Asosiy mavzular
2 oktyabr 2020

RTdan va'z: Ayollar nega o‘zini yoqadi?

Juma kelsa, xuddi uzoq ko‘rmagan do‘stu yorlarim guras-guras bo‘lib, meni quchoqlab ko‘rishganday his-tuyg‘uni boshdan kechiraman. 

Jahonning shodligi yig‘ilsa butun, 

Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun. 

Eshitganingiz baytni shoir Rudakiy yozgan. 50 yildan beri to‘ylarda o‘rtakash ocharchilar qayta-qayta aytaverib siyqasini chiqarishdi. Ammo baytga gap yo‘q. 

Bayt degani arabchada uy degani. Uying bo‘lsa, do‘stu yor eshik qoqib kirib kelaveradi. Ammo bugungi kunda eshikni milisa yoki MIB xodimi ham taqillatishi mumkin. Mana, kuni kecha namanganlik 35 yoshli Gulandom Dedaboevaning uyiga MIB xodimlari kirib kelishdi.

Gulandom 13 ming dollarga sotib olgan uyining kadastri qilinmagani uchun hukumat odamlari «Chiq, bo‘shat uyni!» deyishdi. Gulandom esa ustiga benzin quyib, “Jonimga tegdi. Qani haqiqat?!” deya gugurt chaqdi. Olov bo‘lib gurr-gurr yongan Gulandom uni o‘rab turgan MIB xodimlari ustiga qarab yugurdi. 

Gulandom xuddi olovli snaryad kabi befarqlik, tsinizm, qashshoqlik, g‘urbatu g‘ariblik ustidan porillab uchdi. MIB xodimlari ham, qo‘ni-qo‘shni ham befarq. Faqat Gulandomning joyiga yetib kelgan onasi faryod solib hushidan ketdi. “Qizim, qizim!” deya yerlarga yotib dod soldi mushtipar ona. Doktorlar kelib Gulandomni olib ketishdi. Tanasining 90 foizi kuygan Gulandom kasalxonada o‘ldi. Ikki bolasi yetim qoldi. 

Bir zamonlar Danko ismli afsonaviy qahramon o‘rmon zulmatida adashgan qavmga yo‘l ko‘rsatish uchun yonib turgan yuragini qo‘lida ko‘taradi. Toshkentdagi bir paytlar Gorkiy nomida bo‘lgan metro bekatida  otash yuragini ko‘tarib, qorong‘idan qiynalgan olomon shuurini yoritgan Dankoga haykal qo‘yilgan edi. Dunyo adabiyotidan bexabar johillar bu haykalni yo‘q qilishdi. 

Mavzuga qaytsam. Namanganda yonib kul bo‘lgan Gulandom jaholat zulmati ichida yotgan olomon shuurini yorita oldimi? Yana qancha gulxan kerak? Yana qancha Gulandom o‘zini yoqishi kerak bu mamlakatda insof va adolat tarozisidagi o‘rdaklar tumshug‘i teng bo‘lishi uchun. O‘tgan asrning saksonichi yillarida 370 xotin o‘zini yoqqan edi O‘zbekistonda.

Bu haqdagi she'r muallifi Dilorom Ichoqova 1955 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgan. She'rlari matbuotda chop qilingan. “Erk” demokratik partiyasi markaziy kengashi a'zosi. 1994 yilda davlat to‘ntarishida ayblanib, shartli qamoq jazosiga hukm etilgan. 

Shunaqa, haqiqatni aytgan odamning tili kesilardi bir zamonlar. Bugun esa, mana, men tilim bir qarich bo‘lib gapirib o‘tiribman. Muloqot deydi buni. Millionlab odam muhtaram deya sig‘inayotgan prezident Mirziyoev «OAV bilan muloqot qilmagan rahbarlarning kelajagi bo‘lmaydi», dedi.

Yashang, prezident. Ammo o‘zingiz ham mana 4 yildan beri biror jurnalistga suhbat bermadingiz. Selektorda kalamush deb so‘kish – bu hali muloqot emas. Haqorat bu. Mayli xabarlarga o‘tsak.

XABARLAR

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi ko‘prik qoq o‘rtasidan port etib yorilib qulab tushdi. Ko‘prik Mirziyoev davrida 6,5 milliard so‘mga qurilgan. 1 yilu 7 oy ichida qulab tushdi!  650 ming dollar qulog‘ini ushladi. Beton tarkibida tsement bo‘lishini Mirziyoev davri prorablari unutgan.

+++

Muhammadjon Obidov  Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmatidan bo‘shadi. Egasi Shuhrat G‘aniev tashlab ketdi uni. Boz ustiga, korona yuqibdi. Sadoqatda vafoli bo‘l, bevafoni kechirmaslar.

+++

Komil Allamjonov Toshkent aeroportiga nomi qo‘yilgan kishini yomonlab tashlabdi. Lekin o‘sha odam paytida soqqa qilgandi-yu Allamjonov. «Soliq info», «Buxgalterga elektron madad» (BEM) beraman deb tadbirkorlarni sog‘ish ham o‘sha o‘lgan muhtaram paytida bo‘luvdi-yu.  AOKA sobiq mulozimi Hikmatulla Ubaydullaev aytganidek, o‘lgan maxluqni lyuboy eshshak tepa oladi.

Mirzacho‘lning «torpedo» qovunlari Ovropa bozorini portlatdi. Ddsh. ddsh. paq. paq. Parij, Vena, Berlin va Bryussel bozorlarida o‘zbek qovuni.  Sevin millat, qovun  yesang sahar ye, sahar yemasang zahar ye.

+++

Qiz-juvonlar rasmi matbuot va telekanalda ketganida ustidan bo‘yab qo‘yish Eronda rivoj topgan. O‘zbekistondagi «Sevimli» TV ham qizlarning sonini bo‘yashga o‘tibdi.

Dunyoga jalab eksport qiladiganlar yana uyalarmush. OAV va TVlarda chiqadigan xotinlar tasvirining ustidan bo‘yab o‘tiradigan ish joyi ochilsa, minglab odam ishli bo‘ladi.

«Sevimli» TVdagi zombi Qahramon Saidalievga fizkult privet. Agar bu zombivachchaga qolsa, Mona Liza ustidan ham smola surardi. Yaxshiyam Piter va Parijda Saidalievga o‘xshash zombi mulozim yo‘q.

+++

Kechgan haftada Farg‘ona hokimi lavozim almashtirdi. Endi u bosh vazir o‘rinbosari. O‘lgan Barnoevning hali sovimagan kursisiga o‘tirdi. Otning o‘limi – itning bayrami, degan maqol bor. Ammo kim ot, kim it va kim eshshakligi hanuz bizga qorong‘u. 

OMMAVIY DYeMONIZATsIYa

Demonizatsiya degan so‘z bor. Tarjimasi – yomonotliq qilish. Farg‘ona hokimi Shuhrat G‘aniev ommaviy demonizatsiya qilindi.

O‘zbekistondagi eng yomon odam shu, degan yo‘nalishda oxiri «o‘z» bilan tugaydigan saytlar va klerikal voizlar muntazam ish olib bordi.

G‘aniev kichik bolalarni tovada qovurib yer ekan, desa ham ishoniladigan darajaga kelindi. Menga xabar berishlaricha, bu demonizatsiya ortida O‘zbekistonda dunyoviy davlatchilik unsurlarini yo‘qotish bo‘yicha ishlayotan markaz turibdi.

Ular yaratgan gipnoz va ommani afyunlash tizimiga asir bo‘lganlar o‘zlari istamasa ham G‘anievni yomonlab tashlamoqda. G‘aniev shu ulkan davlat apparatining oddiy murvati ekanini, uning o‘rniga kelgan odam ham aynisini qilishini bular tushunmayapti.

1988 yili Afg‘onistonda desant rotasi jangchisi bo‘lgan G‘aniev O‘zbekistonning Afg‘onistonga aylanmasligini chandon istaydigan odam. Shu xislati bilan u vodiydagi boshqa ko‘knori xayol qovoq kallalardan farq qiladi. Buni prezident ham bilgani bois G‘anievdan voz kechmadi.

Namanganda yangi saylangan viloyat hokimi oldingi hokim davridagi qarorni bekor qildi. Shahar markazida siti qurilmaydigan bo‘ldi. Namanganda siti qurilmaydi desa, mahalliy deputatlar qarsak chaldi.

O‘tgan yili siti quriladi, desa ham o‘sha xezimlar chapak chalgan. Qo‘li qavarmaydimi bularning qarsak chalaverib.

AYIRMAChILIKKA YO‘L…

Prezident hokimlarni saylash zaruriyati haqida yana gapirdi. Oldin ham gapiruvdi. Lekin bugungi sharoitda tekin kalish tarqatadigan biznesmen va odamlarning qulog‘iga lag‘mon osadigan mulla hokim bo‘lib saylanishi mumkin.

Toshkentda yana Ortiqxo‘jev yutadi. Salim o‘g‘ri nomzodini qo‘ysa, o‘sha o‘g‘riga ovoz berishadi. Namanganda Sodiqjon qori Samarqandiyni hokim emas, darhol amirul islom qilib saylavorishadi.

Buning oqibatida korruptsiya avj oladi. Etnik va diniy mojarolar chiqadi. Separatizmga yo‘l ochiladi. Separatizm, ayirmachilik nima balo ekanini ozarbayjonlar yaxshi biladi. 

BMT Xavfsizlik kengashi Nyu-Yorkda favqulodda yig‘in o‘tkazib, Tog‘li Qorabog‘ nizosini muhokama qildi. Xavfsizlik kengashi Armaniston va Ozarbayjonni “zudlik bilan janglarga chek qo‘yish” va muzokaralarni boshlashga chaqirdi.

Tog‘li Qorabog‘ ishg‘ol qilinganiga 30 yil to‘lmoqda, ammo shu paytgacha nizo tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilinmadi.

Cho‘x kezdim men bu tog‘lardan,

Turna ko‘zli buloqlardan.

Eshitmisham uzoqlardan,

El bilirki, sen menimsan.

Yurtim, uyim, maskanimsan,

Onam tuqqan vatanimsan.

Ayrilarmu ko‘ngul jondan,

Ozarbayjon, Ozarbayjon.

(Samad Vurg‘undan parcha)

Shu kunlarda o‘z hududini ishg‘olchilardan tozalayottgan Ozarbayjon haqida «maqladi urushp» deydigan «aqllilar» ko‘paydi. Yana bu ko‘rsichqonlar boshqa mavzuda gapirsa, «Amir Temurdi avlodimiz» deb orqa yirtadi. 

Menimcha, bu gapni gapirayotganlar o‘ris nayzasi oldida to‘nqaygan mag‘lublar avlodi bo‘lsa kerak. Urush – biz so‘nggi 200 yilda unutganimiz siyosiy vosita.

200 yil oldin nemis harbiy faylasufi Karl fon Klauzevits: “Urush – bu siyosatning davomidir. Bundan buyog‘iga vositalar o‘zgaradi, xolos”, degan edi. 

Ishg‘oldan ozod o‘lon qishloqlar xabarini o‘qigan ozari diktor ko‘zidagi sevinch yoshini ko‘rib, men sevgan buyuk shoir Nozim Hikmatning mana bu she'rini esladim:

Bu mamlakat bizniki!

Bilaklar qonga to‘lgan!

Tishlar qisilgan!

Oyoqlar yalang.

Ipak kabi yumshoq tuproq.

Bu jahannam.

Bu jannat bizniki.

Qo‘llarimiz musht bo‘lib tugilsin

va bir daf'a ochilmasin.

Yo‘q qiling insonning insonga qulligin!!!

Bu davlat bizniki!!!

Bir og‘och kabi tek va hur yashamoq.

Va bir o‘rmon kabi qardoshlarcha..

Bu hasrat bizniki…

Tuz haqida ertak

Odatda va'z ichida ertak bo‘ladi. Ertaksiz va'z xuddi muhabbatsiz hayot kabi mazmunsiz. Tuzsiz taom kabi bemaza. Xullas, bu ertak tuz haqida. Rassom Tuz emas, oddiy osh tuzi haqida.

Qadimda bir aqlli podshoh yashab o‘tgan, uning go‘zal, oqila va nafosatli uch qizi bo‘lgan ekan. Bir kuni podshoh qirollikka ramz tanlash maqsadida qizlarini chorlabdi va aql-zakovat va dunyoqarashini sinamoq uchun ularga savol bilan yuzlanibdi.

– Qizlarim, mening savolimga shunday javob qaytaringlarki, siz topgan narsa mamlakatimiz ramzi bo‘la olsin. Qani, aytinglar-chi, dunyoda eng nodir, eng chiroyli va eng yoqimli narsa nima?

To‘ng‘ich qiz o‘ylanmasdan:

– Dunyodagi eng go‘zal narsa chiroyli ko‘ylakdir, – debdi.

Podshoh qizining javobidan mamnun bo‘libdi. Unga shunday go‘zal liboslarni hadya qilishni mulozimlariga buyuribdi.

So‘ng ikkinchi qiziga yuzlanibdi. U bo‘lsa:

– Bilasizmi, dadajon? Bu dunyoda oltindan chiroyli va qimmatli narsaning o‘zi yo‘q, qirolligimizga oltinni ramz qilib qo‘ysak, yanada yuksaladi, – debdi nazokat va nafislik bilan.

Podshoh qizining farosatiga qoyil qolibdi. So‘ngra qirollikdagi eng sara oltinlardan unga taqinchoq yasatib berishni zargarlarga buyuribdi.

Ammo ikkala javobdan ham unchalik ko‘ngli to‘lmabdi. So‘ng kenjatoy qizining javobini tinglashga qaror qilibdi. Uchinchi qiz hecham o‘ylanmasdan debdi:

– Men tuzni yaxshi ko‘raman va men uni eng nodir va zarur deb hisoblayman. Qirolligimizga esa uni ramz qilishni xohlayman.

Podshohning jahli chiqib:

– Nima? Tuz. Nahotki malika bo‘la turib, farosating shunchalik past bo‘lsa. Axir mening qizim dunyodagi eng go‘zal narsani tuz deb hisoblashi mumkin emas. Tuz sho‘r bo‘lsa. Qanaqasiga nodir, qanaqasiga zarur bo‘lsin? Sen nega bunchalik pastnazarsan, – debdi.

Kichik malika otasiga qarab:

– Otajon, tuz yaxshi narsa. Dunyodagi har nedan afzal, – debdi.

– Mendan hammi? – debdi podshoh jahl bilan.

-Yo‘q, dadajon, siz yaxshisiz. Sizni tuzga qiyoslab bo‘lmaydi. Siz bizning mehribonimizsiz. Ammo sizning bu bergan savolingizning o‘zida tuz yo‘q, – debdi.

Qirolning juda jahli chiqibdi. Qizini esa jazolash maqsadida 10 kun tuzlar saqlanadigan omborxonaga qulflab qo‘yibdi. Qirollikka qarashli barcha oshxonalarda tuzdan foydalanishni taqiqlabdi.

Tuzli taom iste'mol qiladiganlar jazoga tortilibdi. Oradan kunlar o‘tibdi. Qirollik huzuriga xalqdan norozilik xatlari tusha boshlabdi.

Saroydagi taomlarning ham tuz qo‘shilmaganidan ta'mi o‘zgaribdi. Podshohning esa tobi bo‘lmay qolibdi. Tabiblar unga tuzsiz ovqatni va nonni ko‘p iste'mol qilgani uchun shu ahvolga tushib qolganini aytishibdi.

Shunda podshoh haqiqatdan tuz yaxshi ne'mat ekanini anglabdi. Qizidan uzr so‘rabdi va nega aynan nonni, suvni emas, tuzni tanlaganini so‘rabdi. Qiz esa:

– Dadajon, bilamizki, tuz nafaqat taomni mazali qiladi, balki kayfiyatni ham ko‘taradi. U tobida qo‘shilgan taom inson salomatligiga ham foydali, – debdi.

Shundan so‘ng qirollikning ramzi qilib eng oliy ne'mat tuz tanlanibdi. Xalq ham sog‘lom, shod va xurram hayot kechirishda davom etibdi.

Hafta tugadi. Aynan shu hafta ichida Rassom Tuz va muxlislari orasida ilgarigidan ham issiq va samimiy munosabat shakllandi.

Ayniqsa, mushfiq singillar, opajonlaru onaxonlar bevosita murojaat qilib, ularning dardiga sherik bo‘lganimdan minnatdorlik bildirishdi.

Rossiyada chodirda yashayotgan vatandoshlar ham telefon qilib dard to‘kishdi. Istanbul, Dehli shaharlarida ham muxlisim bor ekan.

Oramizdagi samimiy rishtalarni saqlab qolish va sizning hurmatingizga loyiq bo‘lish uchun tirishaman, azizlar. Hamisha  mehringizdan kuch olib yashayman, g‘oyibona do‘stligimizni qadrlaydigan siz azizlarimning boriga ming bor shukr qilaman! 

Aytishlaricha, inson mehridan cho‘llarda mehrigiyo degan o‘simlik yaralgan. Xorazmlik qo‘shiqchi Sarvinoz aytgani kabi mehrigiyo cho‘pi bo‘lib, qumlarda bitsam ne deysan.

Qoraqum va Qizilqumda taxminan mart va aprel oylarida mexrigiyo cho‘pi degan giyoh o‘sadi. Shuni qaynatib ichsa, koronaga davo deyishdi. 

Assalomu alaykum, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
20 aprel 2020
O‘zbekistonda koronavirus karantini 10 maygacha uzaytirildi. 19 aprel kungi holatga ko‘ra, O‘zbekistonda kamida 1565 kishida virus aniqlangan. 225 bemor ...
2 fevral 2017
Yangi yildan so‘ng yanvarning qoq yarmigacha Vatan himoyachilarini madh etishga ustivor e'tibor qaratgan O‘zbekiston telekanallari keyin prezidentning ketma-ket imzolanayotgan ...
1 yanvar 2020
O‘zbek hukumatining Rossiya qaramligiga intilishi fonida mamlakatda gaz taqchilligi 2019 yili ham davom etdi. Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasidan O‘zbekistonning 600 ...
22 may 2018
Prezident Mirziyoevning Andijonga safari shaharni begona ko‘zlardan to‘sish, oshiqcha ehtiyot choralari va mulozimlarning odatiy laganbardorliklari bilan o‘tdi. Prezident o‘tadigan ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...