UzPoster
22 yanvar 2021

RTdan va'z: Qanday xalq bo‘lsa, shunday tuzum…

Salom, mening sadoqatli do‘stlarim va dushmanlarim! Sizlar bilan ekran orqali diydorlashishni bir hafta orziqib kutdim. Shodligu g‘amimni siz bilan bo‘lishish orzusi menga tinchlik bermadi. Boringizga shukur! O‘tgan hafta super xabarlarga boy bo‘ldi.

Avvaliga qisqa xabarlardan boshlasam.

Putin buyrug‘i bilan ayg‘oqchilari zaharlab o‘ldirmoqchi bo‘lgan rus muxolifatchisi Aleksey Navalniy nemis shifokorlari inoyati bilan tuzalib, Berlindan Moskvaga qaytdi. Ammo aeroportning o‘zida hibsga olinib, 30 kunga qamoqqa hukm etildi. Aleksey Navalniy – bu o‘zbek oligarxi Alisher Usmonov va prezident Putinning dushmani. Qamalishidan oldin tarafdorlarini norozilik namoyishlari o‘tkazishga chaqirdi.

Ko‘chaga chiqishdan qo‘rqmang. Bunkerga berkingan o‘g‘rilar sizning ko‘chaga chiqishingizdan qo‘rqadi. Ko‘chaga chiqing va o‘z huquqingizni talab qiling.

NAVALNIY

Navalniy tarafdorlari ko‘chalarga chiqishsa kerak, ular o‘zbek emas-ku.  Och qornim – tinch qulog‘im, degan maqol ham yo‘q ruschada.   

Vashingtonda esa demokrat siyosatchi Jo Bayden Amerikaning 46-prezidenti sifatida qasamyod qildi. Donald Tramp yangi prezident bilan xayr-xushni nasiya qilib, vertolyotiga o‘tirib, o‘zining Floridadagi golf klubiga jo‘nab ketdi. Ketarkan, hali yana qaytaman, dedi.

O‘zbekiston siyosiy sahnasida ham katta o‘zgarish: sobiq taniqli xonanda Jahongir Otajonov bu yil bo‘lib o‘tishi kutilayotgan prezident saylovida o‘z nomzodini ilgari surishini e'lon qildi.

Hozir xorijda bo‘lgan Jahongir Otajonov yaqinda shariat taqiqladi, deya musiqani tark etganini bildirgan edi.

Qonunan, Joxa bratning nomzod bo‘lishga haqqi bor, albatta. Lekin nomzodi ro‘yxatdan o‘tgan biror partiyadan ilgari surilishi kerak. Bunday imkoniyat sobiq qo‘shiqchida “0” foiz atrofida. Chunki u yerda tog‘ni ursa talqon qiladigan Ketmonovlar turibdi. Ammo chem chyort ne shutit. Hofizga omad tilab qolamiz. Agar haqqoniy, halol va shaffof prezident saylovi bo‘lsa, ishonchim komil, Jahongir Otajonov g‘alaba qiladi. Agar… Qisqasi, xalq hozir lyuboy odamga ovoz beradi. Ishonaveringlar…

Men ham eks qo‘shiqchi Joxa qoridan oldinroq prezidentlikka nomzod bo‘laman, deganman. FBda turibdi hujjatlanib. O‘ksiz o‘z kindigini o‘zi kesar, degan maqolga asosan va bo‘zchi belboqqa yolchimabdi, degan maqolni inkor qilaroq, saylovoldi plakatimni o‘zim chizdim.

Kam bo‘sayam ko‘p o‘rnida ko‘ring.

«Ersizlarga er!!! Yersizlarga yer !!!». Bu  ilk shior.

….

Andijonlik 31 yoshli tadbirkor Alisher Ne'matullaev tortib olingan mulkini himoya qilib, sudga 1089 marta murojaat qildi. 252 ta sud qarori chiqqan. Qonunlar ishlamaydi, dedi «Eltuz» bilan suhbatda tadbirkor:

«Tinkamiz quridi sudma-sud yurib. Pulimga sotib olingan mulkimni so‘rayapman».

Tadbirkor viloyat prokuroriga 20 marta murojaat qilgan. Kattalar «xalq o‘z huquqini bilmaydi», deb keladi. Ammo bu holatda Alisher o‘z huquqini bilib kurashib samaraga erisha olmadi.

Oliy Majlis deputati Ural O‘razboev o‘z telegram kanalida jinsiy quvvatni oshiruvchi dorini reklama qildi. U saylovchilarga gaz, elektrni hal qilish va yo‘llarni ta'mirlashga va'da bergandi.

Yangi O‘zbekiston rahbariyati «yagona yangi mafkura» tuzamiz, deb bir arava pul ajratdi. Shu pulga Arnasoyni asfalt qilsa, eng ma'quli bo‘lardi. Ikkinchidan, ular bo‘sh vaqtlarida konstitutsiyani ham o‘qib ko‘rsalar bo‘lardi. Konstitutsiyada yagona mafkura yo‘q, deb yozib qo‘yibdi. To‘g‘ri o‘qish-yozishni bilmaydiganlar rahbar bo‘ladi. Lekin jaaa buncha bardak qivormanglar.

Mana bu konstitutsiyaning 2-bobi 12-moddasi:

O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas.

SARLAVHA:  Qandayin xalq bo‘lsa, o‘shandayin tizim

Mening sizday yashagim kelmas,
Chuvalchangni nahang-shoh atab,
Sitamgarni shahanshoh atab.

Mening sizday yashagim kelmas,
Aziz boshni yolg’onga bukib,
Temir tersak unvonga bo’kib…

Gulchehra Nurullayeva

O‘tgan haftada o‘zekning taniqli shoirasi, jasoratda millionlab o‘zbek erkaklariga o‘rnak bo‘lgan Gulchehra Nurullaeva olamdan o‘tdi. Shoira umrining oxirigacha millatga sodiq bo‘lib qoldi. Karimov rejimining zug‘umlariga qaramasdan na Karimovga va na uning kazzob yugurdaklariga bo‘yin egdi.

Sovet davrida, Sharof Rashidov tirikligida O‘zbekiston kompartiyasi birinchi kotibining asarlari bir tiyinga qimmatligini rasmiy gazetada yoza olgan yagona o‘zbek Gulchehra Nurullaeva bo‘ladi.

Davlat delegatsiyasi safida Misrga borganida Islom Karimovning yuziga tik qarab, uning zolimligini dangal aytgan jasur o‘zbek ayollaridan biri ham Gulchehra Nurullaeva edi.

U paytlarda manaman degan shoirlar Karimovning paytavasini yuvib yurishar edi.

“Muxolifatning yagona kuchi – bu mitinglar. Namoyishchilarni uyiga jo‘natish muxolifatni yagona kuchidan mahrum qilish bilan barobar. Namoyishlar to‘xtasa, Karimov muxolifatga qarshi ommaviy qatag‘onlarni boshlab yuboradi”, deb qatag‘onlarni oldindan zukkolik bilan bashorat qilgan ham shu shoira edi.

Gulchehra Nurullaevaning bashorati ro‘yobga chiqdi. 90-yillar o‘rtalariga kelib hokimiyatni mutlaq qo‘liga olishga muvaffaq bo‘lgan Karimov muxolifatni tag-tugi bilan chilparchin etdi. O‘zbekistonda diktatura salkam chorak asr davom etdi.

Taqdir sudraladi, shoshmaydi taqdir,
Sitam so‘qmoqlari uzundan-uzun.
Donishmand so‘zlari ehtimol haqdir,
Qandayin xalq bo‘lsa, o‘shanday tizim.

Ko‘raverib bo‘ldi xayollarim talx,
Odamxo‘r, firibgar, yuho kaslarni.
So‘ramay haddim yo‘q, onajonim xalq¸
Qachon tug‘aqolding bunday pastlarni?!

Qachon tug‘aqolding otabezori,
Onabezorilar sulolasini?
Haromi kimsalar makri ozori,
Yurtning bulg‘adi-ku zilolasini.

Shu bois bizlardan yuz burmish baror,
Shu bois Hurriyat ochmagay tal'at,
Shikasta vatanning koriga yarar,
Alplar o‘stirmagan ayolga la'nat.

Gulchehra Nurullaeva

SARLAVHA: Xudo qarg‘agan millat!

Gulchehra  Nurillaeva yonib tilga olgan alplar qayda qoldi, deysiz.

Ular o‘rniga bola tug‘ib sotish konveyerini yo‘lga qo‘yvordik.

Bu haqda «Sevimli» telekanalining «Zamon» yangiliklar dasturida bong urildi:

Buxoroda hali tug‘ilmagan farzandini 50 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan 22 yoshli ayol qo‘lga olindi.

Yana o‘sha eski mavzu. Bolajon millatmiz.

Ona poyiga sajda qilish haqida davralarda she'rlar o‘qiymiz, keyin uyga kelib o‘z ayolimizni kaltaklaymiz.

Ayol muqaddas deymiz, lekin farzandlarimizni yetim qoldirib, ayollarimizni ko‘chaga haydaymiz.

Ayollarimiz esa yo o‘ziga o‘t qo‘yadi, yoki tug‘ilgan go‘dakni sotishga urinadi.

Qarg‘algan millatmi biz?

Dehlida kuniga 1000 dollar topaman, uyimda nimayam qilardim, deydi samarqandlik ayol.

Yana Dilshod Barno, Nodirabegimlardan og‘iz ko‘pirtiramiz.

Amalda fohisha yetishtirib beruvchi qavmga aylanib qolmayapmizmi?

Ikki yil oldin, 2018 yil aprelida andijonlik ayol o‘z bolasini bo‘g‘ib o‘ldirgandi.

Uylanib, mazasini yeb bo‘lgan er bolasi bilan xotinini ko‘chaga haydavoradi. Qizning onasi esa nevarasini uyga sig‘dirmaydi.

Baxti qaro ayol qaydasan Toshkent deb yo‘lga chiqqan va Qo‘qon avtovokzali oldida bolasini qo‘llari bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Keyin o‘lik bolani bag‘riga bosib o‘tiradi.

«Bu bola ko‘chada xor-zor bo‘lib o‘lib ketmasin, deya o‘zim o‘ldirdim», deydi bolakush xotin.

Millat o‘zining buyuk kelajagini bo‘g‘ib o‘ldirgandi o‘shanda.

Toshloq hokimi to‘g‘ri baho bergandi bularga.

Yemay, ichmay, umraga va hajga borishga pul yig‘adigan qizi, xotini, kelini, farzandini ko‘chaga haydaydigan qavmning ustiga nega tosh yog‘maydi?

Ayni Andijondagi mash'um hodisadan bir necha kun oldin 66 yashar ayol o‘ziga o‘t qo‘ygandi va kasalxonada jon bergandi.

Bu bir isyon edi.

Bu ayolning 9-sinfda o‘qiydigan nevarasi o‘z akasidan tuqqan edi.

Ota qani? Ona qani?

Shoir va siyosatchi Muhammad Solih aytganidek, Xudo qarg‘agan millat.

Qarg‘algan millatning kelajagi tul,

Daryolari qurib, chirir yerlari,

Qarg‘algan millatning bolalari – qul,

Ayollari tumso, bepusht erlari.

CARLAVHA: Kremlparastlarning faollashuvi

O‘tgan haftada Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish mavzusi yana ko‘tarildi. Bu safar qullar ittifoqiga kirish tarafdorlari yo Moskvaning, yo Toshkentning topshirig‘i bilan bu g‘oyaga qarshi o‘zbeklarga tashlanib qolishdi.

Xususan, putinparastlalr toshkentlik tahlilchi Aziza Umarovani nishonga olishdi. O‘zbekiston va Rossiya prezidentlariga yaqin oligarxlardan biri Fattoh Shodiev o‘g‘lining kremlparast do‘sti Bahrom Ismoilov o‘zbek tahlilchisini rusofobiyada aybladi.

Chunki Aziza Umarova Feysbukdagi o‘z sahifasida: “Bu ittifoq bizni monopoliyalardan xalos qiladi, deb xomta'ma bo‘lmanglar. O‘zbekiston bu ittifoqqa kirsa, o‘zbek monopolistlarining o‘rnini Rossiya monopolistlari egallaydi”, deb yozgan edi.

O‘z so‘zlariga isbot tariqasida u Qozog‘iston shu tuzilmaga kirgach, respublikaning don sotish va tashish kompaniyalari ruslarning shirkatlari bilan raqobatlasha olmay, ularning qo‘liga o‘tib qolganini misol keltirgan.

Aziza Umarova: “Shuning uchun bugungi kunda qozoq monopolistlarining o‘rnini rus monopolistlari egallab, qozoq unining narxini asossiz oshirib yotishibdi”, deb yozdi.

Aziza Umarova Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi aslida milliy monopoliyalarni rus monopoliyalariga almashtirish, milliy iqtisodiyotlarning rus iqtisodiyoti tomonidan yo‘q qilinishi uchun o‘ylab topilgan tuzoq ekanini aytdi.

Uning bu gaplari sovet plombir muzqaymog‘ini va rus etigining tepkisini sog‘inganlarni ranjitdi.

Ular bir yoqadan bosh chiqarib, Umarovani millatchilik va rusofobiyada ayblashdi.

Bunday tashlanishlar bilan bir qatorda Rossiya elchixonasi O‘zbekistondagi mashhur teleboshlovchilar, auditoriyasi katta jurnalistlarni sotib olish jarayonini boshlab yubordi.

Elchixonaga chaqirib, orden beryapti, Rossiyahxukumati sizni takdirladi, deb. U odam Rossiya uchun hech bir ish qilmagan bӯlsa ham. Ertaga bular rossiyaparast ko‘rsatuvlar qilishi yoki o‘rislar pozitsiyasiga qarshi gap qilmasligi uchun.  Ya'ni putinchilar Rossiyaning ӯzidagi tashviqotni bizda ham qӯllashga o‘tdi.

Toshkent darvozasini bosqinchi o‘risga ochib bergan mullaga sigir berishgan edi. O‘zbekistonni o‘rislashtirish uchun tirishgan Bahrom Ismoilov va u kabilarga Rossiya prezidenti ma'muriyati stakan bilan qoshiq sovg‘a qilibdi.

Vatanni sotish stavkasi pasayib ketyapti kundan kunga.

Buyuk kelajak – kelajakmi kelmayajak?

Gapning po‘stkallasini aytishim zarur: O‘zbekiston puliga tuzilgan «Buyuk kelajak» tashkiloti mulozimi Bahrom Ismoilovning Aziza Umarovaga yozgan e'tirozidan kolonializm hidi kelyapti.

Rossiyaga siyosiy va  iqtisodiy qullik. Rus tilini rivojlantiramiz degan bahonada mamlakatni ruslashtirish. O‘zbek tilini siyosiy muomala va davlat tili maqomidan mahrum qilish.

Stalinni ulug‘lattirib, Ikkinchi jahon urushidagi bizga o‘gay nizo – Sovetlar va Germaniya o‘rtasidagi urushni «Ulug‘ Vatan urushi» deb atab, «G‘alaba» degan tushunchani o‘zbeklarning qovoq kallasiga quyish.

O‘zbekistonni G‘arb yo‘nalishidan bebahra qiluvchi yagona Kreml tashviqotining axborot vaakumida saqlash. YeOII kabi aslida qopqon bo‘lgan tuzilmaga aldab olib kirish. Bu gaplarni «Buyuk kelajak» mulozimi Bahrom Ismoilov yozyapti. Aziza Umarova emas. Kun tartibida bitta dushman qiyofasi qalqib chiqdi. Chalg‘imang va uni taning.

Lekin millatparvar o‘zbeklar hali bor. Ular Aziza kabi ziyolilarni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi. Ular kremplparastlar xurujiga javoban tahlilchi Aziza Umarovaning himoyasiga post va maqolalar yozishdi.

Mana, asta-sekin biz – o‘zbeklar millat bo‘lib birlashishni boshlayapmiz.

Katta g‘alabalar mana shunday kichik g‘alabalardan keyin keladi, azizlarim.

Jinnixonada ishlar avjida

O‘zbekistondagi voqealarni ko‘pdan beri kuzatar ekanman, mamlakatimizni ulkan jinnixonaga qiyoslagim keladi. Lekin o‘tgan haftagacha o‘zimga o‘zim: “Qo‘y, yurtni jinnixonaga o‘xshatmay”, deb o‘zimni chegaralar edim.

O‘tgan va undan oldingi haftalarda sodir bo‘lgan voqealar esa O‘zbekiston allaqachon ulkan jinnixonaga aylanib bo‘lganiga yana bir dalil bo‘ldi.

Ishonmasangiz, voqealarga e'tibor bering!

O‘zbekiston hukumatining talabi bilan Turkiyada hibsga olingan rivoyatshunos bloger Abdukarim Mirzaev qamoqdan chiqishi bilanoq O‘zbekiston hukumatiga rahmat aytdi. Uni ozod qilishni talab qilib chiqqan o‘zbek hamda xorijiy jurnalist, huquqbonlarni esa fitnakorlikda aybladi. Yumshoq supurgi deb shundaylarga aytishadi. Mavlono Gulxaniy aytganidek, ko‘za sindirgan aziz-u, suv keltirgan xor.

Sobiq siyosiy mahkum Akrom Malik esa feysbukda rus moxolifatchisi Navalniyni yomonlab, Rossiya hukumatini hurmat qilishga chaqirdi.

Lekin nimadir bo‘ldi-yu, ertasi kuni shu postini olib tashladi, hamda “Rossiya hukumatiga ishonib bo‘lmaydi!” deb yangi post qo‘ydi.

“Xudoga shukr, umurtqasizda umurtqa paydo bo‘libdi!”, deb turuvdim, qarasam, «Korrespondent.o‘z» saytida Akrom Malikning katta maqolasi lop etib chiqib turibdi!

Maqolada navoiyshunos prezident Mirziyoevning Oliy Majlisga murojaatini og‘zidan bol tomib maqtabdi. U Navoiyning asarlarini ham shunchalik maqtamagandi.

Haqiqiy jinnixona bu O‘zbekiston.

Jinnixonalarda o‘zini o‘zi Napoleon, Gitler, Stalin va Isfandiyorxon deb e'lon qiladigan kasallar saqlanadi. Jinnixona ma'muriyati ularga bir kasal deb qaraydi, ularning valdirashlariga ishonmaydi.

Bizning jinnixonada esa ma'muriyat faqat shuuri bemorlarga ishonadi. Chunki ma'muriyatning o‘zi ham go‘r emas.

Mana, bir misol:

Aholisi atigi 35 million kishidan, hududi atigi 450 ming kvadrat kilometr atrofida bo‘lgan O‘zbekistonda 24 ta vazirlik, 10 ta davlat qo‘mitasi, 5 ta qo‘mita, 11 ta agentlik bor ekan. Roppa-rosa 50 ta ijroiy tashkilot!

Taqqoslash uchun Amerikani misol keltiraman.

Aholisi 330 million kishidan, hududi esa 9,5 million kvadrat kilometrdan iborat AQShda atigi 15 ta vazirlik bor.

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, 35 million kasal saqlanadigan jinnixona ma'muriyati yaqinda Baxt vazirligi, Tuxum yetishtirish davlat qo‘mitasi, Tuxum yetkazish davlat agentligi, Tuxum qovurish davlat uyushmasi hamda Chiroyli va'dalar davlat markazini ochishni rejalashtiryapti ekan.

Buni Abo Muslim deydilar! Buni mardu maydon deydilar!

Jinnixona ma'muriyatining o‘zi ham jinnilardan tashkil topganiga yana bir misol.

Shu yilning yanvar oyida Halilillo To‘raxo‘jaev O‘zbekiston Oliy sudi raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Atigi  4 oy oldin, ya'ni 2020 yil sentyabr oyida xuddi shu Halilillo To‘raxo‘jaev Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi raisi etib tayinlangan edi.

Undan 3 oy oldin – 2020 yil iyun oyida esa xuddi shu odam Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga rahbar etib qo‘yilgan edi.  Qandaydir 9 oy ichida bir odam davlat xizmatlari va kadastr sohalarida yurib, Oliy sud rahbariyatiga olib kelindi.

Endi ayting, bunday mamlakatni nima deb nomlay?!

Faqat O‘zbekistonda soha rahbari mutaxassisligi va sohadagi tajribasi bo‘yicha emas, sadoqati bo‘yicha tayinlanadi.

Bu o‘lka bir pasda bu holga tushgani yo‘q. Jinni xonlar, qonxo‘r bosqinchilar, paranoik Islom Karimov va uning izdoshlari bu ishni 150 yil davomida, bosqichma-bosqich amalga oshirishgan.

Qo‘qon xoni Xudoyorxonning xufiya xizmati xonlikka yaqinlashib kelayotgan rus bosqinchilari haqida ma'lumot to‘plash o‘rniga qishloqma-qishloq yurib xonga chiroyli qizlarni izlash bilan shug‘ullangan.  Oqibati nima bo‘lgani hammamizga ma'lum.

SARLAVHA: Mahkum orzusi

Qamoqdagi odamlar ko‘ziga boqsangiz, bitta orzu ular ko‘zida aks etadi – erk!!!

Qamoqdan ozod bo‘lish istagi. «Eltuz»ga O‘zbekiston aholisidan kelayotgan xatlarning aksarida «qanday qilib chetga chiqsam?» degan savol bor. Hazillashib «Shimoliy Koreyaga borishni istamaysizmi?» deb yozsam, «U mamlakatga borish osonmi?» deb so‘rashdi.

O‘zbekiston hamma chiqib qochishni istaydigan antimagnitga qachon aylanib ulgurdi?

Poqqi Germon g‘oyasi

O‘tgan haftada Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermonov Urganch shahri markazida so‘nggi xorazmshoh Jaloliddin Manguberdiga yana bir haykal o‘rnatishga kirishdi.

Prezident Mirziyoevning sadoqatli kursdoshi aeroportdan temir yo‘l vokzaliga keladigan Al-Xorazmiy ko‘chasini berkitdi. Haykal o‘rnatilishi rejalashtirilgan maydon tagidan tunelli yo‘l qura boshladi. 

Xalq orasida Poqqi Germon laqabi bilan tanilgan Farhod Ermonovning chizmalariga qaraganda, Manguberdining Urganchdagi haykali birinchisidan boshqacha bo‘lar emish. Bu safar Mega brat otda qilich o‘ynatib turar emish.

Manguberdining birinchi haykali taxminan 400 metr narida ot-potsiz, shunchaki turibdi.

Poqqi Germonga ikkinchi haykal nega kerak bo‘lib qoldi?

Nahotki, Poqqi Manguberdini tanisa yoki hurmat qilsa?!

Yo‘q, albatta! Poqqi og‘a hozirgi hukumatdagilar qatori Sug‘oruvchilar institutiga o‘qimay kirgan va o‘qimay bitirib chiqqan.

Bir odamning ikki haykali kichik bir shaharga ko‘plik qilmaydimi? Yo‘q, ko‘plik qilmaydi!

Chunki Poqqi og‘a, uzun quloq gaplarga qaraganda, Jaloliddin Manguberdining birinchi haykalini tag-tugi bilan buzib tashlamoqchi.

Aftidan, Poqqi Germonga Jaloliddin Manguberdining birinchi haykalini o‘rab turgan katta so‘lim bog‘ kerak.

To‘rtko‘llik kursdosh birinchi haykalni tekislab, ana shu bog‘ ichida hashamatli yetti qavatli uylar qurishni niyat qilgan, dedi bilguvchilar.

Shovot kanalining yonidagi va Urganch markazidagi bu yerni Poqqi og‘a “investor”ga pullavorganiga ancha bo‘lgan.

Ana shu yerni qo‘lga kiritish uchun Poqqi Germon va uning atrofidagi boylarga ikkinchi haykal kerak bo‘lib qolgan.

Endi shu birinchi haykal va uning atrofidagi bog‘ tarixiga  to‘xtalsam.

Birinchi haykal ham, uning atrofidagi bog‘ ham Xorazmning birinchi hokimi Marks Jumaniyozov tashabbusi bilan barpo etilgandi.

Marks Jumaniyozov shu haykalni o‘rnataman deb prezident Karimov bilan aytishib ham qolgani bor narsa.

Islom Karimov: “O‘zbekistonda faqat Amir Temurga haykal o‘rnatiladi. Jaloliddin-Paloliddiningni tanimayman”, deydi.

Xorazm tarixi va madaniyatidan chuqur bilimlarga ega Marks Jumaniyozov bir kichik hiyla bilan Karimovni xorazmlik sarkardaga haykal o‘rnatishga ko‘ndirgan.

Yurtboshi hech gapga kiravermagach, Marks og‘a: “Yoshulli, Jaloliddinga biz haykal qo‘ymasak, erta-indin Supermurot Turkmanboshi qo‘yadi. Chunki sultonning onasi turkman bo‘lgan”, deb O‘zbekiston tarixidan bexabar prezidentning og‘riqli joyiga bosadi.

Saparmurot Niyozovni o‘lgudek yomon ko‘rgan Islom Karimov: “Davay, Jaloliddinga haykal o‘rnatishni ertadan boshlanglar!”, deydi.

Qurilish ishlari boshlangach, Marks Jumaniyozov Turkiyaning Sariqamish viloyatiga borib, Jaloliddin Manguberdining qabridan yarim chelak tuproq ham olib kelgan edi.

Marks og‘a tuproqni haykalning tagiga to‘kkanini televizordan ko‘rsatishgan.

Marks og‘adek zakiy hokimlar bugun yo‘q.

Kunimiz Farhod Ermon, Shuhrat G‘ani, Zoir Mirza kabi so‘kong‘ichlarga qolgan.

Faqat yeyish, chichish va seksdan boshqa qayg‘usi yo‘q mollarga esa na tarix, na haykal va na xalq kerak. Ular millat yerlarini pullab, cho‘ntaklarini qappaytirishmoqchi, xolos.

Meni ko‘p aldadi saratonda yel
Bahorlarda nogoh quyilguvchi sel.
Haddin bilmas bo‘ron, xo‘p, devona dil,
Sen ham aldarmisan 1 aprel?

Umrim ne yo‘llarda qoldi, adashdi
Ko‘zim yosh, baxtlisan deya aldashdi.
Ishon deb ko‘ksimga nishon qadashdi,
Sen ham aldarmisan 1 aprel?

Yalpiz kunlarim yo‘q, bari burganday
Quyosh yurtimizni yonlab yurganday.
Aldov bizda muqim makon qurganday,
Sen ham aldarmisan 1 aprel?

Meni cho‘qqiman deya chohi aldasa,
Yangining eskicha rohi aldasa.
Gadosi aldasa, shohi aldasa,
Sen ham aldarmisan 1 aprel?

Nigohlarning ko‘m-ko‘k dashti yo‘qoldi,
Ko‘ngillarning jo‘mard shashti yo‘qoldi.
Kosasidan sabr toshdi, yo‘qoldi
Sen ham aldarmisan 1 aprel?

Chuv tushirmoq senga martaba-sharaf,
Qo‘ymassan holimga bir bora qarab.
Hatto mozorimni maysaga o‘rab,
Sen ham aldarmisan 1 aprel?

(Gulchehra Nurullaeva)

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!  

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
14 oktyabr 2022
O‘zbekistonda birinchi zamonaviy kasaba uyushmasi bir yil avval tashkil etilgan bo‘lsa-da, u duch kelgan muammolar mehnat huquqlari qanchalik keng ...
10 yanvar 2016
Ulug‘bek Ashur Eltuz.com 6 yanvar kuni Jizzax shahridagi “Umid A” fermer xo‘jaligi raxbari Alijon Kamolov o‘zini avvaliga militsiya xodimi ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...