Asosiy mavzular
23 oktyabr 2020

RTdan va'z: Tili kesilgan davlat

Ming yillarki, bulbul kalomi,

O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.

Lekin sho‘rlik to‘tining holi,

O‘zgalarga taqlid hamisha.

Ona tilim, sen borsan, shaksiz,

Bulbul kuyin she'rga solaman¸

Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz¸

Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.

Abdulla Oripov.

Taniqli yozuvchi Rasul Hamzat bilan bog‘liq bir hikoyani esladim bugun. Rasul Hamzat bir tog‘ qishlog‘iga borib, bir kampirdan 270 ta qarg‘ishni yozib olibdi. Ular ichida eng dahshatlisi “Ilohim, ona tilingdan ajrab qolgin”, degan ma'noda edi. 

Mana, siz bilan o‘z ona tilimda tillashayotgan ekanman, demak ona tilim tirik. Demak, bizni hech kim tilingdan ajralib qol, deya qarg‘amagan. 

Ammo, lekin, biroq… Kecha mozori shariflik o‘zbek biznesmen “Eltuz”ga murojaat qildi. Bir million dollar to‘lab sotib olgan tuxumlarini Xorazmdagi bojgirlar furasiga ortishga taqiq qo‘yishibdi.

Meni bojgirlarning qonunsiz harakatidan ko‘ra Mozori sharifdagi o‘zbek biznesmenning Qo‘shko‘pirdagi biznesmen bilan rus tilida shartnoma tuzgani hayratga soldi. Yana ham to‘g‘rirog‘i, shartnoma rus va ingliz tilida tuzilgan. Nega bunday? Bu davlatning tili yo‘qmi?

Axir bundan 31 yil oldin – 1989 yilning 21 oktyabrida O‘zSSR Oliy Soveti o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish haqidagi qonun qabul qilgan edi-ku. 

Mana o‘sha qonun. Falakning gardishi bilan bu qonun ham oldin rus tilida yozilib, keyin ma=alliy tilga tarjima qilingan. 

Bu o‘sha yili qabul qilingan 3561-qonun edi. Bu qonun Sovet O‘zbekistonida xalq talabiga ko‘ra qabul qilingan ilk qonun sifatida tarixga kirdi.

XABARLAR

Aslida bir gala xabarni bir-birining ketiga ulab, aytib-aytib tashlayman, deb turuvdim, ammo G‘uzordagi g‘alayon rejamni o‘zgartirdi.

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida Enter Engineering Pte.Ltd  zavodi ishchilari 21 oktyabr tongida g‘alayon ko‘tarib, zavod ma'muriy binosini ostin-ustun qilishdi.

“Eltuz” tahririyatiga taqdim etilgan videoda yuzlab ishchilar isyonii aks etgan.

Video va “Eltuz” suhbatlashgan guvohlar so‘zlaridan ma'lum bo‘lishicha, stixiyali to‘polonlar paytida zavod ma'muriyati binosidagi orgtexnika va ma'muriy binodagi jihozlar sindirilgan.

Zavod ishchilari so‘zlariga ko‘ra, ular kamida uch oydan buyon maosh olmagan.

IShChILAR QO‘ZG‘OLONI

Emil Zolya degan frantsuz yozuvchisi 1885 yilda yozgan “Jerminal” romani o‘zbekchaga sovet davrida tarjima  qilingan. Bu kitobni cho‘pchak o‘qimaydigan katta avlod biladi. Romandagi voqealardan biri ishchilar isyonidir. Kondagi ishchilar qo‘zg‘olon qilishadi.

G‘alayonga konchilarning xotinlari ham qo‘shiladi. Gap shundaki, konchilar oyliksiz o‘tirgan paytda mahalla baqqoli bu ayollar bilan yotish evaziga oziq-ovqat berib turgan.

Ayollar bu haqorat uchun baqqoldan o‘ch olishadi. Uni o‘ldirib, jinsiy a'zosini sug‘urib, xodaga ilib, boshqa namoyishchilar qatorida yurishadi. 

Roman qahramonlaridan biri bo‘lgan kibor xonim ularni uzoqdan ko‘rib, “kolbasa do‘konini talashdimi”, deb so‘rashgacha boradi.

Nima demoqchiman? G‘uzordagi ishchilar “tinch namoyish” va “ish tashlash” qilishlari kerak, degan aqlli tavsiyalarni eshitdim. Mashalloh. Ammo ba'd.

Birinchidan, bu 12 ming ishchi ish tashlayman yoki tinch piket qilaman, deb Qarshidan G‘uzorga kelmagan. Uydagi och bolalarimga ikki nonga yetgulik pul olib ketay, o‘zim ham kunda 3 marta ovqat yesam, deb ishga borishdi. 

Bu o‘ris ish beruvchilar o‘zbek ishchilari tabeliga 8 soat yozib, 12 soat ishlatishdi. Ish 7 dan kechki 7 gacha. 3 oydan beri oylik berishmadi. 20 oktyabr kechki ovqatni, 21 oktyabrdagi nonushtani ham berishmadi.

Bular uyidan qatnamaydi ishga. Ëtoqxonada yotadi. Mastava pishiradigan xotini Qarshida qolgan. Odamlar och edi. Buning ustiga, ish beruvchilar ularni soatda sakson marta “chukcha, baran”, deb so‘kib turibdi. 

21 oktyabr kuni «Qani ovqat?» deb borishganda, «Toshingni ter!»  deyishgan ularga qarab. Oshxonaga eltuvchi tor dahlizga tiqilgan olomon junbushga kelgan. Ochdan qoch, degan gapni eshitganmisiz.

Xullas, jahli chiqqan olomon kursilarni sindirdi. Ularning ishini kuzatib turadigan kameralarni so‘yil bilan urib ko‘zini ko‘r qildi. Chunki pichoq borib suyakka yetgan edi. 

O‘zbekning haqi nega berilmaydi?

Jahl kelsa, aql mutlaqo qochadi. Yevropada ishchilar sindikatlarga birlashgan. Bu sindikatlar madaniy qilib ish tashlash o‘tkazib beradi. Ammo bizning ishchilar sindikatga a'zo emas. Ular xatto eshshakdan ham qadrsiz.

Kinochilar g‘uzorlik ishchini “massovka”da kinoga olsa, 8 soatiga 200 ming beradi. Agar G‘uzordagi eshshakni kinoga olsa, egasiga 80 million to‘laydi.

G‘uzordagi ish tashlash – ishchilar isyoni. Ammo isyonning turi ko‘p. Yevropadagi femen degan qizlar guruhi o‘zining siyosiy noroziligini izhor qilish uchun qip-yalang‘och bo‘lib oladi. Lekin O‘zbekistonda yalang‘och bo‘lib yurganlarning biror bir siyosiy talabni ilgari surganini bilmayman.

Bundan 320 yil oldin Namanganda Boborahim Mashrab degan odam yalang‘och yurgani tarixda aks etgan. O‘tgan hafta esa Toshkentda qip yalang‘och asbobini osiltirib yurgan erkakni ko‘rishuvdi.

IIB xodimi kelib “Maqvossan” desa, “Yaxshi ko‘rgan qizim tashab ketdi”, degandi. Bir oy oldin esa Samarqanddayam bitta ishtonsizni ko‘rib yoqa ushlashdi. Mana, mustaqillik sharofati bilan Urganchda ham qip yalang‘och yurgan 26 yashar yigit ushlandi. 

U milisalarga hamla qildi. Xuddi Mauglini ushlayotgandagiday. Mauglidan farqli, urganchlik yalang‘och baloday gapiradi. Xullas, bu ishtonsizni jinnixonaga tiqib qo‘yishdi.

O‘shdagi Dahshat qorining konstatatsiya qilishicha, bu qiyomat alomatidur. Ammo ko‘cha-ko‘yda yalang‘och yursa ham Mashrabdan yaxshi g‘azallar qoldi. 

Ey, sabo, g‘ambodadurmen, bistarimni kavlama,

Chun shafaq oludaman, xokistarimni kavlama.

Har zamone Laylidin manga kitobatlar kelur,

Senki majnun bo‘lmasang, sardaftarimni kavlama.

Xonavayronlar bilur aftodalarning holini,

Eyki, mahram bo‘lmasang, chashmi tarimni kavlama.

To kishiga dard tegmay, bo‘lmadi bag‘ri kabob,

Dilda darding bo‘lmasa, dardi sirimni kavlama.

O‘zbek tili bayrami haqida

Aslida 21 oktyabr kuni til bayrami edi. G‘uzorda isyon chiqmaganida butun bir va'zni davlat tiliga bag‘ishlamoqchi edim. Mayli, kelgan yeridan davom ettirsam.

Bundan 31 yil oldin O‘zbekistonda davlat tili haqida qonun chiqdi. Bu qonun qabul qilinishi arafasida Gorbachyov hurriyati bergan erkinlikdan jasoratlangan¸ Boltiqbo‘yi respublikalari o‘rnagidan ilhomlangan minglab o‘zbeklar o‘z tilining rasmiy maqomini talab qilib, maydonlarni to‘ldirishar edi.

O‘zbek shoir-yozuvchilarining til himoyasi uchun uzatgan qo‘llari istiqboliga minglab qo‘llar cho‘zilayotgan edi.

Voqeadan uzoqlashgan sayin ba'zi tafsilotlar xiralashadi. O‘zbek tili haqidagi qonunni biz faqat birinchi bandiga qarab, zo‘r qonun ekan deymiz, ammo bu qonun mohiyatan o‘zbek tili martabasini mustahkamlay olmadi. 

Qonun boshida “O‘zbek tili davlat tili bo‘lishi kerak”, degan modda bor.  Undan uyog‘ida 45-xatboshida “Ayni paytda o‘zbek tili bilan birga rus tilida ish olib borilishi kerak. Falon narsalar rus tilida yozilishi kerak. Falon majlislar rus tilida olib borilishi kerak”, deydigan gaplar bilan faqat rus tili degan so‘z takrorlangan.

O‘zbek tili bir marta tilga olingan bo‘lsa, rus tili 45 marta tilga olingan edi. Xuddi shu yo‘l bilan aslida o‘zbek tilining davlat tili bo‘lishi chetga surib qo‘yilgandi.

Keyingi o‘n kun ichida o‘zbek tili haqida gapirildi. Biz kurashib, bu tilni davlat tili qildik, deganlarni ham eshitdik.

Lenin ko‘targan xoda qanchalik uzun edi?

O‘zbek tiliga davlat maqomi berilgani haqidagi xotiralarni eshitar ekanman, Moskvadagi Lenin muzeyida ishlagan tanishimning hikoyasi esimga tushdi.

Tavalludi munosabati bilan “Lenin bilan shanbalikda qatnashganlar kimlar edi?” deb gazetada e'lon berishgan. Bir kun o‘tib, men ham Lenin yonida turib xoda ko‘targanman, deganlardan mingtasi qo‘ng‘iroq qilgan.

Agar ularga ishonilsa, Lenin ko‘targan xodaning uzunligi kilometrlarga cho‘zilishi lozim edi. Bugun yov qochsa ko‘paygan botirlar fonida o‘zbek tiliga maqom berilishiga kimlar qarshi ekanini yana bir eslashda xayr bor.

1988 va 89-yillarda o‘zbek tili borasida O‘zbekiston matbuotida shunday qiziq bahs-munozara ko‘tarildi. Tarafma-taraf mahoraba bo‘ldi. 

Taraflar asosan ikki guruhga, ikki jabhaga bo‘lingan edi. O‘zbek tilida chiqadigan matbuot¸ o‘zbek tilidagi ommaviy axborot vositalari “O‘zbek tili O‘zbekistonda, albatta, davlat tili bo‘lishi kerak”, degan fikrni ilgari surgan edi.

Ikkinchi tomonda esa “Yo‘q¸ O‘zbekistonda rus tili davlat tili bo‘lishi kerak”, degan fikrni ilgari suruvchi rus tilida chiquvchi ommaviy axborot vositalari bo‘lgan.

“O‘zbek tili kambag‘al. Uning so‘z boyligi juda ham oz. Shuning uchun O‘zbekistonda o‘zbek tili emas, rus tili davlat tili bo‘lishi kerak”, deganga o‘xshagan gaplarni “Tashkentskaya pravda” gazetasi yozgan edi.

“Yo‘qolsin o‘zbek tili”, deganga o‘xshagan gaplarni “Pioner Vostoka” gazetasi yozgan edi.

Talabalar institut hududida ertalab soat 9 dan kech soat 9 gacha rus tilida gapirishi kerak”, deganga o‘xshagan gaplarni Toshkent transport institutining ko‘p tirajli gazetasi yozgandi.

“Shu paytgacha hamma ish rus tilida olib borilgan. Bundan keyin ham shunday bo‘lishi kerak”, deganga o‘xshagan fikrlarni “Pravda vostoka” gazetasi deyarli har sonida yozib turgandi.

Ayniqsa, “Pravda vostoka” gazetasi bu masalada ashaddiy edi. U dastlab “Yo‘q, O‘zbekistonda faqatgina rus tili davlat tili bo‘lishi kerak”, degan tezisni ilgari surgandi. 

Lekin xalqning maydonlarga chiqib, mitinglar o‘tkazayotganini, o‘zbek matbuotining o‘zbek tilini ashaddiy himoya qilayotganini ko‘rib, ular biroz yumshadi shekilli, “O‘zbekistonda bir til emas, ikki til – ham rus tili, ham o‘zbek tili davlat tili bo‘lsin”, degan tezisni munozara o‘rtalariga borib maydonga tashlaydigan bo‘ldi.

“Pravda vostoka” ning tutgan yo‘llaridan biri shu bo‘ldiki, u asosan o‘zi o‘zbek yoki o‘zbek familiyali bo‘la turib o‘zbek tilini bilmaydigan odamlardan foydalandi.

Shunday odamlarning chiqishlarini ko‘plab uyushtirdi. Ayni paytda, O‘zbekistonda yashayotgan ruslardan ham foydalanib¸ “O‘zbek tili davlat tili bo‘lmasligi kerak. Rus tili davlat tili bo‘lishi kerak”, degan qarashlarni ilgari surishga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘sha paytda o‘zbek tiliga maqom berilishiga nafaqat rusiyzabon aholi vakillari, balki o‘zbek yozuvchilari ham qarshi bo‘lganligini yaxshi  eslayman.

Sarvar Azimov, O‘lmas Umarbekov, yana boshqa yozuvchilarimiz, bir qancha olimlarimiz ikki tillilikni targ‘ib qilganlar. “Biz rus tilidan ajralib qolsak, nima bo‘ladi? Men rus tili orqali olim bo‘ldim, boshqa bo‘ldim” degan gaplarni akademiklar aytgan.

Ularning aksariyati amaldor edi. Agar shunaqa demasa, amaldan ajralar edi. Sarvar Azimov “Pravda vostoka” gazetasida o‘zbek tilining davlat tili bo‘lishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqqan. U ikki tillilikni ilgari surgan.

Davlat tiliga rus tilida gapiradigan Karimovdan boshlab, Karimovning atrofidagi butun mulozimlari qarshi edi. 

Ularni o‘zbek tilining davlat tili o‘laroq qabul qilinishiga majbur qilgan narsa ko‘cha edi, olomon edi, xalq edi. 

Xalqning tazyig‘idan qo‘rqib, “Janjal chiqmasin. Xalq ko‘chaga chiqib, tartibsizliklar boshlanib, ijtimoiy beqarorlik chiqib ketmasin”, degan qo‘rquv ularni bu qarorni qabul qilishga majbur qildi. 

Mustamlaka tili

U payt xalq uyg‘ongan bir payt edi. Ammo xalq uxlashi bilan qabul qilingan til qonuni ham uxladi. Aksar vazirliklarda ish umuman o‘zbek tilida yuritilmadi. 

Ammo davlat tili unutilgani bilan bir vaqtlar Turkistonni nayzalar bilan bosib olgan davlat tili unutilmadi. O‘zbekistonda rus tilining mavqeini, asosan, Rossiyadagi ashaddiy millatchi Jirinovskiy partiyasi mansublari yoki Kremlga yaqin ayrim siyosatchi va mulozimdar himoya qilib keladi. Ular bog‘chadan boshlab o‘zbeklarning Moskva, Kreml, Putin kabi so‘zlarni yod olishini istashadi. 

O‘zbekiston Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan mamlakat bog‘chalarida rus tilining “ikkinchi ona tili” sifatida o‘rgatilayotgani buning misolidir.

Aksariyat shartnoma va me'yoriy hujjatlar rus tilida yoziladi. Toshkentdagi barcha kafe va restoranlarda chekni rus tilida urib beradi.

Shu o‘rinda ulug‘ rus oydini Valeriya Novodvorskayaning mana bu so‘zini eslashda hikmat bor:

«Rus tili endi madaniy vosita sifatida xizmat qilmay qo‘ydi. Bugungi kunda u sobiq mustamlakalarimizning o‘z tarixiga bo‘lgan sadoqatini va yevropacha qadriyatlarga intilishini yo‘qqa chiqarish maqsadida qo‘llaniladigan harbiy-siyosiy jihatdan zarba berish quroliga aylangan”.

Buning fonida prezident Shavkat Mirziyoev 21 oktyabrni o‘zbek tili bayrami sifatida nishonlash haqidagi qonunni imzoladi.

Bu – eshitgan odamning qulog‘iga yoqadigan gap.  Siyosatda buni populizm deb atashadi.

Ko‘pincha populistik ritorikada aytilgan gaplar o‘sha majlisning o‘zida qolib ketadi.

Masalan, Turkiyaning sobiq bosh vaziri Demirel xalq bilan uchrashuvida har bir turkka ikkita kalit va'da qilgan edi. Kvartira va avtomobil kaliti.

Keyingi yig‘ilishda xalq Demireldan “kalit qani?” deb so‘raganida, bosh vazir “Kechaning gapi bugunga to‘g‘ri kelmaydi”, deb javob qaytardi.  

O‘zbek rahbarlari Moskvaga borib Putin buvaning ko‘ziga qarashi bilan o‘zbek tili davlat tili degan gapni tezda unutib qo‘yishi ehtimoli katta.

O‘zbek qavmi rahbarga va'dani bajarmaslik haqida eslatishdan andisha qiladi. Masalan, hech kim “Qani tovuq, qani tuxum, qani echkining suti va limon”, deb so‘ramadi.

So‘rasam, go‘shtning narxi yana balandlaydi, deb irim qiladi.

Bu qavm faqat “qo‘llab-quvvatlaydi”. Tarixiy xotira bor bu qavm genida.

Gap boshqa

Gorbachyovning aroqqa qarshi ma'rakasini qo‘llab-quvvatlab turib “choynakka aroq solib ichishni kashf qilgan” bu qavm Mirziyoev qarori bilan joriy qilingan echki, tovuq uchun bankdan kredit olib, pulni to‘yga yo bolasini institutga kiritish uchun poraga sarflashni ham “uddalaydi”.

Yasha uddaburron!

Ya'ni tashqaridan o‘zini Mirziyoev gaplari “qulog‘iga yoqqandek qilib ko‘rsatgan” bu qavm baribir o‘z bilganidan qolmaydi. Yugurib borib, bolasini o‘ris maktabiga berib keladi.

Ulug‘ o‘zbek yozuvchilarining bola-baqrasiyu nabira-abirasi rustiilli bo‘lib ketganining sababi ham shu. 

Prezident “Dabadabali to‘y qilma” deganida, TVga chiqib Behbudiyni eslagan mulozim sal o‘tmay Samarqandning Sherdor maydonida to‘y qilgani esimda. Men eslamasam, yutub eslaydi. Yutub o‘zbek mulozimlarning dabdabali to‘ylari aks etgan videolarga to‘la.

Bir professor TVga chiqib, “Oliygohlarni bitirib diplom olgan mutaxassis respublikaning olis joylariga borib ishlasin. Vatanning har bir nuqtasi aziz”, deb aytganida ta'sirlanib ko‘zim namlangan edi.

Ammo bir hafta o‘tib bu professorni tog‘amning uyida ko‘rib qoldim.

Vazir bo‘lib ishlaydigan tog‘amdan bu professor institutni bitirgan o‘g‘lini Toshkentda ishda qoldirish (albatta, vazirlikda) iltimosi bilan kelgan edi….

Kechaning gapi…

Mavzu davlat tili haqida edi. Istaymizmi yoki yo‘q, rus tili – bosqinchilar tili. Mustamlakachining tili.

Nega yillar davomida O‘zbekistonda yashagan o‘ris o‘zbek tilini o‘rganmaydi. Ammo u mabodo Isroil yoki Germaniyaga borsa, darrov ivrit tili yoki nemischani o‘rganadi. 

«Ey nemis, sen nega o‘rischa gapirmaysan?» deb huquqini talab qilmaydi. Chunki ivrit tilini yoki nemischani o‘rganmasa, nafaqa ola olmaydi, ishga kirishi qiyin. Amerikadayam¸ Germaniyadayam, Latviya, umuman, barcha davlatlarda pasport olish uchun tildan imtihon topshiriladi. 

O‘rislar hammadan ildam bo‘lib, tilni biyron o‘rganib tashlashadi. Faqat O‘zbekistondan boshqa joyda. O‘zbekistondagi mahalliy ruslar bu yer mening mahrimga tushgan, deydi.

Jirinovskiyni eshitib zavqlanadi. Shovinizm qon tomirlarida jo‘shib, Kaufmanu Skobelev kabi qilichidan qon tom tomgan jonolarlar zamoni o‘tmadi, deb o‘ylaydi.

Albatta, O‘zbekistonning zaif hukumati mamlakat tili obro‘sini ko‘tara olmagani ham bor narsa. Masala boshqa joyda — mne za derjavu obidno. O‘zbekistonda o‘zbek tilini  DAVLAT TILI qila olmagan davlatdan xafaman.

Ammo ayni paytda dunyo bilan tillashish uchun ingliz tilini eng kamida Gruziyadagi kabi tizimli o‘rganishni yo‘lga qo‘yish va lotin yozuviga to‘la o‘tmoq lozim.

Bo‘lmasa, marhum Turkmanboshi Saparmurod Niyozov patriotizmi darajasiga tushib qolishimiz hech gap emas. 

“Nega dorilarning ustiga lotincha analgin deb yozadi¸ bosh og‘rig‘i dorisi deb yozsak hamma tushunadi”, degan edi marhum. Va bu gap turkman xalqi va “ziyoli”larga yoqqan edi.

Bir kun o‘tib dorilar ustidagi qutiga “Bosh og‘rig‘i dorisi” deb yozib ham qo‘yishdi. Ammo bu bilan siyosatning asosiy bosh og‘rig‘iga davo topilmadi.

Siyosatchilar odatda hukumatga kelguncha populizm bilan shug‘ullanadi. Iqtidorga kelgan siyosatchidan islohot kutiladi. Kasal odam uyiga doktor chaqirsa, undan davo kutadi.

Doktor kelib latifa aytib qaytib ketsa, kasal ham, uning yaqinlari ham g‘alati ahvolda qoladi.

Singapur qaddini ko‘targan Li Kuan Yu, Gruziyada korruptsiyani yo‘q qilgan Saakashvili¸ Rossiyada bozor iqtisodini joriy qilgan Yegor Gaydar, 1979 yilda Britaniya iqtisodini isloh qilgan Margarit Tetcher aynan jiddiy va kasal ko‘z yoshiga ichi achimaydigan doktor kabi ish tutishgan edi.

Natija esa tarix hukmida turibdi.

Bizda esa natija yo‘q. Na davlat tili haqidagi qonunni va na lotin yozuvini joriy qilishni hanuz qoyillata olmadik.

Kishan kiyma…

Tarix istak mayliga ega emas, deydilar. Zero, uni kimningdir istak va xohishiga ko‘ra o‘zgartirishning iloji yo‘q. 

Shu sabab arixni boricha qabul qilish va undan kelajak uchun muayyan saboqlar chiqarish lozim. Qolaversa, tarix millat tafakkuri hamda uning kelajak yo‘llarini yoritguvchi o‘ziga xos chiroqdir. 

Shu bois Turkiston milliy ozodlik kurashi tarixining ayrim qorong‘u sahifalariga oz bo‘lsa-da oydinlik kiritish istagida arxiv qutilarini ochib, bizni o‘tmish bilan bog‘laydigan ip uchlarini qidirdim.

Qozoq tarixchilariga ko‘ra, Turkiston muxtoriyati gimnini Abdulhamid Cho‘lpon yozgan ekan. Ammo matnni hech qaerdan topa olmadim. Topganim marhum shoir Rauf Parfining 1999 yili yozgan muxammasi bo‘ldi. 

Yuzlashding balolarga, alamlar ichra ko‘zlashding,

O‘zing kuyding, o‘zing yonding, o‘zgalar haqqi o‘zlashding,

Bu qul bozorinda izg‘ib qumrilar kabi bo‘zlashding,

Ko‘ngil, sen bunchalar nega kishanlar birla do‘stlashding,

Na faryoding, na doding bor, nechun sen buncha sustlashding.

Ko‘zimga xoki, Turonim, ozodlik gardi inmasmi,

Bu kunlardan umid yo‘qmi? Yo‘llaring qaro tunmasmi,

Xazon bo‘lgan bahor senmi, nishon hurlikdan unmasmi,

Haqorat dilni og‘ritmas, tubanlik mangu tinmasmi.

Kishanlar parchalanmasmi, qilichlar endi sinmasmi?!

“Alloh, Alloh”, yig‘layursan bulutdek bag‘ri so‘zonsan,

Munavvarsan, mukarramsan, risolat tug‘ida shonsan,

Sen Ka'bamsan – Turkistonsan, xunimsan sen axir qonsan,

Tiriksan, o‘lmagansan, sen-da odam, sen-da Insonsan,

Bo‘yin egma, kishan kiyma, ki sen ham hur tug‘ilgansan.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
21 oktyabr 2015
Eltuz O‘zbekistonning jasur inson huquqlari himoyachilari Malohat Eshonqulova va Yelena Urlaevalarning monitoring reydlari davomida olgan eksklyuziv fotosuratlar va audio ...
3 aprel 2019
Markazi Berlinda joylashgan O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi (UGF) 3 aprel kuni o‘tgan yilgi paxta monitoringi yakunlari asosidagi yangi videoni ...
21 sentyabr 2018
“Integral Invest” shirkati rahbari, 18 oy hibsda qolgan yirik tadbirkor 51 yoshli Jahongir Umarov kassatsiya shikoyatidan so‘ng 15 sentyabrda ...
3 yanvar 2020
Animatsiya (multfilm) qilishning qimmatligi bois 3 yanvar kuni Rassom Tuzning “juma va'zi” Eltuz yutub kanalida efirga berilmadi. Bu formatdagi ...
Bloglar
1 dekabr 2020
«Oshin» – 1983 yilda Yaponiyada suratga olingan ko‘p qismli film. Bosh rollarda Nobuko Otova, Yuko ...
25 noyabr 2020
Kuzda ketib kuzda qaytdim Sovet Armiyasi safidan. Bizni armiya safiga oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limidan ...
24 noyabr 2020
“Humo” nomli uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatda aybladi. Eronda “Humo” ...