Asosiy mavzular
29 yanvar 2021

RTdan va'z: Rossiyaga yaqinlashsak, qo‘shmozor bo‘lamiz

Mana, yana siz bilan betma-bet, yuzma-yuzman. Qarshingizda gapirib o‘tiribman. Rahmatli katta bobom Latif qori odamlar to‘g‘ri so‘zdan qo‘rqadigan zamonda yashagan. Odamlar u kishining aytgan gapini eshitmaslik uchun quloqlarini yopishgan.

O‘shanda Latif qori tog‘ tepasiga chiqib, haqiqatni baralla aytganda aks-sadodan qoyalar qulab, bitta qishloq aholisi ko‘chki tagida qolgan ekan. Rost gapni eshitishni istamagan qavm eng kamida ko‘chki tagida qoladi, derdi katta bobom.

Qisqa xabarlardan keyin uzun tahlilga o‘tamiz:

Qisqa xabarlar

«Yo‘qolsin korruptsiya! Navalniyga ozodlik!» degan plakat bilan Toshkentda bir kishilik namoyish qilgan Amir Sharifullin milisaga chaqirtirilib, savol-so‘roq qilindi.

Rus muxolifatchisini qo‘llab chiqqan Amir uylarning noqonuniy buzilishiga qarshi faol kurashuvchi Farida Sharifullinaning o‘g‘lidir. Jonajon militsiyamiz uning plakatida O‘zbekiston konstitutsion tuzumiga qarshi chaqiriq topishibdi. To‘ppa-to‘g‘ri topishibdi!

Chunki bu «konstitutsion tuzum» faqat korruptsiya tufayli yashab kelmoqda.

Shuning uchun O‘zbekistonda kimdir «Yo‘qolsin korruptsiya!» desa, «Yo‘qolsin konstitutsion tuzum!» deb tushuniladi.

Rus muxolifatchisiga ozodlik talab qilgan o‘zbek vatandoshining o‘zbek milisaxonasiga chaqirtirilishi O‘zbekiston hukumatining allaqachon Kremlga xizmat qila boshlaganini bildiradi.

Po‘lat Bobojonovich! Rahbaringiz O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevmi yoki Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokoltsevmi?

Javobini mayda harflar bilan maktub shaklida yozvoring, Po‘lat Razzoqovich.

IV Renessans yurtboshisi

Avvalroq prezidentlikka nomzodini qo‘yish istagini bildirgan sobiq qo‘shiqchi Jahongir Otajonov 26 yanvar kuni o‘z safdoshlari hamrohligida “Xalq manfaatlari” demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Adliya vazirligi binosiga bordi.

Vazirlik unga 20 ming imzo to‘plasang, yashil chiroq, deb aytdi. Otajonov degan ismni eslab qoling. Balki to‘rtinchi renessans yurtboshisi bo‘lar bu kishi.

O‘zbekistonda prezident saylovi kutilganidek dekabr oyida emas, oktyabr oyida bo‘ladi. Dekabrda qattiq sovuq bo‘lishi va gazsiz qolgan aholi saylovda prezidentga qarshi ovoz berishi ehtimoli ko‘zda tutildi.

Kutilayotgan raqam – 91 foiz saylovchi joriy yurtboshiga ovoz beradi. Qolgan 9 foiz ketmonovlar orasida taqsimlanadi. 5 yili o‘tdi, yana 25 yil chidasangiz, Azroil sharofati bilan egangiz o‘zgaradi.

***

Mahalla raisi o‘qish-yozish va kamida o‘ngacha sanashni bilishi shart. Savodsiz mulozimlar rahbariyat joniga ham tekkan shekilli. O‘zbekiston prezidenti Davlat boshqaruvi akademiyasi zimmasiga mahalla raislari va mazkur tizimda ishtirok etadigan barcha xodimlar uchun o‘quvlar tashkil qilish, buning uchun maxsus dastur va qo‘llanmalar ishlab chiqish vazifasini yukladi. Harf tanishsa, kotibaga ham zarurat qolmasdi.

***

Xonanda Sevinch Mo‘minova tezlikni oshirgani va mashinasini noqonuniy ravishda «tonirovka» qildirgani uchun jarimaga tortildi. Besh million to‘laydi qiz boyaqish.

Shahar kutayotgan odam

Toshga yomg‘ir kor qilurmi muttasil yoqqan bilan, deyishadi. Kor qiladi, albatta. Har qanday fizik bu narsani tasdiqlab bera oladi. She'ru qo‘shiq, maqol va matal degani absolyut haqiqat degani emas. To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi, degan maqol bor. Noto‘g‘ri maqol. Mening tug‘ishgan qarindoshlarim, yoru birodarlarimga aytganlarim yoqadi.

Agar yoqmasa, yutub, tik-tok, instagram va feysbukda shuncha odam mening gapimni tinglamas edi. Ëlg‘onlardan charchagan shahar rost gap aytadigan odamni kutmoqda.

Mana, Navalniy rost gapni aytgandi, hatto o‘ris o‘rmoni ham issiq pechka ustidan o‘rmalab tushib, sovuq ko‘chaga chiqishiga sabab bo‘ldi. Eng tanbal o‘ris ham o‘z haqini himoya qilish uchun etigini kiyib ko‘chaga chiqdi.

Tarmoqda «Navalniyning o‘zi yomon, u o‘zbek migrantlari tarafini olmaydi», deb yozishdi. To‘g‘ri gap. Navalniy Rossiya siyosatchisi va uning O‘zbekiston mehnatkashlari farovonligi haqda bosh qotirish majburiyati yo‘q. O‘zbek mehnatkashlari haqida O‘zbekiston hukumati yoki «o‘zbek navalniysi» bosh qotirishi kerak.

O‘zbek hukumati har kuni samolyot-samolyot oltinni Dubayga tashmalab, o‘zi uchun «buyuk kelajak» yasash bilan ovora. Buni fosh qiladurg‘on «o‘zbek navalniysi» esa yo‘q.

Oldin aytganimdek, o‘zbeklar kommunizmning ikki varianti haqida o‘ylashmoqda, xolos. Yashil va qizil varianti. Ikki cho‘pchak. Boz ustiga, vatandoshlarimizning aksariyat qismi Rossiya televideniesining bir yoqlama targ‘iboti ta'siriga yaqqol tushib qolganini his qilamiz.

Mana bu gapni tarmoq faoli Nodir Faxritdinov yozibdi:

«G‘arb nog‘orasiga o‘ynashyapti. Hali Putinni yaxshi bilishmas ekan, hali u o‘zining o‘rniga shunday kadrni qo‘yib ketadiki, G‘arb ko‘tini changallab qoladi. Putin chekist, aqlli inson. G‘arbni tavbasiga tayantiradi hali. Navalnыy sotqin».

Bu kabi fuqarolar gapiga vatandoshimiz Otabek Toshev e'tiroz bildirdi:

«Haqiqatan ham, Rossiya TVsi voqealarni buzib ko‘rsatish va targ‘ibot qilishda ustasi farangdir. Xorij tillaridan faqat rus tilini biladigan sobiq ittifoq aholisining ma'lum bir qismi mana shu propaganda tufayli putinparastga aylangan.

Bunday harakatlar aniq maqsadlarni ko‘zlab qilinadi. Sir emas, Putin o‘zining ichki va tashqi siyosati, qolaversa, tashqi harbiy tajovuzlarini mana shu paytgacha shu olomonga tasdiqlatib keldi. Aleksand Ivanovich Gertsen «Vsyu Rossiyu oxvatil sifilis patriotizma!» deganida qanchalik haq edi. O‘sha zamonlardan beri Rossiya davlatchiligi hali ham o‘zgargani yo‘q!

Qolaversa, hozirgi kunda ham – har qancha achchiq bo‘lsa ham tan olish kerak –  ko‘plab o‘zbekistonliklarning Putin g‘oyasiga maftunkorligi orqasida, afsuski, bir burda non topish ishtiyoqi turadi.

Vatandoshlar, voqealarga real qaraylik. Rossiyaning hozirgi holati og‘ir, Putinning kuni bityapti! O‘lim talvasasi bu! Rus xalqi bilan KGBdan chiqqan ayg‘oqchi Putinning farqi juda katta.

Putin Rossiyani isloh qilishga qodir emas (aslida biron-bir kommunistdan islohatchi chiqmagan). Shu tufayli og‘irlashayotgan ichki muammolarini u boshqa mamlakatlar hisobidan yechmoqchi.

Bugungi Rossiya – o‘layotgan imperiya, uning joyi tarix axlatxonasida. Bir emas, yuzta Putin ham tarix g‘ildiragini orqaga qaytarishga qodir emas».

«Marsha dogiiyla shu

Hukumatda armiya, qurol, qamoq va mirshablar bor. Xalqda esa ko‘chalarni to‘sish va maydonga chiqish imkoni.

1991 yili xalq maydonlarga chiqqan paytda o‘sha davrdagi yurtboshi muxolifat yetakchilarini avrab, xalqni ko‘chadan uyga qaytaring, dedi. Yetakchilar ham xalqqa qarab, «uyga qayting», dedi.

Yetakchilar hurmatini qilgan xalq uyiga kirishi bilan ustidan eshik yopildi. Ular shu eshik ortida 30 yil haqsiz-huquqsiz qolib ketishdi.

Yurtboshi bo‘lsa, yetakchilarning ko‘tiga bir tepib, mamlakatdan haydab yubordi. Loxlarga munosabat barcha davrlarda shunday bo‘lgan.

30 yil oldin odamlar chiroq yoki gaz deb emas, erkinlik so‘rab ko‘chaga chiqqandi. Erkin jamiyatda millat gazini ikkita odam bemalol sotib yubora olmaydi. Erkin jamiyatda energotizim rekonstuktsiyasi uchun olingan mablag‘ni ikki odam yeb yuta olmaydi.

Erkinlik doimo farovonlikka eshdir. Bugun ko‘chaga chiqsangiz, elektr yoki gaz emas, erkinlik so‘rang. Noxcha (ya'ni chechen) boshqa bir noxchaning uyiga kirar ekan, «marsha dogiiyla shu», deydi. Buning ma'nosi – «erkinlik sizni tark qilmasin».

1984

Bizga adolat haqida uqtirgan prokuror oddiy o‘g‘ri va poraxo‘r sifatida qamoqda o‘tiribdi. Sen vatan xoinisan deb odam qamagan MXX podpolkovnigi Nodir To‘raqulov oddiy qonxo‘r jallod va qaroqchi sifatida jazo o‘tamoqda.

«Saxovatpeshaman» degan Gulnora Karimova O‘zbekiston boyligining yarmisini o‘marib, taraqqiyotini 50 yilga kechiktirgan ablah bo‘lib chiqdi. Keyingi 30 yil ichida va undan oldin ham kimki rahbar bo‘lsa, o‘g‘ri, tolonchi va kamida millat dushmani edi.

Bugun ulug‘lanayotgan Rashidov O‘zbekistonda paxta qo‘shib yozish va korruptsiyaning cho‘qintirgan otasi edi. Boz ustiga, u O‘zbekistonni ruslashtirish uchun tirishgan jalatoy ham edi.

Usmon Yusupov bo‘lsa, Stalin qatag‘onlarini amalga oshirib, qodiriylarni o‘ldirishda bevosita qatnashgan jallod va oddiygina troyka a'zosi edi.

Ëzuvchilar esa sovet davrida Stalin va Leninni, mustaqillik davrida esa Karimovni nuqul maqtaydigan targ‘ibot mashinasi murvatlari edilar.

Bularni tushunib yetgan yangi avlod bugungi rahbarlarga qarata o‘rta barmog‘ini ko‘rsatib, «ishonmayman», «nachalnik degani bu kozyol deganidir», deb turibdi.

Otashin g‘oyalar haqida gapirganlarga qarata toshkentlik tik-tokchi bola «adeyni ami», deb rep aytdi. Samolyotga oltinlarni to‘ldirib Dubaydagi Ziroat bankka qo‘yib, o‘zidan «buyuk islohotchi» yasab xalqni qashshoq qilayotgan rahbarlarga nega ishonish kerak?

Bu skepsis adabiyotshunos Raxmon Qo‘chqorga yoqmabdi. «1984» asari muallifining tushiga ham kirmagan feyk tadbir, ya'ni hali ko‘ti gorshokdan ayrilmagan 15 nafar bola yozgan «kitob» (aslida bu kitoblarni kattalar yozib bergan) taqdimotida gapirgan bu qo‘chqor yangi avlodni nigilizmda aybladi. Ëlg‘on taqdimotda qatnashib turib uyalmagan bu «…shunos» yolg‘onga ishonmagan avlodga aql o‘rgatmoqchi.

Kemaga tushganning joni bir, deyishadi. Yana aravasiga tushsang, ashulasini ham aytasan, deyishadi. Ko‘pchilik Kreml loyihasi bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirsak, olam guliston bo‘ladi, degan xomxayol bilan yuribdi.

Bunday xomxayollar doimo bo‘lgan va aqlli yurtdoshlar buning xatarini oldindan aytib kelishgan. Masalan, O‘zbekistonning marhum vitse prezidenti Shukrullo Mirsaidov bundan 25 yil oldin «arslon» deb o‘ylab hamrog‘ bo‘lganimiz 6 sekundda sichqonga aylanib qolishi mumkinligini bashorat qilgan edi.

Mirsaidov kabi aqlli odamlar bugun ham bor. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abduholiq ABDURAZZOQOV fikrini tinglasak.

YeOIIa qo‘shilsak nima bo‘ladi?

«Qo‘shilib qo‘shmozor bo‘lamiz! Sanktsiyalar girdobida to‘lg‘anayotgan bosqinchi imperiyaning beshinchi koloniyasiga – molbozoriga aylanamiz.

Turkiyaga yoki boshqa davlatga bir toy paxta, bir quti gilos jo‘natishga roziliknoma olish uchun avvalgidek katta og‘alarga pora tashiymiz.

Temiryo‘l, havo yo‘llari, aeroportlar, konlarimiz, strategik ahamiyatga molik zavodlarimiz va energiya ishlab chiqaruvchi resurslarimizni yeng uchida korruptsioner oligarxlarga pullashni muvaffaqiyatli ravishda poyoniga yetkazamiz.

O‘zimiz emas, ular istagan xorijlik investorlar bilan shartnoma tuzishga majbur bo‘lamiz.

Tashqi siyosatimiz Zaxarova xonimning zaharlangan dirijyorlik tayoqchasi bilan boshqariladigan bo‘ladi. Yana aytaversam: rusiyzabonlar partiyasi tuzilib, rus tili rasmiy ravishda ikkinchi davlat tili maqomini olishga yo‘l ochiladi».

Abduxoliq ABDURAZZOQOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

Yuqoridagilarga yana qo‘shimcha ravishda:

Agar YeOIIga kirilsa, bu ittifoqqa kirmagan davlatdan biror narsani import qilish uchun sertifikat zarur bo‘ladi. Sertifikat beriladigan joylar esa Rossiyada joylashgan.

Tadbirkor biror dastgohni Turkiya yoki Xitoydan olib kelmoqchi bo‘lsa, o‘sha Rossiyadagi sertifikat beradigan joyning mutaxassisini o‘z hisobidan olib kelib va Xitoyga olib borib kelishi kerak bo‘ladi.

U mutaxassis dastgohni ko‘rib, agar shunaqa dastgoh ittifoqqa kirgan boshqa davlatlarda ishlab chiqarilmasa, tadbirkorga sertifikat beradi. Bu yana qo‘shimcha xarajat degani. Bu tannarxning oshishiga olib keladi. Hammaga ma'lumki, hozir dastgohlarning ko‘pchiligini Xitoy ishlab chiqaradi.

Bundan tashqari, ittifoqqa kirmagan davlatlar bilan oldi-sotdiga qo‘yilgan bojxona to‘lovlaridan tushgan mablag‘larning taxminan 80% ini Rossiyaga topshirish kerak bo‘ladi. Ya'ni O‘zbekiston bojxonasi yiqqan byudjetga tushishi kerak bo‘lgan pulning katta qismi Rossiya byudjetiga tushadi.

Ana shunaqa ittifoq bo‘ladi.

Qo‘liga gitara olgan Navoiy

Kelasi hafta ulug‘ shoir Navoiyning tug‘ilgan kuni. O‘zbek rok ko‘shiqchilari o‘z musiqa festivaliga Navoiyni timsol qilibdi. Navoiyning qo‘liga gitara berib qo‘yishdi.

Aksariyat toqatsizlar Navoiyning qo‘liga gitara berilganidan o‘zlarini haqoratlangan his qilishibdi. Qo‘shimchasiga opera va baletni ham ko‘mib, ustiga siyib tashlashdi.

Birinchidan, gitara Yevropa musiqiy asbobi emas. Sharq musiqiy asbobi. Misrdagi qadimiy devoriy suratlarda ham aks etgan. Ikkinchidan, Navoiy hozirgi mullalar «harom» deydigan rassomlik va musiqa san'atini qo‘llab-quvvatlagan homiy bo‘lgan.

O‘zi ham rasm chizgan. Navoiy o‘z davrida torli musiqa asbobi yasaydigan ustalarga homiylik qilgan. Sharq musiqa asbobi bo‘lgan gitara ushlash haqoratmi?

Nima ushlatsak bo‘ladi Navoiyga? Tanbur, doira, skripka, saksofon yoki pianino chalsinmi? Umuman, Navoiy obrazini rassom Kaydalov chizgan. Ul zamonda foto, kino, video bo‘lmagani bois bu rasm aynan u kishiniki deb ayta olmaymiz.

Navoyni eslagan paytda uning she'ri o‘qiladi. Ko‘pchilik tushunmasa ham soniga shappatlab oh-voh deydi.

Yaxshisi yoshligida kommunist deb laqab orttirgan aziz do‘stim Aziz Said she'rini o‘qisak.

Navoiyni har kun o‘qiymiz, bir kun Aziz Saidni ham o‘qiylik. Har holda she'rda kaminaning nomi ham zikr bo‘lgan. She'r Navoiydan keyingi otam zamonlar haqida.

DARSDAN SO‘NG

Yo‘qlik tikib bergan kitob xaltalardan

Ostona va ayvonlarga

Zamonlar to‘kilar shaldirab.

So‘ng o‘qiy boshlaydi o‘zbek tilini

Rim gladiatorlari

Ko‘zlarda qilichu qalqonlar yaltirab.

Pyotr I esa Sahroyi Kabirda sarson

O‘rganar

Sut emizuvchilar oilasini.

Nur yig‘ib qavariq oynaga

Reyxstagga o‘t qo‘yar Chingizxon.

Barcha qonunlarin faromush qilib

Ko‘kan batrak bilan hasratlashadi

Kolxozga a'zo bo‘lgan Isaak Nyuton.

Biz esa

Hayotning temir devorli

Qurshovin yorib chiqqan partizanlarday

Paydo bo‘lamiz

Davomli davomsiz temir yo‘llarda.

Bir qo‘lda

Bo‘m-bo‘sh kitob xaltalarga sig‘magan orzu.

Bir qo‘lda

Muhtojlikning uchi qayrilgan simlari.

Yurakda dukullar sulh hamda hujum

Qaboqda titraydi miltiq nillari.

Gar rozi bo‘lishsa

Tarvuz yuklaymiz vagonlarga,

Kartoshka tushiramiz vagonlardan,

Chillakday bilaklar toliqqunicha,

Chillakday oyoqlar toliqqunicha.

Mabodo vagonga yo‘latmasalar,

G‘azabga aylanib tarqaymiz

Xaloskor shahrimiz ko‘chalariga,

Va hujum boshlaymiz qaroqchilarday

Liq to‘la kartoshka karvonlariga.

Chang-tuproq harsillar biz bilan,

Yo‘llar buraladi harna madad deb.

Qayrilgan simlarni sanchamiz achchiq,

Bo‘lmasa qolamiz hammamiz pand yeb.

Har bir mashinadan bitta kartoshka,

To‘lib boraverar kitob xaltalar.

Yo‘q, bu sho‘xlik emas, o‘yin emas, bu

Muhtojlikning so‘ngsiz jangi atalar.

Bir kuni hadik oyog‘idan chaldi Dodonni,

Sakrolmay shimidan ilinib qoldi.

Shahar chetigacha moshin sudragan

Do‘stimiz qonidan ko‘chalar yondi.

U biz bergan birinchi qurbon

Emasdi tengsizlik ko‘chalarida.

O‘zimiz sayd edik, o‘zimiz sayyod

Bolalikning ertaksiz kechalarida.

Qaboqday yumilgach Dodonning qabri

Qasos simlarini yo‘llarga tortdik.

Moshinlar karvonin toshbo‘ron qilib

Yig‘ladik, bir burda tasalli topdik.

Ular yovuzlashdi, biz ham basma-bas,

Gulxanlar yondirdik tor ko‘chalarda.

Biz mudhish raqsni o‘rganar edik,

Haqsizlik qars urib, kuylar chalardi…

Dastgohini yoyib habash musavvir

Yulduzlar suratin solgan choq,

Uylarga qaytamiz g‘olib yo mag‘lub,

Soyaday ergashar mudragan charchoq.

Ota-onamiz-la kutib o‘ltirar

Tahdidu po‘pisa eshik yonida.

Tavba-tazarruga o‘ranib qat-qat

Uxlaymiz tonggacha ilinj qornida.

Bilamiz, keltirdik uyda yo‘q narsani,

Bilamiz, xursanddir ota-onamiz,

Bilamiz, ertaga yana boramiz.

Dodonni so‘rayapsizmi?

Bu uning laqabi edi.

Yo‘q edi laqabsiz bolaning o‘zi ham,

Birovi «Maymun», birovi «Shalg‘am»,

Birovi «Antenna», biri esa «Tuz»,

Eng dahshatlisi meniki edi –

«Kommunist»…

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
16 dekabr 2019
O‘zbekistonda 22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylov talqini rassom Tuzning yangi karikaturasida. Eltuz.com
11 noyabr 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta shikoyat maktubni o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent, Andijon va Qashqadaryo viloyatlaridan kelgan. ...
22 may 2024
Eltuz portaliga yo‘llangan co‘nggi 5 ta maktub O‘zbekistonning Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Buxoro viloyatlaridan kelgan. Xatlar oqimi tinmasdan davom etmoqda. muammolar echimini ta'minlash, shuningdek kanalimizning alohida sahifasiga kirib privatga o‘tkazilgan yopiq videolarni  ko‘rish uchun Eltuz kanaliga obuna bo‘lish, layk bosish, kanalni qo‘llab quvvatlash tavsiya qilinadi va biz xatlarni o‘qishda davom etamiz. Dastlabki murojaat Sariosiyodan. Qabristonda daraxt kesganlarga chora ko‘rilmayapti. ...
17 aprel 2019
Ommaviy axborot vositalarida turk aktyori Burak O‘zchivitning yangi tug‘ilgan chaqalog‘iga Toshkentdan uy sovg‘a qilingani haqidagi xabarlarni 17 aprel kuni ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...