Asosiy mavzular
20 mart 2020

RTdan va'z: Odam o‘latdan emas, qo‘rquvdan o‘ladi

Ko‘chadan kelib, qo‘limni kirsovun bilan uch qaytalab yuvdim. Keyin spirt bilan chaydim. Keyin limon siqib, suvi bilan yuz qo‘limni ishqaladim. 

Sizlarni ko‘rib, ichim ravshan bo‘ldi. Qo‘l berib salomlashmasak ham ko‘zlarimda mehr nurini yoqib, tabassum bilan boqaman sizlarga. 

Oldingi va'zimda aytganimdek, ofat birdan keladi. Kema birdan cho‘kadi. Yer esa qimirlab, shaharlarni birdan ichiga yutib yuboradi. 

Uchoqlar sholpillab qulaydi. Vulqon qarsillab otiladi. O‘t balosi, suv balosidan, ko‘zga ko‘rinar-ko‘rinmas balodan yaratgan asrasin, deb duo qilamiz. 

Mana, o‘sha Xitoyda oralab yurgan koronavirus sharpasi xuddi dahshat kinolardagi mo‘r-malax kabi musaffo osmonimizni qopladi. 

Yaqin tarixdan ma'lumki, bunday falokatlar odamlar fe'lidagi eng yaramas illatlarni ochib yuboradi. Sipo va odobli ko‘ringan yigit otasi tengi cholni tepkilab, ustidan bosib o‘tib, un to‘la qopga intiladi. 

Chunki xotiramizda bundan sakson, yuz yil oldingi ocharchilik va kulfat genlari yashaydi.

Masalan, zilzila bo‘lsa, yaponlar xotirjam borib, vayronalar tagidagi vatandoshlarini qutqarishga oshiqadi. Ammo Yaponiyadan boshqa joyda zilzila bo‘lsa, odamlar vayronalar ichidagi boyliklarni tashmalab, marodyorlik qilishga shoshadi. Ikki xil zehniyat – ikki xil saboq. 

Holbuki, yaponlar ham sharqda yashaydi. Uzoq sharq bo‘lsa ham. Biz ham sharqda yashaymiz. Ha, shundadir bizning farqimiz,shunday farq qiladi ikki sharqimiz.

Oldindan anons berib qo‘ysam. Bugun ikki rivoyat aytib beraman. Biri yangi, birini esa oldin ham aytganman. Hozir esa xabarlar, to‘g‘rirog‘i, shum xabarlarga navbat.

Mahalliy xabarlar

20 mart kuni O‘zbekistonda Koronavirus yuqtirilgani qayd etilgan shaxslar soni 33 nafarga yetdi. Dastlab, O‘zbekiston epidemiologiya markazi Frantsiyadan qaytgan o‘zbekistonlik va uning 3 nafar qarindoshida. Keyin, Istanbuldan, Londondan qaytgan fuqarolarda infektsiya borligini aniqlagan edi.

18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent sudi Gulnora Karimovani 13 yilu to‘rt oy qamoq jazosiga hukm qildi. Sud shuningdek Gulnoraning qolgan sheriklariga 17 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi belgiladi. Gulnoraning yaqin hamkori bo‘lgan Gayana Avakyanga esa 5 yil shartli jazo berildi.

14 mart kuni Uchtepa tumanidagi maishiy binodagi portlash oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi, 4 kishi shifoxonaga yotqizildi. “Cho‘pon ota” mahallasidagi “Aksava”shirkatiga qarashli ikki qavatli binodagi portlash natijasida avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi devorlari qisman qulagan. Portlashga kislorod yoki gaz balloni yorilishi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Chet el xabarlari

Koronovirus o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Uxan shahrida, 19 martgacha olingan ma'lumotga ko‘ra, ilk bor  sutka davomida bu virus hech kimga yuqmadi.

O‘zbekistonga qo‘shni Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 36 nafar ekani qayd etildi.

Qirg‘izistonda Saudiya Arabistonida Umra safarida bo‘lib qaytgan uch nafar shaxsning koronovirusga chalingani 18 mart kuni aniqlandi.

Ayni paytda dunyo bo‘ylab bu kasallikka chalinganlar soni deyarli 215 ming nafarga yetdi, 8734 nafar odam o‘ldi.

Aytishlaricha, dunyodagi odamlar bitta qolmay o‘lib ketsa ham internet xotirasida raqamlarga jo bo‘lgan jami axborot saqlanib qolar ekan. Masalan, mening yutubdagi va'zlarim ham. 

O‘ldurursa bizni g‘amiy zamona, 

Bizdan qolur shuo aksimiz nishona. 

G‘azaldan rivoyatga hatlasam.

Yo‘lda yo‘lchi o‘lat bilan uchrashdi.

— Qayga yo‘l olding? — deb so‘radi o‘lat.

— O‘zimni izlab ketyapman. Sen-chi?

— Men Bag‘dodga borib, besh ming kishining yostig‘ini quritaman, — dedi o‘lat.

O‘lat va yo‘lchi qarama-qarshi tomonga ketishdi. Ular bir yildan keyin ayni chorrahada yuzlashishdi. 

—  Ey, la'nati o‘lat. Sen meni aldading. Sen Bag‘dodda besh ming kishining o‘limiga sabab bo‘laman, deding. Ammo Bag‘dodda besh ming emas, 50 ming kishini o‘ldirding!

— Yo‘q, — dedi o‘lat , — men haqiqatni aytdim. Bag‘dodga bordim, besh ming kishini o‘ldirdim. Qolganlar qo‘rquvdan o‘ldi.

O‘zbekistondagilar qo‘rquvdan o‘lmaydi, degan yaxshi gumondaman. Hatto kasal tarqaganidan sevinganlar bor. O‘zbekistonda koronavirus paydo bo‘lganiga “O‘zavtosanoat”ning kattalari biram sevindiki, asti qo‘yaverasiz. Xalq moshindi unutib, makaron bilan ko‘t artadig‘on qog‘ozga urdi o‘zini.

Masalan, yer kurrasidagi odamzodning hammasi qirilib ketsa, o‘zga sayyoradan uchib kelganlar: “Hammasi o‘libdi, ammo qarang, ketini qanday pokiza qilib artishgan”, desa kerak. 

Shu kunda tualet qog‘ozi, isiriq, niqob, odekolonu sarimsoq sotib, “Neksiya” olgan tujjorlar bilan gaplashdim.

Otning o‘limi – itning bayrami. Toshkentdan vodiyga ketish 200000 so‘mga chiqdi. Guruch va boshqa yeguliklarni darrov qimmatlatishdi.

Bu tujjorlar kunlar isib, koronavirus yo‘qolib ketsa, biznesimiz yurishmay qoladi, deb qo‘rqayotgan bo‘lsa ajabmas.

Lekin issiqda o‘lmas ekan bu qorang o‘chgur virus. Meksika issig‘ida sinab ko‘rishdi. Qaytanga jilpanglab, mazza qivoripti bu isqirt virus. Qani ko‘zga ko‘rinsa, mundoq dumidan ushlab, sandonning ustiga qo‘yib, bolg‘a bilan bir urib, majaqlab tashlasang bu virusni.

Virus bahona cho‘ntagini to‘ldirganlardan biri xalq artisti va troynoy hoji ona Yulduz Usmonova xonim bo‘ladi. 

Koronavirus bois, kontsert bekor qilindi. Biletlar qaytarilishi kerak. Yevropadagi aviashirkatlar qaytmaydigan biletning puliniyam insof qilib mijozlarga qaytaradi.

Anavi kontserti qoldirilgan troynoy yulduz xola bo‘lsa, biletni qaytarib bermayman, bir kuni kontsert berib uzaman, dedi. Noto‘g‘ri bu. Keyin borishga vaqt bo‘lmasa-chi, boshqa ish rejalangan bo‘lsa-chi? 

Bir joyga safar qilinadigan bo‘lsa-chi? Kontsertni qo‘ymadingmi, davay, biletning pulini qaytar. Xalqaro qoida bu.

Yana bir ashulachi Jahongir Otajonov bo‘lsa, chilim sarxonasini xo‘rillatib, “voy dod, koronavirusga chalindim”, deb hazil qilyapti. 

O‘zi boshqa tarafdan bundayin falokat paytida yumorga ham joy bo‘lishi kerak. Ikkinchi jaxon urushi paytida Karandash degan satirik askarlarni kuldirib yurgan ekan. Besh minutdan keyin bomba tagida qolib o‘ladigan askar bola Karandashning askiyasini eshitib qotib kulib, jangga kiradi.

Mana koronavirus haqidagi latifalardan yana biri. 

Afrosiyob poezdida provodnik:

– Ovoz chiqarmay yo‘taling. Bilaman, koronavirusga chalingansiz.

Poezd ahli jim bo‘lib qoldi va keyingi bekatda hamma tushib qoldi.

– Endi tinchgina uxlasam bo‘ladi, – dedi provodnik.

(Shu yerda kulgi ovozi)

Tinch uxlab bo‘psan, provodnik. Hamma yoqda karnay-surnayning ovozi. Ro‘zadan oldin to‘ylarni o‘tkazib olaylik, deganlarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. To‘yxonalarda olma tashlasang yerga tushmaydi. 

To‘y lobbichilari virusdan kuchlimi? 20 kishilik bog‘cha yopilsa-yu, 200 kishilik to‘yxonada achom-achom qilib, birga yeb, birga ichiladimi? Anovi Frantsiyadan kegan kennayi 5 kun ichida charlar va yana bitta to‘yga borib ulgurgan. 

Uyiga har kuni odam kelgan: “Parijdan kepsiz, opo‘vsi, bitta o‘pishib ko‘rishiluu”, deb. Aziz do‘stlar, virusdan uzoq turaylik. Demak to‘yga¸ azaga va umuman uch kishidan ko‘p odam yig‘ilib, bir yarim metrdan yaqin bo‘ladigan izdihomni stop qilaylik.

Virusning siz bilmagan sinoati ham bor. Bu yil yuqib, sag‘al tegib o‘tib ketsa, bir og‘rib tuzalasiz. Ammo kelasi yil kuchayib yana keladi. O‘shanda antivirus ham, qo‘lni chaygan ham kor qilmasligi mumkin. Balodan nari bo‘laylik.

Karantin tartibini buzganlar O‘zbekistonda BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solinadi. 

Solishtirish uchun: Xitoyda o‘lim jazosi, Italiyada qamoq, Chexiyada 200 ming ???? dollar jarima. Ko‘chada niqob taqmagan turg‘un Pragada ming dollar jarima to‘laydi. 

Urush bu. Urushda turish yo‘q. Ammo urushda dushman ko‘rinib turadi. Nishonga olib peshanasidan otaverasan. Ammo bu urush ko‘rinmas virus bilan mujodala.

Qaerdadir Xitoyda nafsi hakalak otgan ochofatlar ko‘rshapalak yeb shu baloga duchor bo‘lganini uzoqdan kuzatib turdik. 

Nog‘oraning ovozi ham uzoqdan yaxshi eshitiladi. Mabodo o‘sha nog‘ora qulog‘ing tagida chalinsa, qon bosiming ko‘tarilib ketishi tayin. 

30 yanvar kuni ikki xitoy chol-kampir Milanni tomosha qilay deb Pekindan uchib keladi. Erinmagan chol-kampir butun Milanni ivirsib, silab-siypalab chiqishadi. 

Yevropada tomosha ana shundan keyin boshlandi.

Olis sayyoralarga kemalar yo‘llab jonzot izlagan Yevropa oddiy bir virus qarshisida bemajol qoldi.

Ofat boshlangan yer – Xitoy karantinni yaxshi qilgani bois virusni chekintirdi. Bugun Italiya ham Xitoy uslubida virusga qarshi kurashmoqda.

O‘zbekiston ham bu kurashda Xitoydan dars olsa bo‘lardi. Kasal zahar bilan davolanadi. Masalan, institut talabalarining uyiga qaytarilgani xato bo‘ldi. 

Shu tariqa butun respublikaga virus tarqalish ehtimoli yaratildi. Toshkent karantin ostiga olinishi kerak edi. Xitoy tajribasi bu. Ular Uxan shahrini qamal qilib samaraga erishdi.

Bu kasallik oldida eng yomoni johillik. Surxondaryolik bir tog‘a bizga koronavirus kelmaydi, deb karilladi. (video)

Ehh, tog‘a, bo‘lmagan gaplarni aytmang. Kasal bilan hazillashib bo‘lmaydi. Amir Temur Xitoyga hujum qilaman deb yo‘lga chiqib, O‘trorga yetganida qattiq sovuq bo‘lgan. Sovuqdan kasal bo‘lmasligini isbot qilish uchun tepalikka chiqib sochini ustara bilan namoyishkorona qirdirgan. 

O‘sha kuni Temir bratning boshi shamollab yotib qoldi. Sag‘al o‘tmay o‘ldi. Tak chto, kasal odam tanlamaydi.

Koronavirus haqida gapiraverib tilim qavarib ketdi. Bir vaqtlar Orol deb dod sola-sola Orolni butunlay quritib, saksovulzorga aylantirgan edik.  

Qolaversa, odam faqat virusdan o‘lmaydi. Har yili yo‘l-transport hodisasidan 1 million 250 mingdan ko‘p odam o‘ladi. 

50 milliongacha odam mashina avariyasida lat yeydi. O‘tgan yil dekabr oyining o‘zida O‘zbekistonda 110  kishi avariyada o‘ldi.

BMT hisobiga ko‘ra, kuniga 3 ming odam mashina avariyasida o‘ladi. Kuniga 100 ming kishi avariyada og‘ir jarohat oladi. Bu taskin uchun aytganim gap. 

Shu bois, virus mavzusiga dam berib, boshqa bir mavzuni aytib, dardingizni yangilasam.

Mana, 30 yildan beri propiska tizimi mentlarni boqib kelyapti. O‘sha tizim bois mentlar O‘rikzordan qasr, Sergelidan “Malibu” oladi.

Mirziyoev propiskani yo‘q qilishni IIVga topshirdi. Kim sog‘in sigirni so‘yadi? Unday odam milisa oxuridan yem yemaydi. Xullas, borishdi, kelishdi, oxiri qonun loyihasini stolga qo‘yishdi. 

Voy onangni fil toptab, siltab-siltab tashlasin, degim keldi bu qonun loyihasini ko‘rib. Ne to‘lka propiska qoladi, balki yana battar bo‘ladi. 

Viloyatdan kelgan 10 kundan sag‘al ko‘p yursa, Panelniyga tiqadi. Xitoylik, masalan, 30 kun yuraveradi. 

Yana o‘sha gap. Saakashivili milisalarni tag-tomiri bilan yo‘q qiluvdi. Hatto milisa idorasidagi bog‘bon bilan milisa polini yuvadigan farroshni ham bo‘shatishgan. 

Umri bo‘yi odamlarni ezib, g‘o‘ddaygan prokuror bo‘lgan Po‘lat Razzoqovich Bobojonovni eritib sovun yasalsa, o‘sha sovun ko‘pirmaydi.

Rivoyat esa budir. Bir kuni Konfutsiy tog‘ yonidan aravada o‘tib borayotib, qabr ustida sochlarini yulib yig‘layotgan ayol faryodini eshitdi. Konfutsiy bu ayolning yoniga dardini bilib kelsin, deya o‘z shogirdini jo‘natdi.

Ayol Konfutsiyning shogirdiga dardini doston qildi:

— Men bu o‘lkada ketma-ket qayg‘u bilan yuzlashdim. Oldin qaynonam ichterlama kasalidan o‘ldi. Keyin bu kasal erimni olib ketdi. Hozir esa tifga chalingan o‘g‘limni ko‘mdim, – dedi ayol.

— Unday bo‘lsa nega bu o‘lkani tark qilmaysan? — deb so‘radi donishmand Konfutsiyning shogirdi.

— Chunki bu yerda zolim hokimiyat yo‘q , — deya javob berdi ayol.

— Buni yodingda saqlagin, shogird, — dedi Konfutsiy. — Zolim va shafqatsiz hokimiyat o‘lat va ichterlamadan ham qo‘rqinchli.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
1 iyun 2016
O‘zbekiston inson huquqlari jamiyatining Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi bo‘lgan, Jasliq lagerida 10 yildan beri jazo muddatini o‘tayotgan A'zam Farmonovning ...
25 yanvar 2017
Mirziyoev Respublikada hammaga yuztadan tovuq boqishni buyurdi. Buning nazoratini, barcha raxbarlar, jumladan Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovga topshirdi. Rassom ...
23 noyabr 2015
Bugun, 22 noyabr soat 10 da, Shved shahri Estersundda 1978 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiy ustidan sud boshlandi. ...
3 noyabr 2021
Odatda ichki siyosiy masalalar yuzasidan jamoatchilik fikridan o‘zini tiyadigan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov to‘satdan xorijda “pistirma”da turgan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...