RTdan va'z: Mirziyoev so‘z erkinligidan nega qo‘rqadi?
Yer Quyosh atrofida aylanishda davom etarkan, yetti kechayu kunduz kechdi. Hafta aylanib yana siz bilan yuzma-yuz bo‘ldim. Dard to‘kib hasrat qozonini qaynatmoq menga bir maslak bo‘ldi. Yurtda dard ko‘p, darmon yo‘q. Ko‘ngil saroyi bo‘m-bo‘sh, kutilgan sulton yo‘q.
Bugun so‘z erkinligi va reputatsiya haqida gaplashsam. Nima o‘zi u so‘z erkinligi? Reputatsiya nima degani?
O‘zbek zehniyati va maqollar ombori so‘z erkinligini cheklashni ma'qullaydigan matalu maqollarga liq to‘la. “Sukut – oltin”, “Og‘ziga kelganni demak – nodonlar ishi”, “Gap bilguncha ish bil”, “Ketni qisgan boy bo‘ladi”. U yog‘ini o‘zingiz qo‘sharsiz.
Bundan 100 yil oldin ham hukmron sinf vakillari qo‘l ostidagi faqiru fuqaroning tili chiqishini istamagan. Oybekning “Qutlug‘ qon” romani bosh qahramoni Yo‘lchi unga haqini bermay, bonusiga sevgan yorini ham tortib olgan Mirzakarimboyga tik qarab ichidagi gapini aytadi.
“Bu tilni senga qaysi qistaloq berdi”, deydi kambag‘al jiyanning haq talab qilganidan shoshib qolgan boy tog‘a. “Zulmingiz berdi”, deydi Yo‘lchi.
Demak, zulm – so‘z erkinligi va isyonga yo‘l ochuvchi omil. Qurbaqani bossang, vaq deydi. Itni tepsang, vov deydi. Mushukning dumidan tortsang, miyovlaydi.
O‘ziga xos refleks bu. Ammo eng tuban va ayanch odamlar to‘dasi borki, ularni qancha ezsang ham miq etmaydi. Hatto maqol to‘qishgan: “Urganingiz un oshi, so‘kkaningiz so‘k oshi”. Kechqurun xotiniga maqtanadi: “Xo‘jayin meni tepib-tepib tashladi. Urdimi, demak o‘ziga yaqin oldi”.
Mavzu so‘z erkinligi edi. Bu mavzuga oid gap-so‘zni xabarlardan keyin davom ettiramiz.
Chet el xabarlari
Hafta davomida ozod belaruslar Lukashenkaning iste'fosini talab qilib namoyishlarga chiqishdi. Lukashenko nihoyat tinch namoyishchilarga javob qaytardi va o‘tgan haftaning eng kulgili qahramoniga aylandi.
Kremlning bosh tanqidchisi Aleksey Navalniyni kim zaharlagani ma'lum…, ammo uni barmog‘imiz bilan ko‘rsatmaymiz. Hozir u Berlinning “Sharite” shifoxonasida davolanmoqda. Yomon ko‘zlardan narida.
Mahalliy xabarlar
“Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat jamg‘armasi direktori Asrol Mirzahmedov do‘stlari bilan o‘z jamg‘armasining $272,8 ming dollarini o‘mardi.
O‘zbekistonlik mashhur aktrisa, xalq artisti Dilbar Ikromova “Kovid-19”dan vafot etdi. U “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi roli bilan elga tanilgan edi. Buxoro viloyati hokimi Karim Kamolov ham ayni kasallikdan o‘ldi.
O‘zbek parlamentining bir qancha deputatlari “O‘zavtomotors” shirkatini avtomobillar narxini asossiz oshirishda ayblashdi, narxlarni tushirishni talab qilishdi. “O‘zavtomotors”dagilar esa hech qachon bunday qilmasliklarini aytib javob berishdi.
1 sentyabrdan O‘zbekistonga 70 mln so‘mgacha naqd valyutani deklaratsiyalamasdan olib kirish mumkin bo‘ladi.
Jurnalist Bobomurod Abdullaev DXX so‘rovi bilan Bishkekdan O‘zbekistonga qaytarildi. Uni tilxatga imzo chekdirib ozod etishdi, biroq tergov davom etadi. Chekistlar “Qora mergan” niki ostidagi tanqidiy maqolalarni Bobomurod yozgan, deya hisoblamoqda.
Xabarlarda eshitganingizdek, Bobomurod Abdullaning ozod etilganini hatto muxolifat lideri ham olqishlabdi.
Bir begunoh odamni shuncha pul sarflab harbiy uchoqda keltirib, usti yopiq qamoqdan usti ochiq qamoqqa qo‘yib yuborishning nimasini olqishlash lozim?
Tushunarsiz mutavoze diplomatiya. Bir vaqtlar Markaziy Afrikadagi odamxo‘r diktator dasturxonida odam go‘shti bir oz kamayganini ham xalqaro jamoatchilik olqishlagan. Ammo nima kerak bundayin mutavoze.
Bobomurod siyosiy qochqinlik so‘rab BMTga ariza bergandi. U boshini olib G‘arb sori ketmoqchi edi. Uni xuddi tovuqxonadan qochgan tovuq kabi ushlab kelib, yana katagiga qo‘yib yuborishdi. Shumi ozodlik?
Ëzuvchi Leskovning qissasi qahramonini ko‘chmanchilar o‘g‘irlab ketib, qul qilib ishlatishadi. Bu qahramon qochmasin deb, tovonini yorib, ichiga ot qilini joylab qo‘yishadi. Tovon bitib ketganidan keyin bu asir yugura olmaydigan bo‘ladi. U faqat eshak ustida o‘tirib qo‘ylarga qarashi, kechqurun esa yastanib yotishi mumkin edi, xolos.
Ammo bu 18-asrdagi voqea edi. Bugun, 21-asrda odamni haq so‘z aytmasin, deya asir olishdi. Mirziyoev rejimi bu ishi bilan yana kulgiga qoldi.
Reputatsiya
Men demokratik tuzum avtoritar boshqaruvdan ancha samarali ekani haqida ko‘p takrorlayman. O‘zbekistonda klassik avtoritar tuzum o‘rnatilgan, ya'ni bu mamlakatdagi hamma voqealar bir odamning istagiga ko‘ra amalga oshishi, butun davlat apparatining o‘sha odamga bo‘ysunishini anglatadi. Bunday siyosiy tuzumda oshkora muhokamaga o‘rin yo‘q, hamma faqat bitta odamning ko‘nglini olishga intiladi.
Mana, to‘rt yildirki, Karimovning o‘rnini egallagan Mirziyoev iqtisodda, fan, san'at va boshqa hamma sohalarda barcha uchun eng katta avtoritetga aylandi. Uning farmonlari na parlamentda, na televizorda muhokama etilmaydi. Mamlakat prezidenti dunyodagi hamma narsani biladi, u hech qachon xato qilishi mumkin emas.
Aksiga olib internet bor. Avtoritar rahbarlar buni istashmaydi, biroq ular internetni nazorat ham qila olishmaydi. So‘nggi oy davomida ular feysbukni yopishga urinishdi, biroq odamlar to‘siqlarni chetlab o‘tishni o‘rganishdi. VPN internetdan foydalanuvchilarga allaqachon tanish tushunchaga aylandi.
Internetda Miziyoev haqida ko‘p yomon gaplarni yozishadi. Birmuncha muddat feysbuk va telegramda “Qora mergan” akkaunti paydo bo‘ldi, u prezident qarindoshlari sha'niga jiddiy ayblovlar yog‘dira boshladi.
Masalan, “Qora mergan” prezident Mirziyoevning kuyovi Oybek Tursunovning akasi Ulug‘bek Tursunov tarkibida narkotik moddalar mavjud “Lirika” va “Tramadol” preparatlarini O‘zbekistonga noqonuniy olib kirish va sotish bilan shug‘ullanadigan jinoiy guruhning “panohgohi” ekani haqida yozgan edi.
Men “Qora mergan” kimligini, uning ma'lumotlari qanchalik to‘g‘riligini bilmayman, biroq men bu voqeaning boshqa jihatiga e'tibor qaratmoqchiman.
Hukumat bu anonim manba orqali tarqalayotgan axborotlardan qattiq qo‘rqib qoldi. Ular buning ortida Bobomurod Abdullaev turibdi, deb o‘ylashdi va Qirg‘izistondan jurnalistni topshirishni talab qilishdi. Ular mamlakatning xalqaro obro‘si haqida o‘ylashmadi ham.
22 avgust kuni DXX xodimlari Bobomurodni Bishkekdan maxsus samolyotda olib keldi. 8 soat davom etgan tergovdan so‘ng uni qo‘yib yuborishgan bo‘lsa-da, jinoyat ishi surishtiruvi davom etmoqda.
Bu voqea nimadan darak beradi? Hukumat odamlar hatto dalil-isboti bo‘lmagan har qanday axborotga ishonishlari mumkinligini tushunib qoldi.
Prezident oilasi a'zolari sha'niga nisbatan qanchalik jiddiy ayblovlar yangramasin, odamlar buni haqiqat deb tan olishlari mumkin. Hokimiyat va prezident yaqinlarining haqiqiy avtoritet darajasi shunchalik pastki, sizdirilgan har qanday axborot odamlar orasida tarqaladi va muhokama etiladi. Chunki odamlar bu oilaning har qanday jinoyatga va har qanday pastkashlikka aloqador bo‘lishiga ishonishadi.
Bu – reputatsiya degani. Ya'ni ularga munosib ko‘rilgan obro‘. Misol uchun, internetda biror kishi Angela Merkelning eri “Mercedes-bents” zavodiga bostirib kirib, unga boshqaruv paketini sovg‘a sifatida berishni talab qilganini yozsa, hamma bu odamni aqldan ozibdi, deb o‘ylaydi.
Ammo prezident Mirziyoevning qarindoshlari asta-sekin Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini egallab olmoqda deyishsa, aksariyat o‘zbeklar bunga ishonishadi. Aytgancha, ilgari ushbu zavodni Islom Karimov xotinining qarindoshlari nazorat qilgan.
Rahbarlarning shaxsiy hayoti
Bobomurod Bishkekda DXX so‘roviga ko‘ra hibsga olinganida, men uning himoyasi uchun post yozdim. Kanadada yashovchi Dilsora ismli vatandoshimiz esa bunga javoban “Qora mergan”ning yozganlari jamiyat uchun xavfli, chunki u odamlarning shaxsiy hayoti haqida yozyapti va shu tarzda u har bir insonning shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin”, deya yozdi.
Shu o‘rinda men eslatib qo‘ymoqchiman, Kanada kabi demokratik mamlakatlarda oddiy odamning shaxsiy hayoti qonun bilan himoya qilinadi. Oddiy odam jurnalistlardan shaxsiy hayotiga aralashmaslikni, u haqida yozmaslikni, fotosuratlarini nashr etmaslikni, qizlari yoki xotinlarini muhokama etmaslikni talab qilishga haqli. Jurnalist odatda bunga rozi bo‘ladi.
Biroq mamlakat rahbarlari va ularning oila a'zolari shaxsiy hayoti haqida gap borganda, qonun ularni kamroq himoyalaydi. Bu mutlaqo tabiiy. Odamlar ularni boshqarayotgan, ulkan qudratga ega bo‘lgan, chiqargan qarorlari millionlab insonlar hayotiga doxil bo‘lgan shaxslar hayotiga oid barcha tafsilotlarni bilishga haqli.
Farq shundaki, erkin jamiyatda anonim akkauntlardan olingan ma'lumotlar katta shubha uyg‘otadi va odamlar shunchaki bunday ma'lumotlarga e'tibor ham berishmaydi.
Biroq rahbarlar reputatsiyasi o‘ta past bo‘lgan, amaldorlarning o‘g‘irliklari haqida odamlar deyarli har kuni eshitadigan, oddiy matbuot prezidentga teginishga jur'at eta olmaydigan mamlakatda mish-mishlar rivoji uchun juda ajoyib hudud yaratiladi.
Ehtimol, men butkul haq emasdirman,
Balki kuylaganim zulm qo‘shig‘i.
Ehtimol, haq mening HAQimga oshiq –
Va yoki men Haqning eng hur oshig‘i.
Ehtimol, shamollar qilgandir nayrang,
Ishq hidin keltirib dimog‘larimga.
Balki tun bergandir samoviy jarang –
Mening eng chiroyli so‘rog‘larimga.
Ehtimol, tong hali otib bo‘lmagan,
Eng so‘nggi yupanchi oymomasini.
Ehtimol, tun hali tark etmagandir –
Oydan ham oydinroq ostonasini.
Ehtimol, ko‘zingning qarolarini,
Taqdir – deb bitmishdir ul Hofiz Jamol.
Tushunmay o‘tyapman, savdolaringni –
Bilmayman,
Ehtimol, Ehtimol.
Bu she'rni 1988 yili hali maktab o‘quvchisi bo‘lgan paytida shoira Sanobar Mehmon yozgan. Maktab o‘quvchisining ijtimoiy faolligi 1988 yilgi Gorbachev hurriyati fazosida yetishgan edi. Muhit muhim. Qafas ichidagi ba'zi hayvonlar ko‘paymaydi, deyishadi bilgichlar.
Bir siqim bug‘doyni tosh ustiga tashlang. Yana bir siqim bug‘doyni hozir mola o‘tgan iliq shudgorga tashlang.
Qaysi biri unib chiqadi? Albatta, iliq va namli tuproqqa tushgan urug‘ unadi. Keyingi 30 yil ichida O‘zbekiston degan toshloqda hech bir giyoh unmagani sababi hurriyat va so‘z erkinligi yo‘qligidir.
So‘z va ifoda erkinligi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Masalan, bir odam “Mirziyoevning kuyovlari o‘g‘ri!” deb yozib nashr qilsa, bu so‘z erkinligi, agar u “Mirziyoevning kuyovlari o‘g‘ri!” degan shiorni ko‘tarib, triatlon sport markazi oldida tursa, bu ifoda erkinligi bo‘ladi.
Tasavvur qiling, oilada farzand tug‘ildi. Bir yoshdan sal o‘tib tili chiqa boshladi. Bundan siz ota yoki ona sifatida mamnun bo‘lasiz. “Gapir bolam, gapir…”, deysiz.
Bola ravon gapira boshlagandan keyin esa “Tilingni tiy!” deysiz. “Bunday gapni gapirib bo‘lmaydi”, “Jim! Uydagi gap ko‘chaga chiqmasin”, “O‘chir ovozingni, tilingni sug‘urib olaman!” deysiz.
Jamiyatning tipik vakili sifatida so‘z erkinligini cheklashni ma'qullaysiz. Mabodo O‘zbekiston kabi avtoritar boshqaruvdagi mamlakatda sizga amal tegib, hokim yoki vazir bo‘lsangiz, albatta, butun g‘ayratingizni so‘z erkinligini cheklash, “yozuvchi”larning tilini tiydirishga sarflaysiz. Chunki siz hali beshikda yotgan paytingizdayoq so‘z erkinligi yomon, degan fikrga borib bo‘lgansiz.
Aslida “Yig‘lamagan bolaga emchak yo‘q”, degan maqol so‘z erkinligi haqida. Ammo bu maqolni o‘ylab topgan qavm “Egilgan boshni qilich kesmaydi”, degan matalga amal qiladi.
Millionlagan egilgan bosh. Qo‘llarida qalam va bloknot olib, prezident Mirziyoev nima desa yozib turishibdi. Bu kulgili manzarani Turkmanistonda ko‘rgan edik. Ammo qovun qovundan rang oladi, deganidek, o‘zbek yurtboshisi ham oldiga oq atirgullar qo‘yib, hazrati oliy bo‘ldi-qo‘ydi.
1993 yili Islom Karimov o‘ziga Oqsaroy qurdirayotgan paytda rassom Vyacheslav Oxunov bu saroyga qarab namoyishkorona siygan edi. Bu muhtaram rassomning ifoda erkinligi edi.
Aynan o‘sha paytda Usmon Azim, Mirzo Kenjabek, Omon Matjon kabi shoiri zamonlar she'r qalamini ohista yo‘nib, yangi yurtboshiga kim o‘zarga laganbardorlik qilishayotgan edi.
Darvoqe, laganbardorlik, ostida ta'ma yotgan maqtov va patxalimlik so‘z erkinligi emas, balki illatdir.
Erkinlik. Erk. O‘zgurlik bu fazilatdir.
Erkin bo‘l!
Menimcha, erkinlik birov beradigan narsa emas. Balki sendan tortib olib bo‘lmaydigan narsa. Jamoat bosimi va rejimlardan erkin bo‘lish – bu doimiy faollikdir. Hamma qirol kiyimini maqtayotgan paytda, uning yalang‘och ekanini ayta olish uchun odam erkin bo‘lishi kerak.
“Erk” so‘zi va “erkak” so‘zi orasida o‘xshashlik bor. Salomlashganda assalomu alaykum deydigan no‘xcha (chechen)lar xayrlashganda “erkin bo‘l” deydi.
So‘z erkinligi. Ifoda erkinligi. Sayohat erkinligi. Yurish-turish erkinligi. Erkinlik nimaligini shoir Pahlavon Mahmud bir jumlaga joylagan:
“Kim agar ozoddir – ul shoddir”.
Pahlavon Mahmud erkinlikni sevgan va minglab odamlarga erkinlik bergan faylasuf edi. U Hindistonda qullikda bo‘lgan minglab xorazmliklarni ozod qilgan juvonmarddir.
Erkinlikka qovushgan bu odamlar minnatdorlik ramzi sifatida Xiva shahrini kesib o‘tadigan kanal qazib berishdi. Kanal Pahlavon Mahmud nomiga qo‘yilgan. Polvonyop deb ataladi. Bugun ham shu kanaldan suv oqib turibdi.
Davronda ko‘p ko‘zni men giryon ko‘rdim,
Neki balo bo‘lsa, beomon ko‘rdim.
Nuh-ku ming yil yashab ko‘rdi bir to‘fon,
Men Nuh bo‘lmasam ham ming to‘fon ko‘rdim.
Amnesty International tashkiloti O‘zbekistonda hibsda qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaevning hayoti xavf ostida ekanini ta'kidlab, jamoatchilikni uning himoyasi uchun aktsiyaga chaqirdi. Tashkilot bayonotida O‘zbekiston “so‘z erkinligi va tinch namoyishlar o‘tkazish huquqi o‘ta keskin cheklangan mamlakat”, deya ta'riflangan.
Bu ta'rif 2017 yilning 8 oktyabrida berilgan edi. Oradan 3 yil o‘tdi. Mirziyoev rejimiga berilgan diagnoz o‘zgarmadi. Qaytanga kasal avjiga oldi.
AGAR
Ko‘kka boqib entikilmasa,
Surtilmasa ko‘zga tuproqlar,
Xazon yig‘lab, kurtak kulmasa,
Loqayd bo‘lsa yashil yaproqlar,
Bug‘doy bo‘lib yanchilmasa so‘z,
Xirmon
bo‘lib yig‘ilmasa she'r,
Siyoh bilan yozilsa, xolos,
Dil qonidan tug‘ilmasa she'r,
Yurakkamas, faqat maydonga
O‘rnatilsa qutlug‘ haykallar.
Ilm o‘rgatib sohir qo‘shiqlar,
Yangramasa qo‘shiqdek fanlar,
Samimiyat mahzun yursa-yu,
Kek-adovat tursa hiringlab,
Ilmu amal mum tishlab qolsa
Gapirganda oltin jiringlab,
Kerilsa-yu xomsemiz yolg‘on,
Ta'zim qilsa xipcha haqiqat,
Firoq yillab dilni qilsa qon,
Visol “davron sursa” daqiqa,
Xatcho‘p emas, egallasa pul
O‘qilmagan kitob qatini,
Ikki yurak bir-birin sevib
Aytolmasa muhabbatini,
Yaltillagan yashin deb emas,
Tushunilsa qand deb chaqmoqlar,
Donolarning ustidan shunda
Qah-qah urib kular ahmoqlar.
Ëshligimda Yevgeniy Yevtushenkoning “Haqiqat uchun 3 minut” she'rini rus tilida o‘qigandim. She'r qahramoni Mansana degan yigit radiodan eshittirish uzatilayotgan studiyaga kirib, xalqni aldayotgan sohibjamol suxandon qo‘lidan mikrofonni tortib oladi.
Shundan so‘ng Mansana uch daqiqa davomida mamlakatdagi o‘g‘irlik, korruptsiya, nepotizm haqida gapiradi. Uch daqiqadan keyin hukumat askarlari radiomarkazga kirib Mansanani otib tashlaydi.
Yevtushenko bu voqeni she'riy bayon qiladi. “Eltuz” do‘stlaridan bo‘lgan Mirza Anvar aka bu she'rning bir qismini iltimosimizga ko‘ra rus tilidan o‘girib berdi.
Hoy, dunyo yoshlari, tingla bu so‘zim,
Garchi mamlakating boshqarar yolg‘on.
Bo‘htonlar qoplagan ro‘znoma yuzin,
Mansana haqida o‘yla ushbu on.
Shunday yashaginki – bo‘lmagin tanbal,
O‘limga tik boqqil, halovatdan kech.
Bo‘yningga sirmarkan qilichin ajal,
Shu so‘nggi onda ham aldamagin hech.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz
Eltuz.com