Asosiy mavzular
26 iyun 2020

RTdan va'z: Prezident Mirziyoev Moskvaning sodiq qulimi yoki yollangan xizmatkori?

O‘zbek prezidenti Moskvaga borib ta'zim bajo keltirdi. Toshkent va Xivani bosib olgan ishg‘olchilar ramzi bo‘lgan georgiy lattasini ko‘kragiga osdi. Mirziyoevning og‘zi qulog‘ida. Nihoyat u Moskvaga sodiqligini namoyon qildi.

Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, bu sobiq qorinboy komsorg mamlakat manfaatlarini Moskvaga sotdi. O‘zlariga xalq deb nom qo‘ygan to‘da jim, ba'zilar esa mazza qilganini yashirayotgani ham yo‘q.

Kinodagi Otabek Kumushbibidan bo‘sa olsa, qiyomat qoyim bo‘ldi, deya dodlaydigan, bitta firibgar soqoltoy qamalsa, tutqanog‘i tutadigan tarmoq ham jimgina yer suzib o‘tiribdi yangi tushgan kelinday.

Lenin deya tili chiqib, Karimov davrida 30 yil istiqlol deya chuldiragan shairbachalar ham negadir jim. Rossiya ulug‘ og‘amiz deb yozishga qalam yo‘nishmoqdami?

1990 yil 20 iyunda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasining matni lex.uz saytidan o‘chirib tashlanibdi.

Hamma narsani tushunish mumkin. Do‘kondagi batonni qo‘yniga solib o‘g‘irlagan o‘g‘rini tushunish mumkin. Balki u ochdir. Sizdan qarz so‘rab kelgan odamning yolg‘onini tushunish mumkin. Chunki u sizning rahmingizni keltirib pul undirmoqchi.

O‘sha qarzdorning “Santa Barbara” seriali kabi davom etayotgan bahonalarini tushunish mumkin. Chunki u qarzni qaytarmoqchi emas. Boy ashulachi xotinga uylanib, bu payg‘ambar sunnati deydigan parazit alfonsni ham tushunish mumkin. Chunki u o‘zini oqlamoqchi….

Lekin kimdir birovning uyini birov bosib olib, “meniki”, deb o‘tirsa, sen esa qozi oldida “bu uy bosib olgan tajovuzkorniki edi”, deb tuhmat qilsang, buni tushunib bo‘lmaydi.

O‘zbekiston erlari Rossiyanikimi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Rossiya 1” telekanalida 21 iyunda o‘tgan navbatdagi “Moskva. Putin. Kreml” ko‘rsatuvida sobiq sovet respubliklarini Rossiya yerlarini o‘zlashtirib olganlikda aybladi.

Putinga ko‘ra, Sovet Ittifoqi tuzilayotgan paytda uning tarkibiga qo‘shilgan respubliklar “Rossiyaga tegishli katta yerlarni” va “an'anaviy tarzda Rossiya hududi hisoblangan joylarni olgan”.

Putinning ta'kidlashicha, shundan kelib chiqqan holda Sovet Ittifoqi parchalangach, uni tark etgan respublikalar “nima bilan kelgan bo‘lsa, o‘sha narsa bilan chiqishi” va “rus xalqidan olingan hadyani qaytarishi lozim” edi.

Shu gaplarni aytgan rus bosqinchining qo‘ltig‘iga suqilib kirgan Mirziyoevni “oddiy xizmatkor-ku axir, undan nimani ham kutardik”, deb tushunishga harakat qilsakmikin.

Ota-bobolardan meros bo‘lgan vatan tizginini o‘rislarga berib qo‘yib, tovuq boqishdan boshqa narsani o‘ylamaydigan prezidentni tushunib bo‘lmaydi.

Homosovetikuslarning navbatdagi qadami qanday?

1987 yili rassom do‘stim Qobiljon Odilov Myunxendan o‘zbekcha gazeta olib keldi. Gazeta “Hur Turkiston uchun istiqlol gazeti” deb nomlanar edi. “Istiqlol – bu mustaqillik, erkinlik. Biz sovet ishg‘olidan qutulib, ozod yashashimiz kerak”, deya tushuntirgan edi bu ajoyib rassom do‘stim.

Istiqlol so‘zi ko‘nglimizga o‘tirdi. Ustaxonamning tashqi devoriga “Yashasin istiqlol!” deb yozib ham qo‘ydim. 

Ukam o‘sha paytda “O‘sarfilm” degan xususiy studiyada ishlar edi. Studiyaning “Ësh leninchi” gazetasida bosilgan e'loniga u “istiqlol” kalimasini kiritib qo‘ydi. Ammo hushyor muharrir bu so‘zni darhol “istiqbol” deb o‘zgartirib chop qildi.

1991 yil 31 avgustdan keyin birdan bu hushyor muharrirlar “istiqlol” so‘zini otchopardagi uloqdek tortqilab qochishdi. Kechagina Lenin, Kreml va kommunizmni ulug‘lab yozganlar birdaniga istiqlol haqida she'r bita boshlashdi.

Ashulachilar ham bu so‘zni shartta ilib olib naqoratga qo‘shishdi. Xullas, sobiq komunistlar 25 yil istiqlol deb tomoq yirtishdi, ammo…

Tabiatda atavizm degan holat bor. Atavizm asliga qaytish degani. Masalan, Bulgakov asari qahramoni professor Preobrajenskiy itni odamga aylantiradi. Ammo atavizm bois u itligini qilaveradi.

Istiqlol deya eng ko‘p tomoq yirtgan ashilachi Yulduzhoji ona Usmonova o‘tgan yili qizil bolshevik kiyimini kiyib, “Katyusha” aytib rasmga tushdi.

O‘zbekistonning “yangi” (aslida eski) rahbari “Istiqlol” saroyini “Xalqlar do‘stligi” deb nomlashga qaror beribdi.

O‘zi bu sobiq kommunist, institut komsorgi bo‘lib ishlagan partfunktsionerni olqishmaganlarning torgina safida edim.

Ichimda bir tuyg‘u bu odamdan xayr chiqmasligini shivirlar edi.

Aynan shu odam “Turkiston” gazetasi nomini “Ëshlar ovozi” deb o‘zgartirdi. Aynan shu odam Qrimni ishg‘ol qilgan Rossiya tashviqot telekanallarini O‘zbekistonga olib kiraman, deb mulozamatlandi. Aynan shu odam davrida Ramzan Qodirov degan “tip” mamlakatga kir oyog‘ini bosdi…

Mayli, “istiqlol” kalimasi yetim qolmas. Yana men, rassom do‘stim Qobiljon, ukam Qudrat va boshqa millatsevar ukalarim bu kalimani kul ichidagi cho‘g‘dek saqlayveramiz.

Qo‘rqayotganim, bu populistning navbatdagi qadami qanday bo‘ladi?

Nahotki Amir Temur haykalini olib tashlab, o‘rniga Stalin haykalini tikadi. Nahotki?

Meni bu qo‘rqinch istiqboldan ko‘ra, Rossiya targ‘ibotini chanqoq tuya kabi simirib, ruslardan ham battar patriotga aylangan “uzbekhomosovetikus”lar hurkitmoqda.

Qayta ishg‘ol bo‘layotgan yurt 

1991 yilning 17 martida o‘tkazilgan SSSRni saqlab qolish referendumida qatnashgan 10 million o‘zbekning to‘qqiz yarim millioni mustaqillikka qarshi ovoz bergan edi.

Referendumda qatnashgan o‘zbeklarning 94 foizi qullikni tanlagan edi.

Bugun ularning bolalari yashasin qullik deya Turkistonni ishg‘ol qilgan imperiya ashulasini og‘zini yirtguday ochib baralla aytmoqda.

Yaxshiyam bu kunlarni og‘am Rauf Parfi ko‘rmay o‘lib ketdi.

Og‘amning satrlarini shivirlayman:

O, sabr daraxti, qutlug‘ Turkiston.

Naqadar uzundir, og‘irdir bu yo‘l…

Rauf Parfi vatan haqida hali vatan ishg‘ol ostida bo‘lgan sovet davrida yozgan edi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin istiqlol deya sayraydigan to‘tilar ko‘paydi. Shulardan biri Iqbol Mirzo edi: 

Egasiz va oyoqosti yo‘lmas o‘zbek,

Xohlagan suv oladigan ko‘lmas o‘zbek.

Dong taratgan va o‘ziga qaratgan el,

Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

O‘g‘il-qizlar shiddatiyu shashtini ko‘r,

Birovga bosh egmaslikning gashtini ko‘r.

Yurak bo‘lsa, ringga chiqib mushtini ko‘r,

Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

Yaratgandan boshqasiga qulmas o‘zbek,

Hech kimdan kam bo‘lmagan, kam bo‘lmas o‘zbek.

Dong taratgan va o‘ziga qaratgan el,

Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

O‘zbek xalqi hech kimga qaram bo‘lmasmish. Mana, qaram bo‘ldi-ku. Nega katta gapirasan, shoir, degan odam yo‘q.

Bugun Iqbol Mirzo degan shig‘irchi birat she'r qalamini ohista yo‘nib, Putin va Kremlga alyor bitayotgan bo‘lsa ajablanmayman. 

Bugun “mustaqillik” deya gugl qilsam, bitta javob chiqdi. “Mustaqillik»  Qashqadaryoning Qarshi tumanidagi posyolka nomi ekan.

Vatanni sotish nimadan boshlanadi?

Vatan nimadan boshlanadi? Vatan haqida gap ketsa, ushbu mashhur qo‘shiq bilan boshlanadigan, Ikkinchi jahon urushiga oid “Qilich va qalqon” badiiy filmi bolalik xotiralarimda qayta-qayta jonlanaveradi…

Vatanni sotish nimadan boshlanadi? Balki istiqlol kalimasini soxta shiorga almashtirishdan boshlanar.

Prezident Mirziyoevning keti taxtga payvandlangani zahoti ISTIQLOL nomidan voz kechildi! 

“Istiqlol” nomi berilgan saroyga “Xalqlar do‘stligi” nomini qaytarish va shu maydonni asosiy markaziy maydonga aylantirish prezidentning asl dunyoqarashi qanaqaligini namoyish qildi 

Sovetparastlikning yangi bosqichi edi bu. Sovetparastlikni ommaga singdirish edi bu.

Mayli, maydoni nomi o‘zgarsin, lekin “Istiqlol” nomidan bunaqa osongina voz kechish millat va butun xalq oldida istiqlol, mustaqillik tushunchalariga nisbatan zarba emasmi?

9 may kuni otarchilar sovet harbiy liboslarida o‘zlarining eng ahmoqona shousini namoyish qilishdi va bu 9 may kunining ustidan kulishga aylandi, xolos.

Eng yomoni, bugungi jimlik – taslim bo‘lish.

Bu voqealar fonida kommunistik tizimni sog‘inganlarning ham tili chiqdi.

Kompasi Karimovga qaratilganlar haqida

1990 yili “Erk” demokratik partiyasi tuzilganida “boshqa partiyada bo‘lganlar a'zo bo‘lmaydi”, degan talab qo‘yildi. Boshqa yana bitta partiya bor edi. U ham bo‘lsa Islom Karimov boshchiligidagi O‘zbekiston kompartiyasi. Shu tariqa yuzlab odam kommunist bo‘lgani uchun “Erk” bortidan naryog‘da qolib ketdi.

Masalan, Erkin Vohidov, Odil Ëqubov, Omon Matjon, Halima Xudoyberdieva. Hatto Halima Xudoyberdieva “Men kommunist deyilganda qalban qaldim oyoqqa”, deb she'r bitgan edi.

Bularning savqi tabiiysi, ya'ni ichki tuyg‘usi pand berdi, menimcha. Ular kommunizm dunyo turguncha turadi, deb o‘ylashdi.

Holbuki, Boltiqbo‘yi va Moskvada yuzlab odamlar partbiletini namoyishkorona yoqayotgan payt edi. O‘zbekistonda esa Karimov boshchiligida kommunizm qo‘rg‘oni (to‘g‘rirog‘i, qo‘y qo‘raday bir narsa) mustahkam turgan edi. Hatto asosiy opponent Abdurahim Po‘latov ham kommunist edi. 

Karimovni ontarmoqchi bo‘lib o‘rtaga chiqqan Mirsaidov ham, Nusratov ham kommunist edi. SSSR Oliy Kengashida “paxta qulligi” mavzusini ko‘targan Odil Ëqubov ham kommunist edi. Biror idoraga rahbar bo‘lish uchun “gorkom dobro bergan kommunist” bo‘lmoq lozim edi. 

1984 yili oblkulturada ishlaydigan yigit yangi 06 “Jiguli”ni 14 ming so‘mga sotib, shuni poraga berib, kompartiya a'zosi va obkomda instruktor bo‘lgan edi. 1991 yilga kelib bu kommunistlarni bir kunda XDP a'zosiga aylantirishdi.

A'zolik biletlari almashtirildi. Almashtirilgani ham yo‘q, eski KPSS bileti kommunistlarning qo‘lida qoldi. Bitta kampir “Men Lenin otamning partiyasiga kiruvdim”, deganida XDP insturuktori bu kampirni ovutib, “XDP – bu KPSSning bolasi”, degan edi.

Ammo o‘sha “evrilish” qurultoyida kommunist bo‘lib qolgan va mafkurasini o‘zgartirmasligini TVga chiqib aytgan bitta opani bilaman. Bu opaning ismi Bernora Qorieva. SSSR xalq artisti. Balerina. Bu opa bugun ham kommunizm va rus tili tarafdori.

Endi ikki og‘iz kommunistlarning partiya bileti haqida. Bu biletning poligrafik qadri sovet valyutasi bo‘lgan rubldan ham yuqori edi. Bilet maxsus ishlov berilgan guruch qog‘oz (risovaya bumaga)dan tayyorlangan bo‘lib, dollar va yevrodagi kabi murakkab suv belgilari bor edi.

Biletning maxsus ishlov berib qizartirilgan va qabariq qilib KPSS deb yozilgan muqovasi haqiqiy teridan tayyorlangan edi. Bu biletni yo‘qotgan odam partiyadan xaydalar va ishdan quvilardi.

Esimda, bitta rassom ichib yo‘lda dumalab, cho‘ntagidagi partbiletini yo‘qotganida: “Endi meni obchiqib otishadimi”, deb yig‘lagan edi (uni otishmadi) Xullas, 1991 yili O‘zbekistonda Karimov boshchiligidagi kompartiya hukmron edi.

Bugun og‘zini o‘lchovsiz ochib, men palon qilgandim, pistiyon qilgandim deganlarning kompasi o‘sha vaqt Karimovga qaratilgan edi. Ularning ko‘pini Karimov zakarqop kabi ishlatib otib yuborganidan keyin o‘zlaridan “binnarsa” yasab, “biz kurashgandik”, deb yurishibdi (ana ishanvordik-ey).

Kompartiya a'zosi bo‘lgan Abdurahim Po‘latovning kurashgani to‘g‘ri. U ko‘chada mitinglar qilardi. Qolganlari esa Gagarin haykali qarshisidagi ichi konditsionerli komfirqa binosida o‘tirishardi ta'zim bajo qilib. Gagarin haykali guvoh bunga.

Bugun piyri murshid, nafasi o‘tkuur eshonbuvaga aylangan Mirzo Kenjabek ham tariqday bo‘lib markazqo‘m ichida o‘tirardi. Bir marta u emaklab borib Karimovning oyog‘ini o‘pmoqchi bo‘lganida, Karimov uni tepkilab tashlagan.

Xullas, qochgan ham, quvgan ham kommunist bo‘lgan zamon edi. Bir vaqtlar Karimov oldida to‘nqayib, bugun o‘zidan bir narsa yasamoqchi bo‘lganlarga oldin aytgan gapimni yana aytaman: Agar o‘sha vaqtda shunaqa krutoy bo‘lgan bo‘lsangiz, nega bunchalar o‘lik bo‘lgansiz?

Shu o‘rinda an'anaga rioya qilib ertak aytsam. Ertak bo‘ri bilan ko‘ppak haqida.

Bo‘ri bilan ko‘ppak

Bir kuni dehqon o‘tin tergani o‘rmonga otlandi. Uning ortidan iti ham ergashdi. Ular birgalikda o‘rmonga kirishdi. Bir payt bo‘ri paydo bo‘ldi. U itga tashlanib, uni emoqchi bo‘ldi. Biroq it ko‘zyosh to‘kib, unga bunday dedi:

– Senga nima yomonlik qildimki, meni yemoqchisan? Agar hozir meni yesang, baribir ertaga och qolasan. Yaxshisi, uyimga kel, u yerda har kuni menga non va ovqat berishadi, birga yashaymiz.

Bo‘ri qarasa, it jo‘yali taklifni aytyapti va bunga u rozi bo‘ldi. Ular yo‘l yurib, mo‘l yurib, it yashaydigan qishloqqa kirib borishdi. Bir vaqt itning bo‘yni yag‘ir bo‘lib qolganiga e'tibor berdi.

– Bu juda yaxshi, ukaginam, yaxshi yasharkansan, lekin sening bo‘yning nega bunday bo‘lib qolgan?

– Akajon, bilsang xo‘jayinimning ahmoqona fe'li bor: oldimga non qo‘yishdan oldin bo‘ynimga zanjir taqadi, keyin ye deydi.

– Yo‘q, birodar, men ortimga qaytaman, sen esa to‘q qorning va bo‘yningdagi zanjiring bilan o‘zing borib yashayver.

Ana shunaqa ertak. Qullikdan ham yomon narsa – qulning o‘z kishanlarini sevishi. Qullik – bu chaman bog‘ni qoplagan chirmovuq. Shu o‘rinda O‘zbekiston prezidentini o‘ziga qul qilib olgan Rossiyani ham tanazzul kutmoqda.

Siyosat va iqtisod haqida kitoblar muallifi Karl Marks aytganidek, bir mamlakatni qul qilgan davlat, eng avvalo, o‘ziga kishan yasaydi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
10 fevral 2020
Madaniy meros ob'ektlari ro‘yxatiga kiritilgan Toshkent davlat yuridik universiteti binosining mehmonxonaga aylanish ehtimoli tarixchi va me'morlar tashvishiga sabab bo‘ldi. ...
1 oktyabr 2015
Majburiy paxta terimi hajv qilingan “Temir xotin” filmini suratga olgan Isamat Ergashevning o‘zi ham paxta dalasiga safarbar etildi. Ozodlik ...
14 yanvar 2020
2001 yili Muhammad Solihning hayotiga suiqasd qilishga urinish bo‘ladi. Biroq Norvegiya hukumati va Solihning do‘stlari sa'y-harakatlari bilan buning oldi ...
18 iyun 2018
O‘zbekiston kuchishlatar tizimlari delegatsiyasi 4-8 iyun kunlari Pekinda maxsus seminarda qatnashdi. Xitoy poytaxtida “Pul va moddiy o‘tkazmalardan noqonuniy foydalanish” ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...