Asosiy mavzular
12 mart 2021

Gilam nega uchmaydi yoki davlat qanday boshqariladi?

Bu yerda o‘zlari uchun yig‘lashmas,

Bu yerda yig‘latar birovning dardi.

Bu yerda birovning g‘ami muqaddas,

Bu yerda tabarruk o‘zganing qadri.

Usmon Azim

Mana, hafta o‘tib yana siz bilan birgaman. Bir paytlar ko‘chalarda “Partiya bilan davlat birgadir”, deb yozib qo‘yishardi. Shunda mening ko‘z oldimga Lenin nomidagi kolxozning ikkinchi brigadasi brigadiri Matyoz aka kelar, uning partiya va davlatga nima aloqasi bor, deb o‘ylardim.

Sal yoshim ulg‘aygani keyin partiya nima, davlat nima, degan savollar javobini topdim. 

Partiyani futbol o‘yinidagi sudya deyish mumkin, davlatni esa futbolchi deb tasavvur qilaylik. Futbolchi xato qilsa, sudya hushtak chaladi yoki qizil kartochka ko‘rsatadi. O‘zbekistonga o‘xshash davlatlarni sudyasiz futbol o‘yiniga mengzash mumkin.  

Bugun davlat nima va u qanday boshqariladi? Bu savolning qisqa javobini hozir aytaman va xabarlardan keyin uzun tahlilga o‘taman. Davlat yo‘lni boshqarayotgan svetofordir. Kimgadir qizil, kimgadir esa yashil chiroq yoqadi. Svetoforga amal qilinmasa, avariya yuz beradi.

Xabarlar

Bundan buyon birovni “kalamush” deyish haqorat hisoblanmaydi. Bloger Otabek Sattoriy ishini ko‘rayotgan Surxondaryo sudi shunday to‘xtamga keldi.  Oldinroq Otabek Sattoriy hayvonot bog‘i direktorini kalamushsimon degani uchun qamoqqa olingan edi. Muhtaram lug‘atidagi so‘z haqorat bo‘lishi mumkin emas. 

+++

Shahrixondagi kasalxona bosh vrachi vazifasini bajaruvchi Ruslan Ubaydullaev o‘z qo‘l ostidagi tibbiyot xodimi, rentgen xonasi laboranti Sultonmurod Abdunabievni “niqobing yo‘q”, deb tagiga bosib, yarim soat do‘pposladi. Rahbar tibbiyot xodimini urayotib, pandemiyaning onasini so‘kdi. 

Pandemiyaning ota-onasi bormi desam, bor deyishdi. Pandemiyaning otasi Xitoy, onasi Uxan ekan. Shahrixon tumani markaziy kasalxonasi bosh vrachi vazifasini bajaruvchi Ruslan Ubaydullaev ishdan bo‘shatildi.

+++

Shveytsariyada o‘zbek ayollarining shu kunda eng modniy ust kiyimini taqiqlashdi. 7 mart kuni Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi jamoat joylarida paranji kiyishni taqiqladi. Keldi ochilur chog‘ing – o‘zliging namoyon qil.

+++

Rasmdagi qiz Ziyodaxon Sotvoldieva. 2002 yil Farg‘ona  viloyatida tug‘ilgan. Iqtisodiyot bo‘yicha birinchi kursda o‘qirkan. Jihod qilib, kofirlarni o‘ldiraman, deb uyidan qochib ketibdi. 

Hozir Turkiyada bo‘lsa kerak. Keyin imkon topib yo Idlib, yo Qandahorga jo‘namoqchi. Bomba yasash bo‘yicha onlayn saboqlarni olgan. Seks jihodgayam jon deydi. Uch-to‘rt yildan keyin adashibman, deb sakkizta jangaridan bo‘lgan churvaqalarini ergashtirib kelib qolsayam ajab emas.

+++

8 mart kuni Toshkentda “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi ta'sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Professor Xidirnazar Allaqulov partiya lideri etib saylandi. Xidirnazarga xizr nazar qildi.

Som-somlar guruhi 

Davlat haqida gapirayotgan edim. Arastuning davlat haqida aytganini eslasam:

“Qonun ustuvor bo‘lgan demokratik davlatlarda demagoglarga o‘rin yo‘q. Bu davlatlarda eng birinchi o‘rinda yaxshi fuqarolar turadi. Ammo qonun ustuvor bo‘lmagan davlatlarda demagoglar bemaza qovunning urug‘iday ko‘payib ketadi”.

Feysbukda Dilya Maqsudova degan qiz bor. Shu qiz doim qiziq savol beradi. Bu safar u demagog nima yoki kim, deb savol bergan bo‘lar edi.

Demagog – o‘zi bilmaydigan sohada soatlab gapni olib qochadigan odam. Xorazmda bundaylarni som-som deydi. 

Fuqarolar – qadimgi Rimda ovoz berish huquqiga ega erkin vatandoshlar. Lekin bir nozik tarafi bor. Donishmand, o‘qimishli odam o‘nta ovoz ega bo‘lsa, etikdo‘z bitta ovozga ega bo‘ladi. O‘sha erkin vatandoshlar davlatni boshqaradi. Bu boshqaruvning oti – demokratiya.

Shu paytgacha “Hizb ut-tahrir”ning erinmagan faoli “demokratiya kufrdir”, deb keladi.

O‘zbekiston prezidentligiga nomzodimni qo‘yaman degan Jahongir Otajonov ham jonli yoyinda: “Men demokratiya tarafdori emasman. Musulmon odam demokrat bo‘la olmaydi”, dedi.

Xullas, eshitgan gapim, Jahongir “demokratiyaga qarshi” ekan. Dunyoda eng rivojlangan, eng farovon 50 ta davlatda boshqaruv demokratik. 

Xo‘sh, demokratiya nima? Demokratiya – bu davlat boshqaruvi mexanizmi. Qudratlar ayriligi. Nima degani u? Bu degani davlatdagi uchta hokimiyatning bir-biridan mustaqilligi. 

Parlament qonun chiqaradi. Unga qarab prezident falon qonunni chiqar yo vovilla, deya olmaydi. 

Prezident ijro hokimiyati sifatida parlament chiqargan qonunlarni bajaradi. 

Uchinchisi esa sud hokimiyati. Bu ham mustaqil bo‘ladi. Prezident sud raisiga palonchini qama, deya olmaydi. 

Buning yonida to‘rtinchi hokimiyat, ya'ni erkin matbuot bo‘ladi. Davlat boshqaruvi diniy va milliy omildan xolidir. Shu mexanizmning oti demokratiya. Germaniya, Shveytsariya shunday boshqariladi. Shuning ortidan farovonlik va haqiqiy adolat qaror topgan. 

Xo‘sh, boshqa qanday shakl bor? Bu shaklnii sizlar har kuni ko‘rib turibsizlar. Kimdir faqat bitta o‘zi boshqaradi. U oq desa oq, qora desa qora bo‘ladi. Aytmoqchi bo‘lganim, Jahongir Otajonov fikriy berkko‘chaga kirib qoldi. 

Xorazmda otiz (dala)da to‘mirtqa degan narsa bo‘ladi. Bu ariq ustidan ko‘prik qilinganda qo‘yiladigan kichik quvur. Shu quvurga it tiqilib qoladi boshi bilan. Vangillab yotaveradi. Toki uni birov dumidan tortib sug‘urib chiqarmaguncha. 

Endi yana bir gap. Demokratik jamiyatda ifoda erkinligi ham bo‘ladi. Kimdir chiqib, turkman gilamdan samolyot o‘rnida foydalanamiz, deb gapirsa gapiraveradi. Lekin bu degani havo yo‘llari parki uchar gilamlar bilan to‘ldiriladi, degani emas. Zotan, gilam uchmaydi.

Demokratiya cho‘pchakka asoslangan tuzumdan yaxshi

Bundan 35 yil avval kommunizm tarafdorlari va G‘arbni yomonlaydiganlar bilan bahs asnosida bitta monologni takrorlar edim. “Demokratiya kommunizmdan yaxshi”, degan monologni. 

Ishim o‘ngidan kelib, kommunizmning oyog‘i osmondan bo‘ldi. Miyasini yegan kommunizm tarafdorlari, ilmiy kommunizm bo‘yicha doktorlik yoqlagan domlalar kalishini sudrab, “Karimov tuzumini maqtash” kasbini o‘zlashtirishib badar ketishdi. Ko‘pi hozir o‘lgan bo‘lsa ham kerak.  Meniyam qulog‘im tinchigandek bo‘ldi. 

Yaqindan boshlab jamoat zehniyatiga asoslangan bu toifaning yangi urchigan mutantlari yana “demokratiya yomon” deb qabrdan chiqqan arvohlardek aljiray boshlashdi. 

Reflektiv tarzda demokratiya haqidagi monolog qayta esimga tushdi.

Mana o‘sha mantra: 

Demokratiya despotizmga barham beradi.

U odamlarga o‘z manfaatini himoya qilishga ko‘mak beradi.

Aynan demokratiyada siyosiy boshqaruv ko‘proq ma'lumot ola oladi. Rahbariyat istihborat asiriga aylanib, axborot izolyatsiyasida qolmaydi.

Bu tuzum odamlarga o‘zi istaganicha yashashga maksimum imkon yaratadi.

Demokratiya boshqaruv elitasini konfliktsiz rotatsiya qilish imkonidir. Elita o‘rniga kontrelita keladi va aksincha.

Eng muhimi hamda men uchun qadrlisi, bu tuzum shaxs erkinligi va insoniy huquqlarning keng qamrovli diapazonini kafolatlaydi.

Demokratiya vatandoshlarning siyosiy irodasi va qarori ustidan ular zimmasiga ma'naviy mas'uliyat yuklaydi. 

Demokratik tutum barcha vatandoshlarga ularning irqi, elati, jinsi, martabasi, jamiyatdagi tutgan o‘rni va e'tiqodidan qat'i nazar, siyosiy hayotda va siyosiy qarorlar qabul qilinishida birdek teng ishtirok etish huquqini beradi.

Faqat demokratiya siyosiy muvozanat va barcha vatandoshning teng imkon bilan hukumat qarorlariga ta'sir qilishini ta'minlay oladi.

Demokratik mamlakatlar boy va farovon yashashga moyil. Bu tuzumda insoniy taraqqiyot va yashash standartlari anchayin yuqori.

Barakda yashayotganingga shukur qil

1981 yil institutda bir hafta o‘qib, Mirzacho‘lga paxtaga ketdik. Barakda ikki qavat taxta karavotda bitimizga botib yotibmiz. Mang‘itlik Bahodir degan yigit bilan munozaramiz kelgan joyidan davom etar edi. 

Men demokratiyaning afzalliklarini “samizdat”da chop qilingan bitiklarga qarab AQSh misolida aytib berdim. Bahodir bo‘lsa, “Shukr qil kommunizmda yashaganingga, AQShda odamlar uysizlikdan karton qutini boshiga kiyib ko‘chada yotadi. Biz esa, mana, barakda yotibmiz”, dedi. Uning nazarida bu gap kuchli argument edi. 

Oradan 40  yil o‘tdi. Bugun ham qarshimga chiqib, demokratiyaga qarshi “kuchli argument” aytadiganlar kam emas. 

Men bo‘lsam 40  yil oldingi gapni  aynan takrorlayman. Faqat “samizdat”dan o‘qiganimga emas, hayotiy tajribamga asoslanib gapiraman.

40  yillik xulosa shu, ya'ni demokratiya totalitarizmdan yaxshi.

Mafkuraga asoslangan davlatdan turli fikrlarga o‘rin beradigan tuzum yaxshi. 

Qamoq yomon – ozodlik esa yaxshi.

Liberalizm diktaturadan afzal.

Hech kim el ustidan bir o‘zi hukmron bo‘lmasin.

Umrbod hokimlar emas, balki saylab qo‘yiladigan el xizmatkorlari yurtni boshqarsin.

40  yildirki, ayni gapni aytaman. Agar boshqacha aytsam, o‘tirik bo‘lar edi.

Chiqish yo‘li – jadidchilikda

Endi bir og‘aynilar aytishi mumkin: “Mayli, demokratiyaga qarshi g‘oya bayroqdorlariga ham imkon beraylik. Balki kelajakda ular bizni farovonlik sari eltar”.

Yam-yashil dovuchchaga qarab turib, uning o‘n kundan keyin sap-sariq o‘rik bo‘lishini bilish uchun bog‘bon bo‘lish shart emas. Shu ma'noda na Istanbulda qirg‘in qilgan va na Piter bilan Stokgolmni qonga botirgan “o‘zbek”lar men uchun yangilik emas. 

Bu qadimchi elementlarni hali dovuchcha holida ko‘rib, xulosamni bergan edim. Jaholat, bid'at, xurofotning zaqqum kabi zaharli mevasi bular. Texnologik yangiliklar o‘rniga daqqiyunus safsatalarni yodlab, “olim” bo‘ldik deydigan bu to‘dadan nari borsa qotil, xudkush bombachi yoki ayollarning avratidan boshqani o‘ylamaydigan, DXX yetovidagi johil mulla chiqadi. 

Na Xorazmiy, na Mark Tsukerberg va na Ulug‘bek chiqadi bulardan. Ular non berganning qo‘lini tishlagan shoqol kabi o‘zlariga boshpana bergan Ovro‘poni ostin-ustin qilmoqchi bo‘ladilar. 

Bir paytlar Che Gevaraga sig‘inib uylarni yoqqan kommunistlar kabi bular yangi global mafkura bo‘lgan IShID g‘oyasi uchun o‘zlarini xarj qilishmoqda. Yana qayb etgan ular bo‘ldi, Ovro‘po emas. Bu manzarada ular chirkin, demokratiya esa yorqin ko‘rindi.

Qadimchilik bizni jarga eltadi. Chiqish yo‘li esa jadidlikda. Davlatchilikning respublika shakli, dunyoviylik, ilmu irfon, so‘z, ifoda erkinligi, mustaqil sudlar biz uchun xayrli hadafdir. Bu gaplar 100 yil oldingi jadid otalar gapidir. Jadid otalarimga sharaflar bo‘lsin.

Rassom Tuzga maktub

Salom. Qiyinchilik ko‘rayotgan harbiylarni ham gapiring, Milliy gvardiya haqidayam video qiling. Mening erim gvardiyada ishlaydi. Oyliklarining tayini yo‘q. Ofitser 3 mln 800, serjanti 3 mln oladi. Uy yo‘q. Kvartiraga 200$ beramiz. Qolganiga hech nima qilmasdan, zo‘rg‘a keyingi oylikkacha yetvolamiz. 

Uyimizga ta'tilga zo‘rg‘a borib kelamiz. Quruq borishga uyalaman to‘g‘risi. O‘zi ham kun bo‘yi uyida yo‘q. 24 soat xizmat. Onda-sonda kelib ketadi, xolos. Undan ko‘ra Rossiyaga borib ishlagani yaxshi edi. Hech bo‘lmasa 5 yillik kontrakt tugasin, bo‘shayman, deyapti. 

Kvartira izlab sarsonmiz, undan bunga ko‘chib. Hamma gvardiyachi harbiylar xor bo‘lib yuribdi. Xalq kuladi ustidan. Kecha bittasini yelim hidlatib uxlatib, qizlarning “mama”larini ushlatib, videoga olib tashlashgan. Shular haqida video qilsangiz, zora yetib borsa tepaga. Bizlar “Eltuz”ni ko‘ramiz. Lekin ko‘rmang, deyishdi. 

Ha, qattiq talab qilishdi. Ko‘radiganlarga qattiq jazo qo‘llaymiz, deyishdi.

Sizning auditoriyangiz katta, hammasi migrantlar bo‘lsa kerak. Chunki sizlar bu yerda xavflisiz.

Shunga hamma qo‘rqib, xo‘p ko‘rmaymiz, deyishyapti, mana ahvol. Hammaning o‘z dunyoqarashi bo‘lsa, hech nimaga da'vat qilmayotgan bo‘lsangiz, aqli bor odam oq-qorani ajratvoladi-ku. 

Yaqinda bittasini olib ketib qiynashibdi, nimaga “Eltuz” kanaliga a'zo bo‘lgansan deb, yashash qiyin, “Eltuz” aka.

Ijoddan to‘xtamanglar! Yashirib bo‘lsayam ko‘rib turamiz, hech bo‘lmasa sizlar bor-ku haqiqatni gapiradigan.

O‘lik prezidentning shoirgina qizi

Odatda va'zda ulug‘ shoirlarning she'rlarini aytamiz. Bu safar O‘zbekiston birinchi prezidentining 21-jazoni ijro etish maskanida jazo o‘tayotgan qizi, 49 yoshli Gulnora Karimovaning qamoqda yozgan she'rini e'tiboringizga havola qilsak:

Bu yerda seni haqoratlashar tinmay va boshqalarga ham seni ezish buyurilar,

Inson faryodiga kimsa  e'tibor bermas, 

Hayvonga aylantirilgan hazrati odam.

Bu yerda sanoqli odamlar tangriga inonar,

Bu yerda sotqinlik arvohi podshohlik qilar,

Hisobsiz odamning  hayoti  qamishday singan  

Va ular yuztuban qulashga majburlanmoqda.

Bu yerda insonlik yonmoqda. 

Inson yuzidan tomirigacha sug‘urilmoqda insoniy qiyofa,

Bu yerda sharaf va g‘ururingdan mosuvo qilishar,

Butkul ado bo‘lguninga qadar pajmurdalikda.

Bu yerda har odam bo‘ynida narxnoma,  

Faqat raqamlar bu saltanatda sultonlik qilar.

Faqat sanoqli odamlar it bo‘yinbog‘ini 

Sharafsizlik uchun bog‘lamay qo‘ygan bu yerda.

Bu yerda hamma narsa qiynoq ustiga qurilgan. 

Seni har kuni, har on, har soniya qiynashar,

Yuragingni  eritib qo‘rg‘oshin yombi qilib quyishar. 

Bu yerda halovat tushlarga kirar,

Na faryod, na dodingdan avloding boxabardur to abad. 

Kimsa sasin chiqarmas bu yerda,

Vijdoni o‘lmagan, sharafi so‘nmagan 

Tanholarning qamoq muddatini cho‘zishar bu yerda,

Bu yerda qonunlar toptalmoqda. 

Bu qonunlarni hech kim o‘qimagan hech qachon, 

Toptashar har on,

Oddiy insonlikning yashash tarzini, 

Odamning odamligini yer bilan bir qilishadi bu yerda!!!

Ko‘rinmas xatlar

Kommunizm dohiysi Lenin qamoqda o‘tirib, o‘z xalqiga sut bilan ko‘rinmas xatlar yozgan edi. Ishchi-dehqonlar esa bu ko‘rinmas xatni shag‘amga tutganida sut sarg‘ayib, yozuv ko‘ringan. Bu yozuvni o‘qigan afkor omma alangalanib ketib yugurib borib poshshoni ag‘dargan. 

Eshitsang ertakka o‘xshaydigan gaplar, ammo haqiqatda ham xalq isyon ko‘tarib, Nikolay Ikkinchini taxtidan tushirgandi. 

Ertakni esa bir vaqtlar O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari bo‘lgan hurmatli og‘amiz Erkin Samandardan eshitsak. Ertak rus bosqinchilari haqida.

Turkiston general-gubernatori boshliq katta qo‘shin Xivani uzoq muddat qamal qilib, to‘pga tutib, oxir-oqibat g‘orat aylagach, ulkan moddiy boyliklar qatori nodir kitoblarimizni ham (kemalarga ortib) Peterburgga olib ketishganini bugun birov biladimi?

Buni o‘ylaganda har gal mening ko‘z o‘ngimdan quyidagi manzara o‘tadi:

Xiva… vayron etilgan, notovon poytaxt Xiva.

Feruzxon Izmuhshur qal'asida muvaqqat qo‘nim topgan payt.

…Fon Kaufman o‘z sarkardalari bilan arkka, xon salomxonasi, xobxonasi, xazinasi, kutubxonasiga kiradi.

Generalning ko‘zi birinchi bo‘lib taxtga tushadi. Oltin, kumush, zumrad, la'l bilan sayqal berilgan bebaho taxt, shoh-xonlargagina nasib aylaydigan mo‘'jizakor hasham…

General surishtiradi. Qachon qurilgan, kim yasattirgan? Aytishadi. Muhammad Rahimxon Birinchi zamonida ishlanib o‘rnatilgan. Yana so‘raydi general: qaysi xonlar o‘lturgan bunda? Aytishadi: Olloqulixon, Rahimqulixon, Muhammad Aminxon, Sayyid Muhammadxon va so‘nggisi Muhammad Rahimxon soniy – Feruzxon.

— Ol, ko‘tar, — deydi yugurdaklariga general, — bu ziynatli taxtning joyi Sankt-Peterburgdadir.

Saroyni taxtdan mosuvo etishadi, hiring-hiring kulishadi.

Xazina… Unda go‘yo yorug‘ olamning bor boyligi, go‘zalligi jamuljam. Alohida-alohida zumrad qutilarga terilgan javohirlar, sopi oltin, kumush, nodir toshlardan ishlangan qilich, xanjar, pichoqlar.

Bir antiqa egar generalni juda hayratga soldi. Egar hindu, forsu xitoy javohirlarini o‘zida mujassam aylagan, bahosini faqat chin zargarlargina aytib bera oladigan sarvat ediki, Turkiston general-gubernatori uning yonidan ketolmay qoldi.

— Buni ham ol, — dedi oxiri yugurdagiga:

“Endi buning faqat nomi xonlik…”.

… General xon kutubxonasining dovrug‘ini eshitgan, bugun eshiklari lang ochiq bu hikmatxonaga xuddi o‘zinikiday beistihola qadam tashlab kirdi.

Bunda jam bo‘lgan qo‘lyozmalar ta'rifini keltirishga til ojiz edi. Dunyoning burj-burjlaridan yig‘ib keltirilgan ilmiy, badiiy topilmalar, nodir tarjima asarlar. Imperator saroyiga bezak bo‘la oladigan tengsiz sarvat…

Topshiriq bo‘ldi, olib ketish uchun bari saralanib, sandiqlarga joylandi.

Xolisi kalom, ruslar bizni davlatchiligimizning barcha alomatlaridan mahrum qilishdi.

Sizga qardosh bo‘lolmaymiz 

Va'z boshida Jahongir Otajonovni ozgina tanqid qildim. Ammo Jahongir o‘z jonli yoyinida Rossiya bosqinchiligi haqida to‘g‘ri gaplarni aytdi va Rossiya bilan har qanday kelishuv bizga kulfat keltirishini tushuntirdi. Rahmat shu gap uchun, Jahongir. 

Shu kunlarda rus shovinisti Jirinovskiy O‘zbekistonni Rossiyaning bir gubernyasi sifatida qo‘shib olish haqida gapirdi. 

Qalban va fikran manqurt bo‘lgan o‘zbek boshqaruv elitasi bu haqoratni yutib indamay o‘tiribdi.

Shu o‘rinda ukrain shoirasi Anastasiya Dmitruk she'rini Ulug‘bek Haydarov tarjimasida eshitsak. She'r rus bosqinchilariga atalgan. 

Sizga qardosh bo‘lolmaymiz,

Buni biling Siz.

Vatandosh ham emasmiz,

Onamiz boshqa.

Ozod bo‘lishga yo‘qmi haddingiz, 

Demak sizu bizning yo‘limiz boshqa.

O‘zingizni “Katta” atadingiz Siz,

Bizga siz tanimas Kichiklar afzal. 

Ha, siz ko‘psiz, ammo ruhingiz so‘nik,

Siz kattasiz, xolos, biz esa Buyuk. 

Hamon pitirlaysiz. Besaramjonsiz,

Siz faqat hasaddan yonasiz, xolos. 

Erk so‘zi siz uchun tamom begona, 

Sizga qullik zanjiri beshikdan meros. 

Siz tomonda sukut bahosi oltin. 

Bizdachi, Molotov kokteyli yonar. 

“Qarindosh” bo‘larmi shunchalik so‘qir? 

Boqing, qalbimizda qaynoq qon oqar, 

Qurolsiz ham bizlar juda xavflimiz,

Chunki zarra qo‘rquv yo‘qdir ko‘zlarda.

Merganlar nishoni ostida undik, 

Yoshimiz ulg‘aydi, shahd bor so‘zlarda. 

Tiz cho‘ktirdi bizni buzg‘unchi kuchlar –

Biz isyon ko‘tarib, yog‘iyni quvdik. 

Sichqonning inini tillaga olgan, 

Sotqinlarni o‘z qoniga yuvdik. 

Siz yangi topshiriq olayotgan chog‘, 

Bizda boshlanadi shiddatli isyon. 

Sizda – podshoh, bizda – demokratiya. 

Biz qardosh bo‘lmasmiz sizla

hech qachon.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
10 oktyabr 2019
Bugun respublikada matbuot xizmatlariga e'tibor qaratilmoqda, urra, urra bilan prezident qarori asosida barcha shahar, tuman tashkilotlarida, hokimliklarida yangidan axborot ...
5 may 2016
Istanbul-Toshkent yo‘nalishidagi uchoq ichida janjal chiqargani sababli kema sardori tarafidan samoletdan tushirilgan Ma'mura M, ismli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol ...
24 iyun 2022
Mana yana xafta aylanib, siz bilan yuzma yuzman. Hafta ichida butun  taraqqiyparvar dunyo Rossiya bosqiniga qarshi mardonavor kurashib o‘z ...
31 avgust 2018
Tungi klub qo‘riqchilari bilan pichoqlashuvda 8 avgust kuni toshkentlik sportchi Jamshid Kenjaevning o‘limi ortidan mamlakatda «tozalash» ishlari boshlab yuborildi. ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...