Asosiy mavzular
13 iyul 2020

Revizor. “Uztex Group” sirlari

O‘tmish tozalab qo‘yilgan. Ëlg‘on esa haqiqat deya bizga taqdim qilinmoqda. Bu gapni yozuvchi Jorj Oruell bundan 70 yil oldin o‘zining “1984” kitobida ta'kidlagan. Assalomu alaykum, men revizorman. Haqiqat deya taqdim etilayotgan yolg‘onni fosh qilish uchun keldim.

“Revizor” ko‘rsatuvining ilk sonida biz O‘zbekistonning eng yirik to‘qimachilik kompaniyalaridan bo‘lmish Uztex borasidagi yangi tadqiqotning bir qismi haqida hikoya qilamiz.

Paxta uzoq yillardan buyon O‘zbekistonning eng ko‘p eksport qilinadigan mahsulotlaridan biri hisoblanadi.

“Ulkan paxta xirmonini yaratish uchun davlat millionlab kishilarni xavfsiz bo‘lmagan va antisanitar sharoitlarda ishlashga majbur etadi”, deyiladi tadqiqotning kirish qismida.

Unda ta'kidlanishicha, huquqni himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli tanqidlar natijasida Shavkat Mirziyoev hukumati O‘zbekiston paxta sanoatida majburiy mehnatga chek qo‘yish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi.

Majburiy mehnatga chek qo‘yish strategiyasining bosh g‘oyasi paxta sektorini klasterlar tizimi vositasida jadal xususiylashtirish hisoblanadi.

Ammo paxta sanoatining yangi xo‘jayinlari bo‘lmish bu tadbirkorlar kim?

Suratdagi odam 43 yashar O‘zbekiston vatandoshi Farhod Mamatjonov. U O‘zbekistondagi eng yirik to‘qimachilik kompaniyasi bo‘lmish “Uztex group” sohibi. “Uztex group” esa Namangan va Xorazmda joylashgan beshta klaster egasi.

Buyuk Britaniyadagi Olster universitetining kriminologiya professori Kristian Lasslett O‘zbekiston inson huquqlari forumi hamkorligida o‘tkazgan tadqiqotida O‘zbekistondagi klasterlar tizimini tanqid qiladi.

O‘zbekistonda paxta sektorini xususiylashtirishning nimasi shubhali?

Ilgari davlat nazoratida bo‘lgan paxtachilik tarmog‘i korxonalari 2018 yildan mahalliy kompaniyalar va xorijiy investorlar tasarrufiga berila boshlandi.

O‘zbekiston hukumati har bir klasterni boshqarish uchun xususiy kompaniyalar tanlovini o‘zi o‘tkazdi. Bunda kompaniyalar uchun foydali shart-sharoitlar yaratildi. Kam foizli kreditlar, soliq imtiyozlari, shuningdek, paxta zavodlari va davlatga tegishli boshqa korxonalardan tekin foydalanish shular jumlasidandir.

Ammo surishtiruvlar jarayonida bu xususiy kompaniyalar O‘zbekistonda to‘qimachilik biznesini yuritish uchun offshor tuzilmalardan foydalanayotgani, ularning nominal rahbarlari esa pul yuvish bo‘yicha jinoiy sxemalarga aralashgani aniqlandi.

 “Uztex Group” sirlari

Ushbu tadqiqot ob'ektiga aylangan yirik kompaniyalardan biri “Uztex group”dir. Bu shirkat 1990 yillarda o‘zbek tadbirkori Faxriddin Mamatjonov va uning o‘g‘li Farhod Mamatjonovlar tomonidan ta'sis etilgan. “Uztex group” bugungi kunda O‘zbekistonning eng yirik to‘qimachilik konglomerati hisoblanadi.

Nufuzli “The Economist” nashrining paxta klasterlari tizimi ulug‘langan o‘tgan yilgi maqolasida “Uztex” alohida eslatib o‘tilgan.

Ammo “Uztex”ning ichki hujjatlari kompaniyaning Shveytsariya, Buyuk Britaniya va Singapurga qadar yoyilgan transmilliy tarmog‘iga oid sirlarni yuzaga chiqaradi.

Hisobotda aytiladi:

“Uztex group”ga kiruvchi kompaniyalar aktsiyalariga Shveytsariya, Buyuk Britaniya va Singapurda joylashgan murakkab offshor tarmoq egalik qiladi. “Uztex group”ning egalari va yirik ulushdorlari haqidagi ma'lumotlarni yashirish uchun bu offshor kompaniyalar nominal yuridik va jismoniy shaxslardan foydalanadi. Ularning ayrimlari pul yuvish bo‘yicha xalqaro mojarolarga aloqadordir.

Rossiyaning “Pyatigorskiy molochnыy zavod” korxonasi bosh direktori bayonotiga ko‘ra, Farhod Mamatjonov O‘zbekiston bosh prokuraturasi xodimlari homiyligida amalga oshirilgan jinoiy operatsiyalarga aloqador shaxs. “Pyatigorskiy molochnыy zavod” korxonasi ilgari “Uztex group”ning offshor kompaniyalaridan biriga qisman tegishli bo‘lgan.

Rossiyada Farhod Mamatjonovga qarshi uyushgan jinoyatchilikka aloqadorlik ayblovi bo‘yicha ish ochilgandan so‘ng yaqinda Rossiya sudi uning mablag‘larini muzlatish haqida qaror chiqardi.

Shveytsariyaning to‘qimachilik sanoati uchun uskunalar yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi yirik “Uztex Rieter” kompaniyasi va Buyuk Britaniyaning “Wayrex LLP” offshor firmasi o‘rtasidagi pul tranzaktsiyalari alohida shubha uyg‘otadi.

Bumerang effektli shartnoma

Shveytsariyaning “Rieter” yetakchi sanoat kontserni va “Uztex group” tarkibidagi kompaniyalar o‘rtasida tuzilgan bumerang effektli shartnomalar alohida xavotirga sabab bo‘ladi. Bu kelishuvlardagi markaziy ishtirokchi Buyuk Britaniyaning deyarli tanilmagan “Wayrex” savdo vositachisidir.

Hisobotda ta'kidlanishicha, mazkur shartnomalar odatda transmilliy jinoiy operatsiyalarga xos bo‘lgan alomatlarga ega.

Farhod Mamatjonovga tegishli “Uztex group” “Rieter”ning doimiy mijozi hisoblanadi. Hujjatlarga ko‘ra, 2017 yilda “Uztex” “Rieter”dan to‘qimachilik uskunalarini xarid qilish uchun qiymati 100 million dollarlik buyurtma joylashtirgan.

Keyin Shveytsariya kompaniyasi bu yirik buyurtmani amalga oshirish vazifasini Buyuk Britaniyaning birov tanimaydigan “Wayrex” savdo vositachisiga topshirgan.

Ushbu uskunalar “Uztex” tarkibidagi ikki klaster – “Textile Finance Khorezm” va “Textile Finance Namangan” uchun mo‘ljallangani taxmin qilinadi.

Tadqiqot mualliflari “Textile Finance Khorezm” aktsiyalar paketining asosiy qismi (96,59%) Shveytsariyaning “Swiss Capital International Group” offshor kompaniyasiga tegishli ekanini aniqladi. Bu kompaniya esa “Rieter” rahbarlari bilan biznes aloqalarga ega.

“Swiss Capital International Group” “Uztex”ning yirik investori hisoblanadi.

Rossiyaning yirik sut zavodi aktsiyalarining bir qismi “Swiss Capital International Group”ga tegishli bo‘lgan. Ushbu zavod bosh direktori 2016-2017 yillar oralig‘ida O‘zbekiston hukumatini Mamatjonovlar va ularning sheriklari mazkur offshor kompaniyadan o‘zlarining jinoiy harakatlarini amalga oshirishda foydalanayotgan bo‘lishi ehtimolidan ogohlantirgan edi.

Rossiyaning “Pyatigorskiy molochnыy zavod” korxonasi bosh direktori Konstantin Suxarev bayonotiga ko‘ra, Farhod Mamatjonov O‘zbekiston bosh prokuraturasi xodimlari homiyligida amalga oshirilgan jinoiy operatsiyalarga aloqador shaxs. “Pyatigorskiy molochnыy zavod” korxonasi ilgari “Uztex group”ning offshor kompaniyalaridan biriga qisman tegishli bo‘lgan.

“Textile Finance Namangan”ning aktsiyalari to‘lig‘icha “Uztex”ning Buyuk Britaniyada ro‘yxatga olingan yana bir offshor kompaniyasi – “Maritex Industrial”ga tegishli.

Hujjatlar 2017 yilda uskunalar xaridi uchun tuzilgan to‘rtta shartnoma borligidan guvohlik beradi. Birinchi shartnoma 2017 yil 10 mayda “Textile Finance Khorezm” va “Rieter Machine Works” o‘rtasida tuzilgan. Bu bitim “Rieter”ning (Ellik besh million 186 ming 400) AQSh dollarilik uskunalar sotib olishni nazarda tutadi.

“Rieter”ning 28 401 000 dollarlik uskunalarini xarid qilishni ko‘zlovchi ikkinchi shartnoma imzolanishi 2017 yil 27 sentyabr sanasiga to‘g‘ri keladi. U “Uztex”ning yana bir offshori bo‘lmish “Textile Finance Namangan” va “Rieter Machine Works” shirkatlari o‘rtasida tuzilgan.

Yana uch tomonlama bitimlar ham mavjud. Ulardan birinchisining ishtirokchilari “Textile Finance Khorezm”, “Rieter Machine Works” va “Wayrex” shirkatlari hisoblanadi.

Ikkinchi bitim esa “Textile Finance Namangan”, “Rieter Machine Works” va “Wayrex” o‘rtasida imzolangan.

Ushbu kelishuvlarga ko‘ra, dastlabki shartnoma asosida yetkazib beruvchisi “Rieter” kompaniyasi bo‘lishi nazarda tutilgan zarur uskunalarni “Wayrex” shirkati yetkazib berishi kerak edi.

Buyuk Britaniya idoralariga taqdim etilgan hisobotlarda “Wayrex” Jan Klod Jorj Paskal Teodor Bojan ismli kimsani o‘zining asosiy egalaridan biri sifatida ko‘rsatgan. Ammo ichki yozishmalar “Wayrex” aynan Farhod Mamatjonov tomonidan nazorat qilinishidan darak beradi.

Ammo mohiyatan ushbu shartnomalar bumerang effektiga ega. Ya'ni “Uztex” “Rieter” bilan uskuna yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Keyin “Rieter” uskunalarni boshqa ta'minotchidan sotib olish vazifasini “Uztex”ning offshor kompaniyasi bo‘lmish “Wayrex”ga o‘tkazib  bergan.

“Rieter” imzolagan shartnomada aytilishicha, “Wayrex” bu ta'minotchilar bilan yetkazib berilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haqni to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Wayrex”dan olishga kelishadi. Keyin esa “Wayrex” “Rieter”ga bu hisob-kitoblarni taqdim etib, undan pul oladi.

Shu orqali moliyaviy mablag‘larning doira ko‘rinishida aylanishi amalga oshiriladi. Bitim shartlariga ko‘ra, “Uztex” tarkibidagi kompaniyalar “Rieter Machine Works”ning xizmatlari uchun haq to‘lashga majbur.

Bu to‘lovni qabul qilganidan keyin “Rieter Machine Works” “Uztex”ning offshor kompaniyasi bo‘lmish “Wayrex”ga u uchinchi tomondan xarid qilgan uskunalar xarajatlarini to‘lab berish majburiyatini olgan.

“Uztex”, “Rieter” va “Wayrex” o‘rtasida tuzilgan shartnomalardan xabardor manbalarning ta'kidlashicha, bumerang effektli bunday kelishuvlar tuzishning haqiqiy maqsadi firibgarlik kombinatsiyalarini yashirish hisoblanadi. Ularning aytishicha, “Uztex” eng zamonaviy uskunalar xarid qilish uchun davlat bankidan qarz olgan. Ammo buning o‘rniga, manbalarning so‘zlariga ko‘ra, “Wayrex” orqali nisbatan arzon modeldagi uskunalarni yashirin ravishda xarid qilishga erishish uchun “Uztex” “Rieter” bilan kelishuvlardan foydalangan.

Na “Uztex”, na Farhod Mamatjonov ushbu bitimlar yuzasidan izoh berish to‘g‘risidagi so‘rovlarga javob qaytarmadi.

O‘zbekistonda korporativ mas'uliyat va xatarlar

“Uztex group”ning tarkibiy tuzilmasi va faoliyati noodatiy voqelik hisoblanmaydi. Klasterlarni boshqarayotgan kompaniyalarning aksariyati o‘z korporativ faoliyatida xuddi shunday shubhali operatsiyalardan foydalanadi.

2016 yilda Islom Karimovning o‘limidan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘zini biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratayotgan islohotchi rahbar sifatida namoyon eta boshladi.

Ammo Mirziyoev hukumati “Uztex group” kabi yirik korporatsiyalarga nisbatan qat'iy shaffoflik va hisobdorlik talablarini o‘rnatishga jiddiy e'tibor qaratmayapti.

Buning natijasida “orqasi toza bo‘lmagan” konglomeratlar Yevropa va Osiyodagi liberal moliyaviy, korporativ va investitsiya muhitini O‘zbekistondagi noshaffof avtoritar boshqaruv tizimi bilan uyg‘unlashtirgan holda katta daromad ko‘rmoqda.

Zaif va noshaffof boshqaruv tuzilmasi sabab tobora keng qamrov olayotgan yuqoridagi kabi noqonuniy amaliyotlar O‘zbekistonda paxta klasterlari tizimini yaratishga qaratilgan bunday loyihalarning samaradorligini jiddiy shubha ostiga qo‘yadi. 

Ko‘rsatuvni “Eltuz kanalida tomosha qiling va obuna bo‘ling: https://youtu.be/a3RSSbvOj6w

Tag‘in o‘qing
26 avgust 2019
Uzoq yillar davomida rejim paxtaqo‘yarlari tomonidan og‘zi ko‘pirib maqtanilgan “taraqqiyotning o‘zbek modeli noto‘g‘ri bo‘lgani” mamlakatning eng yuqori doiralari tomonidan ...
1 may 2020
Yo ramazon aytib keldik eshigingizga, Qo‘chqorday o‘g‘il bersin beshigingizga, Qo‘chqorday o‘g‘il bersa beshigingizga, Kim kelib, kim ketmaydi eshigingizga. Aziz ...
17 sentyabr 2016
Shavkat Mirziyoev muvaqqat prezidentlikka tayinlanishi ortidan kriminal doiralar tag‘in hokimiyatga qaytib kela boshlashdi. Hukumatdagi bir qancha mulozimlar ishdan bo‘shatildi, ...
21 yanvar 2019
(bu bor-yo‘g‘i hajviya, faqat qaysidir hokim o‘z aksini ko‘rsa, xafa bo‘lish yo‘q) Tumanga kimsan viloyat hokimi kelib xalqni qabul ...
Bloglar
12 avgust 2020
Bishkekda hibsga olingan o‘zbek jurnalisti Bobomurod Abdullaevning onasi Gavhar Madaminova 12 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti ...
10 avgust 2020
Koronavirus kundaligi Qizimning qo‘g‘irchog‘i bilan uyda yolg‘izmiz. Ikkimiz ham bir odamchani sog‘inayapmiz. Faqat qo‘g‘irchoq yig‘lay ...
7 avgust 2020
Qishga tayyorgarlik. Pomidor va qalampirni o‘zim yetishtirib, quritib, ipga o‘tkazib devorga ildim. Ko‘o‘p bonkayam berkitganmiz. ...