Video
3 iyul 2020

RTdan va'z: Bor gapni aytib tashlashdan oldin…

Hafta aylanib yana sizlar bilan yuzlashganimdan mamnunman. Suhbati chor – anda mazza bor, deyishadi. Sizlar esa yuz minglarsiz. Shuncha odam bilan bir vaqtning o‘zida suhbatdosh bo‘lish zavqiga noil bo‘lishning o‘zi ham bir saodat. Siz yaxshi bo‘lganingiz uchun yondoshaman. Yaxshiga yondosh – yomondan qoch, deyishadi-ku.

Endi bildim zamonaning ozganin,
Yomonlar yaxshidan qocha boshladi.
Qaytib badnasllar aslzodadan,
Pisand etmay, to‘rga kecha boshladi.

Maxtumquli

Odamzod qiziq. Masalan, uzoq vaqt Rossiyada ishlab yurgan odam koronavirus paytida O‘zbekistonga kelsam, dedi. Charter reysdan ming mashaqqat bilan joy olgan bu odam O‘zbekistonga ham keldi. Ne ajabki, uni tekshirishsa, koronavirusga chalinibdi. Konteyner kasalxonaga joylashtirishdi. Sal o‘tmay, bu odamni konteyner kasalxonasi palatasida shiftga osilgan holda topishdi.

U odam tug‘ildi, mehnat qildi, azob chekdi va o‘ldi. Balki u kim bilandir dardlashmoqchi bo‘lgandir. Kimgadir hasratini aytmoqchi bo‘ldi, ammo ayta olmadi. Chunki uning telefoni olib qo‘yilgan edi. Nafaqat uning, konteyner kasalxonadagi boshqa kasallarning ham.

Nega ularning telefoni olib qo‘yilganini mantiq bilan izohlash qiyin. Zotan, telefonda gaplashsangiz, koronovirus yuqmaydi.

Konteyner kasalxona harbiy sir emas. Odamni muloqotdan mahrum qilib o‘limgacha olib borgan mulozimlarda hech bo‘lmasa vijdon azobi bormikin!?

Umuman, odam ijtimoiy mavjudot. U nafaqat o‘z dardini, balki o‘zgalar dardini ham gapirishni istaydi. Uzoq yo‘ldan kelgan yo‘lchiga yeb ichganing qiziq emas, nima ko‘rganingni gapirib ber, deyishadi.

Odam ko‘rganini gapirar ekan, ba'zan ta'nayu dashnomlar nishonida qoladi. Ba'zan odam shunday dahshat narsalarni ko‘radi.

Ko‘rganini aytsa, uni o‘ldirishlari ham mumkin. Aytsam o‘ldururlar, aytmasam o‘lam, deyishgan kabi.

Ba'zan haqiqatni gapirgan odamni g‘iybat qildi, deyishadi. G‘iybat bilan axborotning farqini dunyo ko‘rgan jurnalist Ibrat Safo yaxshigina tahlil qilibdi.

«G‘iybat va jamoatchilik muhokamasi o‘rtasidagi FARQ haqida yana bir eslatay, dedim.

Aytaylik, mahallangizdagi qo‘shni uyda yashovchi Ma'naviyatxon narigi mahalladagi Ma'rifatbek bilan yuradi. Ikkovining ham oilasi bor. Agar siz bilan biz buni o‘zaro choyxonada yo internetda ochiqchasiga muhokama qilsak, bu – g‘iybat. Bu faqat ularning o‘zi va oilasiga taalluqli masala. Ortidan gapirishga haqqingiz yo‘q.

Mahallangiz boshida turadigan Baxtisho‘r aka o‘g‘lini uylantirgach, ko‘chaning boshiga uyiga qo‘shib yana ikki xona soldi. Endi siz va qo‘shnilaringiz toraygan ko‘chadan o‘tolmay xunobsiz. Ariqlar ham to‘silib qoldi. Siz bu haqida qo‘shnilar bilan gaplashsangiz, bu – jamoatchilik muhokamasi. G‘iybat emas. Chunki Baxtisho‘rning bu ishi butun mahalla hayotiga ta'sir qildi. Gapirishga va hatto chora ko‘rishga/undashga haqlisiz.

Shahar hokimi Yallama Yorimova eri bilan ajrashdi. Yallama opani bu asnoda muhokama qilish – g‘iybat. Bu uning shaxsiy hayoti. (O‘zi eri – Urib Yorimov ablah edi. Mayli, g‘iybatga berilmaylik.)

Endi hokim Yallama opam jahli chiqqanidanmi yo zerikibmi, yadershiklar tayyorlaydigan oliy maktab ochmoqchilar. Uning bu qarorini va yadroviy fizikaga qanchalar aloqasi borligini muhokama qilish – jamoatchilik muhokamasi. Chunki uning maktabi tayyorlagan yomon yadershiklar qo‘lida qoladigan atom stantsiyasi portlasa, butun avlodingiz asfalasofilinga ravona bo‘ladi. Shunday ekan, bu g‘iybat emas, jamoatchilik muhokamasi.

Darvoqe, Asfalasofilin akani esdan chiqarmaylik. Uning katta o‘g‘lining aqli ojiz. Nogiron. Buni muhokama qilish – g‘iybat.

Lekin Asfalasofilin aka – bosh vazir o‘rinbosari. U ikkinchi o‘g‘lini Shveytsariyaga xususiy maktabga yubordi. Uning bu ishini va davlat maoshi bilan shunday qimmat maktabga pulni qaerdan olganini muhokama qilish – jamoatchilik muhokamasi. G‘iybat emas. Chunki u siz to‘layotgan soliqlarni o‘g‘irlayotgan bo‘lishi mumkin.

G‘iybat va jamoatchilik muhokamasini ajratolmaslikni tushunsa bo‘ladi – jamiyatimiz uchun bu yangi narsa. O‘zbekchilikka ham to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Lekin agar kimdir bunday jamoatchilik muhokamasini boshlasa, uni g‘iybatda ayblashga haqimiz yo‘q. U siz haqingizda ham qayg‘urayotgan bo‘lishi mumkin».

Ibrat Safo yozgan ibratli gapdir bu. Birni ko‘rib fikr qil, mingni ko‘rib shukr qil. Shu o‘rinda «Eltuz» jamoasi ta'tilga chiqishi haqida eslatmoqchiman. Hatto qassoblar ham muayyan muddatdan so‘ng tanaffus qilar ekan. Bizning kichik jamoa ham bir muddat tin olishni istadi. Va'z oxirida zakiy shoir Asqar Mahkam misralarini o‘qisam.

Kulfat itlari sur tortgan kechada
devorlarni yegach och qumursqalar.
Bir sag‘ir Vatanni tutib yelkada
qayon ketyapsan, Asqar…

Asqar Mahkam ichida nima bo‘lsa aytib borsa kelmas joyga ketdi. «Eltuz» jamoasi esa ichidagi bor gapni aytish oldidan tin olishga qaror qildi. Xuddi kamon o‘qi otilishdan oldin orqaga tortilgan kabi. Jamoamiz siz bilan muloqotni bir oydan keyin davom ettiradi.

Yana siz bilan yuzlashamiz.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
13 sentyabr 2022
10 sentyabr kuni «Ilxom» teatrida premerasi kutilgan «Yer ostidagi qizlar» spektaklini bekor qilishga urinishlarga chek qo‘yildi.Bu safar O‘zbekistondagi tolibparast ...
7 iyul 2016
«O‘zbekiston ovozi» gazetasi Xalq demokratik partiyasi yetakchisi, partiyaning parlament quyi palatasidagi fraktsiyasi rahbari Hotamjon Ketmonovning Bo‘z tumanidagi saylovchilar bilan ...
25 iyul 2024
Statistika bo‘yicha  O‘zbekistonda bugun har 9 million fuqaroga 1 kutubxona mavjud. O‘zbek o‘qimaydi. Qashshoqman – ko‘ngilga kitob sig‘maydi, deydi, ...
21 aprel 2021
2021 yilning 19 mart kuni Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi Yangihayot massivida namunali uylarning tomini shamol uchirib ketgan. Uylar qurilishi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...