qarshingda hasratli o‘yga tolaman,
Qachon xalq bo‘lasan ey, sen – olomon?!
(A. Oripov. 1980)
Bu she'r yozilganiga ham 40 yil bo‘ldi. 40 yilda bir yigit kamolga yetadi, deyishadi. Ammo nega unda bu satrlar yana dolzarb?
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak.
Rassom Tuz