Asosiy mavzular
1 oktyabr 2020

“Prezident kuyovining do‘sti” bo‘lgan bokschi Andijonda IIV kapitanini kaltakladi

24 sentyabr kuni andijonlik bokschi Hasan Ergashev “Damas” boshqaruvidagi IIB xodimi Saidjon G‘ofurjonovni do‘pposladi. 

Kapitan “Damas” rusumli xizmat avtomashinasini Ergashevning to‘xtab turgan “Spark” rusumli avtomashinaga kelib urgan edi. Hodisa soat 12 va 13 oralig‘ida bo‘lib o‘tgani videotasvirlarda aks etgan. Voqea Andijon shahrining gavjum Toshkent ko‘chasida sodir etilgan.

“Eltuz” muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida hodisada bevosita ishtirok etgan kishilar bilan suhbatlashdi. “Damas”ni boshqargan IIB xodimi ishidan ayrilib qolishidan qo‘rqib intervyu berishni xohlamasligini bildirgan.

Kapitan Saidjon G‘ofurjonov ayni vaqtda Andijon IIB 1-militsiya bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi rahbari lavozimida ishlaydi.

“Spark” avtomashinasining egasi andijonlik bokschi Hasan Ergashev bilan bog‘lanib bo‘lmadi.

Hodisaga guvoh bo‘lgan haydovchining aytishicha, Saidjon G‘ofurjonov o‘z boshqaruvidagi mashinani bexosdan qarama-qarshi nojo‘ya harakatlanayotgan avtomashinadan saqlangan holda yo‘l chetiga buradi. 

Natijada harakatsiz turgan “Spark” avtomashinasiga uriladi. Shundan so‘ng “Spark” egasi IIB xodimini do‘pposlab ketadi. Halokatdan so‘ng qisqa vaqt ichida atrofga olomon yig‘iladi. 

Yig‘ilgan omma tomonlarni tinchlantirishi qiyin kechgan. Shu vaqt ichida “Spark” egasi IIB xodimiga prezidentning kuyovi Otabek Umarov bilan yaqinligini, UFC chempioni Habib Nurmagomedov bilan do‘stligi, o‘zining ham sportchi ekanini aytadi. Guvoh sportchi tomonidan IIB xodimi turli so‘zlar bilan haqorat qilinganini tasdiqlaydi.

Sportchining prezidentning kuyovi bilan tushgan, vodiyda ovoza bo‘lgan rasmini “Eltuz” muxbiri ko‘rgan. 

AQShda yashayotgan o‘zbek bokschilaridan biri Sanjarbek Rahmonov intervyularidan birida dog‘istonlik aralash jang ustasi Habib Nurmagomedov “uning akasi Hasan Ergashevning yaqin do‘sti” ekanini tasdiqlagandi.  

Andijon viloyati prokuraturasiga yaqin mulozimning xabar berishicha, ish tergovga oshirilgan. Bunda ko‘zbo‘yamachilik yoki tarafkashlik qilinmaydi. Voqea ro‘y-rost ko‘rinib turibdi. 

Har ikkala tomonga yetkazilgan jarohat darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilayotgani ma'lum qilindi. Albatta, IIB xodimi mashinaga shikast yetkazgani, “Spark” avtomashinasi egasi IIB xodimini urgani inobatga olinishi ta'kidlangan. 

Har ikkala tomon – biri IIB xodimi, biri prezident kuyovining do‘sti ekani qonuniy chora ko‘rishda hech qanday ahamiyat kasb etmasligini bildirdi mulozim.

“Eltuz”ning ushbu voqea bilan yaxshi tanish bo‘lgan suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, “prokuratura ishni qo‘zg‘atdi, ammo ish umuman oldinga yurmayapti, Hasan Ergashev tergovga kelmagan”.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 iyun 2020
Andijon viloyatining Oltinko‘l tumani turg‘uni 40 yashar Saydullo So‘fiev IIBning ikki xodimi 16 iyun kuni qo‘lini qayirib, mashinaga bosib, ...
18 yanvar 2019
Turk yozuvchisi Aziz Nesin va rus yozuvchisi Anton Chexovga taqlidan va bo‘lgan voqeaga asoslanib yozilgan «hikoya» Bu hikoya yana ...
16 mart 2017
Medvedevga sovg‘a qilingan  muhtasham qasr hikoyasi Navalniy hisoboti markazidan o‘rin oldi. Ma'lum bo‘lishicha, Rossiya bosh vaziriga yaqinligi aytilayotgan jamg‘armaga ...
26 sentyabr 2018
Bir guruh o‘zbek ziyolilari 25 sentyabr kuni marhum o‘zbek shoiri Rauf Parfining 75 yillik yubileyini o‘tkazish uchun Toshkentdagi «Shosh» ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...