Asosiy mavzular
4 sentyabr 2020

RTdan va'z: Boyroqlarning bayrog‘i qo‘rquv

Hafta aylanib yana takiyamni kiyib sizga qarab og‘iz juftladim. Televidenie bo‘yicha o‘tgan treninglarimda mentor ohang, ya'ni aql o‘rgatish tomoshabinni hurkitadigan omil, deb tushuntiriladi. Men zinhor aql o‘rgatmoqchi emasman. 

O‘zimga en bo‘lmagan birovga bo‘y bo‘lamanmi? Shunchaki dardlashaman. Haqiqatni  targ‘ib qilmayman, balki ularni sizlar bilan birgalikda izlayman. Topsam – sevinaman, topmasam – mayusman. Eng muhimi, qo‘rqmayman. Tujjorlardan uzr so‘ramayman. 

Mavzuga ko‘chishdan oldin xabarlar bilan tanishsak.

XABARLAR

“Anoyi” so‘zi laqma va ishanuvchan, degan ma'noni bildiradi. Chiroqchilik bir aka dehqonchilikdan orttirgan 50 ming dollarga Toshkentdan bir uy olib qo‘ysam, deb orzulandi. 

Uning chaqqon qo‘shnisi chiroqchilikni Toshkentga olib borib, Chilonzor metrosi yonidagi uylardan birining birinchi qavatidagi xonadonni ko‘rsatib, “mana shu sening uying”, deb 50 ming dollarini olib darrov ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. 

Chiroqchilik tog‘a “endi o‘z uyim – o‘lan to‘shagim, kirib bir oqshom yotay”, deb turganida uy egalari yetib kelib, “seni tanimaymiz, uy bizniki, bor yo‘qol”, deb haydavorishdi. 

Chiroqchilik tog‘a firibgarlik qurboni bo‘lganini anglab yetib, militsiyaga arz qildi. Bu paytda firibgar To‘ytepa chegarasigacha yetib borgan va qo‘lidagi 50 ming dollarni ham xarajat qilib yuborishga ulgurgan ekan. 

Baribir qamashdi. Firibgar bo‘lsa temir qafas ichidan tirjayib, kuzda amnistiyaga tushib qaytib kelib, yana senga o‘xshagan anoyilarning pulini shilaman, deb o‘tiribdi.

+++

Zarmitan oltin konining “Glavniy” shaxtasida o‘zboshimchalik bilan oltin qazaman degan odam tok urib o‘ldi. Oltin vasvasasi.

Farg‘onada 24 yashar ayol bir yashar bolasini 1500 dollarga sotayotganda ushlandi. Bolajon xalq xronikasi.

ZANGORI ShU'LALAR

Sokin kuz oylari shaharda

Naqadar so‘limdir kechalar.

Qandaydir sehr bor qamarda,

Ko‘k bilan so‘zlashar ko‘chalar.

(Erkin Vohidov)

Bundan 40 yil oldin yozilgan bu she'r davomida shoir odamlarning hayot go‘zalligini ko‘rish o‘rniga televideniening zangori ekranida aks etgan oldi-qochdiga maftun bo‘lishganidan afsuslanadi.

Tugamas kattalar bardoshi,

Go‘daklar qaramas ovqatga.

O‘q tegib yiqilar qo‘rboshi,

Shtirlits chap berar ofatga.

Bir yigit o‘zganing bag‘ridan

Qaytgan yor labini so‘radi.

O‘tishib qo‘g‘irchoq bahridan,

Bu holni qizchalar ko‘radi.

Bu bitiklarda tasvirlangan qizchalar yoshi har holda ellikdan oshdi. Umuman, kimningdir televizor ko‘rib, buzilib ketganini men hayotimda uchratmadim. Odamlar uchun televizor – bu shirin yolg‘onlar tarqatadigan quti. 

“Ul shirin yolg‘onga lekin aldanib qolg‘on yomon”, deb qo‘shiq aysak-da, baribir uyda televizor yoqig‘liq turishi kerak. Televizor – uyning doimo urib turadigan yuragi. Hozirgi avlod uchun vayfayday gap. 

Kelgan mehmon vayfay bormi, deydi. Oldiga qo‘yilgan noringa qaramay, qo‘lidagi smartfonga tikilib o‘tirganicha qaytib ketadi. Bir paytlar Shurikning kinosida ko‘ruvdik bunday sahnani. 

O‘ZBYeKNING BAYROG‘I NYeGA ShONLI EMAS? 

O‘zbek televizori mavsumiy hissiyotlarni yuqtiradigan virus, desa ham bo‘ladi. Masalan, bu qutining ichidan “Vatanparvar bo‘ling!” degan mujda chiqadi. Ana endi barcha bundan to‘lqinlanib, bayroq ko‘tarib ko‘chaga chiqib ketadi. 

Bittasi sochini bayroq va Mirziyoev shaklida oldiribdi. Buxorolik bir g‘o‘ch yigit esa mashinasini bayroq rangiga bo‘yab, g‘oz yurish qildi. Ammo Buxorodagi o‘rtoq Bobojonovning mirshablari bu vatanparvar mashinani qamab qo‘yishdi. 

Nega? Chunki bu bayroqqa bir tomchi qon to‘kilmagan. O‘q teshib o‘tmagan. Sobiq komunist va SSSR tarafdori bo‘lgan Karimov o‘ylab topgan bir latta, xolos. Odatda yangi tuzilgan va tarixi bo‘lmagan davlat yangi bayroq chizdiradi. O‘zbekiston degan davlat joylashgan zaminda o‘nlab qudratli davlatlar bo‘lgan va ularning muzaffar bayroqlari bor. Shulardan birini olish kerak edi. 

Masalan, Amir Temurning uch halqali ko‘k bayrog‘i. Qoraxoniylar, Xorzamshohlar yoki Saljuq bayroqlari. Eng yaqin tarixdagi Turkiston muxtoriyati bayrog‘i. Bu bayroq rus askarlari o‘qidan teshilib ilma-teshik bo‘lsa ham Qo‘qon uzra hilpirab turgan edi. 

Feysbukda yuzdan ziyod o‘zbekcha sahifa avatarida xalifalikning qora bayrog‘ini qo‘yganlarni ko‘rdim. Ular yugurib borib Toshkentdagi Oliy Majlis tomiga qora bayroq osishmoqchi. 

Menimcha, bu strategik xato qadam. Oldin bu borada aholi fikrini yaxshilab shakllantirish kerak. Odno yoki feysbukda asta-asta tushuntirish lozim. Keyin kichikroq narsalarni talab qilish kerak. 

Masalan, deylik “Masha va ayiq” multfilmini taqiqlashni talab qilish kerak (nomahram erkak ayiq 9 yashar Mashaning oldida nima qilyapti?) Ëki “Nu, pogodi!” Chunki plyajda behayo yotgan hayvonlar tasvirlangan. 

Ana uni taqiqlashga erishilganidan keyin “To‘ylar muborak” filmini tanqid qilish kerak. Chunki bu kinoda to‘yda araq ichiladi. Kichik g‘alabalardan ilhomlanib, taktikani o‘zgartirib-o‘zgartirib, masalan, lezviya ishlab chiqarishni to‘xtatish va uning vositasida badandagi yunglarni qirish taqiqlanishini talab qilish kerak. 

Sartaroshlarga kasbini o‘zgartirish uchun imkon beradigan kurslar ochishni so‘rash kerak. Ular, masalan, hijob, burka, niqob kabi kiyimlarni tikib, Afg‘onistonga eksport qilib turishi mumkin (hozircha). 

Asta-sekin, step bay step – kichik qadamlar bilan ulug‘ marraga qarab har soat har sekundda bir millimetr bo‘lsa ham yaqinlashaveramiz. Qarabsizki, bir kun Sherdor madrasasini buzish uchun buldozer kelyapti. 

Hamma xursand. Blogerlar tugab qolgan. Chollar duo qilib turibdi. Nafaqat Oliy Majlis, balki kichiroq hokimlik tomidayam qora bayroq hilpillab turibdi. Biz esa nashida aytamiz. 

Qo‘llarda bayroq, kelajak porloq, 

Ma'naviyat yengilmas kuch, 

Chirigan g‘arb tarafdorining kallasi puch. 

Shayx otamiz soyasida yotamiz, 

Kofirlar kelsa, paqqa-paqqa otamiz. 

Ro‘montika.

Avj olayotgan rusparastlik

Televizorda 9 mayga atab o‘ris qo‘shiq qo‘yilsa, barcha darrov SSSRni sog‘inishga tushadi.

O‘zbekiston xalq artisti, sobiq deputat, huquqshunoslik fanlari nomzodi va hoji ona Yulduz Usmonova ota-bolarimizni qirgan qizil armiya kiyimini kiyib, rasmlarga tushganini eslaysizmi?

Mustaqillik haqida tomog‘ini yirtib kuylagan bu ayol Karimov o‘lib mamlakatda “rusparastlik” moda bo‘lishi bilan darrov qizil armiya jallodlari kiyimini kiyib, o‘zining bosqinchi o‘rislar tarafida ekanini namoyish qildi.

Uyat, isnod, nomus, vatanparvarlik yoki qizil armiya askarlari qirib tashlagan ota-bobolarimiz xotirasining hurmati yo‘qmi!

Qo‘qon muxtoriyatini ag‘dargan, Farg‘ona vodiysida go‘daklarni qilichdan o‘tazgan shu qizil armiya edi-ku.

Kimda kim vatanni sevsa, Yulduz Usmonovaning bu xatti-harakati ustidan shikoyat qilsin.

Eng kamida uning xalq artisti unvoni bekor qilinishini talab etsak, deb xitob qilsam, somonxonaga qarab ramazon aytganday his qildim o‘zimni. 

Sovet davrida armiyaga borganda chechenlarning paypog‘ini yuvadigan ham, gruzin dedlarning orqasini uqalab, bir burda non yoki sigareta oladigan ham shu to‘da edi.

Mustaqillik davriga kelib bu to‘da umurtqasiz bir hujayrali hasharotga aylandi.

O‘ris ham urdi uni aylanib kelib, armaniyam.

3 yilcha oldin may oyida Moskvadagi maktab bitiruvchilari VDNXda o‘zbeklarni eshshak qilib mingani videosi tarqalgandi.

“Nima qilibdi soatiga pul bersa, minaversin eshshak qilib. O‘zbekistonda ularni tekinga minishadi-ku”, deb o‘zlarini ovutishdi.

Xullas, gapning adog‘i yo‘q.

Ammo o‘zim kal, ko‘nglim nozuuuuk degandek, bu to‘da o‘zi haqida cho‘pchak to‘qiydi. Biz zo‘rmiz, falonmiz, pistiyonmiz deb.

Mana bu qo‘shiq esa suv ko‘rsa kechadigan Oqqo‘rg‘on yigitlariga ataladi. Hamma raqsga tushsin.

Elim lochin, burgutlari,

Qoya o‘pgan bulutlari,

G‘ururi tog‘, ori osmon,

O‘zbekning mard yigitlari.

O‘zbek televizori va, umuman, o‘zbek nashrlaridan qo‘rquv nafasi ufurub turadi. To‘g‘risini to‘g‘riday gapiradigan odam anqoning urug‘i.

To‘g‘ri gapni to‘g‘ri turib ayta olgan odam haqida

Saxarov haqida ilk bor yetmishinchi yillarda eshitgandim. Uyimiz rahmatli otam, O‘zbekiston radiosi muxbirining ish kabineti ham edi.

Xorazmdagi oltin yulduzli qahramon raislardan biri bilan suhbat qurganida, o‘sha rais Saxarovni la'natlab bergandi.

Mikrofonni o‘chirgan otam “O‘zi Saxarov kimligini bilasizmi, yoshulli?” deganida rais “Men na yerdan bilin vuni. Sovet ho‘ko‘motini na ko‘p dushmoni ko‘p. Shulardan biri chig‘or”, degani kulgiga sabab bo‘lgan edi.

Otam tarixga “ottepel” deya kirgan totalitarizm muzlarining erishi davri odami edi. Otam o‘z do‘sti-yorlari bilan suhbatlashganda Saxarov, Bukovskiy, Mustafo Jamil kabi sirli ismlar yangrar edi.

1976 yili tog‘amning o‘g‘li Qadam og‘a Saxarov jasoratini yorqin hikoya qilib berganini eslayman.

Qadam og‘aning aytishicha, Saxarov Moskvadagi “Beryozka” do‘koniga kiribdi (“Beryozka” do‘koni faqat valyutaga narsa sotadigan do‘kon edi). Xullas, Saxarov do‘kondan ul-bul olib, pul to‘lamoqchi bo‘lsa, sotuvchi sovet pulini olmabdi. 

Saxarov do‘konchiga “pulning ustidagi yozuvni o‘qi”, debdi. Pulning ustida esa SSSRning oltin kafolati yozilgan edi.

O‘shanda Saxarov do‘kon hududida SSSRga qarshi fitna bor, deb chet el jurnalistlariga intervyu beribdi.

Bundan qo‘rqqan KGB raisi do‘konchilarga “Saxarov do‘konda sovet puliga narsa xarid qilishi mumkin”, degan ko‘rsatma beribdi.

Bu hikoya o‘sha davr uchun “adolatni talab qilish o‘rnagi sifatida” ichki qoniqish bilan tinglanar edi. 

Oradan olti-etti yil o‘tib, 1983 yilda Moskvaga bordim. 

Kremldan sal narida “Beryozka” degan do‘kon bor ekan.

Qadam og‘aning hikoyasini eslab, do‘konga kirdim. Do‘kon ichi defitsit mollar bilan to‘la edi. 

«”Bu mollar erkin muomaladagi valyutaga sotiladi, sovet puli olinmaydi”, deb yozib qo‘yilgan edi. 

Men sotuvchidan Saxarov kelsa, sovet puliga sotasizmi, deb so‘radim. “Xudo kelsa ham sovetning taxta puliga narsa sotmayman”, dedi do‘konchi. 

O‘sha paytda Saxarov Gorkiy shahrida surgunda edi. 

Men Saxarov bayonotlarini haykaltarosh do‘stim Damir akaning xotini Lyusya mashinkalab ko‘paytirgan samizdat varaqalaridan yashirincha o‘qirdim.

“Xroniki tekuщix sobыtiy” degan varaqalarni o‘qiganimda ichimda kuchli adrinalin vulqonini tuyardim.

Keyinchalik Saxarov xalq deputati bo‘lganida, o‘zimni oshig‘i olchi bo‘lgan qimorbozdek his qilgan edim.

Saxarov o‘lgan kuni men Urganchdan 5 kilometr uzoqdagi Oyoqdo‘rmon qishlog‘ida edim.

Qish sovug‘ida isitilmagan sinf xonasida guppiyu tumoqlarini kiyib, qop-qora partalarda rasm chizayotgan qora-qura qishloq bolalariga qarab, “Bolalar, menga aziz bo‘lgan bir odam qaytish bo‘ldi”, dedim.

“U odam nima qilar edi”, deb savol berdi bolalar. “U odam har doim to‘g‘ri gapni to‘g‘ri turib aytar edi”, dedim.

Menimcha, Oyoqdo‘rmondagi bolalar shu gap orqali Saxarovning kimligini tushunishgandek edi.

Darsni tugatib, maktabdan chiqayotsam, po‘stinga o‘rangan maktab qorovuli o‘z kulbasida televizor ko‘rib o‘tirgan ekan.

Menga qarab, “Ey muallim, O‘rusiyatda ulliroq bir odam o‘libdi, kim edi u”, deb so‘radi. “Avliyo qatori odam edi. Endi bundaylar dunyoga kelishi qiyin”, dedim.

Saxarov tirik bo‘lganida bugun to‘qson to‘qqizga kirar edi.

Qo‘rqmaslik darsi

Qo‘rqmaslik haqidagi darsni yana bir rus dissidenti Vladimir Bukovskiydan olgandim. Mana uning o‘tgan asrda yozganlari:

“Biz endi allaqachon indamay o‘lib ketaveradigan quyonlar emas edik. Biz buyuk haqiqatni anglab yetgan edik, hokimiyat na qurol, na tanklar, na-da atom bombasi bilan yaratiladi, hokimiyat ularga tayanmaydi. Hokimiyat – bu itoatkorlik, bo‘ysunishga rozilikdir, shu bois, zo‘ravonlikka bo‘ysunishdan bosh tortgan har bir inson bu kuchni 250 milliondan bittaga kamaytira oladi. 

Biz haq uchun harakatlarda qatnashdik, eng yaxshi maktabni lagerlarda o‘tadik, biz endi odamlarning itoatsizligi naqadar katta kuch ekanini bilamiz. Buni hokimiyatdagilar ham biladi. Ular allaqachon o‘z bisotlaridagi har qanday kommunistik safsatalardan voz kechishgan. Ularga endilikda odamlarning nurafshon kelajakka ishonchlari kerak emas, ularga mutelik kerak”.

O‘zbekiston misolida bu 33 milliondan bir bo‘ladi.

Va'z boshida Erkin Vohidov she'rini o‘qib bergan edim. 1989 yili kim mulozimni tanqid qilsa, 3 yilga qamaladi, degan gap chiqdi. Shunda shoir akamiz mana bu she'rni yozdi. Shuncha yil o‘tib ham dolzarb.

Betavfiq rahbarni so‘kkanim uchun

Uch yil yotar bo‘lsam yotganim bo‘lsin,

Uning yo‘q obro‘sin to‘kkanim uchun

To‘lov bersam borim sotganim bo‘lsin.

Xalqimga qadringni bil desam agar,

Kurash, haqni oshkor qil desam agar,

Bu qutqu atalsa davlatga zarar

Qancha azob bo‘lsa tortganim bo‘lsin.

Amaldor der esa tuzum — men o‘zim,

Farmon farmonimdir, so‘z mening so‘zim,

Men bunday tuzumdan o‘girib yuzim

Tamom jinoyatga botganim bo‘lsin.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
30 dekabr 2019
O‘zbekiston «Erk» Demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih 1991 yilning dekabrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida qatnashgan edi. Ayni voqeagacha va ...
30 oktyabr 2015
Militsiya: -Josuslarni ushladik. Terimga majburlash taqiqlangan, deyishayapti. MXX xodimi: (telefonda) – Bizda majburiy mehnat taqiqlangan? Nahotki? Rassom: Tuz www.eltuz.com
15 oktyabr 2023
Isroil tashqi ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Isroildagi qurolli to‘qnashuvlarda O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi halok bo‘lgan, yana to‘rt nafari bedarak ...
21 iyun 2021
«Paxtakor»ning kelib chiqishi turk, lekin shveytsariyalik Derdiyok (o‘zbekchasiga Dardiyo‘q) degan futbolchisi bor. Yillik maoshi 1,3 million yevro ekan. O‘zbekchasiga ...
Bloglar
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...