Asosiy mavzular
16 oktyabr 2020

RTdan va'z: Oqsoch yetishtiradigan qorasochlar mamlakati

Azizlarim, og‘a, ini, opa, singil, katta va kichiklarim. Mana, yana uchrashdik. Oldingi uchrashuvimizdan beri 168 soat o‘tibdi. Yetti marta kun chiqib kun botdi. Haftayam yumalanib-yumalanib o‘tdi ketdi.

Hafta nima o‘zi. Hafta bu 7 kun. Bir do‘stim o‘rmon yaqinidan yer sotib olib, 7 kunda uy qurib, kirvoldi. Lego kabi bo‘laklardan iborat uyni Finlyandiyadan yuk mashinasida olib kelib berishdi.

Do‘stim va yana ikki ishchi qo‘lidagi qog‘ozga qarab 7 kun ichida uyini tikladi. Uning aytishicha, uy olti yarim kunda bitgan. Do‘stim uy oldida mangal yoqib, kabob qilishga ham ulgurgan.

Odamning uyi bo‘lgani yaxshi. “O‘z uyim – o‘lan to‘shagim”, deydi o‘zbeklar. O‘zbek boyisa tom soladi, qozoq boyisa xotin oladi, deydi qirg‘izlar. 

Darvoqe, qirg‘izlar bo‘z uyni bir kunda quradi. Ellikta xodaning uchini birlashtirib, ustiga namat yopsa, shuyam uy. Ular bo‘z uy deganini biz o‘tov deymiz, chodir deymiz. Uy degan hashamatli, oltin qubbali bo‘lishi kerak.

Aytishlaricha, prezidentning kuyovlari o‘ziga zo‘r uy qurib olibdi. Ammo sinmasni kulol, o‘lmasni xudo yaratmas. Hatto prezident kuyovining uyi ham bir kunda yonib kul bo‘lish xususiyatiga ega.

Toshkentda duv-duv gap, prezident kuyovining uyi yonib ketib uysiz qolibdi bechora. Ichkuyovning ho‘kizi yo‘qolsayam, uyi kuymasin. Ammo kuyovlar tirik, uysiz qolmaydi.

33 millionlik saxiy xalqimiz bor. Bir burdadan bersa to‘ydiradi. Lekin hech qachon bir mushtdan urib o‘ldirmaydi. 

Biz turmush ketidan chopamiz, ajal esa orqamizdan quvib yetadi. O‘lim chopari uchun oddiy sho‘pir ham, ministru hokim ham bir xil. Mana, yaqindagina “Katyusha”ni baland ovozda aytib, o‘ris og‘alarini sel qilgan bosh vazir o‘rinbosari Barnoev o‘luvdi.

Uning o‘rniga kelgan Shuhrat G‘aniev koronovirusga chalinibdi. Barnoevning kursisidan yuqqan deyishdi, ishonmadim. Chunki kovid virusi kursi yuzasida faqat  28 kun yashaydi, xolos. 

Kechgan hafta yakuni

1. Anavi er xotiniga bo‘q yedirmagan. Ya'ni yedirgan-u, ammo ivirsiq xotinning o‘zi aybdor. 2. Turdimov oqsoch demagan. Degan-u, ammo u hamma o‘ylagan narsani ko‘zda tutmagan.

3. “Mendirman Jaloliddin” kinosida o‘g‘irlik bo‘lmagan. Bo‘lgan-u, faqat boshida o‘g‘irlashgan, keyin o‘g‘irlamay qo‘yishgan.  4. Laziza intervyu olgan ayol aslida erkak. Ya'ni oldin erkak bo‘lgan-u, keyin chukini tagidan kestirib tashlagan.

5. Qirg‘izstonda prezident ag‘darilmagan. Ag‘darilgan-u, ammo sizlar o‘ylaganday emas. O‘zi ketmoqchi. 6. Tojikiston prezidenti saylandi. Aslida saylanmaydi, shundoq umrbod lavozim dalasiga qoziqday qoqilgan.

Boshqa xabarlar yo‘q. Bor-u, lekin xabargayam o‘xshamaydi. Masalan, Dubayning ikkinchi yo birinchi valiahdi o‘z oqsochlari bilan Buxoroda ov qilishga kelibdi. Bir sen kam eding baxtimiz tugal bo‘lishiga. 

Mana bu gap esa xabardan ko‘ra kesatiqqa o‘xshaydi. Hozir qamoqda yotgan Gulnora Karimovaning telekommunikatsiya bo‘yicha korruptsion jinoyatlariga sherik deya ko‘rilgan bosh vazir Aripov korruptsiyaga qarshi chiqqanlarni “populist” dedi.

Unga qarab blogerlar o‘zing populist deyishi bilan hisob biru bir bo‘lib, hammasi unutildi.

Bloger Dalievning yozishicha, Zangiotada chiroq o‘chib, kovid markazida ajal qo‘pibdi. Kislorodga ulanganlardan 300 tasi narigi dunyoga survoribdi.

Men bunga sira ishonmadim. Zangiota to‘la generator bo‘lsa. Chiroq o‘chishi bilan shessekundda generatorga ulanadi-ku. Qolaversa, “Qutlug‘ qon” videofilmidagi Nuri aytganidek, “har dardni xudo beradi”. Ajali yetgan chiroq o‘chmasayam o‘laveradi. 

Kamchatkada o‘zbek ayol 53 yashar o‘zbek erkakni o‘ldirish uchun 100000 rublga qotil yolladi. 20 ming avans olgan qotil politsiyaga bordi. Politsiya esa bu o‘zbek ayol uchun qotillikni teatr qilib sahnalashtirib berdi. Bu o‘zbek xotin qamoqda. Go‘rda hech kim yo‘q. O‘zbek Kamchatkada ham o‘zbek.

Soliq idorasida shtat qisqardi. 1200 soliqchi ishsiz qoldi. 1200 oilada qozon qaynamaydi endi. 1200 ta oila yo‘qsil va savil. Qayg‘ur elim.

Sirdaryoda uy egasi gaz uchun qarz to‘lanishini so‘rab kelgan nazoratchini so‘yib tashladi. Nazoratchi go‘rda. Qarzdor qamoqda. Nazoratchining to‘rt bolasi yetim qoldi. 

O‘rtachirchiq tumanining tish-tirnog‘igacha qurollangan IIB xodimlari 9 oktyabr tunida 124 nafar jinoyatchini qo‘lga oldi. Vatanimiz endi bemalol uxlasa bo‘ladi. Jinoyatchilar qamoqda.

Bu olamshumul jinoyat nima? Kim kimni o‘ldirdi yoki qaysi mulozim bonkani o‘mardi? Bu savolga javob bergan podpolkovnik “bundan ham og‘ir jinoyat”, dedi.

Qo‘lga olingan bu yovuz niyatli kishilar 9 oktyabr tunida xo‘roz urishtiribdi. Yashasin dunyodagi eng qo‘rqmas milisa!!! O‘zbekiston mirshablari xo‘rozlar himoyasida hushyor turibdi.

Sitsiliya mafiyasidan o‘zgan o‘zbeklar

Shu kabi boshqa xabarlarni “Eltuz” nashridan o‘qib olishingiz mumkin. Agar sayt ochilsa. Chunki saytni o‘z vaqtida o‘zbek mulozimlari tambalab yopib qo‘yishgan.

Shu tambalashga hissa qo‘shgan mulozim haqida “Allamjon” degan qo‘shiq chiqaruvdik. Ammo Komil Allamjonov o‘zini xursand qilaman deb, qoshi-ko‘zini kamon qilib, qaytadan chizdirib, klon yasavolibdi. Basharang qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama. Eh, ay-yaay-yay, Allamjon. Original qo‘shiq mana bu. 

Kun iqtibosi uchun olganim bu so‘zlarni Robiya Kamol Allamjonov sahifasida qoldiribdi: 

“Bechora qora xalq 2021 yilni chiroqsiz, gazsiz, “Mendurman Jaloliddin” serialini tappini yondirib, is gazidan zaharlanib tomosha qiladi. Esiz shuncha mablag‘. Sal keyin suratga olinsa bo‘lardi shu serial. Manguberdi aslo xafa bo‘lmasdi!!!”.

Sitsiliya mafiyasi o‘margan pullarini oqlash uchun AQShda sanoqsiz kirxonalar ochgan edi. Bu mafiyaning Jaloliddin haqida bitta kino ishlab, olam jahon pulni o‘zlashtirish mumkinligiga aqli yetmagan.

Umuman, o‘marish bo‘yicha o‘zbek amaldorlari dunyoda har qandayiga mahorat darsi o‘tadi. Bitta Gulnoraning o‘zi 2 milliardni shessekundda o‘marib tashlagan. 

Darvoqe, Gulnoraning jinoiy sherigi qamalmay qoldi. U hozir bosh vazir O‘zbekistonda. Nemislar aytganday, Ein heiliger Ort ist niemals leer.

O‘rischasi – “muqaddas joy bo‘sh turmaydi”. Yoki yog‘liq joy pashshasiz bo‘lmaydi, deb ham tarjima qilish mumkin. Saidaxonga biram yarashibdi Gulnora bo‘lish. Ikki tomchi suvday o‘xshaydi.

Lekin Saida sal qishlaqi ko‘rindi. Ammo o‘marish ishini tez o‘rganvolib, Gulnoraning yo‘lidan borib, zafarlarga erishsin. Lekin Gulnora tushgan qamoqqa tushmasin. Uvol. Gulday qiz. Hali qancha DADO yigitlarning shimi yechilmagan.

Tvitter urushi 

O‘tgan haftada “Eltuz” “Revizor” turkum ko‘rsatuvining 3-sonini chiqardi. Unda biz Komil Allamjonov o‘zining “Soliq info” gazetasiga majburiy obuna uyushtirib, dasturlarini buxgalterlarga majburiy sotib boyigani va hammaga ma'lum monopol biznesi – “Avtotest” orqali haydovchilarni majburiy pulli o‘qitishni yo‘lga qo‘ygani haqida gapirdik.

Bunga javoban Allamjonov “Eltuz”ni allaqanday qora piar uchun buyurtma olganlikda ayblab chiqdi. Biz qaysi buyurtmachi nazarda tutilganini bilmaymiz. Yaxshisi Allamjonov uning nomini keltirgani ma'qul edi.

Uning tvitiga javoban shuki, “Eltuz”ning do‘sti, professor Kristian Lasslet yozganidek, “Bizning yagona mijozimiz haqiqat va jamoatchilik manfaatidir”.

Mendirman o‘sha…

Bir boshdan kelsak. Ozodbek Nazarbekov degan ashulachi vazir tarixiy qahramon Jaloliddin haqida kino olishni orzuladi. Aslida vazirlik kino olmaydi. Bu vazifa “O‘zbekkino”da.

Xullas, Nazarbekov – vazir kino olishni o‘z o‘g‘li Jafarbek Ozodbek o‘g‘li Nazarbekov 48 foiz ega bo‘lgan Best organizer firmasiga  topshiradi.

Butun bir O‘zbekistonda vazirning mishiqi o‘g‘lidan boshqa odam bu kinoni ololmas ekan. Mayli, o‘qimay yoshlikdan katta otarchilarning doirasini qizdirib berib, to‘yma-to‘y yurgan ashulachidan nima kutamiz?..

Qo‘ynimdan tushsa qo‘njimga. Sulton suyagini xo‘rlamas. Madaniyat vazirligi chok-chokidan so‘kilib qashshoq holatga keltirilgan.

Ozod kelguncha hammasi o‘g‘irlab bo‘lingan. Xullas, Ozod kinoning kattasiga telefon qilib, “Oka, davlatti soqqasi sizda ekan. Bitta yo‘talvoring. O‘g‘lim binnasalik bo‘lsin”, deya anjancha gap qiladi.

“O‘zbekkino” rahbariyati davlat byudjetidan kattagina summani Ozodning o‘g‘liga qarashli Best organizer shirkatiga o‘tkazib beradi. Shu paytda buni ko‘rgan boshqa kinochilar dod solib, Fedyaning ustidan malyava yozib, bosh vazirga chiqishadi. 

Bosh vazir Aripov  anov uchadigan ketmon haqidagi kinoni olgan Musoqovni qabul qiladi. Shundan keyin kinoni KRU bosadi. Ozodbekning o‘g‘liga qarashli Best organizer shirkati ustidan Bosh prokuratura ish ochadi. 

Ozodbek doimo sochi supurgi, qo‘li kosov bo‘lib xizmat qilgan Sho‘kat dodaning oilasiga yig‘lab boradi. Ziroat opa bu ashulachining kal boshini silab, “muammoni yechib beraman, bolam”, deydi.

Anu soqqali ishga (kinoga) Parpievning bonkasi, Kallamjonning kontorasi va o‘laman sattor Gulnoraday bo‘lib kino va shou biznes osmonida yulduz bo‘laman deb turgan tirrancha qiz qo‘shiladi. 

KRU, DXX va Bosh prokuror bo‘lmagan Turkiyada kino oladigan bo‘lishadi. Ana endi hammasi shirin mag‘iz. Ozod xursand. Ammo birdan pandemiya boshlanib, Turkiyada ishlar xalta bo‘ladi. Xullas, buniyam bosti-bosti qilishadi. Katta pullar Turkiya orqali yuvilib, kelinning libosidek toza bo‘ldi, deyishdi.

Lekin Bosh prokuratura jinoyat ishini yopmaydi (rahmat ularga). Birdan bu masaladan “Ozodlik” xabar topib, maqola chiqarvoradi.

Maqolani Sho‘kat dodayam, Ziraot kennayiyam  o‘qiydi. Ziroatning qon bosimi oshib, gemaroyi irg‘iydi. Chunki ular qamoqda yotgan Gulnoraning nima bo‘q yeb bu holga tushganini juda yaxshi bilishadi. Ish boshidagi nuqtaga qaytadi. 

“Kim boshlovdi bu xuynani”, ya'ni “Mendirman” kinosini, deyishdi. Hamma Ozodbekni ko‘rsatadi. Unga qarab “Ko‘tingni art, otarchi, bo‘lmasa aming chiqadi”, deyiladi.

Shundan keyin Nazarbekov olgan yarim million dollar pulini davlatga qaytaradi. Bu haqda Bosh prokuratura bayonot chiqaradi.

Bayonot “Saida o‘g‘ri emas. Ozod pulni qaytarib berdi. Endi baxtingiz tugal bo‘ldi, sevin, vatanim”, degan ma'noda. Kim davlatni o‘marmoqchi bo‘lsa, “Mendirman o‘sha…”

O‘g‘irlik kasofati 

Yana davom ettirsam. Xullas, nima bo‘lsa asli naslida bo‘lgan. Onasining qornida bu g‘oya o‘g‘irlik bilan dunyoga kelgan. Botir degan plagiat hurmatli marhum buyuk shoir Shayxzodaning 1944 yilda yozgan she'riy satrlarini o‘marib, ag‘-bag‘iga o‘zidan qo‘shib Ozodga sotgan.

O‘sha genial satr oldin qo‘shiqqa, keyin klipga, keyin esa kinoga asos bo‘ldi. Ammo Shayxzodaning haqqi berilmadi. Ismi aytilmadi. 

Shayxzoda zulm ko‘rgan, qamoqlarda o‘tirib 56 yoshida o‘lib ketgan odam. Mazlum haqiga xiyonatning javobi bo‘ladi. Birovlar karma deydi buni. Yuqmaydi ishqilib.

Mana, yuzi qora bo‘ldi Ozodning ham, to‘ng‘iz qiz Saidaniyam, jalap artistlarniyam endi aytmay qo‘yaqolay. “Mendirman o‘shal” iborasi Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” poemasida bor.

Bir kun paydo bo‘laman shu yurt, shu yerda,

Yurt shaydosi ko‘rinmas g‘urbatda – go‘rda.

Kim yurtdan yovni quvsa, mendurman o‘shal!

Ulug‘vor niyatlarga kor qilmas ajal.

(Poema 1944 yilda yaratilgan).

Kino bo‘yicha mavzuga shu yerda nuqta qo‘yamiz. Bir haftalardan keyin qaytamiz. Ëki biror 5 yilda palonchi go‘rda, pistiyonchi qamoqda, deb yozib qo‘yarman. Endi ertak aytishga navbat keldi. Bu ertakni sirdaryolik sudya yozibdi. Aslida bu ertak emas, haqiqat.

Bir eshakka yuk bo‘lgan makr

Xovos tumanida yashovchi Barno Alieva xushtori Alisher Zaripov bilan soat 19:00 larda yotoqxonasida ishqiy munosabatda bo‘layotgan vaqtida Zaripov yurak xuruji tufayli hushidan ketgan.

So‘ng Alieva sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib, voqea haqida tez tibbiy yordam bo‘limiga xabar bermasdan, ishqiy munosabatini yashirish maqsadida A.Zaripovni shu kuni soat 24:00 ga qadar yotoqxonada saqlagan.

Keyin uning biologik o‘lganini anglagach, hovlisida bo‘lgan eshak aravaga A.Zaripovning murdasini ortib, ko‘chada hech kim yo‘qligidan foydalanib, daladagi yo‘lning chetiga olib borib tashlab kelgan.

Sud mazkur jinoyat ishini mazmunan ko‘rib chiqib, B.Alievani JKning 117-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga qonunda belgilangan chorani qo‘lladi. Ertagimiz tugadi.

Oqsochlar yetkazib berish taklifi

Samarqand hokimi Erkinjon Turdimov “O‘zbek xotin-qizlarini cho‘ri bo‘lishga o‘qitishimiz kerak”, dedi. Ya'ni uyni supur-sidir qiladigan qul.

Turdimovdan iqtibos: “Bugungi kunda xorijda ham, o‘zimizda ham uy ishlarini qiluvchi oqsochlik kasbiga talab ortib bormoqda. Samarqand viloyatidan ham juda ko‘pchilik ayollar chet davlatlarda, xususan, Turkiyada uy ishlarini bajarishadi.

O‘zimizda ham aholi iqtisodiy imkoniyatlari oshgan sari bu kasb egalariga bo‘lgan talab ortaveradi. Ammo bunday ayollarni tayyorlaydigan markazlar yo‘q. Ana shunday markazlarni ochishni taklif qilaman”.

Bu rasmda rahmatli rassom Lola opa Abdullaeva tasvirlangan. Opa johil bir oilada tug‘ilgan. Uni 9 yoshida bir cholga erga berishmoqchi bo‘lishgan.

Ammo o‘sha paytdagi yomon sovet hukumati bu ayolni o‘qitib, rassom qildi. Oqsoch qilmadi yoki g‘isht zavodida ishlatmadi. O‘sha Turdimov oqsoch qilib yetishtirmoqchi bo‘lganlar orasidan qancha-qancha rassom, laborant, dispetcher yoki tikuvchi bo‘lishi mumkinlar bor.  

Oldin bitta Karimov gapirardi, boshqalar jim edi. Jim o‘tirganida aqlli ko‘rinardi. Bu mulozimlar gapirgan sari ahmoq, oshqovoq kalla va xalqqa yot unsurlar ekani ko‘rinib bormoqda.

Yaxshiyam korona kelib bulardan bir-ikkitasining jonini olib  ketdi.

Aksariyat o‘zbeklar nazarida dunyoda ikkita kasb bor. Bittasi Alisher Usmonov kabi oligarx bo‘lish. Ikkinchisi, Turdiev aytganday, boyning qo‘lida oqsoch xizmatkor bo‘lish.

Ammo dunyoda 40 mingdan ziyod kasb bor. Ayni paytda farroshlik, oqsochlik kabi ishlar texnikalashmoqda. 

Kirni va idish-tovoqni moshin yuvadi.

Lekin O‘zbekistonda kasbi-korining tayini yo‘qlar ko‘paygan. Odamlar bitta kasbga fokuslanmaydi.

Oka, nima ish qilasiz, deb so‘rasang, lyuboy ishdi qivuraman, oka, deydi. Kafel qo‘yasanmi desa, qo‘yaman deydi. Ammo ish asnosida hech balo qila olmayottani ma'lum bo‘ladi.

Masalan, mardikor o‘zbekka “Fizika institutida astofizika bo‘yicha ish bor” desangiz, “Xo‘p, aka. Ish bo‘lsa tayyormiz”, deydi.

Oldin qadim Turkistonda 200 dan ziyod kasb-hunar bo‘lgan. Kimdir ot taqalagan, kimdir bo‘z yigirish uchun qamishdan yik yasab kun ko‘rgan.

O‘zbekistonda taxminan 1200 turdagi kasbga ehtiyoj bor. Masalan, kimdir akvariumdagi baliqlarga qarash bilan shug‘ullanadi.  Badanga tatu chizish kasbi ham urf bo‘lmoqda. 

Umuman, dunyoda hozirning o‘zida 40 mingdan ziyod kasb bor. Bu kasblarning ko‘pini uch oylik kurslarda o‘zlashtirish mumkin.

Global zamonda ish qilish uchun palon mamlakatga borishning ham keragi yo‘q. Masalan, Hindistondagi minglab hisobchilar Britaniyadagi shirkatlar auditini qilib oylik olib ro‘zg‘or boqadi. Lekin umrida Britaniyaga bormagan.

Turkiyaning olis qishlog‘ida bir kosib Gollivud kinolaridagi sahnalar uchun tarixiy bichimdagi oyoq kiyim tikib, gulday ro‘zg‘orini tebratmoqda. Ayni paytda ko‘p kasblar o‘z o‘rnini robotlarga bo‘shatib bermoqda.

Manavi rasmda ko‘rib turganingiz “Rumbo” ismli robot. U o‘zi bilib uy supuradi. Toki tugasa, o‘zi zaryadkaning ustiga borib o‘tiradi. Narxi 200 dollar nari-berisida. Hatto oqsoch temasi eskirib bormoqda…

O‘rtoq Turdimovga tushuntirish xati

Yana bir  bora tushuntirsam. Immanuel Kant degan olim o‘tgan. U ertalab uyquda yotganida  yordamchisi unga qarab, “ustoz, uyg‘oning, sizni buyuk ishlar kutmoqda”, deb har kuni aytarkan. Shu gapdan ilhomlangan Kant olamshumul ilmiy ishlarni qilib, ilm osmonida yulduz bo‘lib porladi. 

Yana bir misol. Maktab o‘qituvchisi o‘quvchining qo‘liga maktub beradi va maktubni onangga olib bor, deydi. Onasi maktubni o‘qiydi va bolasiga qarab, “Juda qobiliyatli bola ekaning va bu maktab sening salohiyatinga yarasha ilm bera olmasligini yozishibdi. Seni boshqa maktabga beramiz”, deydi ona.

Bola boshqa maktabga borib, mexanika va fizika sohasini o‘qib, katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Farzand kamolini ko‘rgan ona yoshini yashab olamdan o‘tdi. O‘g‘il onasidan qolgan arxivni tartibga solayotib, o‘sha maktab bergan maktubni ko‘rib qoldi.

Maktubda “Bola umuman layoqatsiz. U odam bo‘lmaydi. Hammolga shogird qilib bering”, degan gap yozilgan edi. Bolaning ismi Tomas Edisson edi. 

Edisson bashariyat rivoji uchun 5 mingdan ziyod ixtironi patentlagan. Aynan Edisson elektr lampochka va ovoz yozish uskunasini o‘ylab topgan.

Tushuntira oldimmi, o‘rtoq Turdimov.

Jon Kennedi AQSh kosmos idorasi – NASA binosiga kirib boradi. O‘sha yerda pol artayotgan ayolni ko‘rib salomlashdi va “Siz bu yerda nima qilyapsiz”, deya savol beradi.

Qora tanli farrosh ayol esa “Men oyga AQSh astronavtini qo‘ndirishda ishtirok etyapman”, deydi. Bu 1961 yilda bo‘lgan edi. Kennedi o‘zining mashhur tabassumi bilan bu ayolni fazoni zabt etishdagi eng muhim odam deb atadi. 

O‘shandan atigi 5 yil oldin, 1955 yilda xuddi shu mamlakatda qora tanli oqsochlar uchun yo‘riqnomalar bor edi. Ularni oqsochlik qilayotganda nima qilishi va nima qilmasligi kerakligi haqida o‘rgatadigan markazlar bor edi.

Masalan, oqsoch o‘z xo‘jayini ko‘ziga tik boqmasligi, ular taklif qilsa ham birga ovqatlanmasligi, ular ishlatadigan hojatxonadan foydalanmasligi kerak edi. Hatto  tualetda oqsoch ayolning qancha qog‘oz ishlatishi maromlangan edi.

Aynan shu narsalar insonni kamsitish deb topildi va liberal jamoatchilik bosimi ostida bekor qilindi.

2003 yil Toshkent. Men bir ish yuzasidan Toshkentning Tsiolkovskiy mavzesidagi hovliga bordim. Hovli egasi IIVga forma tikib boyib ketgan sexovik edi.

Oldin (1994 yillarda) ular Beshyog‘ochda turishardi. Eri telpak tikadigan sexda ishlar, xotini esa Beshyog‘och bozorida pista, kechqurun esa parkning oldida gul sotardi.

2003 yilga qaytsak. Hovlidagi eron mebellari bilan bezalgan xonada o‘tiribman. Ënimda o‘sha telpakchi tog‘a va pistachi xola. Xizmatkor ayol chaq-chuqlar solingan patnisni keltirayotib uyning gilam to‘shalgan joyida to‘xtab yerga qarab qotib turdi.

Xola borib xizmatkor qo‘lidagi patnisni olib stolga qo‘ydi va xizmatkorga qo‘li bilan imo qiluvdi, xizmatkor burilib sassiz yo‘q bo‘ldi. 

Xola mening savolomuz qarashimni ko‘rib tushuntirdi: “Xizmatkorning oyog‘i gilamga tegishi kerak emas. Bu qashqadaryolik tagi pastga boshidan o‘rgatganman. Laminatni yuvish oson, ammo gilamda mikrob baribir qoladi. Biz tevli-taxtli odamlarmiz, anu kuni shajara yozdirsam, sulolam palonchi sahobaga borar ekan, bla-bla-bla”.

Koshki bu pistachining yarmi qozoq, yarmi keleslik no‘g‘ay ekanini bilmasam. Milisadagi jinoiy sxema bois boyigan bu oilaning o‘zidan kibor yasab olganidan qusgim keldi.

1987 yil. Toshkent. Beshyog‘och bilan Xadra o‘rtasidagi Pionerlar uyi binosi. O‘sha yerda bolalarga samolyot yasash, foto-kino, rassomlik, muzika, kashta tikish, milliy naqsh va ingliz tili to‘garaklari bor edi. Bittayam oqsochlik to‘garagi yo‘q edi.

Mavzu bo‘yicha final fikrim. Karen Shaxnazarov 1986 yili suratga olgan “Kur'er” filmi finalidagi sahnani eslatsam. Film bosh qahramoni Ivan o‘z do‘sti Bazinni ko‘rib qolib savol beradi: “Sen nimani orzu qilasan?” 

Bazin: “Seniki kabi paltom bo‘lishini orzu qilaman”.

Ivan esa egnidagi paltoni yechib Bazinga kiydiradi.

“Ma, ol. Lekin bundan buyon ulug‘ narsalar haqida orzu qil”, deydi.

Bu gaplar buyurtma emas

Otarchilarga xos bir odat bor. Mabodo biror artist haqida negativ yozsangiz, “buni dushmanim buyurtma qildi”, deydi. Ular shunchaki tanqidiy tafakkur borligini xayoliga ham keltirishmaydi.

Buyurtmaga ashula aytib o‘rganib qolishgan. Turdimov deganning tarafdorlari chiqib, “Tuz og‘a, buyurtma oldingizmi”, deyishdi. 

Yo‘q, olmadim. Bu gaplar ich-ichimdan chiqdi. Turkiston zamini taxminan 90 yilcha oldin qul va quldorlik tizimidan qutulgan.

Jamiyatdagi aksar aholi maktab ko‘rgan, o‘z qadrini bilgan holga kela boshladi. Bu katta qadriyat. Shu qadriyatni bor  qilish uchun Germaniya 100 yil oldin barcha uchun tekin maktab tizimiga asos soldi.

Bugun Germaniyada ta'limning barcha bo‘g‘ini tekin. Ma'rifatli jamiyat yuksaladi, rivoj topadi. Bir hovuch boylar va millionlagan oqsochlari bo‘lgan, o‘rta sinfdan xoli jamiyat xavflidir.

Bugun kechagi kissavur va pistachilar o‘zlaridan boy kibor yasab, jamiyatni tabaqalashtirmoqchi bo‘lsa, ularga qarab “damingni ol”, deyman.

Jamiyatni kastalarga bo‘lish, tabaqalash tarafdori bo‘lganlar kimlar o‘zi? Boymiz deb odamlarga bepisand qaraganlarning o‘g‘ri ekanini bilaman-ku.

Biz qul emasmiz va siz pasportimizga yozgan kabi qashshoq, yo‘qsil, fuqaro ham emasmiz. Biz shu el eldoshi, shu yurt yurtdoshi, shu vatan vatandoshimiz. Huquqimiz, haqqimiz bor. Shu edi aytmoqchi bo‘lgan gapim.

Somonni emas, ko‘kdagi lochinni o‘ylaylik 

O‘zbek bolaga onasi xarjlik deya bir dollar berdi. Bola pulni olib bir banka qatiq sotib oldi. Uydagi sovutkichda ikki baklashka suvni muzlatdi. Muz bilan qatiqni bir chelak suvga aralashtirib bozorda sotib  bir dollarni o‘n dollar qildi. Kechqurun onasiga pulning yarmini berdi. 

O‘sha kuni qozoq bolaga onasi xarjlik deya bir dollar berdi. Bola kitob do‘koniga borib fizika haqidagi kitobchani oldi. Puli yetmadi, ertaga qolganini obkelib beraman, deb kitobni uyiga olib ketdi.

Oradan 10 yil o‘tdi. O‘zbek bola hanuz bozorda ayron sotib yuribdi.

Qozoq San-Frantsiskodagi Silikon vodiysida oyiga 10 ming dollar oylik olib ishlamoqda.

Qissadan hissa: Oxurdagi somonni emas, osmondagi lochinni o‘ylaylik. Maqsadni katta qilaylik. Olis manzillaru yuksak cho‘qqilarni ko‘zlaylik.

Yerga yopishgan 

chirmovuqmiz hammamiz,

Don ta'mamiz, turqi 

sovuqmiz hammamiz,

Ertang ruh qushlari uchadir

Biz esa qolamiz,

Chunki tovuqmiz hammamiz.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 sentyabr 2020
Bundan yuz yil burun bolsheviklar va Yosh buxoroliklar qo‘li bilan Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon ag‘darilgan edi. Bir asr ...
25 may 2017
20 may kuni O‘zbekiston telekanalining Tahlilnoma dasturida sovet davri afsonasiga aylantirilgan ayol – Tursunoy Ohunova hayotiga bag‘ishlangan lavhani nimoyish ...
27 aprel 2016
Gap O‘zbekistonda ancha vaqtdan beri davom etayotgan benzin taqchilligi muammosi haqida bormoqda. Bugun benzin faqat Toshkentdagina bir amallab topilayotgani, ...
17 iyul 2018
Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullaevning nafaqat qonunchilikni, balki eng yuqori darajada berilgan buyruqlarni ham nazar-pisand qilmayotgani haqida ko‘p va ...
Bloglar
24 noyabr 2020
“Humo” nomli uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatda aybladi. Eronda “Humo” ...
20 noyabr 2020
Bugun kechqurun gazim yonmadi, o‘zi shundoq ham past yonardi. O‘tin-ko‘mir g‘amlamagandim. Kichkina elektrpech o‘zini o‘zi ...
18 noyabr 2020
Ertalab mosh sotdim. Ko‘p emas, besh yuz kilo. Moshimni sotib olgan tadbirkor yigit: “Moshning pulini ...