Asosiy mavzular
11 dekabr 2020

RTdan va'z: Putin Mirziyoevni pomidor bilan shantaj qilmoqda

– Men ko‘p ta'na eshitaman, – dedi Chingiz Aytmatov yonida o‘tirgan Mustay Karimga, – qirg‘iz tilida yozmaysan, deb tanqid qilishadi. Ne qilayki, o‘z ona tilimda hatto haqiqat ma'nosini bildiruvchi so‘z yo‘q. Ulug‘ yozuvchi shunday deb qo‘lidagi gazetani mashhur shoirga uzatdi. Gazetaning nomi “Frunze pravdasi” edi. – Hasrat qilma, azizim, – dedi Mustay og‘a o‘ziga xos nazokat va madaniyat bilan, – mening boshqird tilim oldida qirg‘iz tilini ulug‘ va qudratli, desa bo‘ladi. Yaqinda bir jurnalimizda maqola chiqdi. Nomi bunday: Sovetlar Rossiyasinda krestyanlar polojeniesi! Suhbatga Ibrohim Yusupov qo‘shildi: – Qoraqalpoqning bosh gazetasi yaqin-yaqinlarda ham “Qizil Qoraqalpog‘iston” bo‘lgan. Voiz aytar: taqdir shul, shu jahoniy iroda. Tillar yo‘qolar butkul, bir til qolar dunyoda, deyilganidek, agar eski tuzum yana davom etganda yaqin o‘n yillar ichida tillarimiz unutilishi aniq edi.

O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning «So‘z latofati» kitobidan

SPRAVKA KYeTADI

Erkin Vohidov yarim asrdan ziyod ijodiy faoliyati davomida “Tong nafasi”, “Qo‘shig‘im sizga”, “Aql va yurak”, “Mening yulduzim”, “Yoshlik devoni”, “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirg‘oq”, “Kelajakka maktub” kabi she'riy to‘plamlari, “Nido”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni”, “Ko‘hinur” kabi dostonlari, “Oltin devor”, “Istanbul fojiasi” singari sahna asarlari, “So‘z latofati” badiiy risolasi, jahon adabiyotining Hofiz Sheroziy, Mirzo Bedil, Gyote, Sergey Yesenin kabi mumtoz namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan o‘ziga xos ijodiy maktab yaratgan. Uning turli janrdagi o‘nlab asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan.

Erkin Vohidov haq edi. Rostanam, agar sovet hokimiyati yana, ana boring, 50 yil davom etganida bormi, o‘zbek tili unutilishi mumkin edi. Chunki partqo‘m rahbarlari bolalarining tili o‘rischa chiqardi, o‘ris maktabga borardi va rusiyzabon bilan turmush qurardi. Rahbar bo‘lmoqchimisan, ruschani o‘rgan. O‘rischa bilmagan qishlog‘idan tashqariga chiqa olmasdi. Tartib shunaqa edi. Sovetlar parchalandi, ammo mustaqil O‘zbekiston davrida ham davlat tili bir go‘r bo‘lmadi. Tilga munosabat o‘zgarmadi.

“Hukumatdagilarning bolalari o‘zbekcha gapirmasa, til qonuni ishlamaydi”, degan  shoir va dramaturg Usmon Azim taqiqga tushdi.

Chunki Islom Karimovning qizlari o‘rischa gapirardi, o‘zbeklarni «xarip» derdi.

Qora ro‘yxatda Usmon Azim yolg‘iz emasdi. Shoirlar Rauf Parfi, Shukrullo, Gulchehra Nurullaeva, Gulchehra Jo‘raeva… Yana o‘nlab shoir va yozuvchi, olim va mutafakkirlar… Erkin Vohidov ham shu ro‘yxatda so‘nggi nafasigacha turdi.

Karimov hukmronligining so‘nggi yillarida shoir norasmiy tarzda uy qamog‘iga olingan edi.

Jurnalist Karim Bahriev xotirlaydi:

Erkin Vohidovning jonlari vujudlarini tark etayotgan paytda Farg‘onada u kishining kitoblari taqdimoti bo‘layotgan edi, unda olim Ibrohim G‘ofurov boshchiligida ziyolilar qatnashmoqda edi. Toshkentdan Yozuvchilar uyushmasi rahbari telefon qilib: “Tezda ortga qaytinglar. Erkin Vohidov zapretdagi odam.. Tadbirlaringni to‘xtatinglar, davlat rahbari bilib qolsa, baloga qolamiz!” – degan. O‘ksinib qaytayotganlarida dovonga kelganda Erkin akaning olamdan o‘tganini eshitgan olimlarimiz yig‘lab yuborganlar. O‘sha kuniyoq Erkin Vohidov uyi atrofi asfalt qilindi va asfalt sovimay Shavkat Mirziyoev keldilar, keyin biror soatdan keyin yana bir bor keldilar. Yozuvchilar ittifoqining rahbari telefon qilib: “Erkin akaning uy adresini aytinglar, bormoqchimiz”, deganda, ayollari Gulchehra opa: “Qo‘yliqda yo Do‘rmonda deb yuboringlar, shularni ko‘rgani ko‘zimiz yo‘q”, dedilar.

Faqat o‘limidan keyin, Mirziyoev prezident etib saylangach, nomi tiklandi. Mirziyoev Erkin Vohidovning 80 yillik yubileyini davlat miqyosida o‘tkazishga farmoyish berdi, shoirning uy muzeyi tashkil kilindi, chop etilmay kelayotgan asarlari nashr etildi, Marg‘ilon shahri markazidagi istirohat bog‘iga Erkin Vohidov haykali o‘rnatildi.

Egil, o‘zni pana qil,
Borligingni bildirma.
Yo‘talganga o‘n besh yil,
Aksirganga yigirma.

Kar bo‘l, ko‘r bo‘l, tishla til,
Boshga balo keltirma.
Gapirganga o‘n besh yil,
Eshitganga yigirma.

Qalamingni dushman bil,
Qog‘oz uzra jildirma,
Roman yozsang – o‘n besh yil,
Doston yozsang – yigirma…

Erkin Vohidov, 2014 yil

Pomidor siyosati

Manqurtvoylarimiz sevadigan Putin hukumati O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni Rossiyaga olib kirishga o‘tgan haftada taqiq qo‘ydi.

Bu yangilikdan xabar topgan eksportchi fermerlarimizning foydakor ko‘ngillari pomidordek aynidi. Hokimlardan so‘kish eshitganda shlakoblokdek qimirlamay turadigan yuzlari karam yaproqlaridek burishdi. Sovuq qotgan ketlari qalampir surkalganidek achishib ketdi.

“Bu shumxabarni eshitganimdan ko‘ra, hokimbuvaning onaginamni so‘kkanini eshitganim yaxshi edi”, deb yuborishdi o‘zbekning ilg‘or fermerlari.

Eksport uchun boshqa mamlakatlarni izlash o‘rniga ular avvaliga: “Endi nima qilamiz?” deyishgan bo‘lsa, keyinroq sal hovurlari bosilgach: “Taqiqqa nima sabab bo‘libdi?” deb so‘rashdi.

Ikkinchi savolga men ham javob izladim. Izlanishlarim davomida qiziq voqealar ketma-ketligini va ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni topgandek bo‘ldim.

Mana, qarang: shu yilning 15-22 noyabr kunlari tashqi ishlar vaziri Abdullaziz Komilov Amerikaga safar uyushtirdi. Bir hafta davomida u Oq uy vakillari bilan turli masalalarni muhokama qildi. Ular ichida O‘zbekistonning rossiyaparast va har tomonlama zararli Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish ehtimoli va oqibatlarini ham gaplashib oldi.

Uzun quloq gaplarga ko‘ra, amerikaliklar Komilovga: “Bu ittifoqqa kirish-kirmaslikni o‘zingiz hal qiling. Lekin kirsangizlar, hammangiz onangiznikiga kirishingiz aniq”, deyishgan.

Bu muzokaralardan Kreml darrov xabar topgan shekilli, oradan atigi ikki kun o‘tib, 24 noyabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov: “Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida O‘zbekiston islomiy harakati jangarilari paydo bo‘lishdi. Ular O‘zbekistonga bostirib kirishmoqchi”, deb qoldi.

Lavrovning vahimasiga ko‘ra, Amudaryoning Termiz qismi naryog‘ida Tohir Yo‘ldoshning qizi yelkasida avtomat ko‘tarib yurganmish, bir o‘zi 100 nafar o‘zbek chegarachisining peshonasidan teshik ocha olarmish…

“Biz, ya'nikim ahli Kreml, o‘zbek askarlarining, konstitutsion tuzumining, hukumatining taqdiridan xavotir olyapmiz. Ana shunga bemalol uxlay olmayapmiz”, dedi Lavrov.

Uning bayonotini eshitib, ojiza xotinim Lavrovga qarab: “Erkak bo‘lmay o‘l-ey!” devordi. “Qo‘yaver! Avtomatli jonivorni ko‘rganda siyvoradigan o‘zbek erkaklari ham ko‘p. Erkakning kimligi u Kalashnikovga ro‘para kelganda ayon bo‘ladi”, dedim aqllilik qilib.

O‘zbekiston islomiy harakati allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsa ham Kreml haligacha biznikilarni shu cho‘pchak bilan qo‘rqitishga harakat qilyapti.

Ertaklar Uchqo‘rg‘onga yetaklar!

Tavba! Ba'zi erkaklarni ertak bilan ham qo‘rqitsa bo‘ladi-ey!

Ertaksevar momolarimiz yosh bolalarni olabo‘ji va ajdarholar bilan qo‘rqitaverib, millatni quyon qilib tarbiyalagani bilinib qolyapti.

Negadir: “Ertaklar Uchqo‘rg‘onga yetaklar!” degim bor.

Mirziyoev va uning hukumati Lavrovning cho‘pchagidan qo‘rqmagan shekilli, o‘tgan haftada Rossiyaning “Rospotrebnadzor” tashkiloti o‘zbek meva-sabzavotlarini Rossiyaga olib kirishga taqiq qo‘ydi. Ruslarning bahonasiga qarang: O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlarning sifati yomonmish, o‘rislarni ichburug‘ qilarmish.

“Butun boshli ahli Kreml o‘tgan haftagacha Toshkent viloyatining Parkent va Pskent tumanlarida yetishtirilgan “Putinka” navli pomidorlarni yeb, soppa-sog‘ yuruvdi-ku, hojatxonaga ham odatdagidek qatnayotgandi-ku, jallab”, deydigan o‘zbek yo‘q.

Undan ko‘ra, “pomidorlaringni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirsanggina olaman”, demaysanmi erkakchasiga, Ivan?!

Putin hukumatining O‘zbekistonni qullar ittifoqiga kiritishga urinishlari siyosatshunoslikda “neokolonializm”, ya'ni “yangi kolonializm” deyiladi. Mirziyoevni pomidor bilan shantaj qilishga urinishlar esa “soft paueer”, ya'ni “yumshoq kuch, yumshoq bosim”, deyiladi.

Putin biz o‘zbeklarni bunday siyosiy nayranglarni bilmaydigan omilar deb o‘ylaydi.

Kremldagi neokolonialistlarning asosiy maqsadi – qanday qilib bo‘lsa ham O‘zbekistonni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga olib kirish. Undan so‘ng esa respublikadagi daromadli sohalarni xususiylashtirish, sotib olish, iqtisodiy qaram o‘lkaga aylantirish va mamlakatni talash.

Ularning rejalariga ko‘ra, Mirziyoev O‘zbekistonni joriy yilning 31 dekabrigacha shu ittifoqqa olib kirishi kerak edi. Lekin o‘zbek prezidenti bu tashkilotga kirish o‘zbek xalqining boshiga mislsiz kulfatlarni olib kelishini hamda ommaviy noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini vaqtida tushunib yetganday bo‘ldi.

Shu sababdan ham prezident Mirziyoev Yevroosiyo ittifoqiga kirishdan bosh tortdi.

Uning jasoratli qarori, avvalo, Putinning cho‘ntagi Alisher Usmonovga yoqmadi. Shu sababdan Kreml oligarxi Mirziyoevdan arazlab, Moskvaga ketib qoldi. Boyvachcha Sardobada yangi quriladigan uylarga pul ham ajratmadi. Kremlning namanganlik malayi va'dasida turmadi. Natijada bu uylarni Mirziyoev hukumati ichki mablag‘lar evaziga qurib bitirdi.

Alisher Usmonov Mirziyoevning qarorini Putinga yetkazishi bilan Kreml o‘zbek prezidentini siquvga ola boshladi.

Moskva O‘zbekistonga qarshi vahimali bayonotlarni bera boshladi, pomidor shantajini ishga tushirdi.

Mirziyoev ham anoyi emas. Ammo u katta og‘asi Putinning ra'yiga qarab, hanuz demokratlardan saylangan Jo Baydenni tabriklagani yo‘q. Va bu yomon, albatta…

O‘zbekiston uzra bir shantaj yuripti. Bu – pomidor shantaji. Sukut saqlamang, olomon! Orqada vatan!

Nega bolsheviklar chizgan vatanni sevishim kerak?

Navbatdagi (sakson minginchi) fuqaro rassom Tuzni «alamzadalik» va yurtni «sevmaslik»da aybladi. Nega endi kommunistlar 1924 yili kartaga chizgan palon kvadrat metrni sevishim kerak. Nima, majburmanmi?

Birinchidan, nima degani «alamzada». Birov yeb men quruq qolibmanmi ? Hayotning maqsadi o‘zini to‘la realizatsiya qilish deb bilaman. Shu ma'noda baxtliman. O‘z sevgan ishimdan yaxshigina pul keladi.

Bunga qo‘shimcha haftada bir va'z multfilm va karikaturalar chizaman. Bugun kun bo‘yi haykaltaroshlar xalqaro tadbirida edim. Marmar va granit chopib, terlab ishladik.

Qorlixonov degan akamiz ham keganlar. Demak «alamzada» degan gapni chiqindiga tashlavoramiz. Nima qoldi? Haaa. Vatanni sevmaslik. Nega sevishim kerak? Qizlarni yoki qovurilgan muzqaymoqni sevaman. Pikasso va Rembrandt asarlari originalini muzeyda tomosha qilishni sevaman.

Xullas, bu trollingning ham batareyasi o‘libdi. Ammo vatan uchun kuyib yonib ket demaganiga ham shukur. Bir vaqtlar ana shunaqa shior bor edi.

Xotira sharobi

«Vatan bu bolshovoylar chizgan karta emasligini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Nahotki O‘zbekiston bilan bog‘liq biror bir iliq xotiralaringiz, siz uchun qadrli bo‘lgan insonlar yoki joylar bo‘lmasa, Rassom Tuz og‘a?» deya savol berdi Alisher Yunusov.

Tog‘ cho‘qqilari orasida Sarichelak degan qishloq bor. O‘sha yerda ko‘l bor. Shu ko‘zguga o‘xshash ko‘lni juda sevaman. Bu ko‘lda yarmi baliq, yarmi qiz bo‘lgan jonzot bor, deyishdi. Ammo men uni ko‘rmadim.

Lekin Shinara degan go‘zal rassom qiz yashaydi o‘sha joyda. Yana bir rassom og‘am bor edi Sarichelakda. Yanagi yil balki borarman shu ko‘lga.

Mazori sharifda Anxo‘y degan yer bor. Shu Anxo‘y va u yerdagi o‘zbeklarni eslasam ko‘nglim iyib yuzimga kulgi yog‘iladi. Yaxshi odamlar. Mayli, chars yetishtirsa ham, sodda bo‘lib pand yeb yurishsa ham.

Yana Ilonli degan joy bor¸ undan narida Po‘rsi degan qadim qishloq. Po‘rsida qadim juvozlar bor. Shu qadim juvozlarni ko‘zi boyli eshak yoki tuya aylantiradi. Shu juvozning qorayib ketgan davlisini (tosh o‘rtasidagi yog‘ oqadigan teshikka kirib turgan, tsilindr shaklidagi yog‘och) eslayman.

Juvoz yog‘iga qovrilgan sulgun qovurdoq mazasi og‘zimda. Suriyaning Halab shahriga urushdan oldin boruvdim (2012 yilda). Dizayn ishim uchun halab turkmanlariga g‘oli (gilam, qalim) buyurtma qilish uchun boruvdim. Ish bir chetda qolib bu turkmanlar bilan og‘a-ini bo‘ldim. Ular qiladigan oyoq yog‘ini sevdim. Oyoq yog‘i aslida zaytun yog‘i.

Turkmanlar zaytunni yumaloq granit tegirmon toshini eshak bilan aylantirib yanchadi. Hosil bo‘lgan bo‘tqani qopga solib turkman xotinlar tosh ustida oyoq bilan ezg‘ilaydi. Shu tariqa bo‘taqadan yog‘ ajralib chiqadi. Halab turkmanlari buni «oyoq yog‘i», deydi.

Yana bir xotira esa Pomirdagi Tog‘li Badaxshonda yashaydigan Og‘axon avlodlari bilan bog‘liq. Ular tog‘da yashagani bois dunyoning yomonliklaridan balandda turishadi. Favqulloda musofirparvar va yordamga hozir odamlar.

Ular tikkan kigiz takyani qishda kiyib yuraman. Ular chinor yog‘ochidan yasagan tovoqda tomoq yeyman. Shu tariqa pomir tojiklari deya atalgan qadim tamaddun mansublarini doim eslayman.

Qizlarining terisi qor kabi oq, ko‘zlari esa feruza kabi yashil. Hozir qanot chiqarib o‘sha Pomirga borgan bo‘lardim. Havosi yoqadi u yerning.

Yana bir shaharni sevaman. Toshdan bo‘lgan Mardin shahri. Shu tosh me'morchiligiga qiziqib borib, u yerdagi odamlar bilan qarindoshday yaqin bo‘lib ketdim. Ikkita tovani bir-biriga to‘nkarib qilingan palovni faqat Mardinning Midyat shaharchasida yedim. Men kulib, globus ichidagi palov, derdim.

Navbat bilan aylantirib ikki tarafdan olovga tutib pishirishadi. Pishganidan keyin guruch katta tovoqda gumbaz kabi turadi. Ammo ichi to‘la qo‘y eti. Midyatda xristian¸ yahudiy¸ musulmon¸ zardo‘sht, suryoniy kabi turli inonch sohiblari inoq yashaydi.

Ammo ularni turk tili birlashtiradi. Xotiralar sharobga o‘xshaydi. Vaqt o‘tgan sari ta'mi yaxshilanib, o‘tkirlashib boraveradi.

Qozonga yaqin yursang…

«Oddiy muallim ming dollar olmasa, u ishga kelishi kerak emas. Bo‘lmasa u nabirasini qanday boqadi». Bu gapni TVda eshitgan biologiya o‘qituvchisi Zuhra G‘urbatillina «vot molodets», dedi.

Keyin u maktab bug‘alteriga sholdiratib, «Min qoncha maosh olam shu oy uchun?» deb so‘radi. Bug‘alter qandaydir raqam aytdi. Bu raqam besh yuz dollarning yarmidan ham oz edi.

Zuhra G‘urbatullina “Onday bulsa min eshkә barmыym”, deb trubkani ilib puxovoy ro‘mol to‘qishda davom etdi. Sovuq boshlanib puxovoy ro‘molning bozori chaqqon edi.

Maktab direktori esa G‘urbatullinaning bo‘shab qolgan o‘rniga Absattorni ishga oldi. Absattor ho‘kizini sotib, direktorga 1000 dollar pora berdi.

10 kun o‘tdi. Maktabga mufattish kelib barcha o‘qituvchilardan diktant oldi. Absattor yozmay o‘tiraverdi. Mufattish “Siz nega yozmayapsiz” desa, Absattor “men yozishni bilmayman, katta. Moldi ketidan yurgan odamman. Mallimlar 1000 dollar oladi deb moldi sotib shu yerga o‘rnashuvdim”, dedi.

Mufattish “sening diploming bormi?” deb so‘radi. Absattor paxtalik nimchasi qo‘ynidan ro‘molga o‘ralgan diplomni chiqarib, “Bu diplom uchun to‘rtta buqa va uch qo‘y berdim”, dedi diplomning charm muqovasini mexr bilan silab.

Ertasiga “Maktab o‘qituvchisi soxta diplom bilan qo‘lga tushdi, bu xalq ta'limidagi islohotlar doirasida fosh qilindi”, degan xabar chiqdi.

Absattorning otasi endi qolgan qo‘y va ho‘kizlarni sotib sudyaga olib borib berdi. Shartli jazo uchun.

Mamlakatda gaz va elektr yo‘qligi bois xotinlar boshiga, erkaklar beliga boylash uchun puxovoy ro‘mol sotib ola boshladi.

G‘urbatullina pullarni to‘plab¸ uy-joyini sotib Qozonga ketvordi. Bu davrda qozonga yaqin bo‘lgan ma'qul. Och qolmaysan.

Qabristonda kecha yoqqan qor
Mildir-mildir erib yotibdi.
Go‘r ustida bir it ingrab zor,
Loyga bag‘rin berib yotibdi.

Kecha tobut ko‘tarilgan dam
U beorom yugurgan-elgan.
Quvsalar ham, tosh otsalar ham
El ortidan mozorga kelgan.

Otasidan ayrilsa agar
Buncha kuymas odam bolasi.
Yolg‘on edi kecha yig‘ilar,
Rost edi shu itning nolasi.

Sovuq tunda qotib, diydirab,
Qabrga u qo‘yib yotdi bosh.
Erigan qor kabi mildirab
Ko‘zlaridan tinmay oqdi yosh…

Biz insonmiz, sohibi dunyo,
Qudratlimiz, mag‘rurmiz, to‘qmiz.
Sadoqatda, mehrda ammo
Shu bechora bir itcha yo‘qmiz…

(Erkin Vohidov)

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
2 oktyabr 2015
Radio manbasiga ko‘ra ilgari fohishalik qilgani bois jarimaga tortilgan ayollarni yig‘ib, dalaga olib ketishgan. “Balkondan qarab turdim. Hammasini bir ...
1 may 2016
Istanbulning Boshoqshahar (Başakşehir) mavzesida yashaydigan 55 yashar Aziz Chalishqon (Aziz Çalışkan) 29 aprel oqshomida o‘z sevgilisini o‘ldirganiga iqrorligini aytib ...
13 fevral 2018
13 fevralda Stokholm shahri sudida terror jinoyatida ayblanayotgan o‘zbekistonlik Rahmat Oqilov mahkamasi boshlandi. Ushbu jinoyat ishi 35 kun, ya'ni ...
4 iyul 2016
Farg‘ona viloyati o‘qituvchi va shifokorlari paxta ko‘sagiga tushgan qurtlarni dalalarda qo‘lda terishmoqda. Ularning bu safar dalaga chiqarilishi AQSh Davlat ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...