Bishkek sudi Bobomurod Abdullaevga ehtiyot chorasi sifatida 30 kun qamoq belgiladi
Bishkek shahrining Birinchi may tumani sudi 10 avgust kuni ehtiyot chorasi sifatida o‘zbek jurnalisti Bobomurod Abdullaevni 8 sentyabrga qadar qamoqda qoldirishga qaror chiqardi.
“Bizning imkonimizda apellyatsiya shikoyati kiritish uchun 5 kun muddat bor. Agar e'tirozlarimiz inobatga olinmasa, 30 kundan so‘ng Bosh prokuratura Abdullaevni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishga qaror beradi”, dedi jurnalistning advokati Temur Qoraboev “Eltuz” muxbiriga.
Qirg‘izistonlik huquq faoli Toleken Ismoilovaning “Eltuz”ga bildirishicha, o‘zbek jurnalisti Bobomurod Abdullaevni ikki nafar qirg‘iz advokati himoya qilmoqda.
“O‘zbek jurnalisti himoyasini Qirg‘izistondagi nufuzli “Adilet” huquqiy klinikasi amalga oshirmoqda.
Advokatlardan biri Timur Qoraboev Bobomurod Abdullaev hibsga olingan 9 avgust kuniyoq tergovchilar bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldi”, deya bildirdi Toleken Ismoilova.
O‘zbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullaev joriy yilning 9 avgust kechasi Bishkek kafelaridan birida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati so‘roviga ko‘ra qo‘lga olingan.
Jurnalist Bobomurod Abdullaev unga O‘zbekistonda jinoyat ishi ochilganini iddao qilmoqda. Uning Bishkekdagi sud arafasida jurnalistlarga aytishicha, “Qora mergan” taxallusi ostidagi maqolalarni yozganlikda gumon qilib Mirzo Ulug‘bek tumani sudi 23 iyul kuni unga nisbatan “sirtdan ayblov e'lon qilib bo‘lgan”.
Ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning fevral oyida Abdullaev Qirg‘izistonga Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti taklifi bilan 4 oylik o‘qishga kelgan. Biroq koronavirus karantini bois qolib ketishga majbur bo‘lgan edi.
Jurnalist Bobomurod Abdullaev 2017 yilning 27 sentyabrida MXX tomonidan hibsga olinib, o‘z jurnalistik faoliyati uchun tergov qilingan.
Sudda u Usmon Haqnazarov taxallusi ostidagi aksariyat maqolalar muallifi ekanini tan olgan, biroq maqolalarda davlat to‘ntarishiga chaqiriq bo‘lganini rad etgan.
Shu bilan birga, u tergov davomida o‘ziga nisbatan qiynoq qo‘llanilganini qayd etgan.
2018 yilning 7 mayida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi Bobomurod Abdullaevni Jinoyat kodeksining 159- moddasi 1- qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor topib, 3 yilga axloq tuzatish ishlariga jalb etish jazosi tayinlagan va sud zalidan ozod qilgan edi.
eltuz.com