Asosiy mavzular
30 oktyabr 2020

RTdan va'z: Men sevaman, sen sevasanmu?

Hafta ichi sen sevasanmi, men sevamanmi, sen yomon ko‘rasanmi, men yomon ko‘ramanmi, degan gaplar bilan to‘la bo‘ldi.

Har kim uzar yoqtirgan guldan,

Suv ichadi ko‘ngil ko‘ngildan,

Yurgin vafo ko‘rsatgan yo‘ldan,

Yuragimni hech sezasanmi, —

Men sevaman, sen sevasanmi?

Juma va'zini tayyorlash asnosida bir paytlar Mirza aytgan latifani esladim. Ertalab domning oldida osh berilyapti. So‘rida hofiz akalar ashula aytib o‘tirishibdi: “Lakaaaalum, lakaluuuuum. Sengaaaa ma'lum, menga noma'luuuum”. Bir payt 7-qavatda yashaydigan o‘ris Marusya xola derazadan boshini chiqarib, baqira boshladi: “Xvatit s utra lakalum, lakalum”. To‘y egalari o‘sha baqiroq kampirga osh olib chiqib berishsa, tinchiiiiib qolibdi. To‘qsoninchi yillarda aytilgan bu latifa menga bugungi kunni eslatdi.

KGBning sotuvga qo‘yilgan binosi

Seshanba kuni prezident Mirziyoev tarixiy bir farmonni imzoladi.

“Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, bundan buyon davlat ob'ektlari ommaviy savdoga chiqariladi.

Farmon ilovasida xususiy sektorga sotiladigan davlat ko‘chmas mulk ob'ektlari ham tasdiqlangan.

Ular orasida sovet va keyinchalik Karimov davri qatag‘onlarini esga solib turuvchi, O‘zbekistondagi eng qo‘rqinchli va manfur bino ham bor.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkentning qoq markazidagi sobiq markaziy binosi.

Sayilgoh ko‘chasida joylashgan bu bino ikki gektardan ko‘proq maydonga ega.

Shu tariqa prezident nafaqat MXXning eski rahbariyati, balki MXXning eski binosidan ham qutulmoqda. 

Ammo o‘rtada ochiq  qolayotgan bir savol bor: MXX binosini sotib olishga kim jur'at qilarkin?

Jurnalist Sardor Salim:  Boy bo’lganimda, DXXning sotilayotgan sobiq qarorgohini olmas edim. Kechasi qo’lidagi kishanlarni taqillatib yurgan arvohlarni ko’rib qolsam, yuragim bardosh bermaydi deb qo’rqaman.

Muqaddas urush

27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida urush boshlandi. Ozarbayjon 30 yil avval armanlar bosib olgan Tog‘li Qorabog‘ni kuch bilan qaytarib olishga ahd qildi. So‘nggi 30 yil ichida urushda minglab yosh yigitlar halok bo‘ldi.

Yaqinda “Qaynona” filmidagi bosh rol ijrochisiga quyib qo‘ygandek o‘xshaydigan ozariy xola bilan gaplashdim. Bu xonim asli Qorabog‘dan. Badavlat ayol. Yevropaning katta shaharlarida “pishirilgan tovuq” sotadigan kafechalar tarmog‘ining egasi.

“Ikkita jiyanim VATAN uchun urushda o‘ldi. Roziman”, dedi.

Bu xola bir vaqtlar falastinliklar uchun eshikma-eshik yurib yordam puli to‘plaganidan afsusda.

“Falastin, Saudiya, Eron bizning oyog‘imizdan chaldi. O‘rislar Eron orqali armanilarga qurol yetkazmoqda. Bu urushda bizga Isroil yordam berdi. Ozarbayjondagi bir million yahudiy bu urushga moddiy yordam ajratdi. Kim do‘st, kim dushman ekani boshga ish tushganda bilinadi. Bugun men tug‘ilib o‘sgan, kindik qonim to‘kilgan Lochin ozod bo‘ldi. Vatan sog‘ o‘lsun”, dedi bu xola.

Xola yana ko‘p gapirmoqchi edi, ammo shoshib turganim uchun xayr-xo‘sh qildim. Darvoqe, Ozarbayjon maktablarida Vatan tuyg‘usi fani o‘qitilmas ekan.

Men sevaman, sen sevasanmi?

Meni yo‘qlab bog‘ kezasanmi?

So‘zlarimdan yo bezasanmi?

Yuragimni hech sezasanmi, —

Men sevaman, sen sevasanmi?

Maftunlikda o‘zim bo‘lib ko‘r,

Jamolingni ko‘zim bo‘lib ko‘r,

Dilimdagi so‘zim bo‘lib ko‘r,

Yuragimni hech sezasanmi, —

Men sevaman, sen sevasanmi?

Boykot

16 oktyabr kuni Frantsiyada yosh bir chechen yigit o‘quvchilariga Muhammad payg‘ambarning karikaturasini ko‘rsatgan o‘qituvchining kallasini oldi. Bu yuzadan butun dunyo bo‘ylab keskin bahslar boshlanib ketdi. O‘qituvchining o‘ldirilishi va frantsuz mollariga boykotni yoqlovchi ko‘plab o‘zbeklar borligi ma'lum bo‘ldi.  

O‘zbeklar Parijni juda sevadi. Men bilgan o‘zbek zoti qaysi sabab bilan Yevropaning qaysi burchagiga kelsa ham vaqt topib albatta Parijga borib keladi.

Vena, Praga, Berlin, Frankfurt yoki Varshavaga kelgan o‘zbeklarni bir kunga moshinada Parijga olib borib keladigan ukalarning ishi doim avjida.

O‘zbek amaki va xolalar mashinada Parijga borishadi. Eyfel minorasi fonida rasmga tushadi. Eyfel minorasi shaklidagi magnitka va esdaliklardan bir talayini sotib olib, Luvrga boradi. Mona Lizaning oldida selfi tushib, darrov mehmonxonaga qaytib, yeb-ichib uxlaydi.

Ertasi kuni tong saharda uni mashinada qaytarib Frankfurt yoki Pragaga olib kelib qo‘yishadi. Albatta, bu amaki o‘zi va bir necha xotiniyu o‘ynashlari uchun frantsuz atirlaridan oladi.

Parijdagi Disneylend bog‘iga atayin bolalarini o‘ynatish uchun olib kelgan o‘nlab o‘zbeklarni bilaman.

Frantsiya. Parij. Sevgi va nazokat oshiyoni. Sevgi o‘tkinchi hissiyot, deyishadi ko‘pincha. Ammo o‘zbeklarning Parijni sevishi – bu haqiqiy chin sevgi. Abadiy sevgi. Oradan yuz yil o‘tsayam o‘zbek baribir Parijga oshiq bo‘lib, bu shahar jamoliga intilaveradi.

Parij shaharlar shahri. Shaharlar podishohi. Eh, dunyoga kelmabsiz, Parijni ko‘rmabsiz! Men bilgan o‘zbek shoirlari bu shaharni Balzak, Gyugo, Mopassan va Pol Eluar kabi yozuvchi-shoirlar asarlari orqali biladi.

O‘zbek rassomlari uchun bu shahar ilhom manbai. Impressionizm vatani bu Parij. Darvoqe, Frantsiya hukumati kamida ikki o‘zbek rassomini o‘z hisobidan o‘qitib bergan. Bulardan biri ulug‘ rassom Bobur Ismoilovdir.

Eh, Parij, nozli bir yorsan. Kim bor seni sevmagan, senga oshiq bo‘lmagan. Labingdan bo‘sa olmagan. Ëzuvchi Ilya Ernburg “Parijni ko‘rgandan keyin o‘lsayam bo‘laveradi”, degan edi.

O‘zbek yozuvchilarining ustozi bo‘lgan yozuvchi Ernest Xeminguey aytganidek, “Parij sen uchun doimiy bayram shahridir”.

Dunyo sekulyarizmi markazi

Cekulyarizm so‘zi eski frantsuzchadan olingan bo‘lib, “dunyoviy, diniy ahkomlarga taaluqli bo‘lmagan”, degan ma'noni anglatadi. O‘zbeklar uni jo‘ngina qilib DUNYoVIYLIK deyishadi.

Avval Parij shahriga, so‘ngra sekulyarizmga bekorga o‘tmadim. O‘tgan hafta  ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida eng ko‘p bahs qilingan mavzu din va sekulyarizm bo‘ldi.

Aynan shu mavzu Makron va Erdo‘g‘on o‘rtasida tobora keskin tus olib borayotgan dahanaki janjal markazida turibdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on frantsuz hamkasbining ruhiy jihatdan sog‘lomligini savol ostiga oldi. Erdo‘g‘on mamlakati xalqi va dunyo musulmonlarini Frantsiya mahsulotlarini boykot qilishga chaqirdi.

Uning chaqirig‘i ortidan Kuvayt, Iordaniya va G‘azo bo‘lgasida do‘konlar rastalaridan Frantsiyada ishlab chiqilgan mahsulotlar olib tashlandi.

Internetda “frantsuz mahsulotlarini boykot qil” heshtegi trendga chiqdi. Musulmon dunyosining qator davlatlari, jumladan, Bangladesh, Liviya va G‘azo bo‘lgasida Frantsiyaga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Bu amallarga javoban, Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron “bunday bosimlarga mamlakat taslim bo‘lmaydi”, deb tvit qildi.

“Bizni hech  narsa  to‘xtatib qololmaydi. Hech  qachon. Biz tinchlik ruhidagi har qanday tafovutni hurmat qilamiz. Biz nafratga belangan chiqishlarni qabul qilmaymiz va ratsional bahsni yoqlaymiz”, deb yozdi Makron.

Ammo Makron va Erdo‘g‘on o‘rtasidagi kelishmovchilik ratsional bahs o‘zanidan allaqachon chiqib bo‘lgani sir emas. Ikki rahbar – biri sekulyarist va ikkinchisi islomchi – o‘rtasidagi kelishmovchilik kuni kecha paydo bo‘lgani yo‘q.

So‘nggi bir yil ichida ular Liviyadagi fuqarolar urushidan tortib Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi mojaroga qadar masalalarda bir-birining yoqasidan olishmoqda.

Ammo ikki liderning so‘nggi dahanaki janggi eng keskin eskalatsiyani anglatsa ehtimol.

Bu eskalatsiya alaloqibat ifoda erkinligi chegarasi qaergacha bo‘lishini belgilab berishi mumkin.

Jonon, senga faqat zorim bor,

Zorim boru qo‘lda torim bor.

Vafo degan dil qarorim bor,

Yuragimni hech sezasanmi, —

Men sevaman, sen sevasanmi?

Ko‘ngling bo‘lsa tutmagil pinhon,

Mayli etgil ming bor imtihon,

O‘ylab ko‘rgin, o‘ylab ko‘r, jonon,

Yuragimni hech sezasanmi, —

Men sevaman, sen sevasanmi?

Ifoda erkinligi

Erdo‘g‘on chaqirig‘idan ilhomlangan namanganlik bir tog‘a Frantsiya prezidenti rasmini moshinasi tagiga kovrik qilib solvolibdi. Har kun ermakka tepkilarkan.

Kamiga tog‘aning xatti-harakatidan ruhlangan hamshahri Namangan markazidagi mehmonxona o‘ngida hilpirab turgan Frantsiya bayrog‘ini yulib tashlabdi.

Frantsiya prezidenti Makron suratini oyoqosti qilayotganlarga qarshi fikr…

“Musulmon ayolga “ro‘molingni yechib, og‘zingga tiqib qo‘yaman”, degan Farg‘ona viloyatining sobiq hokimi Shuhrat G‘anievning suratini nega oyoqosti qilmaysizlar?” deydi o‘zbekistonlik iqtisodchi.

“Eltuz”ning AQShdagi tahlilchisi Bahodir Fayz yanada ilgariroq boradi: “Nega Sharqiy Turkistonda uch million uyg‘urni tarbiyalash lagerlariga  yuborayotgan Xitoyga qarshi chiqmaysizlar?

Uyg‘urlar ishg‘ol ostidagi o‘z ona yurtida milliy o‘zligi, tarixi va me'moriy qadriyatlaridan mahrum etilmoqda hamda ularning masjidlari yo‘q qilinmoqda. Millionlab uyg‘urlar kontslagerlarda majburiy mehnat qilmoqda.

Ularning ayollari bichilmoqda. Homilador uyg‘ur ayollar majburiy abort qildirish kabi dahshat bilan yuzma-yuz qolmoqda.

Qisqasi, bugun dunyoda hech bir millat uyg‘urlar kabi genotsid qilinmayapti. Kommunistik Xitoy qilmoqda bu genotsidni. Kechgan yilda BMTga a'zo 39 o‘lka imzolagan ochiq maktubda “Xitoy hukumati Sharqiy Turkiston uyg‘urlarini ozod qilsin!” degan talab yozilgan edi.

Bu maktubda Sharqiy Turkistonda xalqaro inson huquqlari hay'ati to‘liq faoliyat yuritishi lozimligi ta'kidlangan edi. Ammo bu maktubga imzo chekkan 39 davlat orasida Turkiya yo‘q. Umuman, o‘zini musulmon davlati deb biladigan birorta o‘lka bu maktubga imzo chekmagan!

Erdo‘g‘on gaplari ertaga yaxshi bo‘ladi, degan messejni beradi”.

Ertaga yaxshi bo‘ladi!

Shu o‘rinda bir necha yil muqaddam Antaliyadagi “Oltin po‘rtaxol” festivalida bo‘lgan voqea esimga  tushdi. Festivalga bir mo‘g‘ul kinochisi multfilm olib keldi. Aksiga olib, bu mo‘g‘ul na turkchani va na inglizchani biladi. Tashkilotchilar qiyin ahvolda qoldi. Ruscha gaplashib ko‘r-chi, deb mendan iltimos qilishdi. Gaplashsam, ozroq tushunar ekan.

Multfilmning nomi “Amdral” (ya'ni hayot) ekan. Kinochi o‘z multfilmini zalda taqdim qilishi kerak edi. Men unga qarab, sen mo‘g‘ulcha gapiraver, men o‘zimcha tarjima qilaman, dedim. Sodda mo‘g‘ul ko‘ndi. U “songino” (mo‘g‘ul tilida piyoz shunday ataladi) deya gap boshlab, to‘rt jumlani g‘o‘ldiradi.

Men esa “tarjima” qildim. “Aziz do‘stlar, men tushirgan film hayot haqida. Biz sevgan, ardoqlagan hayot haqida”, deya o‘zimcha aqlli gap qildim (mo‘g‘ulcha bilmayman).

Hamma chapak chaldi. Keyin parda ko‘tarilib, chiroq o‘chdi. Multfilm namoyishi boshlandi. Multfilm piyoz haqida edi. Kadrda piyoz ko‘rinadi. Keyin uning po‘stloqlari so‘yilib boraveradi. Xuddi varaqlari yulinayotgan kitob kabi. Oxirgi po‘stloq yulinganidan keyin kadrda qop- qora bo‘shlik qoladi.

Zal qarsaklardan larzaga keldi. Bosh qaxramoni piyoz bo‘lgan bu multfilm haqiqatdan ham hayot haqida edi. Kunlarimiz piyoz po‘sti kabi yulinib boraveradi. Biz ertaga yaxshi bo‘ladi, deymiz. Finalda esa bizni bo‘shliq kutadi.

Film bergan messejni zalga kelganlar tushundi. Kecha o‘tdi. Erta kelmadi. Bugun va hozir bor. Hayotning barcha kuni piyozning po‘sti kabi bir xil.

Bo‘shliq kelmasdan bu hayotni bugun yasha.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 dekabr 2017
Prezidentning parlamentga murojaatini tahlil qilganda, u shu vaqtgacha saroy ichi va atrofida kechgan hokimiyat o‘yinlari haqida to‘liqroq tasavvurga ega ...
27 mart 2019
Rasmdagi ayol Estoniya prezidenti Kersti Kalyulayd. Myunxendagi konferentsiyada odamlar orasida o‘tirganida uni tanishmadiyam. U majlis zalida el qatori oddiy ...
20 sentyabr 2023
Kecha 19 centyabr kuni Shayxontohur tumani sudida prokuror Human.uz sayti asoschisi va rahbari Xurshid Daliev va “O‘zbekneftgaz” shirkati matbuot ...
21 iyun 2020
Bugun O‘zbekistonda haqiqiy ma'noda mustaqillik kuni sifatida nishonlanishi kerak. Chunki bundan 30 yil burun, 1990 yil 20 iyun kuni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...