Asosiy mavzular
25 dekabr 2020

RTdan va'z: Kalamush va o‘lim yili tugadi

Aziz do‘stim. Ko‘zlari intizor singlim. Mehribon opajonlarim. Duogo‘y onaxonlar. Yuzidan farishta yoqqan otaxonlar, akalar, ukalar, sevining, kalamush yili tugamoqda. O‘limlar, kasalliklar, cheklov va yo‘qotishlar yili ortda qolmoqda.

Yil boshida va'zlarimni eshitib “mushtum“dan ham o‘tibsiz, deb izoh yozgan Ahmadjon aka, “Ëshulli, To‘ytepaga mehringiz bo‘lak” deb izoh qoldirgan Andrey aka Kubatin kabi o‘nlab qadrdonlarim o‘ldi.

Qiynalib o‘lishdi. Nafas yetmadi ularga. Kislorod yetmadi. Kasallikni yengib, yil so‘nggiga qadar yetib kelganlar esa madorsiz, ammo umidsiz emas.

Men tunnel ortida chiqish yo‘li borligini sinab ko‘rganman. Ëshligimda eshigimiz oldidan ulkan quvur o‘tkazildi. Quvur hali ko‘milmay, ikki tarafi ulanmay turardi. Quvurning uzunligi uch bekat orasicha chiqardi. Bir tarafi sut zavodining yonida bo‘lsa, yana bir tarafi Obdol bangining uyi oldida edi.

Men shu quvurning bir tarafidan emaklab kirib, ikkinchi tarafidan chiqishni istadim. Nega? Buni o‘zim ham bilmayman. Bola edim. Sarguzasht istardim. Xullas, sut zavodi oldidan quvurning ichiga emaklab kirdim.

Avvaliga emaklab boraverdim. Ammo bir oz o‘tgach, temir quvurning ichida issiqdan mazam qocha boshladi. Nafas olishim qiyinlashdi. Eng yomoni, qop-qorong‘i zulmat edi quvurning ichi. Oldinga emaklardim. Bir-ikki marta quvur devoriga boshimni urib olib og‘riqdan yig‘ladim.

Ortga qaytsammi, deb o‘yladim. Ammo mantiqqa ko‘ra, ortga qaytish yo‘li oldinga yurishdan uzoqroq bo‘lardi. Boz ustiga, tor quvur ichida orqaga qayrilish imkoni yo‘q.

Oldinga emaklardim. Zim-ziyo qorong‘u zimiston. Havo tobora siyraklashardi. Yuzimga oqqan ko‘z yoshlarim tezda qurib qolardi. Chunki temir quvur ichi yozning kunida qizib ketgan edi.

Emaklayapman. Birdan qo‘l-oyog‘im bo‘shashib, yurolmay yotib qoldim. Umidsizlik va qo‘rquv hissi meni yerga qapishtirdi. Shu quvurning ichida o‘lib ketsam-a, deb o‘yladim. Oxirgi kuchimni yig‘ib, qo‘llarimga tayanib yana emaklay boshladim.

50 metrcha emaklagandan keyin uzoqda tangaday nur ko‘rindi. Tunnel ortida nur bor, deb bir odam aytsa, darrov bolaliligimdagi quvur ichida ko‘rganim nurni eslayman.

Bu nur menga umid va kuch berdi. Qo‘rquv meni tark etdi. Kuch va g‘ayrat tanamga qaytdi. Nur esa kattalashardi. Quvur ichiga Obdol bangi bog‘laridan esgan sarin shabboda kira boshlagan edi.

Mana, nihoyat yo‘l tugadi. Quvur boshida turgan bolalar meni qahramon kabi kutib olishdi. Uzoq vaqt emaklagan odam qaddini ko‘tarishga qiynaladi.

Ammo mashaqqatlarni yengib o‘tishning ruhiy energiyasi bor. Odam o‘ziga ishonch xosil qiladi. Har qanday sharoitda ham chiqish yo‘li bor. Sovuq qish ortidan bahor keladi. Bu tabiat qonuni. Tunnel ortida, albatta, nur bor.

Pulli «siti» haqida

Dunyoda ko‘p qavatli uylarni pul to‘lab ko‘radigan yagona xalq o‘zbeklar bo‘lsa kerak. Darvoqe, «Toshkent siti»da dunyodagi eng uzun xotdog pishirishdi. Agar xotdogni yo‘lga yoysangiz, Yunusoboddan to To‘ytepagacha yetadi.

Xotdog degani issiq it degani. Amerikada qashshoqlik zamonidan qolgan ovqat. Amerikada itlarga go‘sht berishgan. Ammo go‘sht qimmatlab ketgan. Go‘shtga o‘rgangan itlar esa non yemaydi.

Nonning orasiga issiq sosiska qo‘yib itga berishgan. Shunga xotdog deyiladi. Menga shu qishda moshxo‘rda yoki gumma ko‘proq yoqadi. Bunaqa issiq itdan ko‘ra.

Og‘a, «siti» qimmatlabdi, shuni yozing, deyishdi. Mana, yozdim. Eshiting.

Chexiyaning poytaxti Praga shahridagi bit bozori (tezekovka)ga kirish uchun odam boshiga bir dollardan pul to‘lanadi. Atom reaktori portlagan Ukrainadagi Chernobil shahri vayronalarini ko‘rish ham pulli.

Sizlar «siti» pulli bo‘ldi, deb dodlaysizlar. Umrida gaz, elektr chiroq, tekis asfalt yo‘lni ko‘rmagan xalq uchun «siti» bir mo‘'jiza. Mo‘'jizani ko‘rish esa pul turadi.

Tekinxo‘rlik va parazitizmga o‘rganib qolganlar dodlayapti. Nega endi tekin tomosha ko‘rsatish kerak sizga? Tekin pishloq sichqon tutadig‘on qopqonda bo‘ladi. Falon mamlakatdagi «siti» bepul deb mazgini qoqavurmanglar. Palon mamlakatning xalqi tekin «siti» ko‘rish haqiga erishish uchun kurashgan. Mitinglarga chiqqan.

Sizlarga o‘xshab, yashasin yurtboshi, deb 29 yil to‘nqaymagan. O‘zim kal – ko‘nglim nozik, degan qavm bu – siz. Chiroq xayf sizga, gazam. «Siti»ga kirish narxini yana oshirish kerak. Oldin aytganimdek, «siti»ga kirishda ko‘tingizga ikki marta, chiqishda to‘rt marta tepish kerak.

Chunki siz bunga loyiqsiz. Siz paydo qildingiz bu o‘g‘ri boshqaruv elitasini. Sizning notavon sukutingiz va ikki pulga qimmat sabringiz zaminida bu chirkin nihollar ildiz otib, korruptsiya chinorlariga aylandi.

Saylovda konstitutsiyaga zid ish qilgan odamga ovoz bergan to‘da nega «siti»ni tekin ko‘rishi kerak? Kim u? Nima haqqi bor. Umuman, uyida o‘tirsin mikrob yuqtirmay pandemiya paytida.

Qishloqi qiz shahardagi boy oilaga kelin bo‘lib tushgach, o‘z urug‘laridan uyalarkan. «Kevurmanglar kir-chir bo‘lib. Bizani uyimizaga faqat chiroyli kiyingan boy odamlar keladi».

Xuddi shunga o‘xshash holat «Toshkent siti»da. Viloyatlik, Ippodromdan arzon kiyim kiyadigan odamlar yurishini boylar xohlamayapti.

Aslida tarix takarrur qilmoqda. Hozir Amir Temur haykali turgan Toshkentdagi skverga ham chor davrida eski shahar aholisi kirishi taqiqlangan edi.

O‘ris xonimchalar va oppoq marjalar oq shamsiya tutib yurganda, yirtiq to‘n kiygan qop-qora odam tirjayib yursa, umumiy manzara buziladi. O‘shanda «Sartlar va itlar kirishi mumkin emas», deb yozib qo‘yilgan edi. Xullas, or qilinadigan xalqqa aylandi bu 33 million.

Ortda qolgan haftaga «otingni sot, molingni sot, pasport ol» deb nom bergan bo‘lardim. Bilasiz, eski yashil pasportlar muddati yanvarda tugaydi. Yangi jigarrang pasport olish kerak. Xalqning yarmi o‘risga ketib qolgan, yarmini boqishi kerak.

Pasport almashtirib pul qilish biznesi ham kimlarningdir gulday hunariga aylandi. Mana, Hazoraspda pasport olish uchun ur-to‘polon bo‘ldi. Hazoraspda shuncha odam yashashi shu to‘polonda bilindi.

O‘ris o‘rmonida yurgan dangasalar, tuzukroq ishlab, pul yuvoringlar istonga. Bo‘lmasam milisa borib, qulag‘ingdan cho‘zib O‘zbekistonga qaytaradi. 

Uychi tumani IIBga oyiga $200 dan kam pul yuborayotgan mehnat muhojirlarini O‘zbekistonga qaytarish topshirig‘i berilgan. 200 ta dangasa qaytarilib, xotini qaramog‘iga o‘tkazilgan.

Odamlarning yig‘ib qo‘ygan puli tugamoqda. Tuz og‘a, qaytarish sharti bilan ikki ming dollar berib turing, deydi Rixsitilla degan yigitning guli.

Telegramdagi sahifasiga kirib ko‘rsam, “Ey, Rixsitilla, qarzni qachon qaytarasan”, degan dashnomu malomatlar bilan to‘la. Qarz balosi nimaligini men ham boshimdan o‘tkazganman. Ammo bugun ishim yaxshi, kambag‘al bo‘lsam ham to‘rvam bor, deganday.

Nega ishim yurishib boyib ketganim sababini tahlil qilib ko‘rdim. Qarz botqog‘iga tomog‘imgacha botib ketayotgandim. Bittasiga mashinamning kalitini berib, bir-ikki kun qarzni qistamay tur, deb iltimos ham qildim.

Bu onda Parijdagi rassomlar biennalesiga taklif keldi. Bor-kel bilet, bir hafta yashash biennale hisobidan. Shartta uchdim-ketdim.

Ammo Parij sovuq edi, mart oyi bo‘sayam. Issiqroq kiyim qidirib do‘konga kirdim. Art kurator kunlik xarajat uchun karta bergandi. Bitta qora kashmir paltoni qimmat bo‘lsayam olib kiydim. Oynakka qarasam, yarashdi.

Shunday qimmat palto olish hissidan mamnun bo‘ldim. Ko‘chaga chiqib issiq va yengil palto ichida tanam yayrab yana sevindim. Safar qarib Toshkentga qaytdim. Qaytgan kunim Qurbon hayitga to‘g‘ri keldi (yilda ikki karra peshanam sajdaga tegadigan zotman).

Kechqurun Parijning Sharl de Goll aeroportidan ko‘tarilgan uchoq meni tong sahar Toshkentga eltdi. Hayit namoziga ulgurish uchun tez chiqdim. Yukim yo‘qligi ish berdi. Qo‘limda bir sakvoyaj bor edi, xolos.

Taksi olib Sebzordagi masjidga qarab ketdim. Hayit aomozidan chiqib, Sebzorda yashaydigan rassom do‘stlarim bilan bayramlashish rejam ham bor edi.

O‘zim bilan Parijdan sovuq va rutubatli havoni ergashtirib kelganday bo‘ldim. Izg‘irin shamol aralash yomg‘ir yog‘ardi. Sebzordagi machit oldiga borganimda bayram namoziga daqiqalar qolgan va machit ichida menga yer yo‘q edi.

Tashqarida yomg‘ir. Menga o‘xshab kechikkan yuzlarcha odam tashqarida joynamoz ustida salafanga o‘ralgan do‘ppi kiyib o‘tirishardi.

Sajjodam yo‘q. Shartta egnimdagi o‘sha kashmir  paltoni yerga yozib, ustida tiz cho‘kib qo‘limni bog‘ladim. Bayram namozi tugadi. Ichimda bir rafoq hissi bor edi.

Rassom do‘stim (hozir marhum) Hakimjon Mirzahmedov eshigini qoqib, bayram dasturxonida o‘tirib nonushta qildim. Hakimjon akaning xotini paltomni yuvish uchun olib, o‘rniga bitta eski kurtka berdi.

Shuni kiyib uyga ketdim. Ikki kun o‘tmay Larisa telefon qildi. (Larisa rassomlik asarlari savdosi bilan shug‘ullanadi).

Interkonti mehmonxonasi xollida uchrashdik. Ko‘zoynakli bir odam bilan tanishtirdi. Isroilning Xayfa shahridan atay kelibdi. Shu odam mening barcha asarlarim mualliflik haqini sotib olishini bildirdi. Barcha asarlar va kelajakdagi asarlar.

«Soglashaysya», dedi Larisa ko‘zini qisib. Kelishuv qog‘ozidagi raqam, to‘g‘rirog‘i, u yerdagi nollar soni meni hayratga soldi. Larisaga ko‘rsatsam, «ha, to‘g‘ri, shunaqa summa», dedi.

Bu summa meni qarz botqog‘idan qutqaribgina qolmay, yaxshigina badavlat qilgan edi. Pulning bir qismini naqd oldim. Qolgan qismi transhlar bilan oyma-oy hisobga o‘tadigan bo‘ldi.

Tashqariga chiqdim. Larisa kulib, hech boy odamga o‘xshamaysan, egningdagi kurtkani bomj ham kiymaydi, dedi. Ustozdan tavarik bu, dedim.

Hamid Olimjon metrosi yonidagi butikka Larisa bilan kirdik. Larisa bitta qora kashmir paltoni olib, shuni kiyib ko‘r, dedi. Men kuldim. Bir hafta ichida ayni firmaning paltosini ikkinchi marta olayotgan edim.

Shu-shu  moddiy yetishmovchilik meni tark etdi. Restoranda o‘tirarkan, qanday hisob kelarkan, deb o‘ylamaydigan bo‘ldim. Moshinaga benzin solganda narxini, moshina haydayotib, qancha benzin yeyishini o‘ylamaydigan bo‘ldim.

Bu o‘ylardan xolos bo‘lgan miyam san'at va siyosat haqida tafakkur qilishga jadal kirishdi. Rassom Salvador Dali gapini endi tushundim. «Rassomning boy bo‘lgani faqir fuqaro bo‘lganidan a'lo», degan edi ustoz Salvador Dali.

Qush tilini qush bilar

Bu yil yangi yil bayrami maktab va tashkilotlarda nishonlanmaydigan bo‘ldi. To‘g‘ri qaror. Ko‘pchilik orasida kasal tarqashi mumkin.

Ammo bu narsa otarchilar bozorini kasod qiladi. Buni bilgan ashulachi Jahongir Otajonov imomlikka da'vogarliknii boshlavordi.

Doniyor Toshmuhammedov degan ashulachi buni hammadan oldin bilgan. Hozir u machitda imomlik qiladi. Islom universitetidan ko‘ra Toshkent konservatoriyasi ko‘proq imom chiqaradi. Barakasini bersin. Qush tilini qush biladi. Otarchilarning ham o‘z orasida gaplashadigan tili bo‘ladi.

Ota – 2015 yilgacha I.Karimov, undan keyin Sh.Mirziyoev.

Ona operatsiyasi – to‘y oxirida kelin-kuyovning onasini o‘rtaga chiqarib qo‘yib, she'r va qo‘shiq aytib pul shilish sxemasi.

Pilesos –  otarchiga qistirilgan pulni kosmik tezlikda yig‘ib oladigan maxsus xodim. U muzikantdan ham muhim.

Spekulyant –  birrovga kelgan otarchilarning navbatini tartibga soladigan to‘yxona ma'muri. Haqi berilsa, navbatni zo‘r qilib to‘g‘rilab beradi.

Bastakor – turk, arab va boshqa davlat musiqachilarining xit bo‘lgan ashulasining minusovkasini o‘g‘irlab, o‘zbek artistlariga 1000 dollardan sotadigan tadbirkor firibgar.

Ay mamajon –  o‘g‘rilar yig‘iniga borganda, albatta aytilishi kerak bo‘lgan klassik qo‘shiq.

Pona – fonogramma aytilayotganda mikrofonni ishlatib «Salom, Chilonzor! Sizni sevaman», deya jonli aytiladigan texnik priyom.

Ikkinchi ma'mur – aslida u shafyor. Ammo ashulachilar bilan rasmga tushmoqchi bo‘lganlarni pul evaziga orzusiga erishtiradi. Birrovchi artist navbatda turganda videochidan pul olib intervyu tashkil qilib beradi.

Kosit lavandu – yangi yil arafasida korporativlarga borib, eski sovet qo‘shiqlarini, masalan, «Gornaya lavandani» aytib soqqa qilish. O‘zbekchasi – «lavanda o‘rim-yig‘imi».

Tomsuvoq – tekinga  «O‘zbekkontsert» orqali boriladigan to‘y.

Kukla – artistga katta pulni (dollarda) namoyishkorona tutadigan kelishilgan odam. Odatda uni ikkinchi ma'mur yollaydi.

Krisha – to‘yda janjal bo‘lsa, telefon qilinsa, muammoni yechadigan odam. Uning nomeri ma'murning qo‘l telefonida bo‘ladi.

Egov – ashulachining oldiga ichib kelib, «O‘zbegim»ni (yoki istalgan xit qo‘shiqni) ayt, deb yalinadigan odam.

Futlyar – tushgan pul solinadigan chamadon. U Pilesos nazoratida bo‘ladi.

G‘alamis – qo‘shiqchilarni tanqid qiladigan bloger.

Surbet – to‘yga borib pul qistirmay, to‘yxonadagi divanda o‘tiradigan odam.

Past – mingtalik qistirib, «jonli aytasan», deb talab qiladi.

Madaniyatsiz – yyinga tushib bo‘lgach, qistirilgan pullarni qo‘shiqchiga olib kelib bermay, davradan chiqib ketadi.

Ma'naviyatsiz – raqqosaga pul qistirish o‘rniga gul qistiradi.

Obmenshik – yuz  ming so‘mlik olib kelib, yuzta  ming so‘mlik qilib bering, deydi.

Kalamush – o‘rtadagi pul taqsim qilinayotganda pul yashiradi.

Birrovchi – ikkita qo‘shiq bilan barcha pulni yig‘ishtirib ketadigan yulduz.

Ocharchi – o‘rtani olib boradigan so‘z ustasi.

Zo‘ldir, soqqa, yakan, karam, qozoq – to‘yda tushadigan pul birliklari.

Tarakan – qo‘shiqchining orqasida, xuddi o‘zi chalayotganday pitraydigan chala muzikant.

(Ro‘yxatni to‘ldirish olqishlanadi. Pastga komment shaklida bilganlaringizni yozinglar. Men keyin qo‘shib qo‘yaman).

Qish hikoyasi

Bir yil bir og‘aynim yangi yilni birga kutaylik, deb mehmonga chaqirdi. Men Toshkentga, u esa Jumaga yashaydi. Talaba yigitman. Oqshom poezdga chiqib, Kattaqo‘rg‘onga yo‘l oldim.

Kattaqo‘rg‘ondan Jumabozorga borish kerak. Nimadir bo‘lib poezd kechikdi. Borsam, meni kutib oladigan odam yo‘q. Soat tungi 3. Ustim yupqa ekanini o‘shanda bildim.

Egnimdagi xitoy kurtkadan sovuq to‘g‘ri o‘tib, tanamni bigizday teshardi. Kiyganim jinsi shim ham sovuq chaqirardi. Oyog‘imdagi toshkentliklar aytmoqchi «to‘plig» namiqib, jiloplarim ho‘l bo‘lgandi.

Umrimda bundayin sovqotmaganman.  Dekabrning o‘ttizi edi. Qashshoqlik qursin, taksi ushlashga oshiqcha oqcha yo‘q. Bir o‘rol mototsiklda odam turgan ekan. Poezdan yuk oldi. Men unga qarab, tog‘a, Juma tarafga ketsangiz meni ola keting, dedim. Menga shubha bilan qarab ikkilandi bu tog‘a. O‘g‘rimi-to‘g‘rimi, deb o‘yladi.

Keyin rahmi kelib, chiq kajavaga, dedi. Kajava degani bir temir quti. Mototsikl yurishi bilan sovuq o‘n marta kuchaydi. Qosh va kipriklarim oppoq bo‘ldi.

Og‘aynimning eshigini qoqqanimda butkul muzlab qolgandim. Og‘aynim ahvolimni ko‘rib, darrov tushundi. Ichkariga olib kirdi. Golland pechiga qurigan o‘rik tarashasini ko‘mir aralash tashladi.

Tars-tars yonadi. Jiloplarimni yechib tashladim. Tog‘orada issiq suv olib keldi og‘aynim. Oyog‘imni botirib o‘tirib isindim. Keyin ulkan po‘stin olib kelib berdi.

O‘sha po‘stinga o‘ranib uxlab, tosh qotib qolibman. Ertasi tushlarda uyg‘ondim. Qaynoq sutga choy va zanjabil qo‘shilgan qora choy olib kelishdi. Ichib ichim yayradi.

Jumaning noni boshqacha bo‘ladi. Ertalab non yopishgan ekan. Qirg‘izlar chuchuq deydigan yog‘li qazi bilan bitta nonni yeb qo‘yganimni bilmay qoldim. Qishda ishtaha ochiladi o‘zi. Keyin og‘aynimning chapani otasi kelib, kechasi sovuqda qolganim uchun ko‘ngil so‘radi.

Keyin tashqariga chiqsak, og‘ildan qora qo‘chqorni sudrab chiqishayotgan ekan. Dumbasi kattaligidan nuqul orqaga tashlab yurgisi kelmasdi. Qo‘y so‘yildi. Yuragi va jigarining o‘zini dumba yog‘iga qovurib mehmonning, ya'ni mening oldimga qo‘yishdi. Yana Jumaning noni. Yumshoq bo‘rsildoq. Unaqa Samarqand noni kabi suvenir emas.

Uni yeb bo‘lgach, novvot solib choy ichdim. O‘sha yili yuz yilda bir bo‘ladig‘on sovuq bo‘lgan, deyishdi. Ammo et yeb, qora choy ichsa, sovuq bilinmaydi.

Ëg‘ yeb yalang‘och yotasan, deganini endi tushundim. Keyin og‘aynimning otasi menga qarab, ot minganmisan, bolam, dedi. Men ha bilan yo‘q orasidagi mavhum gap aytdim.

Atrof qor. Og‘zidan bug‘ chiqib turgan sariq otning ustiga kulgili tarzda tarmashib mindim. Unaqa bir sakrab minvolishni bilmasdim. Keyin Jumani boshimizga kiyib, ot choptirdik.

Sariq ot, qora ot va qizilga o‘xshash to‘proq rang ot. Kattaqo‘rg‘on o‘zi rosa ot choptiradigan joy-da. Kechga yaqin uyga qaytdik. Yangi yil dasturxoni bezalgan edi. Qishki olmalar. Sap-sariq oltin kabi behilar. Rangi xunuk qishki qovun.

Og‘aynimning otasi qo‘rada kabob yelpir edi. Sixga bir go‘sht, bir dumba qilib terilgan. Bir six kabobni qo‘ra boshida yedim. Og‘zimda eridi. Yumshoq qo‘y  go‘shti. 

«Bu enag‘ar qo‘chqorni kandir (ko‘knori)ga boqqanman», dedi. Rostmi- yo‘qmi, bilmayman. Jumadagilarning hammasi uzumdan musallas bosadi. Xonaki vino. Katta chelakday shisha idish. Atrofi tol chibiqdan chetan to‘r qilib to‘qilgan.

Bittasini yerto‘ladan olib chiqib, tog‘aning o‘zi pochin qilib boshlab berdi. Sharob bu – uzumning arvohi. Ichimga kirgach, miyamdan har xil xayollar to‘rt tarafga tarqab, biram erkin bo‘ldim.

Shu turishimda otga bemalol sakrab minardim. Jumada no‘xatsho‘rak degan ovqat ham qilishadi. Umuman, dasturxonda ovqat ko‘p edi. Paqildoqlar sasi keldi. Yangi yil yaqinlashayotgan edi……

Shunaqa gaplar. Yangi yil qutlug‘ kelsin. Boshimizdan kasal arisin. Qarz balosi bizni chetlab o‘tsin.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
16 noyabr 2017
Boshqa dinga kirganlikda ayblab, xotinini pichoqlagan sayramlik 34 yoshli Xayrullo Normetov 14 noyabr kuni hibsga olindi. Sud hukmi chiqquniga ...
16 oktyabr 2015
Qudrat Bobojon Eltuz.com Mamlakat qonuni, oddiy vodoprovod jo‘mragi, yoki xalq qo‘lidagi shior bo‘lsin, hammasi o‘zgarishga muhtoj. Aksincha ularni mog‘or ...
24 mart 2018
Sil (tuberkulyoz) kasalligiga qarshi kurash xalqaro kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tashabbusi bilan har yili nishonlanadigan esdalik sanadir. Bu ...
15 yanvar 2019
Samarqandga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev yangi soliq siyosati doirasida joriy yil yakuni bo‘yicha respublikada 5,5 trln so‘m ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...